FERUZ (1844 – 1910)


Feruz — Muhammad Rahimxon II XIX asrning 2-yarmi XX asr boshlaridagi oʻzbek adabiyotida munosib oʻringa ega boʻlgan allomalardan biridir. U shoir, musiqashunos, davlat arbobi va hukmdor edi. Muhammad Rahimxon II 1844-yilda Xivada, Said Muhammad oilasida tavallud topdi. U boshlangʻich maʼlumotini xususiy muallimdan oladi, biroz muddat madrasada tahsil koʻradi, davlat, huquq ilmini esa unga zamonasining yetuk huquqshunos olimlari oʻrgatadilar. Ogahiy Muhammad Rahimga ustodlik qildi, unga sheʼriyat sirlarini oʻrgatdi, tarixdan, tarjima ilmidan saboq berdi. Al-Xorazmiy, Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud kabi buyuk allomalar haqida dastlab Ogahiydan dars eshitdi. Keyinchalik esa ularning ijodiy meroslarini toʻplashga kirishib, Pahlavon Mahmud ruboiylaridan bir kitob tartib etdi. Muhammad Rahimxon II 1863-yilda otasi Sayid Muhammadxon vafot etgandan keyin, uning oʻrniga Xiva xonligi taxtiga oʻtiradi. Bu voqeaga bagʻishlab shuaro va fuzalolar tarix va qasidalar bitdilar, masnaviylar yaratdilar. Ogahiy tomonidan bitilgan tarix va yozilgan qasida alohida ahamiyat kasb etadi. Ogahiyning Feruzga bagʻishlagan qasidasida, unga otaning oʻz oʻgʻliga, ustodning shogirdiga bergan nasihatlari, tilak va istaklari, adolatparvarlik va xalqparvarlik niyatlari ifodalangan. Ogahiyning ushbu qasidasi pand-nasihat uslubidagi yirik asar boʻlib mamlakatni boshqarishda Feruz faoliyatida unga berilgan yoʻl-yoʻriq ham edi. Feruz bu vaqtda endigina oʻn toʻqqiz bahorni koʻrgan yigit boʻlib, oʻn yilcha mustaqil ravishda xonlik qildi. Ammo Rossiya imperiyasining Xiva xonligini bosib olishi natijasida, qolgan davrda uning vassali sifatida davlatni boshqardi.


Muhammad Rahim yoshligidan adabiyotga havas qoʻydi. Alisher Navoiy, Munis, Ogahiy, Komil singari shoirlarning asarlarini qunt bilan oʻrganib, ularga ergashib sheʼrlar yozdi, yozgan sheʼrlariga “Feruz” (gʻolib, baxtli, saodatli) deb taxallus qoʻydi. Ayniqsa, oʻziga qadar oʻtgan Sharq adabiyoti vakillarini ustoz deb bildi. Ogahiy bilan Feruz oʻrtasida shogird va ustodlik munosabatlari mustahkam edi. Hatto Ogahiy oʻz shogirdi Feruzga ota-oʻgʻildek munosabatda boʻladiki, bu albatta, Feruz faoliyatiga taʼsir etmay qolmadi. Feruz bilan bir davrda yashab ijod qilgan olim-u shoirlar uni xalqparvar, adolatli va rahmdil shohlardan biri sifatida talqin etadilar. Feruz saroyiga shoir, tarixnavis, olim-u fuzalo, tarjimon-u xattot, tabib-u sozanda va shunga oʻxshash zamonasining madaniyat arboblarini toʻpladi. Fan va madaniyat rivojiga katta ahamiyat berdi. U oʻz atrofiga shoir-u sozandalarni toʻplab, har haftada gʻazalxonlik, sheʼrxonlik kechalari tashkil qilgan. Bu haqda Bayoniy shunday yozgan: “Xon hazratlari haftada ikki kun: juma va dushanba oqshomlarida ulamo bila suhbat tuzib, kitobxonlik etdurur erdilar”. Feruzning oʻzi ham sheʼr yozgan, ashula aytgan va musiqa bastalagan. Buni uning OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari hamda Britaniya, Fransiya, Turkiya kabi mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan “Gʻazaliyoti Feruz”, “Bayozi Feruz”, “Devoni Feruz” asarlari ham tasdiqlaydi.


