“Oʻz davrining Batlimusi” deb tanilgan Ali Qushchining toʻliq nomi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi boʻlib, u Samarqandda tugʻilib oʻsgan va XV asrda ilmiy faoliyat koʻrsatgan matematik va astronomlardandir. Uning tugʻilish sanasi maʼlum boʻlmasa-da, XIV asr oxiri – XV asr boshida tugʻilgan deb taxmin qilinadi. U Ulugʻbek saroyidagi Muhammad ismli ovchi qushlarga qarovchi bir kishining oʻgʻli boʻlib, shu sababli unga Qushchi laqabi berilgan. U otasidan yetim qolganidan soʻng UIugʻbekning tarbiyasida boʻlgani bois, Ulugʻbek uni oʻz “Zij”ining soʻzboshisida “farzandi arjumand” deydi. Ali Qushchi boshlangʻich va sharʼiy bilimlarni Samarqand olimlaridan, matematik va astronomik bilimlarni esa Qozizoda Rumiy bilan Ulugʻbekdan oladi. Bir maʼlumotga koʻra, u yoshligida beruxsat Samarqanddan gʻoyib boʻladi-da, Kermonda biroz muddat mahalliy olimlardan bilim oʻrganadi va yana Samarqandga, Ulugʻbek huzuriga qaytib kelib, uzr soʻraydi, Kermonda yozgan oyning shakllariga taalluqli eng birinchi asarini unga taqdim etadi.
Ulugʻbek 1424-yili oʻzining mashhur rasadxonasiga asos soladi, ish boshlanishi bilanoq Jamshid Koshiy, bir necha yildan soʻng Qozizoda Rumiy ham vafot etadi. Shunda Ulugʻbek rasadxonadagi qurilish ishlariga va astronomik kuzatishlarga yosh olim Ali Qushchini mutasaddi qilib qoʻyadi.
Ali Qushchi umrining koʻp qismini Samarqandda oʻtkazadi. Faqat 1449-yili Ulugʻbek oʻldirilib, mirzolar oʻrtasida roʻy bergan nizodan afsuslanib, asta-sekin bu yerda ilmiy ishlarni toʻxtatishga majbur boʻladi, lekin ulardan haj safariga ruxsat olishga muyassar boʻlarkan, Ozarbayjonga ketib, biroz muddat Tabrizda turadi. U yerda Ali Qushchini mahalliy hokim Uzun Hasan oʻz saroyiga taklif qilib, unga nisbatan katta hurmat va ehtirom izhor etadi. Ali Qushchi hajni bajo keltirgan yo keltirmagani haqida maʼlumotga ega emasmiz. Lekin u oʻz safarining pirovardida Usmonli sulton Muhammad II ning saroyiga keladi. Sulton uni juda iliq qabul qilib, oʻziga yaqin tutib, doimiy yashash uchun Istanbulda qolishni taklif etadi. Ali Qushchi bu taklifni qabul etadi va sultonning ruxsati bilan yana Tabrizga qaytib borib, u yerda turgan ikki yuzga yaqin qarindosh-urugʻlari va yaqinlarini Istanbulga olib keladi. Sulton uni juda zoʻr dabdaba bilan kutib oladi.
Ali Qushchi 1472-yil bahoridan boshlab kundalik 200 aqcha moyana bilan Ayo Soʻfiyo madrasasiga bosh mudarris etib tayinlanadi. «Uning qarindoshlari va yaqinlari ham oʻzlariga munosib vazifalarga tayinlanadilar. Ali Qushchining tugʻilgan yili aniq boʻlmasa ham, vafot etgan sanasi aniq. Bu sana uning qizi tarafidan nabirasi boʻlmish Miram Chalabiyning ushbu forsiy misralarida keltirilgan:
Rahnamoyi ilm mavlono Ali Qushchi,
Chun bi-suyi ravzayi rizvon biraft:
Bud zi hijrat hashtsadu haftodu noʻh,
Ruzi shanba haftumi shaʼbon biraft.»
«Maʼnosi:
Ilm-fan rahnamosi mavlono Ali Qushchi,
Jannat gulzori sari yuzlangan vaqt:
Hijratdin sakkiz yuz yetmish toʻqqizinchi yil,
Shanba kuni shaʼbonning yettinchi kuni.»
