ADIB AHMAD YUGNAKIY (XII — XIII asrlar)


Turkiy adabiyotning bizga maʼlum namoyandasi mashhur “Hibat ul-haqoyiq” asarining muallifi Ahmad Yugnakiy boʻlganligini qayd etish mumkin. Ahmad Yugnakiy haqidagi maʼlumotlarni biz XV asrga oid Alisher Navoiy, Arslonxoʻja Tarxon va boshqalar yozib qoldirgan maʻlumot hamda shoirning oʻz yozganlaridan bilamiz. Manbalarda Ahmadning tugʻilgan joyi Yugnak deb ataladi. Bu nomdagi qishloqlar qadimgi Samarqand atrofi, Fargʻona vodiysi va Sirdaryo boʻylarida mavjud boʻlgan. Ahmad onadan koʻzi ojiz tugʻildi. Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Haq subhonahu va taolo agarchi zohir koʻzin yopuq yaratgandur, ommo koʻngil koʻzin bagʻoyat yoruq qilgʻondur”. Ahmad yoshligidan juda qobiliyatli va ziyrak boʻlgan. Uning ilmiy-nazariy risolalar yozgan yoki yozmaganligi bizga nomaʼlum. Adib Ahmad salohiyatli shoir va axloq muallimidir. Undan bizgacha yetib kelgan yagona yaxlit asar “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar tuhfasi”) dostoni boʻlib, 484 misradan iborat. Bu asarning bugungacha 3 ta toʻliq qoʻlyozmasi, 2 ta ayrim parchalari saqlanib qolgan. Ulardan eng qadimgisi 1444-yilda Samarqandda Ulugʻbekning nufuzli amirlaridan Arslonxoʻja Tarxon topshirigʻiga koʻra, kotib Zaynul Obidin ibn Sultonbaxt al-Jurjoniy al-Husayniy tomonidan uygʻur yozuvida koʻchirilgan.


Matn orasidagi oyat, hadis va ayrim baytlar arab yozuvida yozilgan. Asar nomi mazkur nusxada “Atabat ul-haqoyiq” (“Haqiqat eshiklari”) deb koʻrsatilgan. Keyingi nusxa uygʻur va arab yozuvlarida boʻlib, 1480-yilda Turkistondan Istanbulga borib qolgan isteʼdodli kotib Shayxzoda Abdurazzoq baxshi tomonidan koʻchirilgan. Turk olimi Najib Osim 1914–1916-yillarda ushbu nusxani topib, tadqiq etib nashrdan chiqardi. Uchinchi qoʻlyozma ham arab xatida boʻlib, unga Turkiya sultoni Boyazid II (1481–1512)ning muhri bosilgan. Demak, bu nusxa ham XV asr oxiri XVI asrning boshida koʻchirilgan boʻlib chiqadi. Asar 14 bobdan iborat boʻlib, birinchi 5 bobini muqaddima qismi deb atash mumkin. Unda yagona Allohi taologa hamd, Rasululloh (sav)ga naʼt, toʻrt ulugʻ sahobalar — xulafoyi roshidin madhi, amir Muhammad Dodsipohsolorbek va fazilat egasi Anas ibn Muoviyalarga bagʻishlangan madhiyaviy satrlar mavjud. Muqaddima qismining oxirida dostonning yozilish sababi bayon etilgan. Asar Movarounnahrda yozilgan boʻlishi kerak, chunki buyuk amir Muhammad Dodsipohsolorbek turk va ajam mamlakatlarining hukmdori deb ulugʻlangan, arablar esga olinmagan.


“Hibat ul-haqoyiq” asari yozilgan davrda forsiy va turkiy dostonlar uchun umumiy boʻlgan muayyan sheʼriy shakl (yaʼni, aa, bb, vv usulida qofiyalanuvchi masnaviy shakli) hali mavjud emas edi. Shu sababdan asarning madhiyaviy kirish qismlari oʻsha davr arab adabiyotiga xos boʻlgan qasida janridan ijodiy foydalanib yozilgan. Ammo dostonning asosiy qismi va xulosasi qadim turkiy ogʻzaki adabiyotida keng qoʻllanilgan toʻrtliklar shaklida yaratilgan. Shu sababli doston hajmini baytlar ( 2 satrli band sistemasi) bilan oʻlchash toʻgʻri emas. Ahmad Yugnakiy nomiga “Adib” soʻzi qoʻshib aytilishi maʼlum sababga ega. U oʻzini shoir emas, balki adab ilmi namoyandasi deb biladi. Uning dostoni ham turkiy elatlarga islomiy odob qoidalari, maʼnaviy-axloqiy kamolot sirlaridan taʼlim berishga moʻljallangan. Buni undagi bob sarlavhalaridan ham anglash mumkin. Birinchi bobni “Ilm manfaati va jaholatning zarari haqida” deb atalgan. Maʼlumki, islomning ilk nozil boʻlgan oyatlari “Iqra!” (yaʼni “ Oʻqi!”) deb boshlanadi va ilmga tashviq etish islom maʼnaviyatining muhim asoslaridan birini tashkil etadi.


