ISMOIL JURJONIY (1042-1136)


Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy ulugʻ olim va zamonasining eng mashhur tabiblaridan biri hisoblanar edi. XII asrning mashhur tarixchisi Zahiriddin Abul Hasan Bayhaqiy oʻzining “Tatimma sivan al-hikma” (“Donolik xazinasiga qoʻshimcha”) asarida Ismoil Jurjoniy haqida shunday yozadi: “Men u kishini 53-hijriy (1136-milodiy) yilda Saraxsda keksalik chogʻlarida koʻrgan edim. Yer yuzining adolatpesha hukmdori xorazmshoh Otsiz ibn Muhammad uni bir necha muddatga Xorazmga taklif etgan edi. Xorazmda boʻlgan vaqtida u “Al-Xuffayi al-aʼloiy” (“Poyalarning yuqori qismi”), “At-tibb al-mulukiy”, “Kitob az-zahiraye Xorazmshohiy”, “Kitob al-ahrod” (“Hasad tufayli kelib chiqadigan kasalliklar”), “Kitob yodgor” (“Esdalik kitobi”), “Kitob fi rad alal falosafa” (“Faylasuflarga qarshi raddiya kitobi”), qozi Abu Said Shoriʼiyga bagʻishlab “Kitob tadbir yaum va laylat” (“Kecha bilan kunduzning almashinishi haqida kitob”), “Kitob vasiyatnoma” va boshqa tabobat hamda falsafaga doir asarlar yozdi.


Uning yozgan asarlari sevib oʻqilganidan tez orada jahonga mashhur boʻldi. Muhtaram kishilardan eshitishimcha, u kishi ochiq chehrali, xushmuomala, tabiatan saxovatli shaxs ekanlar” (172-bet). Ismoil Jurjoniy 1042-yilda Jurjon shahrida tugʻilgan boʻlsa ham, umrining koʻp qismini Xorazmda oʻtkazganligidan Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy deb ulugʻlanar edi. Jurjoniy xorazmshoh Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin (1097–1127) va uning oʻgʻli Alouddavla Otsiz (1127–1156) saroyida xizmat qildi. Jurjoniy oʻz davrida qadimgi yunon tabobati vakillari Galen, Gippokrat, shuningdek, oʻzidan oldin oʻtgan Abu Bakr Roziy, ayniqsa, Ibn Sino asarlarini chuqur oʻrgandi. Tabobat ilmidan tashqari boshqa ilm sohalarida ham mashhur boʻlganligidan unga oyiga ming dinordan maosh tayin qilingan edi. Ismoil Jurjoniy oʻzining tabobatga bagʻishlangan eng yirik asari “Zahiraye Xorazmshohiy”ni 1110-yilda yozib tugatdi va uni xorazmshoh Qutbiddinga bagʻishladi. Otsizning buyrugʻiga koʻra, bu asarning qisqartirilgan nusxasini 1113-yilda “Al-Xuffayi al-Aʼloiy” nomi bilan yozib tugatdi. Asar hammaga tushunarli fors tilida yozilgan boʻlib, harbiy yurishlar va sayohatlarda ham har kim etigi qoʻnjiga solib yurishiga (etigxuff) qulaylik yaratish maqsadida shunday qilindi. «“Zahiraye Xorazmshohiy” oʻn kitobdan iborat boʻlib, keyinchalik unga “Dorisozlikka oid kitob” (“Qorabodin”) qoʻshildi.

Birinchi kitob umumiy nazariy masalalarga bagʻishlangan boʻlib, unda tabiat va koinot haqidagi qarashlar bayon etiladi. Inson organizmining birlamchi aʼzolarini tashkil etgan unsurlar, mijoz, toʻrt suyuqlik, badanning har bir qismining nimalarga qodirligi haqidagi taʼlimot va shu munosabat bilan tabobatning fan sifatidagi vazifalari haqida gapiriladi.»

Ikkinchi kitobda sogʻliq va kasalliklar haqidagi taʼlimot, ularning turlari, namoyon boʻlish belgilari, tomir urishiga qarab kasallikni aniqlash toʻgʻrisida soʻz yuritiladi.

Uchinchi kitob sogʻliqni saqlash, bunda atrof-muhitning taʼsiriga, yaʼni havo, maskan, suv, oziq-ovqat, ichimlik, uyqu, bedorlik, harakat va osoyishtalikka bagʻishlangan. Bu kitobda bolalar, qariyalar, safardagilar uchun alohida-alohida qoidalar bayon etilgan.

