LUTFIY (1366 -1465)


Mavlono Lutfiy XIV–XV asrlardagi oʻzbek mumtoz adabiyotining atoqli namoyandasi boʻlib, oʻzining oʻzbek va fors-tojik tillaridagi asarlari bilan Sharqda katta shuhrat qozongan soʻz sanʼatkoridir. Shoirning hayoti va ijodi haqida zamondoshlari Davlatshoh Samarqandiy, Shamsiddin Somiy, Xondamir, Abdulla Kobuliy kabi tazkiranavislarning asarlarida muhim qayd va mulohazalar uchraydi. Xususan, Lutfiyni yaqindan bilgan, u bilan ustoz va shogirdlik rutbasi bilan bogʻlangan Alisher Navoiy asarlarida keltirilgan maʼlumotlar gʻoyat qimmatlidir. Sharq adabiyoti tarixida Lutfiy taxallusi bilan asarlar yaratgan ijodkorlar koʻpgina boʻlib, “Qomus ul-aʼlam” asarida ulardan ayrimlari sanab oʻtilgan. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy bilan yaqin muloqotda boʻlib, oʻzining asarlari bilan Xuroson va Movarounnahr adabiy muhitida chuqur iz qoldirgan Mavlono Lutfiy “Malik al-kalom”, yaʼni “Soʻz podshosi” (Alisher Navoiy) unvoni bilan shuhrat qozondi.


Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida guvohlik berishicha, Lutfiy 99 yil umr koʻrgan. Shoirning zamoniga oid manbalardagi maʼlumotlar asosida uning tavallud sanasi 1366-yil deb koʻrsatilgan. Lutfiy boshlangʻich tahsildan keyin madrasalarda oʻz davrining dunyoviy va shariy bilimlarini chuqur oʻrganadi. Soʻngra esa tasavvuf bobida malaka hosil qilishga kirishadi. Bu haqda Alisher Navoiy quyidagilarni qayd qiladi: “Mavlono yigitligida ulumi zohiriyni takmil qilgʻondin soʻngra Mavlono Shahobiddin Xiyoboniy qoshida soʻfiya tariqatida ham suluk qilgʻondur”. Shahobiddin Xiyoboniy oʻz davrining koʻzga koʻringan mutasavvuf shayxlaridan boʻlib, uning “Qurʼoni karim”ga yozgan sharhlari ham mavjud edi. Lutfiy ana shu allomadan tasavvuf taʼlimini olib, keng va chuqur bilim sohibi boʻlib yetishdi. Lutfiy asarlaridan shu narsa maʼlum boʻladiki, u Abu Ali ibn Sinoning “Qonun” va “Ash-Shifo” asarlarini chuqur oʻzlashtirgan. Lutfiyning yoshlik yillaridanoq adabiyotga boʻlgan katta qiziqishi alohida koʻzga tashlanib turar edi. Boʻlajak shoir oʻzigacha boʻlgan turkiy tildagi adabiyot bilan bir qatorda fors va arab adabiyotlarini ham qunt bilan oʻrganadi. Uning, ayniqsa, Hofiz, Kamol Xoʻjandiy va Nasimiy meroslariga hurmati katta edi. Amir Temur davridan boshlab Xuroson va Movarounnahrda rоʻу bergan siyosiy markazlashuv samarasi oʻlaroq shakllangan adabiy muhit Lutfiyni ham oʻz maydoniga tortdi. Uning gʻazallari ogʻizga tushib, mushoiralarning va adabiy suhbatlarning mavzusiga aylandi. Oddiygina hayot tarziga oʻrgangan, darveshlarga xos xokisorlik bilan moʻtabarlik kasb etgan bu shoirning sheʼrlari chuqur fikrlarni sodda soʻzlar yordamida yuqori badiiy boʻyoqlarda ifodalay olishi bilan ajralib turar va sheʼrlari shu jihati bilan Navoiy va Jomiy kabi adabiyot homiylarining diqqat-eʼtiborini qozongan edi.


