Koʻhna Xorazm zaminida jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan koʻplab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulugʻ siymolardan biridir. Allomaning toʻliq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy boʻlib, u hijriy 467-yil rajab oyining 27-kuni (1075-yil 19-mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri Zamaxshar qishlogʻida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi maʼlumotlar, asosan, oʻrta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat boʻlmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi boʻlgan va aksar vaqtini Qurʼon tilovati-yu namoz oʻqish bilan oʻtkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan. Shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari koʻp va oilasi katta boʻlgani tufayli ham tirikchilik yoʻlida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi. Az-Zamaxshariylar oilasi islomning muʼtaziliy taʼlimoti izdoshlari boʻlib, yosh Mahmudning dunyoqarashi mana shu dindor, taqvodor otasining taʼsirida shakllandi va dastlabki bilimni ham oʻz otasidan oldi. U haqidagi maʼlumotlardan maʼlumki, uning bir oyogʻi yogʻochdan boʻlib, tarixchilar bu haqda: “Bir oyogʻi yogʻochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun koʻrgan odam uni choʻloq deb oʻylardi” — deb yozganlar. Ogʻir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq boʻlib qolgan va shundan soʻng otasi uni endi ogʻir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi boʻladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand oʻsgan Mahmud otasidan oʻzini madrasaga oʻqishga yuborishni soʻraydi. Oʻgʻlidagi ilmga boʻlgan zoʻr ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.
Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zoʻr isteʼdodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada oʻqitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, oʻsha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik sanʼatini ham mukammal egallab, tirikchilik qiladi. Soʻng, arab tarixchisi va biografi Ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yoʻl oladi. Buxoro, mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961–1138) iborasi bilan aytganda: “Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat kaʼbasi va zamonasining ilgʻor kishilari jamlangan: yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va oʻz davrining fozil kishilari yigʻilgan (joy) edi”. Az-Zamaxshariy Buxoroda oʻqishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida boʻlib, kotiblik bilan shugʻullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib eʼtibor koʻrmagach, oʻzga yurtlarga safar qiladi, matlab-u maqsadlarining ushalishiga umid bogʻlaydi. 1118-yili az-Zamaxshariy ogʻir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmati-yu mansab va mol-dunyo taʼmasidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bagʻishlashga, asarlar tartib etishga astoydil qaror qiladi. Az-Zamaxshariyning oʻz davri ilmlarini toʻliq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta boʻlgan. Mana shunday ustozlardan biri til, lugʻat va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113-yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu oʻlkada muʼtaziliylar taʼlimotining joriy boʻlishi ham mana shu Al-Isfahoniy nomi bilan bogʻliqdir.
Az-Zamaxshariy Ваgʻdodda shayx ul-islom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-Shaqqoniy, Abul Xattab ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oldi. Makkada boʻlganida esa nahv va fiqh boʻyicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, ash-shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lugʻat ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan oʻrgandi. Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bagʻdod va Hijozda, ikki marta Makkada boʻldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lugʻatini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur oʻrgandi, bu mintaqa geografiyasiga oid xilma-xil maʼlumotlarni toʻpladi. Oʻz hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh (“Ollohning qoʻshnisi”) degan sharafli laqabga muyassar boʻladi. Adib koʻp asarlarini shu yerda bitadi.
Oʻz davrining yirik olimi darajasiga koʻtarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa shaharlarida ham koʻpdan koʻp shogirdlari boʻlgan, alloma asosiy vaqtini oʻshalarga bagʻishlardi. U qarindosh-urugʻlarining qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand oʻstirishdan aʼlo deb hisoblagan. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538-yilda, arafa kechasi (1144-yil 14-aprel) vafot etadi. 1333-yili Xorazmda sayohatda boʻlgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304–1377) “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) asarida az-Zamaxshariyning ustida qubbasi boʻlgan maqbarasini koʻrganini yozadi. Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lugʻatshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.
Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli oʻrin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121-yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. “Al-Mufassal” arab tili nahv-u sarfini oʻrganishda yirik qoʻllanma sifatida azaldan Sharqda ham, Gʻarbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Koʻpchilik olimlar oʻz ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796-yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid mashhur kitobidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi, deb taʼkidlaganlar. Oʻsha davrning oʻzidayoq arablar orasida ham bu asar katta eʼtibor qozongan va arab tilini oʻrganishda asosiy qoʻllanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarpo sovgʻa qilishni vaʼda bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor boʻlganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining oʻsha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini koʻrsatadi. Bu asarning bir qoʻlyozmasi Toshkentda, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. “Al-Mufassal”ning ixchamlashtirilib, muxtasar holga keltirilgan nusxasi “Al-Unmazaj” (“Namuna”) nomi bilan ataladi. Grammatikaga oid asarlaridan “Sharhabyat kitob Sibavayh” hozir zikr etganimiz Sibavayhning kitobiga yozilgan mukammal sharhdir. Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abul Muzaffar Otsizga bagʻishlab yozilgan “Muqaddimat ul-adab” asari alohida ahamiyatga egadir. Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi.
Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoir-u adiblarga hurmat bilan qarar, oʻzi ham isteʼdodli, maʼrifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan boʻlsa kerak, az-Zamaxshariy “Muqaddimat ul-adab”ni uning nomiga bagʻishlab yozgan. Asar besh katta qismga boʻlingan boʻlib, otlar, feʼllar, bogʻlovchilar, ot oʻzgarishlari va feʼl oʻzgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137-yillari yozib tugallangan. Az-Zamaxshariy oʻz asarida oʻsha davr arab tilining isteʼmolda boʻlgan barcha soʻzlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta eʼtibor qilgan. Shu boisdan ham az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yoʻnalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. “Muqaddimat ul-adab” arabchadan fors, chigʻatoy, moʻgʻul va turk tillariga tarjima qilingan. Manbalarda taʼkidlanishicha, asarning chigʻatoy tilidagi tarjimasi az-Zamaxshariyning oʻzi tomonidan amalga oshirilgan. Zotan xorazmshoh Otsizning tushunishi uchun asarning arabcha matni bilan birgalikda chigʻatoy tilidagi tarjimasi ham yaratilgan deb bilish oʻrinlidir.
“Muqaddimat ul-adab” yaratilgan davridan boshlab bir necha asrlar davomida olimlar, tadqiqotchilar diqqatini oʻziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706-yili Xoʻja Isʼhoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. Soʻngra Ovroʻpaning bir qancha tillariga (fransuz, nemis) oʻgirilgan. Parij, Leypsig, Vena, Leyden, Qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Nemis olimi Vatzastayn “Muqaddimat ul-adab”ning Ovroʻpa qoʻlyozma fondlaridagi yettita nusxasini qiyosiy oʻrganib, 1850-yili Leypsigda asarning ikki jildlik tanqidiy matnini nashr etgan. Asarning chigʻatoy tilidagi tarjimasi oʻzbek tili tarixini oʻrganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqda Sadriddin Ayniy 1921-yili “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga yozgan maqolasida “Az-Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asari oʻzbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir”, deb yozgan edi. Az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan doʻst edi. Ibn Vahhos oʻz mamlakatining geografiyasi bilan juda yaxshi tanish boʻlgan. Az-Zamaxshariy ibn Vahhos maʼlumotlariga tayanib, oʻzining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan “Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh” (“Togʻlar, joylar va suvlar haqida kitob”) nomli asarida geografik joylar, togʻlar va dengizlarga doir qimmatbaho maʼlumotlar keltiradi. Mashhur arab olimi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179–1229) ham oʻzining butun dunyoga taniqli “Muʼjam al-buldon” (“Mamlakatlar qomusi”) asarida Arabiston, xususan, Hijoz haqidagi maʼlumotlarni az-Zamaxshariyning ushbu asariga tayanib yozgan. Az-Zamaxshariyning bu asari Gʻarb olimlari oʻrtasida ham keng tanilgan, 1856-yili gollandiyalik arabshunos olim Salverda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan.
Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari boʻyicha ham mukammal asarlar yaratgan. Olimning “Asos al-balogʻa” (“Notiqlik asoslari”) asari, asosan lugʻatshunoslikka bagʻishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida soʻz boradi. Fikrni chiroyli ibora va soʻzlar bilan ifodalash, soʻz boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balogʻat ilmlaridan yaxshi xabardor boʻlishi kerak. Buning uchun soʻzni toʻgʻri, oʻz oʻrnida ishlatish, qoidaga muvofiq soʻzlash va yozish ham kerak boʻlgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik soʻz birikmalari, ularni amalda tatbiq etish yoʻllari chuqur tahlil qilingan. “Atvoq uz-zahab fi-l-mavoiʼz va-l-xutab” (“Xutbalar va vaʼzlar bayonida oltin shodalar”) asari esa nasihatomuz maqolalar toʻplamidan iborat. Asar birinchi marta 1835-yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. Oʻttiz yilcha oʻtgach, fransuzchaga tarjima qilinib, 1886-yili Parijda chop etilgan. 1873-yili ham usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan… Az-Zamaxshariyning “Rabiʼ ul-abror va nusus ul-ахуаr” (“Ezgular bahori va yaxshilar bayoni”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qoʻlyozma nusxasi Toshkentda, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qoʻlyozmalari mavjud.
Olimning aruz vazni haqida bahs yurituvchi “Al-Kustos fi-l-aruz” (“Aruzda oʻlchov”) asari muhim manbalardan hisoblanadi. Alifbo tartibida yigʻilgan arab maqollari, masallariga bagʻishlangan boshqa bir asarini “Al-Mustaq so fi-l-amsol” (“Nihoyasiga yetgan masallar”) deb atagan. “Maqomat” (“Maqomlar”) asari ellik maqomdan iborat boʻlib, qofiyali nasr — sajʼ uslubining nozik namunalarini oʻzida mujassam etgan muhim asardir. “Devon ush-sheʼr” kitobi ham diqqatga sazovor asarlardan sanaladi. Az-Zamaxshariyning yuksak did bilan yozilgan “Na-vobigʻ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) asari esa arab lugʻatlarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bu asar dastlab fransuz tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birgalikda 1876-yili Parijda, 1870-yili Qohirada, 1884-yili Bayrutda, 1896-yili esa Qozonda nashr etilgan. Az-Zamaxshariyning gʻoyatda keng tanilgan “Al-Kashshof an haqoiq it-tanziyl va uyun il-taqoviyl fi vujuh it-taʼviyl” (“Qurʼon haqiqatlari va uni sharhlash orqali soʻzlar koʻzlarini ochish”) asari Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan. Maʼlumki, oʻrta asrlardan boshlab Qurʼonni tafsir yoki sharh bilan oʻqish odat tusini olgan. Shu boisdan ham Qurʼon yaratilgan davrdan boshlaboq unga bagʻishlangan tafsirlar, sharhlar yozishga katta ehtiyoj sezilgan. Turmush taqozosi bilan shunday vaziyatda islom tarixida Qurʼonga bagʻishlangan koʻpdan koʻp tafsirlar, sharhlar vujudga kelgan.
Az-Zamaxshariy ham tafsir yozishdan avval oʻzidan oldin yaratilgan Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan koʻplab asarlarni qunt bilan oʻrgangan. “Al-Kashshof” az-Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1332–1334) yozilgan. Nemis sharqshunosi Karl Brokkelman dunyoning turli qoʻlyozma xazinalarida “Al-Kashshof”ning yuzga yaqin qoʻlyozmalari va asarning oʻziga bitilgan yigirmadan ortiq sharh va hoshiyalar borligi haqida yozishi az-Zamaxshariy asarining katta shuhratidan dalolat beradi. Qohiradagi butun dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari ham az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari asosida Qurʼonni oʻrganadilar. “Al-Kashshof”ning Toshkentda, jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida bir qancha qoʻlyozma nusxalari saqlanadi. Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, donishmandligi va fanning turli sohalariga oid oʻlmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab va-l-ajam” (“Arablar va gʻayri arablar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri boʻlib, qizgʻin ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obroʻ-eʼtibor, ehtimol, daho oʻz asarlaridan birida “va inniy fi Xvarazm kaabat ul-adab” (“Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir kaʼbaman”) deb yozishiga asos boʻlgan boʻlsa kerak!