Tropik va Janubiy Afrika mamlakatlari


Tropik va Janubiy Afrika haqida


XIX asrning oxirgi choragida Afrikada mustamlaka bosqini yanada kuchaydi.
Janubdagi qazilma boyliklarga boy yerlarda 70-yillarda olmos va 80-yillarda oltin konlarining topilishi yevropaliklarning ʻʻoqib kelishiniʼʼ yanada tezlashtirdi. Janubiy Afrikani mustamlaka qilishda Buyuk Britaniya asosiy rol o‘ynadi. Ko‘p o‘tmay bu yerga Germaniya ham kirib kela boshladi. Mozambik va Angola kabi yerlarni birlashtirishni portugallar o‘z rejalariga kiritishdi. Asosiy mustamlaka o‘choqlaridan biri — Burlar Respublikasi (Transvaal va Oranj mustaqil respublikalari) bo‘lib qoldi. 70-yillardan boshlab Buyuk Britaniya o‘z mustamlakalarini birlashtirib, federatsiya tuzishga urindi. Burlar bu fikrga qo‘shilmagach, Buyuk Britaniya 1877-yilda Transvaalni bosib oldi, Zululendni ham o‘ziga qarashli mustamlaka deb e’lon qildi.

G‘arbiy va Sharqiy Afrika uchun kurash

G‘arbiy Sudan, Senegal va Nil daryosi havzasi XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Fransiya, Gollandiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida raqobat maydoniga aylandi.
1892-yilda Fransiya G‘arbiy Sudanni bosib oldi. G‘arbiy sudanliklarning ozodlik kurashida Samori Ture nomi yorqin iz qoldirdi. U atoqli lashkarboshi va siyosatchi edi. Fransuzlar 1898-yildagina uni taslim eta olishdi. Asir olingan Samori Gabonga surgun qilindi va o‘sha yerda vafot etdi. 1900-yilda Chad ko‘li atrofi bo‘ysundirildi. 1904-yili esa Gvineya ko‘rfazi bo‘ylari ham Fransiyaga tobe etildi. Unga Fransiya Gvineyasi deb nom berildi. Buyuk Britaniya, Fransiyadan keyin Belgiya ham Afrika yerlari uchun kurashga qo‘shildi. 1883-yilda Kongo havzasidagi yerlar Belgiya mustamlakasi deb e’lon qilindi. Ko‘p o‘tmay yevropaliklar Sharqiy Afrikaga ham kirib kela boshlashdi. Nil daryosi boshlanish havzalarini ilmiy o‘rganish bahonasi bilan yevropaliklar Buganda mamlakatini ochishdi.

XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Afrika davlatlari


Buganda Buyuk Britaniya tomonidan tuzilgan Uganda protektorati tarkibiga kiritildi. Zanzibar arab sultonligi ham qul savdosiga qarshi kurash bahonasi bilan nemislar, fransuzlar va inglizlar tomonidan bo‘lib olindi. XIX asr oxirida Buyuk Britaniya Bunoro davlatini bosib oldi. XX asr boshlarida G‘arbiy Afrikaning Gambiya, Syerra-Leone, Oltin Qirg‘oq, Nigeriya, Senegal, Fransiya Gvineyasi, Fil Suyagi Qirg‘og‘i, Dagomeya — Fransiyaning; Togo, Kamerun— Germaniyaning; Gvineyaning bir qismi esa Portugaliyaning mustamlakasi edi.
Yevropa mustamlakachilari turli boshqaruv tizimlari joriy qilishdi. Buyuk Britaniya mahalliy boshqaruv tizimlarini saqlab, ularni o‘z manfaatlariga bo‘ysundirdi. Fransiya esa o‘z mustamlakalarida eski mahalliy boshqaruvni buzib tashlab, Fransiyaga mos bo‘lgan tartiblarni joriy etdi. G‘arbiy Afrikada mustamlakalar uchun kurashda Gollandiya, Belgiya, Portugaliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va nihoyat AQSH manfaatlari to‘qnashdi. Belgiya qiroli Kongoni ilmiy o‘rganish assotsiatsiyasini tuzib, uning soyasida ustalik bilan ish olib bordi. Bora-bora u Belgiya mustamlakasiga aylandi.
Kongoning bir qismi Fransiyaga, yana bir qismi esa Portugaliyaga tegdi.