Mavlono Lutfiydan bizgacha salmoqligina adabiy meros yetib kelgan boʻlib, uning katta qismini lirik asarlar tashkil qiladi. Lutfiyning lirikadagi serqirra ijodi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida quyidagilarni yozadi: “Mavlono Lutfiy oʻz zamonasining “Malik ul-kalom”i erdi. Turkiy va forsiyda benazir edi, ammo turkiyda shuhrati koʻproq erdi va turkcha devoni mashhur”. Shoirning forsiy tildagi asarlarini toʻplab devon tuzgani bizga maʼlum boʻlmasa-da, uning bu tilda ham katta mahorat bilan ijod qilganligini zamondoshlari munosib baholagan edilar. Lutfiyning adabiy merosi orasida dostonlari alohida oʻrin egallaydi. Shulardan biri 1411-yilda yaratilgan “Gul va Navroʻz” dostonidir. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da Lutfiyning bizgacha yetib kelmagan “Zafarnoma” deb nomlangan dostoni toʻgʻrisida shohidlik beradi va yozadi: “Mavlononing “Zafarnoma” tarjimasida oʻn ming baytdan ortiqroq masnaviysi bor. Bayozga yozmogʻoni uchun shuhrat tutmadi”. Lutfiy ijodining tadqiqotchilari yuqorida qalamga olinayotgan “Zafarnoma” tarjimasining manbai Sharafiddin A li Yazdiyning fors tilida yaratilgan Amir Temur hayotiga oid “Zafarnoma” asari ekanligini qayd etadilar. Shunday ekan, Lutfiy oʻz davrida avlodlar uchun gʻoyat ahamiyatli boʻlgan bir mavzuga qoʻl urgan va Ali Yazdiyning tarix va xotira uslubida yozilgan asarining turkiy tildagi sheʼriy namunasini yaratgan. Professor Y. E. Bertels shoir bu masnaviyni Firdavsiyning “Shohnoma”si uslubidagi qahramonlik asari sifatida rejalashtirgan boʻlishi kerak, deb aytadi. Lekin qandaydir sabablarga koʻra shoir uni oqqa koʻchirmagan. Navoiy ham uni “oqqa koʻchirmagani (“bayozgʻa yozmogʻoni uchun”) uchun shuhrat tutmadi” deb aytadi.


Sharq madaniyati tarixiga oid manbalarda Lutfiyning axloq-odob mavzusida “Mashqun ul-haqoyiq” nomi bilan ham asar yaratganligi eslanadi. Xoʻtanlik Mulla Ismatullaning “Tarixi musiqiyun” asarida Lutfiyning musiqa tarixi bilan ham shugʻullanganligi, kuylar bastalaganligi qayd etiladi. Qariyb yuz yil umr koʻrgan daho shoirning ijod qamrovi ham rang-barang boʻlganligi, xususan, badiiy adabiyot sohasida koʻp ishlarga ulgurganligi shubhasizdir. Lulfiyning ona tilidagi lirik asarlaridan iborat devoni oʻz davridayoq Xuroson va Movarounnahrdan tashqari turkiy tilda soʻzlashuvchi koʻpgina oʻlkalarga ham kirib borgan edi. Keyin bu hudud yanada kengayib bordi. Shoir devonining Respublikamizdan tashqari koʻpgina mamlakatlar kutubxona xazinalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalari shundan dalolat beradi. Respublikamizda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida Lutfiy devonining oʻnlab nodir nusxalari saqlanadi. Ushbu manbalar devonning London va Parij nusxalari bilan qiyosiy-tanqidiy oʻrganilib, shoirning qator “Saylanma” nashrlari yaratildi. 1987-yilda Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan Lutfiyning «Sensan sevarim» nomli toʻplami soʻnggi oʻn yillikda nashr etilgan devonidir.