Bu yerda keltirilgan hijriy 878-sana, milodiy 1474-yil 17-dekabriga toʻgʻri keladi. U Istanbuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan. Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulugʻbek “Zij”idek shuhrat qozonmagan boʻlsa ham, uning ijodi fan tarixida nihoyatda muhim oʻrin tutadi. U oʻrta asrlardagi Movarounnahrda rivoj topgan aniq fanlar sohasidagi buyuk olimlarning eng soʻnggi namoyondasi boʻlishi bilan birga Usmonli turklardagi birinchi eng yirik va koʻzga koʻringan olim boʻlgan. Hozirgi zamon turk tarixchilarining eʼtirof etishicha, Istanbulga Ali Qushchi kelguniga qadar “ilmi hayʼatda u daraja bir sohib vuqufi mavjud boʻlmagan edi”. Istanbulga Ali Qushchi kelishi bilan bu mamlakatda qisqa muddat ichida astronomiya fani sohasidagi ishlar yoʻlga qoʻyildi va pirovard natijada, Miram Chalabiy va boshqa atoqli zotlar maydonga keldi. Lekin u Istanbulda kam vaqt boʻlgani bois bu yerda yirik ishlarni amalga oshirishning imkoni boʻlmadi. Biroq shu qisqa muddat ham va umuman uning Istanbulga kelishining oʻzi ham nafaqat Usmonli turk fani tarixida, balki dunyo fanida muhim bir voqea boʻldi. Chunki Usmonli turklar 1453-yili Istanbulni fath etganidan soʻng biroz oʻtmay bu shahar Sharq va Gʻarb madaniyatlarining uchrashuv joyi boʻlib qoldi. Maʼlumki, oʻsha davrda Ovroʻpada Sharq fani va madaniyatiga qiziqish juda katta boʻlib, Ovroʻpa Sharqning ilmiy yutuqlarini chanqoqlik bilan oʻziga singdirayotgan edi. Istanbulda Italiya, Germaniya, Avstriya va Gollandiyadan rassomlar, muhandislar, harbiy mutaxassislardan tashqari astronomiya va matematika mutaxassislari ham toʻplangan edi. Xususan, Germaniyadan hisobdon “kossistlar” kelgan edi. Birinchi boʻlib Samarqand olimlarining yutuqlaridan ana oʻshalar bahramand boʻldilar. Shu tariqa Ulugʻbek va uning “Zij”i haqidagi xabarlar milodiy XV asr oxiridayoq Ovroʻpaga yetdi. Bunda esa Ali Qushchining xizmati kattadir. Ali Qushchining qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:
- “Risola fi-l-hisob” (“Hisob haqida risola”). Asar 1425-yili Samarqandda fors tilida yozilgan. U uch qismdan iborat: oʻnlik hisoblash tizimi, oltmishlik hisoblash tizimi va handasa. Ali Qushchining bu risolasi oʻrta asrlarda keng tarqalgan boʻlib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va Oʻrta Sharq olimlarining diqqatini oʻziga jalb qilgan. Chunonchi, yozilganidan 150 yilcha keyin Bahouddin Omuliy (1547–1621) oʻzining “Xulosat ul-hisob” nomli asarini yozganida undan foydalangan. Risolaning qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Firdavsiy nomli kutubxonada, Sankt-Peterburgda, Rossiya akademiyasi kutubxonasida, Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istanbuldagi (Turkiya) Ayo Soʻfiyo kutubxonasida va Oksford (Angliya) universiteti kutubxonasida saqlanadi.
- “Risolai qusur” (“Kasrlar risolasi”). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426-yili yozilgan. Bu risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi oʻnlik kasrlar tushunchasini va oʻnlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi. Risolaning yagona nusxasi Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
- “Risola at-fathiya” (“Gʻalaba risolasi”). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan gʻalaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473-yili Istanbulda yozilgan va astronomiyaga bagʻishlangan. Asarning qoʻlyozmalari Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istanbulda Ayo Soʻfiyo kutubxonasida, Tehran universiteti kutubxonasida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Berlindagi Germaniya davlat kutubxonasida, Dehlidagi Hindiston universiteti kutubxonasida va Mumbay kutubxonasida saqlanadi.
- “Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob” (“Hisob haqida”). Asar arab tilida yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan boʻlib, turk sultoni Muhammad II ga bagʻishlangan. Unda oʻnlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari koʻriladi. Asarni muallifning oʻzi 1472-yili forsiyga oʻgirgan. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qoʻllayotgan maʼnoda ishlatiladi. Risolaning ikki qoʻlyozmasi Istanbulda Ayo Soʻfiyo kutubxonasida va Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi.
- “Risola fi halla ash-shakl al-hilol” (“Hilolsimon shakllarni oʻlchash haqida risola”). Arab tilida yozilgan risola, qoʻlyozmasi saqlanmagan.
- “Sharhi Miftoh al-ulumi Taftazoniy” (“Taftazoniyning “Miftoh al-ulum”ining sharhi”). Fors tilida yozilgan risola. Unga mashhur Qozizoda Rumiy sharh yozgan. Birgina qoʻlyozmasi Mashhaddagi imom Rizo
kutubxonasida saqlanadi. - “Risola dar ilmi hayʼat” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Asar “Risola dar falakiyot”, “Risolayi forsiya dar hayʼat” va “Hayʼati forsiy” nomlari bilan ham maʼlum boʻlib, fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator maʼlumotlar mavjud. Ali Qushchining shogirdlaridan biri Abulqodir ibn Hasan Roʻyoniy (vafoti 1520-yil) risola haqida bunday deydi: “Men astronomiyaga doir koʻp asarlarni oʻrgandim, Shamsiddin al-Koshiy, Husaynshoh Samoniy, Nosiri Sheroziy va Alishoh Xorazmiylarning “zij”larini sinchiklab mutolaa qildim. Lekin Ali Qushchining risolalarini oʻqiganimdan soʻng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon boʻldi”. Bu risolaning qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida, Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada, Parij milliy kutubxonasida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Oksford universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Berlinda Germaniya davlat kutubxonasida va Istanbulda Ayo Soʻfiyo kutubxonasida saqlanadi.
