Abu Bakr al-Xorazmiy 323-hijriy (935-milodiy) yili Xorazmda tugʻilib, ilk taʼlimni shu yerda oladi. Umrining gullagan davrida (20–25 yoshlarida) vatandan chiqib, Iraq va Shomga boradi, yetuk olim va shoirlar bilan tanishib, ulardan taʼlim oladi. Keyin Halabga borib, mashhur Hamdoniylar amiri, shoir va olimlar homiysi Abulhasan Sayfuddavla (944-967) bilan tanishib, uning saroyida xizmat qilib, soʻng Buxoroga keladi, Somoniylar saroyida yashab, vazir Abu Ali al-Balʼamiy (960-974 va 992-996) bilan doʻstlashadi, lekin u bilan munosabati yomonlashib, Nishopurga yoʻl oladi. Bu yerdagi taniqli shoirlar Abulhasan al-Qazviniy, Abu Mansur al-Bagʻaviy va Abulhasan al-Hakamiylar bilan doʻstlashib, ularning shoirlik mahoratidan bahramand boʻladi. Umuman Xorazmiyning umri fojialar va rohatbaxsh onlarga toʻla. U turli shaharlarda boʻlib, amirlarning eʼtiboriga tushib boylik ham orttiradi, amaldorlarning gʻazabiga uchrab, qamoqda ham yotib chiqadi va h.k. Abu Bakr al-Xorazmiy Nishopurga kelib, bu yerda muqim yashay boshlaydi. Talabalarga saboq beradi, sheʼr yozishni oʻrgatadi, nishopurlik mashhur adib, shoir va olimlar, shular qatori as-Saolibiy bilan doʻstlashib, ularning majlislarida ishtirok etadi. Yana Somoniylar vaziri al-Utbiy siquvidan qutulish uchun qochishga majbur boʻladi. Shoir bir necha vaqtdan soʻng yana Nishopurga qaytadi, umrining oxirida yakkalanib qoladi va hayotining keyingi davri ogʻir musibatlar bilan oʻtadi. U hijriy 383 (milodiy 993)-yili Nishopurda vafot etadi.
Abu Bakr al-Xorazmiyning adabiy merosidan arab tilidagi katta devoni va “Majmua ar-rasoil” ( Maktublar toʻplami ) asari bizgacha yetib kelgan. Abu Bakr al-Xorazmiyning ushbu asari X asr nasriy adabiyotining mashhur yodgorligi hisoblanadi. Til va uslub jihatdan nihoyatda puxta ishlangan bu asar sajʼ (qofiyali nasr) bilan yozilgan boʻlib, shoir zamonasidagi mashhur kishilar: amir, vazir, lashkarboshi, qozi, amaldor, faqihlarga, adib va tilshunos olimlarga, yaʼni al-Xorazmiyning doʻstlari va homiylariga yozilgan xatlardir. Risolalar mazmuni turli bayramlar, yuqori martabaga koʻtarilish va biror muvaffaqiyatni qoʻlga kiritish, oʻlim, mansabdan chetlatilish, kasallik yoki urush xavfi kabi munosabatlar bilan tabrik yoki qaygʻu izhor etib, tasalli berish, tuhfalar uchun tashakkur aytish kabilardir. Risolalar orasida al-Xorazmiyning oʻz shogirdlariga yozgan maktublari ham koʻplab uchraydi.
Al-Xorazmiy risolalarining aksariyati ilm-fan, aql-odob, adolat, himmat, doʻstlik kabi muhim ijtimoiy masalalarga bagʻishlangan boʻlib, ularda qoʻllangan iboralar xalq hikmatli soʻzlariga aylanib ketgan. Shoir risolalaridan manbalarda keltirilgan baʼzi bir parchalar tarjimasini beramiz: “Hurmat ehson bilan barobardir… Doʻstlashish murojaat emas, xushmuomalalik, xushmuomalalik esa chuqur tekshirish va oʻrganishni uzoqqa choʻzmaydi ham, hisob va sarfni koʻtarmaydi ham. Karamli kishi tahqirlansa ham azizdir… Sababsiz uzr gunohdir, ishonch yoʻqolishi bilan qilingan takalluf haqoratdir. Ehtiyotsiz (qilingan) dori-darmon kasallikdir, unga hojat tushgandagina, u shifo boʻladi. Oliyjanob kishi agar (birov) jarohatlansa, (uni) bogʻlab qoʻyadi, yirtsa — yamaydi, agar bir tomondan zarar keltirsa, har tomondan foyda keltiradi… Oliyhimmat zafarining karomati (shundaki), agar qoʻlga kiritsa, (boshqalarga) beradi, pastkash zafarining qabihligi shundaki, agar qoʻlga kiritsa, koʻproq qoʻlga kiritishni istaydi… Otalar ikki xil: tugʻilish otasi va taʼlim berish otasi, birinchisi jismoniy hayot sababi, ikkinchisi ruhiy hayot sababidir… Karamli kishi goʻzallik bilan savdo qiladi, mol bilan savdo qilmaydi… Gʻazabli hurmatni unutadi, yaxshiliklarni koʻmib yuboradi va gunohsizlar uchun jinoyatlar vujudga keltiradi. Yolgʻon maqtov haqoratdir. Poydevorsiz qurilgan bino qulaydi… Muhabbat har qanday qimmat narsaning bahosidir va har qanday yuqori narsaning shotisidir… Agar hokimiyat atrofida adolat hukm surmasa, u inqirozga yuz tutadi… Rostgoʻy til yolgʻon soʻzlasa, tutilib qoladi”.