Doston matni orasida paygʻambarimizning “Ilm Chin eli (yaʼni Xitoy)da boʻlsa ham, oʻrganing!” degan hadislari arab tilida keltirilgan va ushbu fikr turkiy toʻrtliklar shaklida sharhlangan. “Saodat yoʻli bilim bilan bilinadi”, deydi adib. U bilim egasi boʻlgan ayol kishini erlar qatorida koʻradi, bilimsiz erkakni esa ayoldan ham zaif biladi. Alisher Navoiy oʻz asarida adib Ahmad dostonining ushbu bobidan eng erkin timsolni keltirgan: Soʻngakka ilik tur, eranga bilik, Biliksiz eran ul iliksiz soʻngak. Arslonxoʻja Tarxon tuzdirgan matnda shu satrlar biroz boshqacharoq jaranglaydi: Soʻngakka yiliktek eranga bilik,
Eran koʻrki aql, ul soʻngaknung yillik. Bilim egasi vafot etganda ham uning nomi boqiy qoladi, deb xulosalaydi shoir, ammo bilimsiz kishi tirigida ham oʻlikdan farqi yoʻqdir. Adib Ahmad bilimsizlikni qoralab yana Rasululloh (sav) hadislariga murojaat etadi: “Tangri hech qachon johillarni aziz qilgan emas”. Ilm qadriga faqat maʼrifatli odam yetadi, nodonga esa nasihat befoydadir.
Adib Ahmadning fikricha, bilim tuganmas boylikdir, u faqir kishini boy etadi, ilm ahlini esa arab ham, ajam ham olqishlaydi. «Darhaqiqat, adib Ahmad yashagan davr, olim Frans Ronzental taʼbiri bilan aytganda, “Ilm tantanasi” davri edi. Adib Ahmad mintaqa madaniyatidagi mislsiz kamolot yoʻlining ishtirokchisi edi. Ammo davr murakkab, oʻta ziddiyatli ham edi. Bu holat ilk turkiy pandnomaning keyingi boblari mundarijasida oʻz aksini topgan. Ikkinchi bob “Tilni tiyish va boshqa odoblar haqida” deb nomlanadi. Bu bobdagi mashhur satrlar:


“Tiling bekta tutgʻil tishing sinmasun,
Qali chiqsa bekta, tishingni siyur”.»


Alisher Navoiyning adib Ahmad haqida yozganlarida biroz oʻzgargan holda takror etiladi. Adib fikricha, kishi boshiga har qanday ish tushsa, tili tufayli sodir boʻladi, baʼzilar yaxshilik koʻradi, baʼzilar afsus chekadi. Ahmoq odamning tili — dushmani, koʻp kishilarning tili tufayli qoni toʻkildi. Adib Ahmad behudagoʻylik va yolgʻon soʻzlashni qattiq qoralaydi. Soʻzning toʻgʻrisi va qisqasi yaxshi deb hisoblaydi. Bob davomida sir saqlashning muhimligi taʼkidlanadi, “Hatto yaqin doʻstingdan ham ehtiyot boʻl” deya ogohlantiradi shoir. Bunday ogohlantirishlar zamonaning qaltisligini eslatib turardi. Uchinchi bob ham shunga muvofiq “Dunyo holatlarining oʻzgarib turishi va dunyo ahlida vafo kamligi haqida”. Adib Ahmad oʻz asarini keksalik chogʻida yozganligi ushbu bob mazmunidan seziladi. Adib dunyoning oʻtkinchiligi, kishi umrining yeldek oʻtishi, obod oʻlkalar xarob boʻlib, donolarning koʻpi dunyoni tark etganini afsus bilan qayd etadi. Dunyo bir qoʻli bilan kishiga asal tutsa, ikkinchi qoʻIi bilan ogʻu tutadi. Shu sababli “Yeguliging va kiyguliging bor boʻlsa, koʻp ham mol-dunyo yigʻishga ruju qoʻyma”, deydi adib. “Hibat ul-haqoyiq” asari asosiy qismining keyingi 4–7-boblari ham insonlarning yuksak fazilatlarini taʼriflash, nuqsonlarini qoralashga bagʻishlangan. Ularda saxovat, qoʻli ochiqlik, tavozeʼ, insonlarga mehrli boʻlish, vafoli, shavkatli, halim tabiatli, kechiruvchan, kamtar boʻlish targʻib qilinadi, baxil va ochkoʻzlik, molparastlik, gʻazabnok va takabburlik, riyokorlik, besabrlik, zulm va zoʻravonlik, safsatabozlik qattiq qoralanadi.


