Umumiy tavsif
Amerika qit’asi shartli ravishda Shimoliy va Janubiy Amerikaga bo‘linadi. Ba’zan Lotin Amerikasi iborasi ham ishlatiladi. Ma’lumki, Janubiy Amerikani ispanlar va portugallar istilo qilgandi. Ularning tili lotin tilidan kelib chiqqaniga nisbat berilib, bu materik Lotin Amerikasi deb atalgan. Lekin Lotin Amerikasi Janubiy Amerikaga nisbatan keng tushuncha. Unga Janubiy Amerikadan tashqari Meksika (Shimoliy Amerikaning bir qismi) va Vest Indiya ham kiradi (ilovaga qarang).
Shimoliy va Lotin Amerikasining taraqqiyoti bir xil darajada kechgani yo‘q. Shimoliy Amerikada joylashgan AQSH dunyoning birinchi davlatiga aylangan bo‘lsa, Lotin Amerikasi taraqqiyotda orqada qolib ketdi. Buning asosiy sababi Lotin Amerikasi davlatlarini tashkil etgan hukmron doiralar va ularning vakili bo‘lgan siyosiy arboblar kelib chiqishiga ko‘ra ispaniyalik va portugaliyaliklar bo‘lgani bilan izohlanadi.
Ispaniya va Portugaliya bu davrda G‘arbiy Yevropaning iqtisodiy jihatdan taraqqiyotda orqada qolgan davlatlari edi. Bu ikki davlat jamiyati hayotida o‘rta asr feodal tartiblarining hamon saqlanib kelinayotgani buning asosiy sababi edi.
Lotin Amerikasi davlatlari hukmron doiralari aynan shu ikki davlatda hukm surayotgan o‘rta asr feodal munosabatlariga asoslangan andozadagi tartiblarni o‘zlarida ham saqlab turishgan. Chunki xuddi shu tartiblar ularga hokimiyatni o‘z qo‘llarida mustahkam saqlab turishning kafolati bo‘lgan o‘rta asr feodal tartiblarining saqlanib qolgani Lotin Amerikasida ham jamiyat taraqqiyotining orqada qolishiga sabab bo‘lgan. Lotin Amerikasida siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lgan davlatlarning tashkil topish jarayoni 1870-yilga kelib, deyarli tugallandi.
Argentina, Meksika, Chili, Urugvay, Venesuela va Kolumbiya mamlakatlari Ispaniya zulmiga qarshi uzoq vaqt o‘z mustaqilliklarini saqlash va feodal monarxiyani ag‘darib tashlash uchun kurashdi.
Lotin Amerikasi mamlakatlarining ko‘pchiligida XIX asrning oxirgi choragida sanoat taraqqiyoti endigina boshlangandi. Ularning iqtisodiyotida kapitalistik munosabatlar bilan bir qatorda feodal munosabatlar, qulchilik qoldiqlari va hindularning sodda urug‘-qabilachilik jamoalari ham mavjud edi. Bu mamlakatlarning asriy qoloqligidan Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH va Germaniya kabi buyuk davlatlarning monopolistlari foydalanib qoldi. XIX asrning oxirlariga kelib, Lotin Amerikasi mamlakatlari amalda Buyuk Britaniya va AQSHning yarimmustamlakalariga aylanib qolishdi. Lotin Amerikasi davlatlarida kapitalizmning qaror topishi uzoq va o‘ta mashaqqatli yo‘ldan bordi. Bu mintaqaga eng ko‘p kapital kiritgan davlat Buyuk Britaniya edi. Asosiy mablag‘lar bandargohlarga, temiryo‘llar qurilishiga, banklarga hamda tropik o‘simliklarni o‘stirishga va go‘sht sanoatiga sarflanardi. XIX asr oxirida Lotin Amerikasiga AQSH kapitali ham kirib kela boshladi.
Kubaning mustaqillik uchun kurashi
1868-1878-yillarda Kuba xalqi ispan mustamlakachilariga qarshi ozodlik kurashi olib bordi (Ispaniya Kubani 1510-yilda bosib olgandi). Biroq Ispaniya qaramligidan ozod bo‘lishga erishilmadi. Shunday bo‘lsa-da, 1880-yilda qulchilikning bekor qilinishiga erishdi. Tez orada Kubaga AQSH da’vo qila boshladi. U Kubani sotib olish niyatida Ispaniyaga murojaat qildi. Biroq Ispaniya rozi bo‘lmadi. 1895-yilda Kuba xalqi o‘z milliy qahramoni Xose Marti hamda Maksimo Gomezlar boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tardi. 1898-yil Parijda imzolangan Ispaniya-AQSH sulh shartnomasiga ko‘ra, Kuba mustaqil deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda AQSHga qaram bo‘lib qoldi.
Meksikada Dias diktaturasi
XIX asrning 70-yillarida AQSH-Meksika (Meksika 1821-yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgandi) munosabatlari keskinlasha bordi. Bunga AQSHning Meksikani o‘ziga siyosiy va iqtisodiy qaram qilishga intilishi sabab bo‘ldi. Chunonchi, 1876-yilda AQSH o‘ziga chegaradosh Meksikaning shimoliy tumanlarida Amerika korxonalari va temiryo‘ llar qurish uchun Meksika hukumatidan ruxsat so‘radi. Biroq hukumat bu murojaatni rad etdi. Natijada davlat to‘ntarishi uyushtirildi. AQSH va mahalliy pomeshiklar reaksiyasiga tayangan Porfirio Dias 1876-yilda prezident deb e’lon qilindi va bu lavozimda ozgina tanaffus bilan 1911- yilgacha turdi. Dias diktaturasi davri Meksikani chet el monopoliyalarining yarimmustamlakasiga aylantirish davri bo‘ldi.
