Ibn al-Qiftiyning Ahmad as-Sagʻoniy haqidagi quyidagi fikrlari diqqatga sazovordir: “Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad as-Sagʻoniy al-Asturlobiy oʻz vaqtida geometriya va astronomiya sohalaridagi aksariyat muvaffaqiyatlarning sohibi boʻlgan fozil olimlardan edi. U Bagʻdodda usturlob(yulduzlarning joylashish gradusini aniqlaydigan asbob)lar va boshqa astronomik jihozlar yasashda katta yutuqlarga erishgan. U yaratgan jihozlar oʻsha vaqtdagi astronomlarga yaxshi maʼlum boʻlgan. Uning bir qancha shogirdlari katta shuhrat qozonganlar va oʻz ustozlari bilan faxrlanganlar. Ahmad as-Sagʻoniy qadimgi jihozlarni takomillashtirishda hech kim amalga oshira olmagan natijalarga erishgan”. Ibn al-Qiftiy yana shularni maʼlum qiladiki, Bagʻdod hukmdori Adud ad-Davlaning oʻgʻli Sharaf ad-Davla (951–989) Bagʻdodni boshqargan yillarida u yerda rasadxona sifatida foydalanish uchun bir uy qurdiradi va unda Quyosh va sayyoralar harakatini oʻrganish boʻyicha kuzatishlar oʻtkaziladi. Kuzatishlar natijasi yakunlanganda Ahmad as-Sagʻoniy Quyoshning ikki burj boʻyicha botishini oʻz qoʻli bilan yozgan va baʼzi tuzatishlar kiritgan.
Ahmad as-Sagʻoniyning ilmiy merosi Beruniy, Ibn Iroq, as-Sijizziy kabi olimlar tomonidan hurmat bilan eslanishi, uning asarlari naqadar shuhrat qozonganligidan dalolat beradi. Jumladan, Beruniy oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining yahudiy yillari va davrlarini aniqlash qismida as-Sagʻoniy hisoblaridan foydalanganini aytadi. Вeruniy xuddi shu asarida doiralar va nuqtalardan iborat kurralarni sathigа aylantirish mumkinligi haqida gapirar ekan, shunday deydi: “Abu Hamid as-Sagʻoniy konuslar boshini ikkala qutbdan koʻchirib, uni oʻqlar boʻyicha (jarab, kurraning ichiga yo tashiga qoʻygan. Shunda kurra toʻgʻri chiziqlar, doiralar as-Sagʻoniy istagan kayfiyatda, yetarli va ortiqcha parchalar tashkil etgan. Bu ajoyib sathni undan oldin hech kim ishlamagan”. Beruniy oʻzining “Geodeziya” asarida Ahmad as-Sagʻoniy qalamiga “Astronomiya ilmining qonunlari” (“Kavaniyi ilm al-haya”) kitobi mansubligini koʻrsatadi va unda as-Sagʻoniy 965-yili Bagʻdodning gʻarbiy tarafidan “Birkatu Zalazal” degan joyda diametri olti qarich va aylanasi besh minutlik boʻlimlarga taqsimlangan xalqa yordamida oʻlchash olib borib, toʻliq ogʻishni (23 daraja 35 minut) va Bagʻdodning kenglamasini (33 daraja 21 minut) topganini taʼkidlaydi.
As-Sagʻoniyning “Osmon sferasini tekislikda tasvirlash” (“Kayfiyyat tastiyh al-kura”) risolasi Patna va Istanbuldagi kutubxonalarda saqlanadi. Baʼzi manbalarda bu asar “Kitab at-tastiyh at-tamm” nomi bilan tilga olinadi. Risola oʻn ikki bobdan iborat boʻlib, unda osmon sferasining usturlob sathida tasvirlanish masalalari ustida mulohazalar yuritiladi. Alloma yuqoridagilardan tashqari “Doira ichiga joylashtirilgan toʻgʻri taralli yetti burchakning tomonini yasash” (“Risola fi ʼamal dil al-musabbaʼ al-mutasaviy fi ad-daira”) va “Masofalar va hajmlar haqida” (“Maqala fi-l-ajram”) nomli (Parij va Damashqda saqlanmoqda) asarlarning muallifi hamdir. Oksforddagi Bodlean kutubxonasida olimning “Astrolabiya plastinkalarida yasalgan soatlar haqida” (“Fi as-saʼat al-maʼmula ala salaih al-asturlab”) va “Meridian chizigʻini topish” (“Istixraj xatt nisf an-nahar”) risolalari mavjud. Fikrimizcha, “Meridian chizigʻini topish” (Bodlean kutubxonasidagi inven.raqami M S.Thurston 3(f.94)) risolasi olim asarlari roʻyxatiga hozirga qadar kiritilmay kelinmoqda. As-Sijizziy nomini keltirgan “Burchakning uchga boʻlinishi” (“Tasliys az-zaviyya”) risolasi as-Sagʻoniyning bizgacha yetib kelmagan asarlaridan hisoblanadi. As-Sagʻoniy 990-yili Bagʻdodda vafot etgan.