Toʻrtinchi kitobda kasallikni qanday kechishi mumkinligini belgilash, qaysi paytlarda eng ogʻir holatlarga tushib qolish, ulardan qutulish muammolari haqida gap boradi.

«Beshinchi kitobda bezgak kasalining paydo boʻlish sabablari, uning belgilari, davolash tarzi bayon etilgan.

Oltinchi kitobda inson aʼzoyi badanining har xil joylarida paydo boʻladigan kasalliklar, ularni davolash usullari tahlil etilgan.»

«Yettinchi kitob rak kasalliklariga, yaralar, shishlar, suyak chiqishlari va sinishlariga bagʻishlangan.

Sakkizinchi kitobda pardoz-andozlar, oʻziga oro berishlar haqida gap boradi.

Toʻqqizinchi kitobda zaharlar va unga qarshi davolash usullari haqida hikoya qilinadi.»

Oʻninchi kitob davosizlikka bagʻishlangan. “Zahiraye Xorazmshohiy” oʻz vaqtida omma orasida keng tarqalgan tabobat sohasidagi eng mashhur asar boʻlganligidan jahon kutubxonalarining koʻpchiligida uning qoʻlyozmalari hamon saqlanib kelinmoqda. XII asr muallifi vatandoshimiz Aruziy Samarqandiy bu asarni buyuk olimlar Jolinus, Roziy, Ibn Sino va boshqalarning shu sohadagi kitoblari qatoriga qoʻygan. Bu asar hatto yahudiy tiliga tarjima qilingan edi. XVI asrda esa Abul Fadl Muhammad ibn Idris Daftariy uni turk tiliga tarjima qilgan.

Maʼlumki, Sharq olimlarigina emas, balki XVIII asr oxirigacha yashab oʻtgan Ovroʻpa olimlari ham borliqning asosida toʻrt unsur, yaʼni tuproq, suv, havo va olov yotadi deb bilishgan. Ismoil Jurjoniy ham inson tanasi mazkur toʻrt unsurdan tashkil topganini, u sababsiz kasallikka chalinmasligini qayd etadi. Kasallik sababi esa, yuqorida zikr etilgan bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan toʻrt unsur muvozanatining buzilishidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham Jurjoniy tabobatni malaka hosil qilish yoʻli bilan qoʻlga kiritiladigan fan deb hisoblaydi. Ismoil Jurjoniyning fikricha, “Isbot va tafakkur vositasida hosil qilingan narsa ilm deb ataladi. Ilm ham, oʻz navbatida, ikki xil boʻladi: nazariy va amaliy. Nazariy ilmlarga adabiyot, mantiq, riyoziyot kirsa, amaliy ilmlar oʻz ichiga mexanika, tikuvchilik va boshqa qoʻI ishlari, hunarmandchilikni qamrab oladi. Tabobat ilmi esa, ayni holda ham nazariy va ham amaliy ilmlardan tashkil topadi. Tabobat ilmidan kutilgan maqsad tanani butunlikda — sogʻlomlikda ushlab turishga tibbiy tadbirlar qoʻllash yoʻli bilan erishmoqdir. Bunday holat bemor kishilarning va ularni davolovchi tabiblarning vujudga kelishiga sabab boʻladi. Tabiblar esa, tabiatning barcha sir-u asroridan boxabar boʻlishlari lozim.”


Maʼlumki, tabiatning eng buyuk moʻjizasi — bu insondir. Shuning uchun ham bu moʻjizaning nimadan tarkib topganini bilish — uni davolashning kalitidir.
Ismoil Jurjoniy fikricha, hayvonot olamining ham oʻz mizoji bor, ammo insondagi mizojgina moʻtadildir. Bunday natijaga Ovroʻpa olimlari XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlaridagina erishdilar. Ular butun inson badanida boʻladigan kimyoviy jarayonlar, uning ona qornida paydo boʻlishidan boshlangan oʻzgarishlar, tugʻilgandan keyingi hayotiy yoʻli: chaqaloqligi, oʻspirinligi, yoshligi, keksaligi, qarilik va oʻlim bilan yakunlanadigan hayotiy bosqichlaridagi har bir hujayralarning paydo boʻlishi, zavolga yuz tutishi, bir tomondan asab tizimining daholati sababli yuz bersa, ikkinchi tomondan, badan aʼzolariga maʼlum mijoz (temperament)ga ega boʻlgan garmonlarning aralashishi oqibatida yuz berishini aniqladilar. Garmonlarning kishi jismiga, ruhiyatiga taʼsiri oshkora bilinib turadi.