- “Sharhi “Ziji Ulugʻbek” (“Ulugʻbek “Zij”iga sharh”). Sharh ham “Zij”ning oʻzi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. Soʻng sharhni Ali Qushchi Istanbulda yakunladi. Bu sharhning qoʻlyozmalari Tehran universiteti kutubxonasida, Leyden universiteti kutubxonasida, Parij milliy kutubxonasida hamda Sankt-Peterburg, Dushanbe, Mashhad, Istanbul va Angliyadagi kutubxonalarda saqlanadi.
- “Sharhi risolai “Tuhfai shohiya” (“Shohiy tuhfa” risolasining sharhi”). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311-yil) risolasiga sharh, forsiy tilda yozilgan. Qoʻlyozmalari Ayo Soʻfiyo; Oksford universiteti va boshqa kutubxonalarda saqlanadi.
- “Sharhi risolai “Sullam as-samo” (“Sullam as-samo” risolasiga sharh”). Bunda Ali Qushchi oʻzining Samarqanddagi ustodlaridan biri boʻlmish Jamshid Koshiyning “Sullam as-samo” nomli astronomik risolasiga sharh bergan. Qoʻlyozmalari Gʻarbiy Ovroʻpa va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi.
- “Xitoynoma”. Bu risolani Ali Qushchi 1438-yili Ulugʻbek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan soʻng fors tilida yozgan. U oʻzining shaxsiy kuzatishlariga koʻra Xitoyning iqlimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.
- “Risolai mantiq”. 1430-yili Samarqandda, fors tilida yozilgan risola. Yagona qoʻlyozmasi Oʻzbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
- “Sharhi tajvidi Xoja” (“Xoja “Tajvidi”ning sharhi”). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin Tusiyning (1201–1274) falsafaga doir “Tajvid” nomli asariga sharhdan iborat. Uni boʻlajak olim 1417-yili Kermondaligida yozgan boʻlib, uning qalamiga mansub ilk asar edi. Asarning qoʻlyozmalari Britaniya muzeyida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Istanbulda Ayo Soʻfiyo kutubxonasida, Tehran universiteti kutubxonasida, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instutitida va Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada saqlanadi.
- “Risola al-Mufradiya”. Mantiqqa bagʻishlangan arab tilidagi risola. Yagona qoʻlyozma nusxasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.
- “Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil” (“Masalalarni hal qilishning mahbub boʻlganlari haqida”). Risola arab tilida yozilgan boʻlib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bagʻishlangan. Birgina qoʻlyozmasi Tehron universiteti kutubxonasida saqlanadi.
- “Risola mutaʼolliqa bi kalimat at-tahvid” (“Tavhid kalimasiga aloqador risola”). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola. Qoʻlyozmalari Berlin, Rim va boshqa shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.
- “Risola tataʼllaq bi kuiya” (“Umumiyatga aloqador risola”) arab tilida yozilgan falsafiy asardir.
- “Risola al-istiorot”. Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola. Ikki qoʻlyozmasidan biri Leyden universiteti kutubxonasida, ikkinchisi Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida saqlanadi.
- “Sharh ar-risola al-Azudiya” (“Al-Azudiya” risolasiga sharh”). “Al-Azudiya” risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335-yil) tomonidan arab tilida yozilgan boʻlib, uni Ali Qushchi sharhlagan. U tilshunoslikka mansubdir. Qoʻlyozmalari Leyden universiteti kutubxonasida, Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida, Parij milliy kutubxonasida, OʻzRFA Sharqshunoslik institutida, Istanbulda Ayo Soʻfiyo kutubxonasida va Oksford universiteti kutubxonasida saqlanadi.
- “Al-unut va zavahir fi nazmil javohir” arab tilida yozilgan mantiqiy risola. Ayo Soʻfiyo va Leyden kutubxonasida ikki qoʻlyozmasi saqlanadi.
- “Risola al-mujas fit-tibb” (“Tibbiyotga mansub moʻjaz risola”). Arab tilida yozilgan. Birgina qoʻlyozmasi Ayo Soʻfiyo kutubxonasida saqlanadi.
- “Sharh risola al-fiqh” (“Fiqh haqidagi risolaning sharhi”). Bu asar islomdagi toʻrt mazhabdan biri boʻlmish “Imomi Aʼzam” mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Xapifa Nuʼmon ibn Sobit tomonidan yozilgan “Al-fiqh” risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqlidir. Qoʻlyozmaning birgina nusxasi Qozon universiteti kutubxonasida saqlanadi.
- “Risola fi hall al-misol al-handasa” (“Germaniyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola”). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga oʻtkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi. Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yoʻlida sarflandi. U oʻz asarlari bilan va ustozi Ulugʻbek bilan hamkorligi tufayli oʻz nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.