Shimoliy Afrika mamlakatlari


Ijtimoiy va siyosiy hayot

Afrikaning shimoliy qismida, Sahroyi Kabirning (Sahara) janubiy chegarasigacha aholining ko‘pchiligini arablar tashkil etardi. Bu hududlarda barbarlar, habashlar va boshqa xalqlar ham yashardi. XIX asrning 70-yillariga qadar Afrikaning shimolida va shimoli- sharqida, ya’ni arablar yashovchi hududlarda mutlaq podsholik tuzumlari hukm surardi. Ulardan rasman Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirgan Misr, Tripolitaniya, Kirenaika (hozirgi Liviya) va Tunis esa amalda Turkiya sultonligiga itoat etmasdi. XIX asr oxirida Misr va Sudan Buyuk Britaniyaning, Tunis, Jazoir va Marokash Fransiyaning, Marokashning bir qismi Ispaniyaning, Liviya esa Italiyaning mustamlakalariga aylandi.


Misrning asoratga solinishi

Misrning XIX asr oxiri–XX asr boshlaridagi tarixi Turkiya hukmronligidan ozod bo‘lish va inglizlarning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash bayrog‘i ostida o‘tgan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Musulmon ruhoniylaridan al- Azhar madrasasida mudarris bo‘lgan Jamoliddin al-Afg‘oniy va uning shogirdlari milliy ozodlik harakatida katta obro‘ qozonishdi. Ular barcha musulmonlarni mustamlakachilarga, Turkiya zulmiga qarshi birlashuvga, konstitutsiyaviy tuzum o‘rnatilishiga chaqirishdi. 1871-yilda Jamoliddin al-Afg‘oniy ʻʻXizb ul-Vatanʼʼ (Vatan partiyasi) ni tuzdi. Bu partiya chet elliklarga qarshi ʻʻMisr misrliklarnikiʼʼ shiori ostida kurashdi.

Suvaysh kanali

ʻʻVatanʼʼchilar hukmdor (Hadiv)ning huquqini cheklovchi konstitutsiya uchun kurashdi. 1882-yil 7-fevral kuni Hadiv yangi qonunga imzo chekishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, hukumat Deputatlar palatasiga bo‘ysunadigan, parlament byudjet ustidan nazorat qilish huquqini oladigan, birorta qonun deputatlar palatasi ruxsatisiz qabul qilinmaydigan bo‘ldi. Bularning hammasi feodal mustabid tuzumidan burjua parlament tuzumiga o‘tish yo‘lidagi katta g‘alaba edi. Chet elliklar Misr hukumatiga ultimatum yuborib, amaldagi hukumatni tarqatishini talab qildi. Mustamlakachilarning bu talabi bajarilmadi.
Bunga javoban Buyuk Britaniya 1882-yilda Iskandariyani to‘plardan o‘qqa tutdi. Uning desanti shaharni egalladi.


Bunga qarshi Misr qo‘shini rahbarlaridan biri Ahmad Orabibey Qohirada oliy davlat organi — Muvaqqat kengash tuzdi. U 60 ming kishilik qo‘shin to‘pladi.
Ko‘p o‘tmay inglizlar Suvayshni bosib oldi va Qohiraga yurish boshladi. 1882-yil sentyabrda Misr qo‘shinlari yengildi. Polkovnik Ahmad Orabibey Seylon oroliga umrbod surgun qilindi. Shunday qilib Misr Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylandi. Buyuk Britaniya Misrda Usmonli turk imperiyasi hokimiyatini rasman tugatmadi. Misr hadivlari sulolasi Vazirlar kengashi nomiga bo‘lsa ham saqlandi. Moliya ustidan nazorat to‘laligicha ingliz maslahatchilariga o‘tdi. 1888-yilda Istanbulda Suvaysh kanalidan foydalanish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Fransiya davlatlari konvensiya imzolashdi. Unga ko‘ra, kanaldan barcha davlatlar xoh urush, xoh tinchlik paytida bo‘lsin erkin foydalanish huquqini olishdi.