Gʻariza (instinkt) va hayajon, feʼl-u atvor va mizojlar garmonlar taʼsiri vositasida namoyon boʻladi. Hozirgi paytda issiq, sovuq, nam va quruq mizojli insonlarning boʻlishligi ishonchli dalillarga asoslangan ilmiy haqiqat sifatida tan olingan. Chunki ularning manbasi asab tizimi, ichki garmonlar amaliyotida ekanligi isbotlangan. Ismoil Jurjoniy kishilar mizoji ularning umrlari davomida oʻzgarib turishligini va oʻlimining tabiiyligini ilmiy jihatdan sodda va ravon tilda tushuntirdi. Insonlar umrini u toʻrt davrga boʻladi:

«Birinchi davr — tugʻilish, oʻsish va parvarishlash bosqichi boʻlib, 15–16 yoshgacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi.

Ikkinchi davr — yoshlik va yetuklik bosqichi boʻlib, 30 yoshgacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi. Bundan keyin jismonan oʻsish va ulgʻayish davri boshlanadi. Baʼzilarda oʻsish va ulgʻayish yoshi 35 yoki 40 yoshgacha ham davom etishi, shu yoshgacha boʻlgan umrni yoshlik davri deb hisoblash mumkin.»

Uchinchi davr — moʻysafidlik bosqichi, bu davrda inson to 60 yoshga yetguncha yoshlik quvvatidan bahra olib yashashi mumkin boʻladi.

Toʻrtinchi davr — kishi umrining qarilik davri boʻlib, bunda quvvatning susayish holati kuzatiladi va bu jarayon umrning oxirigacha davom etadi.


Qarilikning fazilati shundaki, baʼzilar 60 yosh yashaydi, baʼzilar esa yana oʻspirinlik, yoshlik va moʻysafidlik yillari qancha davom etgan boʻlsa, oʻshanga teng keladigan vaqtgacha yashab, 120 yoshga kirishi mumkin.
Kishilar bolalik davrlaridan to yetuklik yoshiga yetgunlariga qadar issiq va nam mizojga, yetuklik yoshidan soʻng esa issiq va quruq mizojga ega boʻladilar. 35 yoshdan keyin bunday holat kamayadi. Ismoil Jurjoniyning koinot va inson haqidagi ilmiy mulohazalari voqelikdan olingan manbalar asosida shakllangan boʻlib, u insonning tabiiy ehtiyojlari cheksizligidan kelib chiqadi va ularni qondirishni aqliy yoʻl bilan chegaralashni yagona chora sifatida targʻib etadi. Uning fikricha, haqiqiy lazzat jismoniy huzur-halovatda, toʻkin-sochin hayot kechirishda emas, balki aqliy va maʼnaviy kamolotga erishishdadir. Narigi dunyodagi behisht, jannat huzur-halovatlarini ruhiy, aqliy orom olishlikda deb tushunadi. “Zahiraye Xorazmshohiy” asarini tugatgandan soʻng Jurjoniy Marv shahriga keladi. Bu paytda Marv shahri Sulton Sanjarning poytaxti hisoblanar edi. Sulton Sanjar unga katta iltifot va izzat-ikrom koʻrsatganligi sababli Jurjoniy umrining oxirigacha shu yerda yashadi. Bu yerda hadis ilmida Abul Qosim Qushayriy bilan muloqotda boʻldi, tabobat sohasida esa mashhur tabib ibn Abi Sodiq bilan hamkorlik qildi. Bundan tashqari Iroq, Fors va Xuziston tabiblari bilan, Ibn Sinoning baʼzi shogirdlari bilan hamsuhbat boʻldi. Umrining oxirigacha Marv madrasalarida bir necha fanlardan saboq berdi. Yoqut Hamaviyning “Muʼjam ul-buldon” asarida keltirilishicha, Ismoil Jurjoniy Marvda hijriy 531 (milodiy 1136)-yilda vafot etdi. Ismoil Jurjoniyning ilmiy merosidan foydalanish keyingi asrlarda ham samarali davom etdi.