Yana bir boshqa risolasida shunday yozadi: “Odamlardan shundaylari borki, (hokimiyatni) boshqarganda, nafsi uni amaldan tushiradi, odamlardan shundayi borki, lavozimdan boʻshaganda, fazilati uni yana oʻrniga oʻtkazadi”, “Kimki odamlar qalblarini ovlayman desa, ularga ehson va muruvvat donlarini sepishi, fazl va oliyjanoblik tuzoqlarini qoʻyishi kerak”. Al-Xorazmiy sheʼrlari, asosan, qasida, gʻazal, vasf va hajviyotdan iborat. Agar uning qasidalari amir va vazirlarga bagʻishlangan boʻlsa, hajviy sheʼrlari esa, asosan, amaldorlarga hamda oʻz raqibi shoir va adib, maqoma janrining asoschisi Abulfazl al-Hamadoniyga (vafoti 1007-y.) qarshi qaratilgan. Ishqiy misralar, mahbubni tarannum etish ham al-Xorazmiy ijodida asosiy oʻrinni egallaydi. Uning sheʼrlariga xos narsa shuki, shoir tazminni (oʻz sheʼriga boshqa sheʼrni kiritib ketish) juda koʻp qoʻllagan. Oʻsha vaqt shoirlarida keksalikdan shikoyat qilish juda keng tarqalgan edi. Al-Xorazmiyning ham qarilikdan nolib yozgan sheʼrlari ancha uchraydi. Masalan: “Soch oqidan shikoyat qilib, unga zulm qilayotganingni koʻrib turibman, soch oqi bir ekin (boʻlsa), uning urugʻi umrdir. U goʻyo sharob, xumor uni oʻziga jalb qiladi, axir xumori hajv qilinib, sharob maqtalardiku”.
Al-Xorazmiy ijodida sharobni maqtab yozilgan sheʼrlar ham uchraydi, lekin shoir mayning kishi hayoti uchun zararli ekanini ham unutmagan: “Kosa va choʻntakning ikkalasini (barobar) toʻldirishga hukm qilmagan, kosani toʻldirish uchun choʻntak boʻshatish kerak”, deydi shoir. Jamiyat uchun illat boʻlgan ishyoqmas, dangasa kishilar haqida yozar ekan, ulardan hazar qilishga daʼvat etadi: “Dangasaning hojatida unga hamroh boʻlma, qancha solih kishilar boshqaning fasodi bilan buzilib ketmadilar”. Boshqa bir sheʼrida yozadi: “Ulugʻ odam kichik odamning suhbati bilan kichik boʻlmaydi, balki kichik odam ulugʻ odam xizmatida ulugʻ boʻladi”. Yana bir sheʼrida: “Ikki narsa kishida birlasha olmadi: dinorlarga muhabbat va doʻstga muhabbat”. Boshqasida: “Qachon zamonani koyisang, sabr qiluvchini koyigan boʻlasan, sen yigʻlaysan, koyilayotgan (zamona) esa kuladi” va b. Abu Bakr Muhammad ibn al-Abbos al-Xorazmiyning boy ijodiy merosi barcha Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan qizgʻin oʻrganilgan va oʻrganilmoqda. As-Saolibiy “Yatimat ad-Dahr” asarida al-Xorazmiy haqida maxsus toʻxlab, uni “Zamonasining eng donosi, odob dengizi, nasr va nazmning tugʻi, fazl va idrok olamidir. Ajoyib va ibratli balogʻatni (oʻzida) mujassamlashtirgandi”, deb taʼriflaydi. As-Saolibiy al-Xorazmiyning oʻz mulohazasining oʻtkir, goʻzal va ishonarli boʻlishi bilan har qanday yigʻilishda gʻolib chiqishi, uning risolalar devoni jildlarga ajratilib keng tarqalgani, sheʼrlar devoni ham xuddi shundayligini alohida taʼkidlab oʻtadi. Oʻrta asr mualliflari Utbiyning “Tarixi al-Yamini”, Ibn al-Asirning “Komil fi-tarix”, Ibn Xallikonning “Vafayat al-aʼyan” va Qahholning “Muʼjam al-muʼallifin” kabi asarlarida Abu Bakr al-Xorazmiy asarlariga yuqori baho berilib, u haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgandir.
Shuningdek, al-Xorazmiyning hayoti va ijodi haqida Ovroʻpa olimlari V. Alvardt, K. Brokelman, X. Gibb va boshqalar oʻz ishlarida eslab oʻtishgan.
Abu Rayhon Beruniy oʻz ijodida al-Xorazmiyning boy ijodiy merosidan keng foydalangan. Al-Xorazmiy Markaziy Osiyoda X asr adabiy hayotidagi arab tilida ijod etgan mashhur adib hamda soʻnggi badiiy jarayonga katta taʼsir koʻrsatgan ijodkor sifatida tilga olinadi.