Monopolistik kapitalizm
XIX asr oxiri — XX asr boshlarida kapitalizm taraqqiyotida yangi bosqich — monopolistik kapitalizm deb ataluvchi bosqich qaror topdi. Monopolistik kapitalizm bu — kapitalizmning iqtisodiy hayotida monopoliyalar vujudga kelgan, moliya oligarxiyasi shakllangan, siyosiy hayotda esa ularning jamiyat hayoti ustidan hukmronligi o‘rnatilgan bosqichi.
1. Kapitalizmning bu bosqichi erkin kapitalizm bosqichidan quyidagi asosiy belgilari bilan ajralib turadi:
Ishlab chiqarish sohasida monopoliyalarning vujudga kelgani.
Monopoliya — ishlab chiqarish yoki savdoning bir sohasida yakka hukmronlikni egallab olgan ulkan korxona yoki shunday korxonalar birlashmasi. Monopoliyalar industrial davlatlarning barchasida vujudga kelgandi. Ular kartel, sindikat, trest va konsern shaklida mamlakat xo‘jaligining u yoki bu sohasida hukmron edi. Masalan, 1893-yilda Germaniyada tashkil topgan Reyn-Vestfaliya ko‘mir sindikati mamlakatda qazib olinadigan va sotiladigan ko‘mirning asosiy qismini o‘z qo‘lida to‘plagan. XIX asr oxirida Germaniyada monopoliyalar soni 250 tadan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, AQSHda esa 185 ta monopoliya faoliyat ko‘rsatgan.
2. Moliya oligarxiyasining vujudga kelgani.
Bu hodisa sanoat va bank kapitalining qo‘shilishi natijasida sodir bo‘lgan.
Ishlab chiqarishning markazlashuvi va sanoatning monopoliyalashuvi jarayoni bank faoliyatida kapitalning markazlashuviga olib keldi. Kuchli raqobat tufayli kichik banklar xonavayron bo‘lib, yirik banklar tarkibiga qo‘shilib ketdi. Natijada, juda katta moliyaviy qudratga va o‘z mamlakatida ulkan siyosiy ta’sirga ham ega bo‘lgan moliyaviy markazlar — bank-gigantlar (yirik banklar) vujudga keldi. XX asr boshlarida shunday banklar Fransiyada uchta, AQSHda esa ikkita edi. Bank kapitali bilan sanoat kapitalining birlashib ketishi kapitalning yangi shaklini — moliya kapitalini vujudga keltirdi. Po‘lat, neft, gazeta va boshqa soha ʻʻqirollariningʼʼ juda katta bank-sanoat imperiyalari paydo bo‘ldi.
AQSHda mamlakatning iqtisodiy hayotini nazorat qilib turgan 60 ta oilaning shunday imperiyalari mavjud edi. XIX asrning oxirida bu oilalardan ʻʻkatta uchlikʼʼ — Rokfeller (neft), Morgan (moliya), Karnegi (po‘lat) ajralib turardi.
XX asr boshlarida Karnegi o‘zining ko‘p millionli mulkini sotganidan so‘ng amerikaliklar nigohida tadbirkorlikdagi omad va boylikning qudrati ikki kishida — Morgan va Rokfellerda mujassamlashdi. Chunonchi, Rokfellerning neft tresti mamlakatdagi neft mahsulotlarining deyarli barchasini ishlab chiqarardi, Morganning po‘lat tresti esa po‘latning 66 foizini berardi.
Fransiyada esa moliyaviy qudratning timsoli fransuz bankining yirik omonatchilari bo‘lgan ʻʻ200 oilaʼʼ edi.
3. Chetga kapital chiqarish muhim ahamiyat kasb etdi.
Monopoliyalar, moliya oligarxiyasi foydani ko‘paytirishga harakat qilib, chetga endi tovarlarni emas, balki kapital chiqarishga alohida ahamiyat bera boshladi. Chunki endilikda tovar chiqarishdan ko‘ra chet mamlakatlarga kapital chiqarish, ya’ni ularga foiz evaziga kreditlar berish; tabiiy boyliklarni arzonga sotib olish, u yerlarda eng arzon ishchi kuchi hisobiga boylik orttirish imkonini beruvchi korxonalar qurish foydali bo‘lib qoldi.
