HUSAYN BOYQARO (1438–1506)


Sulton Husayn Amir Temurning evarasi boʻlib, 1438-yil iyul (hijriy 842-yil muharram oyi)da Hirotning shimoli-sharqidagi Davlatxona saroyida dunyoga kelgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Mansur Boyqaro Mirzoning uchinchi oʻgʻli edi. Boyqaro Mirzoning otasi esa Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Umar Shayx (1356–1394), onasi Feruzabegim esa ota tomonidan Amir Temurning katta qizi Oʻgi Begi xonimning oʻgʻli Sulton Husayn Mirzoning qizi boʻlib, Feruza begimning onasi Qutlug Sulton begim esa Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzoning (1366–1408) qizi edi. Darhaqiqat, Husayn Boyqaro Zahiriddin Muhammad Bobur taʼriflaganidek, “Karim ut-tarafayn”, yaʼni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Koʻragonga borib tutashadi. Husaynning otasi Gʻiyosiddin Mansur 1445-yilda vafot etgach, Husayn 14 yoshigacha maktabda taʼlim oladi va shu maktabda yosh Alisher bilan doʻstlashadi.


1452-yilda yosh Husayn Hirot hukmdori Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. 1457-yili Abulqosim Bobur vafotidan soʻng, Husayn Mirzo saroyni tark etib, Marv hukmdori Sanjar Mirzo Marviy saroyiga xizmatga oʻtgach, hukmdor oʻz qizi — 15 yoshli Веkа Sultonni unga nikohlab beradi. Biroq qaynata bilan kuyov oʻrtasiga sovuqchilik tushib, saroydan ketishga majbur boʻladi. Shundan soʻng Husayn Mirzo oʻn yildan koʻproq vaqt davomida Xorazm, Xuroson, Astrobod, Mozandaron va Jurjon oraligʻida sargardonlikda umr kechirdi. Bu davr mobaynida Temuriy shahzodalarning toj-u taxt uchun olib borgan oʻzaro urushlarida Husayn Mirzo ham faol qatnashib, Hirot hukmdori Sullon Abusaid Mirzo (1424–1469) halokatidan soʻng, 1469-yil 24-mart, juma kuni tantana bilan Hirotga kirib keldi va oʻsha kuni Jome masjidida uning nomiga xutba oʻqildi. Tarixiy manbalardan shu narsa maʼlumki, Sulton Husayn Boyqaro Temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi boʻlgan. U hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa, uning vaziri Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq, mamlakatda yirik suv inshootlar, maʼmuriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, koʻpriklar va shu kabi qurilish ishlari keng koʻlamda olib borilgan. Shu bois Sulton Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilm-u fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan allomalar, soʻz ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrugʻini jahonga mashhur qilganlar.


Sulton Husayn Boyqaro Xuroson muzofotida, ayniqsa, Hirotda diniy va madaniy-maishiy binolarni koʻplab qurdirdi. Bu qurilishlarning asosiy mutasaddisi sifatida Alisher Navoiyni koʻrsatish joizdir. Shuningdek, shahanshohning yaqin kishilari hamda bek va amirlari oʻz nomlarini abadiylashtirish maqsadida masjid, madrasa, rabot, koʻprik, hammom va shunga oʻxshash qurilishlar bilan shahar koʻrkini yanada jilolantirganlar.
Chunonchi, Sulton Husayn Boyqaro Gozurgoh yaqinida oʻz nomiga madrasa, Hirot tashqarisida “Bogʻi bayt ul-imon” va “Bogʻi xamsa oroyi” bogʻlarini barpo etgan. Sulton Badiuzzamon Mirzo nomi bilan ataluvchi «Madrasayi Badiʼa» ham Sulton Husayn Boyqaro davrining ulkan obidalaridan biridir. Bu davrda taʼmirlangan Jome masjidi ulkan binolardan boʻlib, 403 gumbazi, 130 ravoqi va 44 ustuni boʻlgan. Shuningdek, Alisher Navoiy ham oʻz hisobidan bir necha madaniy-maishiy binolar, chunonchi, “Safoiya” nomli hammom va “Shifoiya” nomli kasalxona qurdirgan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, Xurosonda qirqqa yaqin yirik inshootlar Sulton Husayn Boyqaro davrida vujudga kelgan va Hirotga tevarak-atrofdan olimlar, shoirlar, adiblar, rassomlar, xattotlar, musiqachilar va boshqa har xil hunar ahllari kirib kela boshlagan. Jumladan, oʼsha davrda tabib Husayn jarroh ichakni kesib davolashda chumolidan foydalanish usulini ixtiro qilgan. Ustod Sayyid Ahmad gʻijjak, Ustod Shotquli gʻijjak, Ustod Qul Muhammad udiy, Ustod Husayn udiy, Usto Shayx Foniy nayilar Xurosonda nom chiqargan yetuk musiqashunt allomalardan boʻlgan. Naqqoshlik va xattotlik sohasida Xoja Mira naqqosh, Mavlono Xoja Muhammad naqqosh va buyuk isteʼdod sohibi Ustod Kamoliddin Behzodlar oʻz mahoratlari bilan Xuroson faxri hisoblangan.
Zahiriddin Muhammad Bobur Husayn Boyqaro zamonidagi olim va shoirlar haqida gapirib, ularning saromadi Mavlono Abdurahmon Jomiy, shuningdek, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayli Osafiy, Binoiy, Sayfi Buxoriy, M ir Husayn Muammoiy, Mullo Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiy, Ohiy, Shoh Husayn Koshiy, Hiloli Ahliy, Muhammad Solih va boshqalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtadi Alisher Navoiyning taʼkidlashicha esa Husayn Boyqaro qadimgi turk tilining taqdiriga befarq boʻlmay, uning rivoji uchun qator chora-tadbirdan amalga oshirgan.

Oʻsha davr adabiy muhitining baʼzi bir “moʻtabar” namoyandalari nazarida turk tili tahqirlanib, mazkur tilda ijod etish, ijodkorning isteʼdodsizligini bildiruvchi nuqsonlardan biri deb hisoblangan. Binobarin, arab va fors tillariga eʼtibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini isteʼmolga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea boʻlgani shubhasiz. «Husayn Boyqaro fors va turkiy tillarda gʻazal bitish iqtidoriga ega boʻlsa-da, asosan turk tilida “Husayniy” taxallusi bilan ijod etgan. Uning taʼbi nazmi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida shunday yozadi:


“Ul hazratning xoʻb ashʼon va margʻub abyoti bagʻoy;
Koʻpdur va devon ham murattab boʻlubtur”.»


Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, begʻamlikka, aysh-u ishratga beriladi. Hukmdorning soʻnggi yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bila oʻtadi. Bu isyonlar oʻz oʻgʻillari tarafidan mulk talashib koʻtarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo shunga qaramay, u qoʻlidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-maʼrifat va madaniyati ravnaq toptirishga harakat qilgan. 1506-yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qoʻshinini yigʻib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yoʻl oladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, ahvoli ogʻirlashib, qoʻshinni toʻxtatishga qaror qiladi. 1506-yil 5-may, dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulgʻoziy Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan oʻtadi.