Jamshid ibn Masʼud ibn Mahmud Gʻiyosuddin al-Koshiy (koʻproq Gʻiyosuddin al-Koshiy ismi bilan mashhur) — XIV–XV asrda riyoziyot, tibbiyot va hunarmandchilik sohalari boʻyicha oʻz davrining bilimdonlari bilan shuhrat qozongan Koshonda tugʻilgan. Uning bobosi Mahmud ibn Yahyo ibn al-Hasan al-Koshiy ham oʻqimishli boʻlib, 1411-yilda Sherozda riyoziyot va astrologiyaga oid risola yozgan va Iskandarning (Amir Temurning nabirasi) goroskopini tuzgan. Gʻiyosuddin Koshiyning tavallud yili nomaʼlum boʻlib, u yoshlik yillarini Koshonda oʻtkazgan hamda riyoziyot va falakiyot ilmiga qiziqib, Yunoniston, Eron va Markaziy Osiyolik mashhur olimlarning asarlarini tarjima qilgan, ularga sharhlar yozgan. U tabobat, mantiq, huquqshunoslik, adabiyot fanini yaxshi bilgan. Keyinchalik Koshiy Hirotga kelib, Shohrux saroyida xizmat qilgan va unga atab “Elxon zij”ini takomillashtirish uchun “Xoqon Ziji” (“Ziji Xoqoniy dar takmili “Ziji Elxoniy”) nomli astronomik asarini bitgan. Uning bu asari oʻz davridagi astronomiya sohasida eng yetuk asarlardan hisoblangan.
Qozizoda Rumiyning maslahati bilan Ulugʻbek 1416-yili al-Koshiyni Samarqandga taklif etgan va u hayotining soʻnggi yillarigacha Samarqandda yashab, taxminan 1429-yilda vafot etgan. Jamshid Koshiy XIV–XV asrning riyoziyot va falakiyot ilmining buyuk allomalaridan biri sifatida ajoyib riyoziyot qomusi — “Miftoh al-hisob” (“Hisob kaliti”) asari bilan Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida, shuningdek, Markaziy Osiyoda mashhur edi. Ushbu asarda sistemali ravishda bayon etilgan oʻnli kasrlar taʼlimoti al-Koshiyning yuqori ilmiy yutuqlaridan biri edi. Riyoziyot fanida taqribiy hisob usulini rivojlantirish borasida ham al-Koshiyning xizmati kattadir. Ushbu masalaga u “Risola al-muhitiya” (“Doira haqida risola”)sini bagʻishlaydi va bu bilan oʻrta asr matematikasi rivojiga katta hissa qoʻshdi. Asarda 17 aniq oʻnli belgiga ega “L” sonining taqribiy maʼnosi asliyat uslubi bilan koʻrsatib berilgan. Mirzo Ulugʻbek oʻzining “Ziji Koʻragoniy” asari muqaddimasida Koshiy mazkur asar ustida ish boshlagan ilk davrda vafot etdi, deb maʼlumot beradi. Koshiy arab tilini juda yaxshi bilgan va Ulugʻbek “Zij”ining muqaddimasini arabchaga oʻgirgan. Bu haqda muqaddima soʻnggida shunday deyiladi: “Mavlono Sulton Ulugʻbek ibn Sulton Shohruh ibn Sulton Temur Koʻragonning “Zij”i tugatildi. U buni Samarqandda kuzatgan.
Arabchaga mavlono va allomalar shayxi, alloma Sayyid Gʻiyosuddin Jamshid oʻgirdilar”. Demak, bundan koʻrinadiki, Jamshid Koshiу Samarqanddagi astronomik kuzatishlar tugamasdan oldin qazo qilgan boʻlsa ham, “Zij”ni rejalashtirish va uning nazariy qismining tuzish ishlarida ishtirok etgan va uni arabiylashtirgan. Koshiy Ulugʻbekka “Zij”ni yaratish, rasadxona qurish sohasida maslahatlar berganligi va bu ishlarda ishtirok etganligi tabiiy holdir. Chunki Nasiriddin Tusiyning “Ziji Elxoniy”sini mukammallashtirib, “Ziji Xoqoniy”ni yozgan Koshiyga “Zij”larning jumboqlari avvaldan maʼlum edi. Pokistonlik olim Abbos Rizviy aytganidek, “Koshiyning astronomiya va astronomik asboblarni, qadimgi va yaqin oʻtmishdagi astronomlar, ayniqsa, Marogʻa va Sheroz rasadxonalari astronomlari ishlarining yaxshi bilganligi uni nodir bir shaxsga aylantirgandi”. Koshiy hijriy 814(milodiy 1411–1412)-yilda al-Chagʻminiyning “Falakiyot haqida qisqartmalar” asariga va 1413-yilda esa XIII asrning ikkinchi yarmidagi samarqandlik olim va falakiyotchi Shamsuddin Muhammad Samarqandiyning “Ashkol at-taʼsis fi-l-handasa” (“Handasa ilmida shakllar asosi”) geometrik risolasiga oʻz sharhlarini tuzib chiqqan.