Chetga kapital chiqarishning o‘sishi (milliard rubl hisobida)
Shu tufayli 1900-1913-yillarda industrial davlatlar chetga chiqargan kapitalning hajmi ikki barobar oshgani bejiz bo‘lmagandi. Chunonchi, 1875-1900-yillarda Buyuk Britaniyaning chet ellarda joylashtirgan kapitali 2, Fransiyaniki 2,25, Germaniyaniki esa 7,5 barobar oshgan.
4. Xalqaro monopoliyalarning dunyoni iqtisodiy jihatdan bo‘lib olishi.
Eng yirik monopoliyalar, moliya oligarxiyasining turli guruhlari bozorlar, xomashyo manbalari ustidan nazorat o‘rnatishga intilgan. Shu tariqa xalqaro monopoliyalar vujudga kelgan. 1910-yilda ularning soni 100 taga yetgan. Natijada, endi yangi bir hodisa — xalqaro monopoliyalar o‘rtasida jahon xo‘jaligi va boyligini nazorat qilish uchun kurash boshlangan. Chunonchi, ikki moliya guruhi — Rokfeller (AQSH) va Rotshildlar (Buyuk Britaniya, Fransiya) guruhi jahonning kerosin bozorini bo‘lib olgan. 1907-yilda esa g‘oyat ulkan monopoliyalar — ʻʻUmumiy elektr kompaniyasiʼʼ (AQSH) bilan ʻʻUmumiy elektr jamiyatiʼʼ (Germaniya) o‘rtasida ham jahon elektr bozorini bo‘lib olish va o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Shu tariqa deyarli barcha boshqa kuchsiz, qoloq davlatlar eng yirik industrial davlatlarning moliya oligarxiyasiga tobora ko‘proq qaram bo‘lib qolgan.
5. Dunyoni industrial davlatlar tomonidan hududiy jihatdan taqsimlab olish uchun kurash kuchaydi.
Moliya oligarxiyasi qudratining mustahkamlanishi bilan industrial davlatlarning o‘z mustamlakalarini kengaytirishga intilishlari yanada kuchaydi. Bu hol industrial davlatlar o‘rtasida dunyoni hududiy jihatdan bo‘lib olishni tezlashtirdi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarigacha ular o‘rtasida butun yer yuzining yarmidan ko‘pi bo‘lib olingandi. Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya juda katta mustamlakalarga ega bo‘lib oldi. Germaniya, Italiya va Yaponiya esa uncha katta bo‘lmagan hududlar bilan ifoyalanishga majbur bo‘ldi. Iqtisodiy taraqqiyotda dunyoda 2-o‘ringa, Yevropada esa 1- o‘ringa chiqib olgan Germaniyani dunyoning bunday taqsimlanish holati aslo qoniqtirmagan.
AQSH juda katta hudud, boy xomashyo zaxiralari, keng ichki bozorga ega bo‘lgani uchun mustamlakalar zabt etishga ishtiyoq bildirmadi. Buning ustiga iqtisodiy jihatdan dunyoning yetakchi davlatiga aylanib olgan AQSH ochiq qurolli hujum qilishdan ko‘ra boshqa davlatlarga, birinchi navbatda Lotin Amerikasi mamlakatlari iqtisodiga kirib borishni afzal ko‘rdi. Iqtisodiy jihatdan qudratli AQSH raqiblarini harbiy kuch ishlatmasdan ham siqib chiqarishi mumkin edi. Biroq bu AQSHning yangi hududlarni bosib olishdan butunlay voz kechganini anglatmasdi. XIX asrning oxiriga kelib, AQSH Gavayi orollarini anneksiya qildi. Filippinni bosib oldi, Puerto Riko va Guam orollarini o‘zining yarimmustamlakasiga aylantirdi.
XIX asr oxirida yirik davlatlar tomonidan bosib olingan mustamlakalar
Mustamlakachilik siyosati natijasida XIX asrning oxiriga kelib ʻʻegallanmagan yerlarʼʼ ni bosib olish yakunlandi. Iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlarning Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi kam taraqqiy etgan mamlakatlarga ta’siri tobora kuchaydi. Kun tartibida mustamlakalarni va ta’sir doiralarni qayta bo‘lish masalasi paydo bo‘ldi.