Devon Sharq sheʼriyatining yetakchi janrlaridan boʻlgan gʻazal, ruboiy, tuyuq, qitʼa va fardlarni oʻz ichiga oladi. U odatdagidek, hamd va naʼt sheʼrlari bilan boshlanadi. Devonning deyarli koʻp nusxalarida Shohrux Mirzo nomiga yozilgan qasidaga koʻzimiz tushadi. Ayrim nusxalarda esa Temuriy shahzodalar: Boysungʻur Mirzo, Iskandar Mirzo nomiga bagʻishlangan qasidalar ham uchraydi. Lutfiy devonidan oʻrin olgan lirik asarlarning yetakchi mavzusi — ishqdir. Shu ishq insonning zohiriy va botiniy olamini oyna boʻlib aks ettiradi. Biz bu asarlarda ishqning dunyoviy talqinlarini ham yuksak sanʼat bilan aks ettirilganligini kuzatamiz. Navoiy oʻzining “Manoqibi Pahlavon Muhammad” asarida Lutfiyni “zohir ahli shuarosi”, yaʼni dunyoviy mavzular talqinida mahorat koʻrsatgan shoir sifatida alohida xarakterlaydi. Shoir lirikasida keng oʻrin tutgan dunyoviy mavzular, ayni paytda, diniy-tasavvufiy mavzular bilan uygʻunlashib, bir-birini toʻldirib keladi. Shu tarzda ular majoz va haqiqat birligini tashkil qiladi. «Alloh oʻzi yaratgan mavjudot va maxluqotlar orasida insonni eng moʻtabar pogʻonaga koʻtardi. Unga oʻz nurini berdi. Inson shuning uchun ham azizdir. U husn bobida ham “mazhari sunʼiy ilohdir”. Odam shu qadar buyuk mohiyatki, Alloh uning yuzida oʻz aksini koʻradi. Lutfiyning quyidagi baytida shu mazmunga ishora qiluvchi teran bir fikr oʻzining goʻzal badiiy ifodasini topgan:


Ulki husn etti bahona elni shaydo qilgʻ ali,
Koʻzgudek qildi seni oʻzini paydo qilgʻali.»


Shoir asarlari uning oʻsha davrda keng tarqalgan tasavvuf gʻoyalar ta’sirida boʻlganligidan dalolat beradi. Alloh dunyoni mukammal goʻzallik timsoli sifatida yaratgan, shu goʻzallik ogʻushidagi odamning borliqni idrok etish tuygʻusi, muhabbat hislarining ustuvorligi, atrofni oʻrab turgan jamiyat va nabotot olami bilan aloqasini eng goʻzal fazilatlari sifatida kashf etgan. Lekin hayotda hamma narsa muvaqqat, u uzluksiz harakatda. Tabiat fasllari kabi odam umrining fasllari bir-biri bilan almashinib turadi. Shunga kоʻra ham Lutfiyning gʻazallari markazida turgan qahramon hayotining Alloh inʼom etgan barcha goʻzalliklari-yu, neʼmatlaridan bahramandlik tuygʻusi bilan yashaydi. “Bari aysh birla kechsa kerak ushbu umri foni”, deb xitob qiladi. Shoir lirik qahramonini navbahor kelishi bilan chamanlarning gurkirab ketishi, gul faslining tarovati maftun etadi, shu chamanda “sarviqad guli xandoni”ni izlaydi.


«Yoz boʻldi, kerak ul buti ayyor topilsa,
Barcha topilur, bizga kerak yor topilsa.
Men kezguchi qulnung tururin siz ne soʻrarsiz!
Istang meni ul yerdaki, dildor topilsa.»


Shoir lirikasida hayot zavqlari, tabiat goʻzalliklaridan bahramand boʻlish, shodlik va tarona ohanglari bilan bir qatorda inson qadriyati va uning orzu-umidlarini oyoq osti qiluvchi “kajraftor charx”, “sergina falak”, “jaholatpesha odamlar”dan ozurdahollik kayfiyatlari ham yuz koʻrsatadi. Bunday tasvirlarda shoir oʻzini oʻrab turgan hayotga har jihatdan yaqinlashib boradi. Lutfiyning hamisha yaxshilikka umidvor boʻlgan oshiq nidolarini oʻz ichiga olgan shoh baytlaridan birida quyidagi talqinga koʻzimiz tushadi.


«Yoʻq turur yolgʻuz bu Lutfiy joniga javri raqib,
Qayda bir dono durur ul javri nodon tortadur.»


