Xalq ta’limi
texnika taraqqiyoti yuqori saviyali mutaxassis va ishchilarga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirib yubordi. Rivojlangan mamlakatlarda 12–13 yoshgacha bo‘lgan bolalarni umumiy majburiy va bepul o‘qitish joriy qilindi. Bu omil aholi savodxonligining oshishiga olib keldi. Imtiyozli o‘quv yurtlari tarmog‘i kengaydi. Biroq xalqning asosiy qismi qashshoq yashaganligi, yomon uy-joy sharoitlari, bolaligidan tirikchilik uchun pul topish zarurligi bir qator mamlakatlarda ko‘plab bolalarni o‘qishni oxiriga yetkazmasdan maktabni tashlab ketishga majbur qilardi. Ayni paytda ta’lim sohasidagi salbiy jihatlarni ham ko‘rmaslik mumkin emasdi. Chunonchi, ba’zi mamlakatlarda yoshlarni millatchilik, irqchilik ruhida tarbiyalashga e’tibor berilgandi. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida xalq maorifi tizimi irqchilik ruhida edi.
Qora tanlilarning bolalari uchun alohida maktablar ochilgan bo‘lib, bu maktablarda oq tanlilarning bolalari uchun tashkil etilgan maktablardagiga qaraganda kam hajmda bilim berilardi. Mamlakatda hukm surayotgan irqchilikka qarshi kurash masalasi Garriet Bicher Stouning ʻʻTom tog‘aning kulbasiʼʼ asarida o‘z ifodasini yaqqol topdi. Bu davrda Sharqda xalq ta’limi sohasida G‘arbning yutuqlari tashviq qilina boshlandi. Yevropa ta’siri kuchaydi. XX asr boshlariga kelib, jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan tabiiy fanlarning jadal rivojlanishi, texnikaning yanada ildam taraqqiyoti diniy xurofotlardan xoli bo‘lgan ilmiy dunyoqarashning mavqeyi mustahkamlanishi uchun sharoit yaratdi. Gumanitar fanlarda, birinchi navbatda, falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, adabiyot va sotsiologiyada realistik voqelikni aks ettiruvchi asarlar yuzaga keldi.
Bir qator olim va yozuvchilar insonlarning yaxshi yashashi uchun, demokratiya, tenglikni ta’minlovchi jamiyatni barpo qilish maqsadida shunga intiluvchi g‘oyalarni ifodalovchi va ulug‘lovchi asarlarni yuzaga keltirdi. Lekin qanday qilib bo‘lsa ham boylik to‘plashga harakat qilishni tasvirlovchi asarlar ham paydo bo‘ldi. Bu davrda madaniyat, adabiyot va san’atning demokratik asosda rivojlanishi uchun sharoit yaratildi. Ayniqsa, bu narsa adabiyotda yaqqol o‘z ifodasini topdi. Shu sababli tanqidiy realizm va naturalizm yuzaga keldi. Tarixchilar insoniyat taraqqiyotining turli davrlari haqida juda katta ashyoviy dalillar to‘plashdi. Bu davrda ham azaliy kurash — yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash — mafkuraviy, g‘oyaviy hayotning asosini tashkil qildi. Gumanitar soha olimlari XX asr boshida ro‘y berayotgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishni kuchaytirishdi.
Falsafa va mustamlakachilik g‘oyalari
Bu davrda falsafa fani ham rivojlanib, davrga moslashdi. Ilgari ma’rifatparvarlik kuchli bo‘lsa, endi inson huquqlariga e’tibor kuchaydi. Fanning rivojlanishi bilan uning jamiyatdagi o‘rnini belgilash, barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishda fanning ijobiy hodisa ekanini asoslash kuchaydi.
Bu davrning mashhur faylasuflaridan biri Fridrix Nitsshe inson irodasi masalasiga katta e’tibor berdi. Inson borlig‘ida maxluqlik va xoliqlik birlashib ketganini asoslashga harakat qildi. U zardushtiylik ta’siri ostida ʻʻZardusht tavallosiʼʼ asarini yozdi. Bu asarda kuchli shaxslarni tarbiyalash g‘oyasi ilgari surildi. O. Shpengler ʻʻYevropasentrizmʼʼga qarshi chiqdi. Har bir madaniyatning o‘ziga xosligi, bir-biridan mustasno holda rivojlanish g‘oyasini mutlaqlashtirdi. Bu fikrlar uning ʻʻYevropa quyoshining botishiʼʼ asarida o‘z ifodasini topdi. Z. Freyd — psixoanaliz nazariyasining asoschisi, dunyoga tanilgan olim. Uning asarlari XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Yevropada adabiyot va san’atning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Freyd qilgan buyuk inqilobning mohiyati shundaki, u Dekartning inson to‘g‘risidagi tasavvurlarini inkor etib, fenomenologik (favqulodda, nodir) yondashuv yordamida ongsizlikni tahlil qilish mumkinligini asoslab berdi. Psixoanaliz an’analariga muvofiq, ongsizlik bilib bo‘lmas jarayon deb tushuntirilardi. Freydning psixoanalitik falsafasi inson borlig‘ini vujudga keltirgan asoslarni aniqlashga, kishi xulq-atvori, xarakterining yuzaga kelish sabablari, individ turmush tarzi tamoyillarining hosil bo‘lishini tushuntirishga intiladi. Tarixiy taraqqiyotning davriy modeli, dunyo dinlari (buddaviylik, xristianlik, islom)ning barcha xalqlarni yaqinlashtiruvchi va jipslashtiruvchi bosh omil ekanligi g‘oyalari ilgari surildi. Shu tariqa cherkov vijdon erkinligi, diniy e’tiqod erkinligi, barcha dinlarning tengligi tamoyillariga toqat bilan ko‘nika boshladi. Bu davr fashistik g‘oya qaror topgan davr hamdir, chunki har bir harakat sodir bo‘lishidan oldin uning g‘oyasi paydo bo‘lishi tabiiydir. Bundan tashqari boylik, dunyo bozorini talashish, hukmronlikka intilish, yangi mustamlakachilik g‘oyalari ham rivojlandi. Bir qator yozuvchilar o‘z asarlarida dengiz va okenlar ʻʻegasiʼʼ, ʻʻquyoshi hech qachon so‘nmaydiganʼʼ imperiya bo‘lmish Britaniya imperiyasini ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Ular ʻʻoq tanli kishiʼʼ boshqalardan ustun bo‘lib, ʻʻrangdorʼʼ xalqlar orasiga madaniyat olib kirishga tayyor turadi, degan aqidani ilgari surdi. Shunday g‘oyalar ingliz yozuvchisi R. Kiplingning ʻʻOq tanli kishining burch anduhiʼʼ kitobida ham uchraydi.