Janubiy Afrika


Janubiy Afrikada dunyoning eng yirik olmos konlari mavjud edi. Ingliz olg‘ir (uddaburon) siyosatchisi Sesil Rods ʻʻDe Rodsʼʼ kompaniyasini tuzib, olmos konlarini o‘z qo‘liga kiritdi. 1887-yilda Transvaal oltin va mis konlari ochildi.
Sesil bu konlarni ham egalladi. Uning tashabbusi bilan ʻʻBritaniya–Janubiy Afrika imtiyozli kompaniyasiʼʼ tuzildi. Kompaniya ʻʻKeyptaundan Qohiragacha Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lishi kerakʼʼ, degan ma’noda bosqinchilik harakatlariga ruxsat oldi. Tez orada Shimoliy Rodeziyada ingliz protektorati o‘rnatildi. Buyuk Britaniya burlarga qarshi yangi urushga tayyorlandi. 1899-yilda ingliz–bur urushi boshlandi. 1902-yili Bur Respublikalari (Transvaal va Oranj) Britaniya mulklari tarkibiga qo‘shib olindi. 1910-yili Buyuk Britaniya mustamlaka hududlari bo‘lgan Transvaal, Oranj, Natal, Kapni ʻʻJanubiy Afrika Ittifoqiʼʼ nomi ostida birlashtirdi.

Madagaskarning egallanishi


Hind okeanining g‘arbida, Afrikaning janubi-sharqiy qirg‘og‘i yaqinida joylashgan bu orol buyuk davlatlar mustamlaka siyosatida alohida o‘rin tutdi.
1883-yili Fransiya Madagaskarga urush e’lon qildi. 1885-yili bu urush tomonlar uchun noteng bitim bilan yakunlandi. Fransiya Madagaskar ustidan protektorat o‘rnatdi va uning tashqi siyosatini nazorat qiladigan bo‘ldi. 1896-yilda esa Fransiya Madagaskarni o‘z mustamlakasi deb e’lon qildi.


Zuluslar

Buyuk Britaniya zuluslarni bo‘ysundirish uchun shafqatsiz urush olib bordi.
Zuluslar hukmdori Ketchvayo 1879-yilda uch to‘qnashuv davomida inglizlarning 20 ming kishilik qo‘shinini yakson qilib tashladi. Lekin oxir-oqibatda Buyuk Britaniya to‘plar yordamida ustun keldi va Zululend yerlarini egallab, uni 13 ta mayda hokimlikka bo‘lib tashladi. Zululend hokimliklarini o‘zaro urushtirib, o‘z foydasiga ish ko‘rish inglizlar hukmdorlariga xos xususiyatga aylandi.


Somali va Efiopiya

Efiopiya va Somali 1869-yili Suvaysh kanali ochilishi tufayli alohida savdo-iqtisodiy va harbiy-strategik ahamiyatga ega bo‘lib qoldi. Bu hol mustamlakachilarni befarq qoldirmadi. Bundan sal oldin, 1867-yili inglizlar Efiopiyaga qarshi urush qilib, podsho (ʻʻnegusʼʼ deb atalgan) Feodor II ning birlashtiruvchi siyosatiga putur yetkazdi. Turli dinlar o‘rtasida nizo tufayli Feodor II ga qarshi bo‘lgan ruhoniylardan foydalanib, inglizlar habash qo‘shinlarini tor-mor qilishdi. Feodor II o‘zini o‘zi o‘ldirdi. Hokimiyat tepasiga inglizparast kuchlar o‘tqazildi. Biroq inglizlar Efiopiya xalqining qattiq qarshiligiga uchrab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. 1889-1913-yillarda Qizil dengiz bo‘yi va Somali yarimoroli Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya o‘rtasida taqsimlab olindi. Efiopiyada Italiya o‘z mustamlaka rejalarini yuzaga chiqarishga urindi. Biroq bunga erisholmadi. Efiopiya o‘z mustaqilligini saqlab qoldi.

Gerero va namalar


Janubiy Afrikaning shimoli-g‘arbiy qismi 1883-yildan boshlab Germaniya tomonidan bosib olina boshlandi. Mahalliy gottentot va gerero qabilalari rezervatsiyalarga quvildi. Qolganlari nemis mustamlakachilariga qul bo‘lib qoldi. 1904-yil barcha gerero qabilalari ozodlik uchun Samuil Magarero boshchiligida bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon boshlashdi. Biroq bu noteng kurashda qo‘zg‘olonchilar tor-mor etildi. Gererolardan tirik qolganlari mamlakat shimoliga qochib, jon saqlashga majbur bo‘ldi. Nama qabilalari ham qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Namalarning qo‘zg‘oloniga Xendrik Vitboy boshchilik qildi. Vitboy nama qabilalarini birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq u 1905-yilgi jangda halok bo‘ldi. Uning o‘limidan keyin ham namalar kurashni yana ikki yil davom ettirishdi. Lekin zamonaviy nemis texnikasi ustunligi o‘z kuchini ko‘rsatdi. Germaniya bosqinchilari 200000 dan ortiq namalardan 140 mingini qirib tashladi. Germaniyaga qarshi Sharqiy Afrikaning janubi va markazida (Tanganika) 1905-yilda ozodlik uchun boshlangan qo‘zg‘olon ikki yildan ortiq davom etdi. Nemis qo‘shinlari 120 ming afrikalikni qirib tashlab, qo‘zg‘olonni bostirdi. Bu hududda necha asrlardan buyon yashab kelgan katta-katta qabilalar tamomila yo‘q bo‘lib ketdi.