Koshiyning fors tilida otasiga yozgan maktublarida Ulugʻbek va uning astronomik maktabi haqida qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Koshiyning 1421-yillar atrofida Koshonga yuborgan maktubida Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosuddin Koshiyning oʻzi va Samarqand maktabining boshqa olimlarining ilmiy faoliyatlariga oid qiziqarli maʼlumotlar hamda rasadxona qurilishiga doir lavhalar mufassalligi bilan diqqatga sazovordir.
Gʻiyosuddin xatida Samarqand Markaziy Osiyoning madaniy markazi sifatida Koshondan afzalligini, Ulugʻbekni esa koʻzga koʻringan davlat arbobi va hukmdorgina emas, balki yirik olim ekanini tasvirlab oʻtadi. Muallifning Ulugʻbek haqida keltirgan ushbu dalillari boshqa tarixiy manbalarda uchraydigan Ulugʻbek haqidagi maʼlumotlarni, ayniqsa, uning alloma ekanligini anchagina toʻldiradi. Samarqandda 1420-yilda qurilgan madrasa ilm-fanning nufuzli markazi boʻlib, unda Ulugʻbekning oʻzi maʼruzalar oʻqigan. Maktub yozilgan paytida Ulugʻbek 26–27 yoshlarda boʻlgan va oʻta qiziqish bilan falakiyot va riyoziyot fanlari bilan shugʻullangan. Koshiy oʻz maktubida Ulugʻbekni falakiyot sohasidagi favqulodda qobiliyatini qayd etib, uning “Nasiriddinning xotiranomalari” (“Tazkira”)sidan va “Shoh tuhfasi” (“Tuhfa”)dan oʻqigan ajoyib maʼruzalarini eslatib oʻtadi. Gʻiyosuddin Ulugʻbekning beqiyos xotirasi haqida yozarkan, u oftobning uzunligini darajalari va daqiqalarigacha boʻlgan aniqlikda yoddan hisoblay olishini taʼkidlab oʻtadi. U Ulugʻbekning madrasalarda va saroyda oʻtkaziladigan katta ilmiy kengashlardagi bahslarda faol ishtirok etishini va shu munosabat bilan Ulugʻbekning ustozi Qozizoda Rumiyning ismini ham tilga oladi va uni eng maʼrifatli olim deb ajratib koʻrsatadi.
Gʻiyosuddin maktubida Ulugʻbekning huquqshunoslikdagi ajoyib bilimlarini taʼkidlagan, bu haqda shu vaqtgacha faqatgina taxminlar qilingan, xolos. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Alouddin al-Buxori 1447-yili Abu Xanifa an-Nuʼmon ibn Sobit ibn Zutaning (767-yild vafot etgan) asariga yozilgan “Sharh ala-l-fiqh al-akbar” (“Buyuk fiqh”ga sharh)ini Ulugʻbekka bagʻishlangani bejiz emas. Maktubdan yana shu narsa maʼlum boʻladiki, Abu Rayhon Beruniyning “Qonuni Masʼudiy Ulugʻbek va uning atrofidagi hamkorlari — Qozizoda Rumiy, Gʻiyosuddin Koshiyning oʻzi va boshqalar uchun doim kerak boʻladigan kitob hisoblangan. Mazkur maʼlumotlar Samarqand maktabining buyuk olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi bilan bogʻliqligidan guvohlik beradi. Maktubda rasadxona devoriga oʻrnatilgan quyosh soati haqida maʼlumot keltiriladi. Vaholanki, Ulugʻbek asarlarida bunday soat mavjudligi haqida bevosita taʼkid yoʻq. Demak, Gʻiyosuddinning bu maʼlumotlari M. T. Qori Niyoziyning Ulugʻbekka bagʻishlangan “Ulugʻbekning astronomik maktabi” asaridagi shunday soat boʻlganligi haqida taxminini tasdiqlaydi. Maktubning forscha matni eron olimi M.Tabotaboiy (Eron, 1940) turk olimi Oydin Sayiliy tomonidan ingliz va turk (Anqara, 1960) amerikalik olim E. Kennedi tomonidan ingliz (Rim, 1960), arab olim Ahmad Saʼid Damardosh tomonidan arab (Misr, 1963), tojik olimlari Gʻ. Sobirov va N. Boboyev rus (Dushanbe, 1973), shuningdek, Toshkentda rus (1979) va oʻzbek (1996) tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Bundan tashqari, Koshiyning “Sullam as-samovat” (“Osmonla narvoni”), “Nuzhat al-hadoyiq” (“Bogʻlar sayri”), “Risola al-vatar alhjayb” (“Xorda va sinuslar haqida risola”) kabi asarlari ham bizgacha yetib kelgan va bu asarlar Movarounnahr ilmiy-adabiy muhitida salmoqli oʻrin egallagan. Koshiyning Hirot, ayniqsa, Samarqanddagi ilmiy tadqiqotlari, uning matematika va astronomiya sohasida erishgan yutuqlari Temuriylar davrida Xuroson va Movarounnahrda madaniy rivojlanish va turli yurtlardan kelgan olimlarning erkin ilmiy faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilganligining yana bir muhim dalilidir.