Dias idora qilgan davrning oxiriga borib, AQSHning Meksikaga qo‘ygan kapitali 1 mlrd. dollardan oshdi. AQSH Meksikaning neft konlarini o‘z qo‘liga oldi. Tashqi savdoning 90 foizini o‘z nazoratiga bo‘ysundirdi. 1909-yilda esa Meksikada hosil bo‘lmadi. Oqibatda, dehqonlar g‘alayoni boshlandi. Dehqonlar harakatiga Emiliano Sapata rahbarlik qildi. Sapata ʻʻDehqonlarni himoya qilish xuntasiʼʼni tuzdi. Uning shiori ʻʻYer va ozodlik“ degan chaqiriqdan iborat edi.
1910-yilgi prezidentlik saylovi
1910-yil iyulda Meksikada prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Diktator Diasni prezidentlikka qayta saylashga qarshi turgan ko‘pchilik muxolifat yetakchisi Madero atrofida birlashdi. Prezidentlikka saylovda Madero o‘z nomzodini qo‘ydi. Saylov oqibatlaridan qo‘rqqan Dias Maderoni turmaga tashlatdi. Saylovlar tinch o‘tib, odatdagidek, Dias yana g‘alaba qozondi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, turmadan bo‘shatilgan Madero saylovlarning soxtaligini oshkor qilib, o‘zini esa qonuniy prezident deb atadi. Diktatura davrida hindulardan g‘ayriqonuniy tortib olingan yerlarini qaytarib berishga, pomeshiklarga qarashli yerlarning bir qismini haq to‘lash evaziga dehqonlarga berishga va’da berdi. Xalqni qo‘zg‘olonga chaqirdi.
1911-yilda ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonidan qo‘rqib ketgan Dias Meksikadan qochishga majbur bo‘ldi.
Madero esa poytaxtga kirib keldi va prezidentlik lavozimini egalladi. Biroq Meksikadagi og‘ir ichki siyosiy vaziyat tufayli u biror jiddiy o‘zgarishlar qilolmadi.
Shunday bo‘lsa-da, ish kunini 10 soatgacha cheklab qo‘ydi va ishlab chiqarishda jarima tizimini bekor qildi. Chet el kapitalini cheklashga va milliy iqtisodini himoya qilishga intildi.
Uerta diktaturasi
AQSH Maderoning siyosatiga dushmanlik ko‘zi bilan qaradi va diktator Diasning maslakdoshi, general Uertani Maderoga qarshi gijgijlay boshladi. AQSHning qo‘llashidan ruhlangan Uerta 1913-yilda davlat to‘ntarishi o‘tkazdi. Madero otib tashlandi. Uerta diktaturasi Meksikadagi ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Faqat oddiy xalq emas, balki milliy burjuaziya va burjualashgan pomeshiklarning bir qismi ham Uertaga qarshi chiqishdi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlandi. Milliy vatanparvar kuchlar general Uerta diktaturasini ag‘darib tashlashdi.
Meksika inqilobi
XX asr boshlarida Meksikada qudratli dehqonlar harakati boshlandi. Buning sababi dehqonlarning yersizligi edi. Dehqonlar harakati inqilobga aylandi. Bu inqilob (1910–1917) Meksika tarixiga ʻʻburjua inqilobiʼʼ nomi bilan kirgan. Mamlakat janubidagi dehqonlar harakatining rahbari Emiliano Sapata 1911-yilda o‘z agrar dasturini e’lon qildi. Bu dastur hindulardan tortib olingan yerlarni ularga qaytarib berish, qolgan barcha yerlarni musodara qilish va ularni yersiz dehqonlarga bo‘lib berish kabi talablardan iborat edi.
Mamlakat shimolidagi dehqonlar harakati rahbari Fransisko Vilya bayrog‘iga ʻʻYer va ozodlikʼʼ shiori yozilgandi. E. Sapata va F. Vilya qurolli kuchlari 1914-yilda mamlakat poytaxti Mexiko shahrini egalladi. Lekin ko‘p o‘tmay, hukumat qo‘shini ularni chekinishga majbur etdi. 1917-yilga kelibgina dehqonlar qo‘zg‘oloni bostirildi.
E. Sapata va P. Vilyalar turli yillarda yollangan qotillar tomonidan o‘ldirildi. Dehqonlar qo‘zg‘oloni yengilgan bo‘lsa-da, izsiz ketmadi. Hukumat agrar masalani qisman bo‘lsa-da, hal etdi. Chunonchi, latifundistlar tomonidan noqonuniy bosib olingan yerlar dehqonlarga qaytarildi. Bundan tashqari, 1917-yilda demokratik ruhdagi konstitutsiya qabul qilindi.
Diktatura (lotincha—cheklanmagan hokimiyat)— hech qanday qonun bilan cheklanmagan, zo‘rlikka tayanuvchi hokimiyat.
Muxolifat—amaldagi hukumat siyosatiga qarshi kuchlar.