Ko‘plab davlatlar muammoni hal qilishning vositasi sifatida kuchga tayanishni lozim topdi. Oqibatda qurollanish poygasi boshlanib, hayotni harbiylashtirish borgan sari avj oldi. Qurollanish poygasiga katta ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hududiy nizolar ham edi. Yevropa davlatlari o‘rtasida munosabatlarni keskinlashtirgan yana boshqa bir sabab ularning bir-biridan iqtisodiy va harbiy-strategik ustunlikka erishish uchun kurashi bo‘ldi. Ayni paytda XIX asrning oxiriga kelib, iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yevropada birinchi, dunyoda AQSHdan keyingi ikkinchi o‘rinni muqim egallab olgan Germaniya Buyuk Britaniya va Fransiyaning g‘azabini keltirardi. Rossiya esa o‘z navbatida Germaniyaning xotirjamligiga putur yetkazayotgandi. Shu tariqa dunyoning rivojlangan buyuk davlatlar o‘rtasida bo‘lib olinishi, iqtisodiy va siyosiy raqobat, harbiy-strategik ziddiyat va qurollanish poygasi boshlanib ketdi.
Monopolistik kapitalizmning o‘rni
Monopoliyalarning vujudga kelishi, birinchidan, ishlab chiqarishga yangi texnika va texnologiyalarni yanada kengroq joriy etishga imkoniyat yaratdi.
Bu esa mehnat unumdorligining keskin oshishini ta’minladi. Ikkinchidan esa, jamiyatning juda ozchilik guruhi qo‘lida ulkan hokimiyat to‘planishiga olib keldi. Shuning uchun ham AQSH monopoliyachilarini bekorga ʻʻAmerikaning tojsiz qirollariʼʼ deb atashmagandi. Ular AQSH hukumatining ichki va tashqi siyosatiga katta ta’sir ko‘rsatolgan. Yoki Germaniyada ʻʻKruppga nima yaxshi bo‘lsa, u Germaniya uchun ham yaxshiʼʼ, deyishardi. Chunki ular ulkan miqdordagi boylikka egalik qilardi. Uchinchidan, monopolistik kapitalizm qirg‘inbarot mustamlakachilik urushlarini kuchaytirganligi bilan ham ajralib turadi.
Bunday urushlarning, ayniqsa, XIX asr oxirida kuchayishi ʻʻimperializmʼʼ atamasining keng ishlatilishiga olib keldi. Bu atama dastlab industrial davlatlarning mustamlakachilikdan iborat tashqi siyosatlariga nisbatan ishlatildi. Keyinchalik ʻʻimperializmʼʼ atamasi ʻʻmonopolistik kapitalizmʼʼ atamasining sinonimi o‘rnida qo‘llaniladigan bo‘ldi. Shu tariqa, bu ikki atama ayni bir xil ma’noni anglata boshladi.
Monopoliya (yunoncha, mono—tanho, poleo—sotaman)—iqtisodiyotning bir sohasidagi tanho hukmronlik.
Moliya—maqsadli pul jamg‘armalarini vujudga keltiruvchi, jamlash, taqsimlash va ishlatish bilan bog‘liq munosabatlar.
Oligarxiya (yunoncha — ozchilik hokimiyati) — iqtisodiy va siyosiy hukmronlikning bir hovuch ulkan sarmoya egalari qo‘lida to‘planishi.
Kartel (italyancha — qog‘oz, hujjat) — bir tarmoqdagi mustaqil kompaniyalar, firmalarning ishlab chiqarish va sotishning umumiy hajmlari, narxlari, sotish bozorlari, har bir ishtirokchining ulushi va boshqalar to‘g‘risidagi bitim asosida tashkil etilgan tuzilma.
Konsern (ishtirok, manfaat) — manfaatlar umumiyligi asosida uyushgan korxonalarning yirik birlashmasi.
Sindikat (yunoncha — birgalikda ishlash) — bir turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar birlashmasi.
Trest — ishlab chiqarish va savdoni o‘zlaricha emas, markaziy boshqaruv qarori asosida olib boradigan korxonalar birlashmasi.