MAHMUD KOSHGʻARIY (XI asr)


Mahmud Qoshgʻariy Markaziy Osiyoda ilk oʻrta asr madaniyatining buyuk arboblaridan boʻlib, tilshunoslik sohasida, xususan, turkiy tillarni oʻrganish sohasida mashhur boʻldi va tarixda oʻchmas iz qoldirdi. Otasining ismi Husayn, bobosi Muhammad boʻlib, kelib chiqishi va tiliga koʻra Qoshgʻariy nisbatini olgan. U XI asrda yashab ijod etgan. Bu davrda Movarounnahrda Somoniylar oʻrnini Qoraxoniylar sulolasi egallagan, turkiy adabiy til mintaqada keng urf boʻla boshlagan edi. Hatto Abbosiylar xalifaligi markazlarida, azaldan arab va boshqa somoniy xalqlar yashab kelgan oʻlkalarda turkiy elatlar namoyondalari koʻpayib, turkiy tilga eʼtibor oshgan edi. Mahmud Qoshgʻariy ham oʻzining uzoq yillar davomida bunyod etgan “Devonu lugʻatit turk” kitobini hijriy 469 (milodiy 1074–1075)-yilda tugallab, abbosiy xalifalar avlodidan boʻlgan yuqori mavqega ega Abulqosim Abdulloh binni Muhammad al-Muqtadoga bagʻishlagan. Asarning asosiy matni oʻsha davr musulmon Sharqida, butun Yaqin va Oʻrta Sharqda din va fan tiliga aylangan arab tilida bitilganini keng mintaqaga turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan, deb taxmin qilish mumkin.


Mahmud Qoshgʻariy Bolosogʻunda tugʻilib, shu yerda yigitlik chogʻlarini kechirgan boʻIsa ham, uzoq yillar “Yuqori Chindan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Fargʻona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afgʻonistonga qadar choʻzilgan” turkiy oʻlkalarni, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini kezib chiqdi, turli sheva va lahja xususiyatlarini oʻrgandi, ularni adabiy til bilan chogʻishtirdi, oʻz ishi uchun nihoyatda boy material toʻpladi. Lugʻat tuzishda arab tilshunoslari yaratgan anʼanadan unumli foydalangan holda, ishga ijodiy yondashdi, birinchi navbatda, turkiy til qonuniyatlarini inobatga olib, kitobiga tartib berdi. Qoshgʻariy asari, oʻzi taʼkidlashicha, “oldin hech kim tuzmagan va hech kimga maʼlum boʻlmagan alohida bir tartibda” tuzilgan. Unda koʻp shevashunoslikka oid qiyosiy qoidalar, grammatik, morfologik, leksik, semantik alomatlar koʻrsatilgan. Asar foydalanuvchilarga osonlik tugʻdirish uchun sodda va loʻnda yozilgan. Unda qadim turk alifbosi, fonetik qonuniyatlar, orfoepik va orfografik qoidalar puxta tushuntirib berilgan. Lugʻatda turkiy soʻz tuzilishi anʼanalari, jumladan, soʻz tartibi, feʼl shakllari, soʻz etimologiyasiga oid fikrlar bayon etilgan.


Muallif koʻrsatishicha, kitob 8 boʻlimdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir boʻlimda ot — ism soʻzlar, feʼllar alohida ajratib berilgan. “Devon”da 7500 dan oshiq turkiy soʻz va iboralar izohlangan. “Devonu lugʻatit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan boʻlib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati oʻrtacha adabiy tildagi 10–12 soʻzga, shevaga oid bir soʻzga toʻgʻri keladi, yaʼni umumturkiy adabiy tilga ayricha ahamiyat ajratilgan. Bu holat oʻsha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustahkam mavqega ega boʻlganini tasdiqlovchi qatʼiy dalildir. Lugʻatda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, oʻlka nomlari, daryo, togʻ, yaylov, vodiy, dara, yoʻl, dovon, koʻl, soy kabi geografik atamalar, turli qabila, urugʻ, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi. Unda izohlangan grammatik koʻrsatkichlar morfemalar hisobi ham mingga yaqin. Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli soʻzlar, 700 satrdan oshiq sheʼriy parchalar ushbu asar sahifalaridan oʻrin olgan. Sheʼriy parchalarning koʻp qismi turkiy xalqlar ogʻzaki ijodiga xos toʻrtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan sheʼriy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri sheʼriyatiga xos boʻlgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, gʻazal, qitʼa parchalari boʻlib, ularni Qoshgʻariy oʻzi ham koʻpincha “bayt” deb ataydi. Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qoʻshiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, sheʼrlar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Qoshgʻariy devonida keltirilgan VIII–XI asrlarga oid turkiy sheʼriyat namunalarida u yoki bu darajada aruz vazniga oʻtish moyilligi seziladi. Aruzning rajaz, ramal, munsarih, hajaz, basit, qarib, mutaqarib vaznlari turkiy sheʼriyat namunalarida ishlatilgan boʻlib, ayniqsa rajaz bahridan keng foydalanilgan (44 parcha).