Feruz sheʼriyati qoʻlyozma devon va toshbosma bayozlarda bizgacha toʻliq yetib kelgan deyish mumkin. Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida shoirning oʻnga yaqin gʻazal majmualari mavjud. Bundan tashqari uning sheʼrlari oʻsha vaqtda Xorazmda tuzilgan turli xil bayoz, majmualardan ham oʻrin olgan. «Feruz ijodiga nazar tashlar ekanmiz, unda shoir gʻazaliyotining juda koʻp qismi ishq-muhabbat mavzusiga bagʻishlanganligining guvohi boʻlamiz.


Ishq elin shohiman, vale oshiqining qatorida,
Ushbu xazining ul pari koʻziga ilmadi netay.»


Shoir insonning insonga boʻlgan muhabbatini ulugʻladi va unga har bir insonning eng muhim fazilatlaridan biri deb qaradi. Inson va hayotni, sevgi va sadoqatni oʻz ijodining asosi qilib olgan Feruz sevgini sadoqatsiz, mehrni oqibatsiz tasavvur qila olmaydi. Bular shoir lirikasining yetakchi gʻoyaviy asosini tashkil etadi. Uning koʻpchilik gʻazallari oʻz zamonasida sozandalar va goʻyandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelindi. Ular bugungi kunda ham musiqashunoslarimizning diqqatini oʻziga tortmoqda. Feruz ijod ahliga gʻamxoʻrlik qildi, ularga maosh tayinladi, kitoblarini bosib chiqarish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Shoirlarning asarlaridan iborat har xil tazkiralar, bayozlar tuzdirdi. “Haft shuaro”, “Bayozi gʻazaliyot”, “Bayozi muxammasat”, “Bayozi musaddasat” kabi toʻplamlar shular jumlasidandir. Feruzning tashabbusi bilan isteʼdodli shoir Ahmadjon Tabibiy “Majmuat ush-shuaroyi Feruzshohiy”, “Muxammasat ush-shuaroyi Feruzshohiy” tazkiralarini tuzdi. Bu majmualar Feruz hukmronligi davrida yaratilgan boʻlib, oʻsha davr adabiy harakatini oʻrganishda qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi. Feruz xonlik qilgan davrda, Xiva davlatining biroz markazlashuvi natijasida ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojlandi. Feruz tashabbusi bilan Xiva shahrida toshbosma tashkil etilib, xon farmoni bilan Alisher Navoiyning “Chor devon”, “Xamsa” singari asarlari ilk bor chop etildi.


Munis, Ogahiy, Komil, Bayoniy, Mirzo, Avaz Oʻtar, Devoniy, Niyoziy, Chokar singari shoirlarning asarlari koʻplab nusxada bosilib chiqdi. Xorazm shoirlarining asarlaridan tashkil topgan bayoz, tazkira va boshqa xalqlar adabiyotidan qilingan tarjima asarlar ham shu matbaada nashr qilindi.
Feruz tarjima qilinishi kerak boʻlgan asarlarning roʻyxatini tuzdirib, turli tarjimonlarni bu ishga jalb etgan. Natijada oʻsha davrda “Xorazm tarjima maktabi” vujudga keldi. Bu davr tarjimonlari tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan qator tarixiy, badiiy, ilmiy-falsafiy asarlar madaniyatimizning nodir durdonalari boʻlib qoldi. Feruz tarjimonlik, xattotlik, kitobot ishlari, tazkira, majmua va bayozlar yaratish boʻyicha ham birmuncha ishlarni amalga oshirdi. Tarix, tibbiyot, badiiy adabiyot va musiqaga doir koʻplab qoʻlyozma manbalar qayta tiklandi hamda yangidan yangi asarlar vujudga keldi. Bu ulkan merosni xalqqa yetkazish va uni kitobot qilishda Xorazm kalligraflarining xizmatlari nihoyatda kattadir. Ular oʻzlariga xos uslubda sodda va aniq qilib, nasx, suls, rayhoniy singari arab xati shaklidan foydalanib yuzlab qoʻlyozma asarlarga sayqal berdilar. Xorazmda bu davrda koʻchirilgan qoʻlyozmalarning koʻpchilik qismi adabiyotga oid boʻlib, ular oʻtmish va zamondosh shoirlarning devon, bayozlari hamda turli xil majmua, tazkiralaridan iborat edi. Bularning barchasi Feruz farmoni asosida amalga oshirildi. Feruz xonlik qilgan davrda shu tariqa meʼmorchilik, musiqa, xattotlik, naqqoshlik kabi bir qator sanʼat turlari rivojlandi. Bu davrda fotografiya va kino sanʼati vujudga keldi. Turmushga garmon, grammofon, elektr singari yangiliklar kirib keldi.