Musiqa
Musiqa san’atida realizm va xalqchillik dekadentlarcha noziklikka va shaklan murakkablikka qarshi kurashda rivojlandi. Bu davrda Myunxenda avstriyalik oilasida tug‘ilgan bastakor Rixard Shtraus ʻʻSalomeyaʼʼ, ʻʻElektraʼʼ, ʻʻGullar oshig‘iʼʼ, avstriyalik simfonist Gustav Maler ʻʻQazo qilgan bolalar haqida qo‘shiqʼʼ, ʻʻBolaning sehrli shoxiʼʼ va boshqa asarlar bilan shuhrat qozondi.
R. Shtraus motsartcha operani qaytadan tikladi. Uning asarlari hayotbaxshligi, insonparvarligi, go‘zallikni tarannum etishi bilan ajralib turadi.
Betxoven an’analarini G. Maler rivojlantirdi. Maler musiqa asarlarining ijtimoiy ahamiyatini yuksaklikka ko‘tardi, murakkab musiqaviy mavzular bilan sodda xalq kuylarining uyg‘unlashib ketishiga erisholdi. Rossiyalik bastakor A. M. Skryabin musiqada davrning g‘oya va obrazlarini gavdalantirdi. Bastakor, pianinochi va dirijyor S. V. Raxmaninov boy kuylar vositasida vatan mavzusini romantik pafos va lirika bilan ochib berdi.
Tasviriy san’at
Rassomchilikda qator yangi oqimlar vujudga keldi. Bu yangi oqimlarning biri impressionizm (taassurot) edi. Bu oqimga kirgan rassomlar voqelikni, kuzatishdan olingan taassurotlarni sof holda aks ettirardi. Eduard Mane, Klod Mone, Ogyust Renuar va Kamil Pissaro impressionizmning eng iste’dodli namoyandalari edi. Ularning nozik bo‘yoqlar uyg‘unligi ifodalangan asarlarida hayotga cheksiz muhabbat aks ettirilgan. Ular quyosh yog‘dusini, fazo va teranlikni aks ettirishning yangi texnik vositalarini topishdi. Lekin ular insonning ichki dunyosini, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini ko‘rsatib berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ymagandi. Rassomchilikda real hayotni butun borligicha aks ettirish oqimi ham mavjud edi. Bu borada Pol Sezann, Pol Gogen va Vinsent van Gog mehnat ahlini alohida o‘rinlarda tasvirlay oldi.
Chunki ular ishchilarning azob-uqubatlaridan qattiq ta’sirlangandi. Mashhur xitoylik rassom Jen Bonyan ipak matoga rasm solishning qulay usulini yaratdi. Buyuk fransuz haykaltaroshi O. Rodenning ʻʻMutafakkirʼʼ degar asariga qarab hech kim insonning, dekadentlar ishontirmoqchi bo‘lganidek, ʻʻoliyʼʼ kuchlar qo‘lida o‘yinchoq ekaniga ishonmaydi. Umuman, xulosa qilib aytganda, gumanitar fanlar, adabiyot va san’at davrning ehtiyojiga aylandi hamda turli xil mafkuraning shakllanishiga xizmat qildi.
Gumanitar (fransuzcha — insoniy tabiat, bilimlilik) — inson shaxsiga, inson huquqi va manfaatlariga oidlikni anglatuvchi tushuncha.
Gumanitar fan — inson va uning hayotini, madaniyatini o‘rganuvchi fanlar (masalan, tarix, falsafa, tilshunoslik, adabiyot va hokazo).
Yevropasentrizm — barcha madaniyatlarni yevropalashtirish g‘oyasi.
Individ — alohida odam, shaxs.
Psixoanaliz — avstriyalik shifokor va ruhshunos olim Z. Freyd tomonidan ilgari surilgan asab kasalliklarini davolash usuli. Freyd ta’limotiga ko‘ra, insonning psixik hayoti tug‘ma, ongsiz mayllarga bog‘liq. Insondagi turli ruhiy kechinmalar, amalga oshmagan istaklar yo‘qolib ketmaydi. Ular ong doirasidan chiqib, ongsizlik holatiga o‘tadi va insonning ruhiy hayotiga faol ta’sir ko‘rsatadi. Bu hol asabiylikda namoyon bo‘ladi. Uni davolashning asosiy usuli –– mayllarni g‘ayritabiiy yo‘l bilan qondirish yoki ularni boshqa faoliyat sohasiga (masalan, ijod, siyosat, mehnat va hokazo) ko‘chirish.
Falsafa — tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqidagi fan.
Fashistik g‘oya — eng shafqatsiz terrorchilik diktaturasi, aqidaparastlik va irqchilikni oqlovchi, millatchilik va shovinizmga asoslangan g‘oya.