Bunday sheʼrlarni muallif oʻzi alohida urjuzalar deb nomlaydi. Ular turkiy xalq sheʼriyatida keng tarqalgan boʻlib, bu bahr ohangi turkiy sheʼriyat tabiatiga mos kelishidan boʻlsa kerak. “Devon”dagi epik doston-qoʻshiqlar koʻproq jangnoma xarakterida boʻlib, baʼzi yirik parchalarga shartli ravishda “Tangutlar bilan jangnoma”, “Uygʻurlar bilan jangnoma”, “Yabaku bilan jangnoma” deb nom qoʻyilgan. Ular oʻz mazmuniga koʻra arablarning johiliya davridagi qabilalararo janglari tasvirlangan epik rivoyatlariga oʻxshab ketadi, faqat arablarda bu janr nasriy, turkiy xalqlarda esa sheʼriy shakl ustundir.
Ularda turkiy elatlarning shijoati, qiyinchiliklarga bardoshi, jasurligi, harbiy hiylalar, siyosiy kurash, elparvarlik, mardlik, hikmat, mehr va qahr tuygʻulari jonli, goʻzal misralarda tavsif etilgan. Shu bilan birga qabilaviy boshboshdoqlik, oʻzaro nizo-adovatlardan oʻkinish, birlashishga, ittifoqqa intilish mayllari ham sezilib turadi. Buyuk turk xoqonligining tushkunlik holati, yagona birlashtiruvchi gʻoyaning yetmasligi ushbu qoʻshiqlar koʻproq islomdan ilgarigi ogʻzaki sheʼriyat namunalari ekanidan darak beradi.

Qadimgi epik qoʻshiqlardan “Devon”da saqlangan ikki yirik asar koʻpchilikning diqqatini tortib keladi. Bulardan biri “Alp Er Toʻnga marsiyasi” va ikkinchisi “Qish va yoz” munozarasidir. Marsiya 44 satrdan iborat. Unda maʼlum maʼnoda turkiy el oʻzining sevimli qahramoni, xoqoni va yoʻlboshchisigagina emas, boy berilgan imkoniyatlari, parchalangan elati, tushkunlikka yuz tutgan turkiy saltanatdagi maʼnaviy yoʻlsizlik holatiga ham koʻzyosh toʻkadi, motam qiladi. Bu qoʻshiq xalq ogʻzaki ijodidagi “yigʻi” janrining adabiylashgan namunasi desa boʻladi. “Qish va yoz” munozarasi turkiy munozara janrining bizgacha yetib kelgan birinchi yorqin namunasi boʻlib, unda turkiy elatlarning butun tabiati, yashash va fikrlash tarzi, sevinch va qaygʻulari batafsil aks etgan. Ayniqsa, tabiatga mehr goʻzal ifoda topgan. Asar majoziy tasvirlar, tashbehlar, istioralar, jonlantirish va yengil kinoyalarga boy. Uni oʻqiganda chorvador turkiy elatlar hayoti, faoliyati, tabiiy muhit koʻz oldingizda yaqqol gavdalanadi:


«Alin topu yashardi
Urut oʻtin yashirdi,
Koʻlning suvin kushardi,
Sigir buva mungrashur.


Mazmuni:


Togʻ boshlari yashardi,
Qurugʻ oʻtni yashirdi,
Koʻl suvlari toshurdi,
Sigir, buqa maʼrashur.


Bu bahor tasviri. Qish tasviri aksincha:


Keldi asin asnayu,
Qozqa toʻpal usnayu.
Kirdi budun qusnayu,
Qara bulit koʻkrashur


Mazmuni:


Keldi shamol huvillab,
Boʻron boʻlib gʻuvillab,
Xalq titrashur uvillab,
Qora bulut guldirar.»


Bu manzaralar chorvadorlar hayoti uchun islomdan oldingi davrda ham, keyinchalik ham xarakterli edi. Bu janrda jangnoma va marsiyalar singari dramatizm ruhi juda kuchli. Shu bilan birga romantik surur ham mavjud. Devonda islom davri sheʼriyati asosan ishqiy, falsafiy-didaktik, madhiyaviy qasida va sheʼr namunalari bilan namoyon boʻlgan. Unda ham mazmun, ham shakliga koʻra Ahmad Yugnakiy dostoniga asos boʻlgan toʻrtliklarni eslatuvchi “aaba” qofiyali oʻn bir hijoli parchalar uchraydi:


«Yagʻa erur yoʻliguqin nangi tavar,
Bilig eri yigʻisin nelik sevar,
Tavar yigʻib suv aqin indi saqin,
Koʻrum kabi izisin qoʻdi suvar.


Mazmuni:


Dushman erur insonga mol-u tovar,
Olim odam yovini qanday sevar,
Mol yigʻishni sel kelish deb
Mol egasini tosh kabi yumalatar.»