Feruz musiqashunos sifatida shoir va bastakor Pahlavon Niyoz Mirzoboshi Komilni Xorazm shashmaqomini tanburga moslab nota yozishga undadi. Komil “Xorazm tanbur notasi” deb yuritiladigan “Tanbur chizigʻi”ni yaratdi. Komildan keyin esa bu ishni uning oʻgʻli Mirzo Feruz talabi asosida Xorazm shashmaqomini yetti maqomda tanburga moslab nota yozdi. Feruzning oʻzi ham bir qancha sheʼrlarga musiqa bastalagan. Shoir Komilning tashviqi bilan butun shashmaqom kuylarini mukammal oʻrgangan, “Navo”, “Segoh” va “Dugoh” maqomlariga bogʻlab kuylar yaratgan edi. Bu kuylar Xorazm musiqachilari orasida mashhurdir. Muhammad Rahimxon II (Feruz) davrida xonlikda juda koʻp qurilishlar amalga oshirildi, madrasa, masjid, bogʻlar barpo etildi.U 1871-yilda Koʻhna Ark qarshisida oʻz nomiga madrasa qurdirdi. Bu madrasa XIX asr meʼmorchiligidagi eng nodir yodgorliklardan biri boʻlib, ikki qavatli qilib barpo etilgan. Unda mullavachchalarning oʻqishi uchun yozgi va qishki masjid, darsxona va kutubxonalar hamda ularning yashashlari uchun 76 hujra mavjud edi. Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan yigirmadan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostladi. Feruz yerlarni suv bilan taʼminlash, bogʻ-rogʻlar barpo qilish ishiga ham alohida ahamiyat berdi. Uning buyrugʻiga muvofiq Qoʻngʻirot tumani sarhadida katta ariq bunyod etildi. Xalq ushbu ariqning qurilishiga Muhammad Rahimxon II rahbarlik qilganligi uchun ariqni uning nomi bilan Xonarigʻi deb atadi. Kalta minor, Amirobod, Saribiy kabi ariqlarning qazilishi va qayta tiklanishi ham uning nomi bilan bogʻliqdir.


Feruz Angarik, Tozabogʻ, Bogʻishamol va boshqa kanal hamda bogʻlarning qurilishiga ham rahbarlik qildi. Shu bilan birga Feruzning salkam 48 yil Xorazmda hukmronlik qilganligining oʻzi ham uning adolatparvar hukmdor, xalqparvar shoir, buyuk maʼrifatparvar shaxs boʻlganligidan dalolat beradi.
Davlat arbobi, isteʼdodli shoir, zukko musiqashunos va sozanda, ilm-fan homiysi boʻlgan Muhammad Rahimxon II (Feruz) umrining oxirida chap tomoni butunlay shol boʻlib, falaj kasaliga uchraydi. Bayoniy Muhammad Rahimxon II janozasida qatnashadi va oʻz koʻzi bilan koʻrganlarini, Feruzning tobuti oʻzi qurdirgan madrasaga qoʻyilib, oʻsha yerda janoza oʻqilganligini, Isfandiyor boshliq barcha ulamo, fuzalo va arkoni davlatning hozir boʻlganligini hikoya qiladi. Umuman, Feruz xalqimiz tilida, dilida oʻzining qilgan yaxshi va ezgu ishlari, yozgan sheʼrlari va bastalagan kuylari, qurdirgan imoratlari bilan abadiy qoldi.