Lutfiyning oʻziga xos katta mahorati ham dastlab, bir tomondan qalamga olinayotgan barcha mavzularni qulay ochib beradigan poetik obrazlar vositasida tasvirlash bilan kitobxonlar qalbiga yoʻl topishidadir. Uslub soddaligi, ifodalarning xalqonaligi, sheʼr vaznining xalq qoʻshiqlariga yaqinligi Lutfiy lirikasining muvaffaqiyatini taʼmin etgan ikkinchi muhim omildir. Lutfiy gʻazallari aruzning rang-barang tarmoqlarida yozilgan va ular aksar hollarda hajm jihatidan juda ixchamdir. U oʻz gʻazallarida aruzning xalq qoʻshiqlariga yaqin turgan ohangdor, oʻynoqi oʻlchovlarini tanlaydi. Lutfiy sheʼrlarida xalq urf-odatlari, marosim lavhalarini tez-tez uchratish mumkin. Lutfiy oʻz lirikasida xalqning jonli soʻzlashuv tilidagi erkalash, yupatish, qargʻish, istehzo, qochiriq iboralaridan mahorat bilan foydalanish. Maʼshuqning jabr-u sitamlaridan koʻngli ozurda boʻlgan oshiq ich-ichidan zorlanib aytadi:


«Lutfiyni kim qargʻadi: “Yorab, balogʻa uchra!” deb
Kim, seningtek tosh bagʻirliq dilrabogʻa uchradi.»


Lutfiyning nazmiyatda xalq maqollaridan istifoda etish bobidagi sanʼatkorligi, ayniqsa, yuksakdir. Uning ruboiy, qitʼa, tuyuq va fardlarida kishi ruhiy olamining rang-barang lahzalari, axloq-odob mavzularining talqinlari asosiy oʻrin tutadi. Shoirning toʻrtliklari haqida soʻz borar ekan, uning tuyuqlari alohida diqqatga sazovor. Koʻproq turkiy tildagi sheʼriyatga taalluqli tajnisli (zulmaʼniayn) soʻzlar vositasida tuyuq yaratish sanʼati Lutfiy sheʼriyatida yorqin ifodalangan deb aytish mumkin. Uning devonidan oʻrin olgan koʻplab tuyuqlardagi nafis maʼno tovlanishlari kitobxonni ona tilining boy imkoniyatlari qatlamlariga olib kiradi, uni xayolga tortib, estetik zavq beradi.


«Men sening ilkingdin, ey dil, bandamen,
Vah, qachon yetkayman ul dilbanda men,
Bevafolargʻa meni qilding asir,
Sen manga sultonsan, ey dil, bandamen.»


Ushbu tuyuqda uch marta goh qoʻshilib, goh alohida yozilgan holda takrorlanib kelayotgan “dilbandamen” soʻzi misralardagi oʻrinlariga koʻra uch maʼnoni keltirib chiqarmoqda: 1) Ey, dil (koʻngil), men sening dastingdan qoʻl-oyogʻi bogʻlangan (bandamen); 2) Faryodim shuki, u maʼshuqa (dilband)ga qachon yetar ekanmen; 3) Ey, koʻngil (dil), sen meni vafosizlarga asir qilib qoʻyding. Bunga mening boʻysunib yurishdan boshqa ilojim yoʻq. Chunki sen menga podshohsan, men esa, senga banda — (qaram)dirman. Alisher Navoiy oʻzining “Majolis un-nafois” asarida Lutfiyning turkiy tildagi sheʼriyatda boʻlgani kabi forsiy ijodda ham “benazir erdi” deb yozadi. Lutfiy, xususan, forsiy qasidanavislikda oʻz zamonasi ijodkorlarining eʼtiborini qozongan edi. Navoiy yozadi: “Mavlono Lutfiy forsiyda qasidagoʻy ustodlardin koʻpining mushkul sheʼrlariga javob aytibdur va yaxshi aytibdur”. Navoiy tomonidan “Majolis un-nafois”da qayd etilgan bir necha parchalarning oʻzi Lutfiyning bu sohadagi salohiyatini koʻrsatib beradi
«Navoiyning qayd etishicha, umri oxirlab borayotgan Lutfiyning:


Ey zi zulfi shab misolat soyaparvar oftob,
Shomi zulfatro ba joi moh darbar oftob.»