Asar boshdan oyoq tavhid eʼtiqodiga tayanadi, muallif fikrlari Alloh taoloning muborak oyatlari, Rasululloh (sav)ning hikmatli hadislari bilan dalillanadi. Turkiy tilda bitilgan sheʼriy matn orasida qator oyatlar, 20 dan ortiq hadislarning asl arabiy matni keltirilgan, ular turkiyda sheʼr vositasida sharh etilgan. Umuman olganda, “Hibat ul-haqoyiq” til jihatidan juda qadimiy, ammo asrlar davomida koʻp koʻchirilib, kotiblar tomonidan tushunish qiyin jumlalar soddalashtirilgan, keyingi davrlar til unsurlari asarga ancha taʼsir koʻrsatgan. Dostonning ilmiy-tanqidiy matnlari 1951-yilda turkiyalik olim Rashid Rahmat Arat, 1972-yilda oʻzbek olimi Qozoqboy Mahmudov, keyinchalik Qozogʻiston olimlari tomonidan turli qoʻlyozmalarni chogʻishtirib tayyorlandi va chop etildi. Bu nashrlar barchasi XV–XVI asrlar matniga tayanadi, chunki bu davrlardan avval yozilgan qoʻlyozmalar saqlanib qolmagan. Dostonning barcha mavjud qoʻlyozmalarida asl muallif matni oxirida bir nomaʼlum kotib (yoki shoir) va Amir Sayfiddin (shoir Sayfiy)ning alohida toʻrtliklari hamda Arslonxoʻja Tarxonning 10 baytli masnaviysi ilova qilingan. Bu sheʼriy ilovalar keyingi asrlarda qoʻshilgan boʻlib, til xususiyatlariga koʻra ham Adib Ahmad asaridan farq qiladi. Ularning mazmuni, asosan, doston muallifini taʼrif etish, uning hayoti va ijodi haqida qoʻshimcha maʼlumotlar berishga qaratilgan.


Arslonxoʻja Tarxon adib Ahmad asarini “qashqariy til bila” yozilgan deydi, ammo muallifning oʻzi “Anin ush chiqardim bu turkiy kitabi deb” yozgan edi. Demak, VI–VII asrlarda shakllanib boʻlgan umummintaqa turkiy tilini adib Ahmad davrida “turkiy” atashgan boʻlsa, keyinchalik madaniy-adabiy markaz Qoraxoniylar poytaxtiga koʻchgach, uni qoshgʻariy tili deb atash rasm boʻlgan va Ulugʻbekning amiri ushbu keyingi atamadan foydalangan. Umuman adib Ahmad dostoni til xususiyatlarini Kultegin, Tunyuquq, Bilga xoqon bitiklari bilan qiyoslab oʻrganish turkiy madaniyat takomilini toʻgʻri anglab yetishda katta ahamiyat kasb etgan boʻlar edi. Ilk mutafakkirlardan boʻlmish adib Ahmad Movarounnahr va Xurosonda turkiy elatlar madaniyatini yuksaltirishda katta xizmat qildi. XI–XII asrlarda ijod etgan Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy kabi nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun turk olami, hatto islom mintaqasining buyuk allomalari ichida adib Ahmad muhim oʻrin egalaydi. Alisher Navoiy u haqda shunday yozadi: “Xeyli elning muqtadosi ermish. Balki aksar turk ulusinda hikmat va nuqtalari shoedur (Koʻpgina el unga iqtido qiladilar, yaʼni ergashadilar. Uning hikmatli satrlari va nozik ishoralari aksariyat turkiy xalqlar orasida tarqalgandir).
Asosan masnaviy shaklida yozilgan “Qutadgʻu bilik” asarida yuzlab turkiy toʻrtliklar uchraydiki, vazn va qofiyalanishi, baʼzan mazmuniy yoʻnalishi ayni adib Ahmad dostonidagi toʻrtliklar kabidir. Ahmad Yassaviy hikmatlarida ham muvofiq joylar yoʻq emas. “Hibat ul-haqoyiq” asari Oʻzbekistonda keng oʻrganilib, oʻzbek adabiyoti tarixi darsliklariga kiritilgan.