“Devon”dagi birgina madhiyaviy qasidadan parcha ayol kishiga — malikaga bagʻishlangan. U tashakkurnoma koʻrinishida yozilgan boʻlib, aruz vaznining “munsari” bahriga toʻgʻri keladi. Falsafiy-didaktik qasida va masnaviylar pandnoma yoʻsinida boʻlib, turkiy elatlar maʼnaviyatiga xos boʻlgan bunday yoʻnalish “Devon”da koʻproq aks etgan. Ularda ilm oʻrganish tashviq etiladi, jaholat, kibr-u havo qoralanadi, saxovat va himmat, mehmondoʻstlik ulugʻlanadi, mol-dunyoga hirs qoʻyish, baxillik va ochkoʻzlik fosh qilinadi, ota-onani hurmatlash, ularning soʻziga quloq osishga daʼvat etiladi. “Devon”da mardlikni ulugʻlash, hushyorlikka, dushmandan ehtiyot boʻlishga chaqiruvchi baytlar ham pand-nasihat qatorida uchraydi:


«Bilga eran savlarin algʻil oʻgut,
Ezgu savi ezlasa oʻzga singar.
Ardagi tila oʻrganing, boʻlma quvaz,
Ardashsizin — oʻgunsa angma angar.


Mazmuni:


Olim kishi soʻzidan olgil oʻgit,
Ezgu soʻzni eshitsang dilga singar.
Ilm-hikmat oʻrgangin, boʻlma qaysar,
Himmati yoʻq maqtanchoq yoʻl yoʻqotar.»


«Bu ilm-hunarga tashviq, olimga hurmat haqida boʻlsa, quyidagi bayt mehmondoʻstlik xususida:


Kelsa qali yagʻligʻ boʻlib yoʻnchigʻ uma,
Kelur anigʻ boʻlmish anigʻ tutma uma.


Mazmuni:


Kelsa agar xonang uzra gʻarib mehmon,
Bor narsangni oldiga qoʻy, boʻl mehribon.»


“Devonu lugʻatit turk”da keltirilgan qasida va qatralar mazmun jihatdan oʻsha davrning turkiyzabon shoiri Yusuf Xos Hojib dostoni mavzulari bilan juda uygʻundir. Shu jihatdan ham undagi parchalarni Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”iga va Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari orasidagi davr sheʼriyatiga mansub ekanligini tan olish mumkin. Hatto dunyoning oʻtkinchi va bevafoligi, inson taqdirining oʻzgaruvchanligi haqidagi misralar ham bu tasavvurni taʼkidlab turadi:


«Koʻzum yashi savruqub quzi aqar,
Bilnib ajun emgagin tugal uqar,
Emgaksizmi turgʻu yoʻq munda tamu,
Ezgulugug koʻrmazib ajun chiqar,
Ajun kuni yoʻlduzi tutchi tugʻar.


Mazmuni:


Koʻzim yoshi tirqirab quyi oqar,
Anglab dunyo gʻamini tugal uqar,
Mashaqqatsiz hayot bunda aslo,
Ezgulikni koʻrmasdan ulur bitar,
Tugʻilgan zot dunyoda mangu porlar.»


“Devon”dagi sheʼrlarning badiiy saviyasi yuqori ekanligi, ularni yaratgan shoirlarning juda maʼlumotli boʻlgani, nafis va chuqur badiiy didga ega ekanligi olimlar tomonidan taʼkidlanadi. Mahmud Qoshgʻariy asarida dunyo xaritasi doira shaklida chizib koʻrsatilgan. Uning markazida Markaziy Osiyo joylashgan. Bolosogʻun, Shosh, Oʻzgan, Isfijob, Margʻinon kabi shaharlar ushbu hududga aloqador koʻrsatilgan. XI asr geografik tasavvurlaridan darak beruvchi xaritaning ilova qilinishi Qoshgʻariyning qomusiy alloma ekanini yana bir marta isbot etadi. Xulosa qilib aytganda, Mahmud Qoshgʻariyning islomdan ilgarigi va ilk islom davri turkiy madaniyat obidalarini tadqiq etish, toʻplash va avlodlarga yetkazib berishdagi xizmatlari nihoyatda ulkandir. Uning tarix, etnografiya, tarix-geografiya xususidagi keng bilim doirasi, til va adabiyot sohasidagi qomusiy salohiyati, tadqiq qudrati bugungi kun uchun ham hayratlanarli darajada edi. Uning kitobida jamlangan aniq-ravshan maʼlumotlar VIII-XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham ogʻzaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbayi boʻlgani sababli imkon doirasida batafsil tavsif etiladi. “Devonu lugʻatit turk”ni oʻsha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin. Bu asar ustida tadqiqotlar olib borgan Fitrat, S. Mutallibov, I. V. Stebleva, V. V. Reshetov, G ʻ. Abdurahmonov, A. Rustamov kabi olimlar Mahmud Qoshgʻariyni qadimgi turkiy tillarni oʻrganishga buyuk hissa qoʻshgan oʻz davrining oʻta bilimdon olimi ekanligini taʼkidlaydilar.
“Devonu lugʻatit turk” 3 jildda oʻzbek tilida nashr etilgan. Hozirgi zamon jahon ilmiy jamoatchiligi XI asr buyuk olimi Mahmud Qoshgʻariyni qiyosiy tilshunoslikning asoschisi, deb tan oladi.