(Sening tun kabi sochingdan quyosh soyada parvarish topadigan boʻldi. Sochingdan taralgan shom qoraligini oy oʻrniga quyosh koʻtarmoqda) matlali gʻazaliga zamondosh ijodkorlar koʻplab javob yozganlar. Lekin ularning hech biri Lutfiy darajasida sheʼr aytolmagan. Lutfiyning Abdurahmon Jomiyga ixlosi katta edi. U Jomiyga “Suxan” radifli qasida ham bagʻishlagan. Umri oxirida boshlangʻich baytinigina yozishga ulgurgan “Aftad” radifli gʻazalini tugallab, oʻz devoniga kiritishini Abdurahmon Jomiyga vasiyat qilgan. Jomiy keksa shoirning bu vasiyatini ado etgan, bugungacha Jomiy devonida yashab kelayotga “Aftad” radifli gʻazal ikki buyuk soʻz sanʼatkorining ijodiy hamkorligida yodgorlik sifatida qadrlidir. Lutfiyning forsiy nazmiyatidagi mislsiz sanʼatkorligini keyingi asrlarda yashagan tazkiranavislar ham qayd etadilar. Akbarshoh zamonida yashagan Abdulla Kobuliy oʻzining “Tazkirat ut-tavorix” asarida Lutfiy merosi haqida soʻz ochib, “dar forsi sheʼri zebo va qasidai gʻarro dorad (“forsiyda goʻzal sheʼrlari va porloq qasidalari bor”) deb aytadi. Lutfiy oʻz davri adabiy hayotida ustoz sifatida katta mavqega ega edi. Keksayib borayotgan shoirning uyi koʻpincha shogirdlar bilan gavjum boʻlardi. Uning yaqin shogirdlaridan biri Alisher Navoiy edi. Navoiy oʻz ustozi haqida gapirganda ikki oʻrtadagi yaqin insoniy munosabatlarni ichki bir iftixor bilan tilga oladi. Navoiy Lutfiydan nazmiyatning sir-sinoatlari bobida koʻp narsa oʻrgandi. Ustoz sheʼriyatiga boʻlgan katta eʼtiqod bilan uning “Laylatul meʼrojning sharhi sochi tobindadur”, “Koʻkdadur har dam figʻonim koʻrgali sen mohni”, “Ey soching shaydo koʻngullarning savodi aʼzami” misralari bilan boshlanuvchi gʻazallariga muxammaslar bogʻladi. Uning Lutfiyning “Ey jamoling lahzol-u bebadal husnung jamil”,“Ey qading toʻbiyi jannat haddi gulgun ustina” muqaddimali gʻazallariga musaddaslari ham mavjud. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Navoiy oʻzigacha va oʻziga zamondosh boʻlib yashagan turkiygoʻy shoirlardan faqat Lutfiy gʻazallarigagina muxammas va musaddaslar bogʻlagan.


Lutfiy 1465-yilda oʻz manzilgohi boʻlgan Dehikanorda vafot etgan. Navoiyning xabar berishicha, Mavlononing qabri ham oʻsha yerdadir. Keyingi asrlarda Lutfiy mahoratining taʼsir doirasi tobora kengayib bordi. Fuzuliyning Lutfiy gʻazallariga koʻplab naziralari, qator muxammaslari maʼlum. Mashrab Lutfiyning “Xoh inon, xoh inonma” radifli gʻazalining matlasidan tazmin yoʻli bilan foydalanib, butun boshli yangi bir gʻazal yaratgan. Lutfiy gʻazallariga muxammaslar bogʻlash Munis, Ogahiy, Ravnaq va Amiriy ijodlarida ham uchraydi. Shu yoʻnalishda bizga zamondosh boʻlib yashagan Charxiyning ham manzur muxammaslari bor. Shoir gʻazallari maqom va xalq kuylari bilan ijro etiladi. Ularga zamondosh bastakorlarimiz ham kuylar yozganlar. Lutfiy devoni va undan saylanmalar Oʻzbekistonda bir necha bor, soʻng Turkiya va Sharqiy Turkistonda ham chop etilgan. Shoir gʻazallari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Lutfiyning boy badiiy merosi adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan keng oʻrganilib kelinmoqda, u haqda qator tadqiqotlar yaratildi. Bu oʻrinda dastlab Zaki Validiy, Y. E. Bertels, Hodi Zarif, A. Hayitmetov,E. Rustamov, shuningdek, Y. Ishoqov, H. Rasulov va E. Ahmadxoʻjayev kabi olimlarning tadqiqotlarini koʻrsatib oʻtish mumkin.