Milliy-ozodlik uchun kurashning faol tarafdori bo‘lgan ʻʻVatanʼʼ partiyasi inglizlar nazarida eng xavfli bo‘lib chiqdi. Uni kuchsizlantirish uchun keskin choralar ko‘rildi. Natijada ʻʻVatanʼʼ partiyasi keng siyosiy kurash yo‘lidan yakka terror yo‘liga o‘tib ketdi. Partiyaning ʻʻAl-Livaʼʼ (Bayroq) gazetasi taqiqlandi. Ammo ozodlik harakati boshqa ko‘rinishlarda davom etdi. Majlis vitse-prezidenti Saad Zaglul demokratik, milliy-ozodlik ruhidagi deputatlarni o‘z atrofiga to‘plab, majlis nomidan ingliz hukmronligiga qarshi hujjatni o‘tkazishga erishdi.


Mahdiylar qo‘zg‘oloni

XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Sharqiy Sudan Misr qaramog‘ida edi. 1881-yilda sudanliklarning yetakchisi Muhammad Ahmad xalqni Misr–Turk zulmiga hamda yevropaliklarga qarshi muqaddas urushga chaqirdi. Muhammad Ahmad o‘zini Mahdiy deb e’lon qildi. Gubernator Mahdiyni qamash uchun yuborgan 200 kishilik harbiy guruh yo‘q qilib tashlandi. 1882-yilda Xartumga misrlik Abdul Qodir general-gubernator etib tayinlandi. U mahdiylar harakatini bostirishga urindi. Lekin mag‘lubiyatga uchradi. Bu orada inglizlar Misrni bosib olishdi. 1883-yili general Xiks boshliq ingliz qo‘shini Sudan ansorlari tomonidan qirib tashlandi. 1884-yili inglizlar Sudanga general Gordon boshchiligida harbiy qism yuborishdi. Biroq bu qo‘shin ham ansorlar tomonidan yo‘q qilindi va Sudan ozod qilindi. 1885-yilda Sudanda mustaqil mahdiylar davlati tuzildi. Qo‘zg‘olon rahbari Mahdiy Muhammad Ahmad vafot etib, uning birinchi xalifi (xaliflari to‘rtta edi) Abdulloh hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Omdurman shahri poytaxt etib belgilandi. Mamlakat viloyatlarga bo‘lindi.
200 ming kishilik qo‘shin davlatning asosiy tayanchi bo‘lib qoldi.


Biroq mamlakatda ichki nizo kuchaydi. Aynan shu omil mahdiylarni kuchsizlantirdi. Bundan foydalangan Buyuk Britaniya Efiopiyani Sudanga qarshi gij-gijladi. Natijada 1885-yilda ikki o‘rtada urush harakatlari boshlandi.
Efiopiya hukmdori Yo‘xonni Abdullohga murojaat qilib, umumiy dushmanga qarshi birgalikda kurashga chaqirdi. Lekin Abdulloh buning evaziga Yo‘xonnidan islom diniga o‘tishini talab qildi. Oqibatda zarur bitim tuzilmay qoldi. Efiopiya–Sudan urushida ko‘p qon to‘kildi. 1889-yilda Efiopiya imperatori Menelik sudanliklar foydasini ko‘zlovchi bitimni imzolashga majbur bo‘ldi. 1889-yil avgustda esa Buyuk Britaniya–Misr birlashgan qo‘shinlari Sudan mahdiylari qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi va Sudanning asosiy qismini bosib olishga erishdi.


Buyuk davlatlarning Shimoliy Afrikadagi siyosati


1883-yil Tunisda Fransiya hukmronligi o‘rnatildi. Bungacha Fransiya Jazoirni ham egallagandi. Jazoirda XIX asr oxirida 300 mingdan ortiq fransuz yashardi. Hosildor yerlar fransuzlar qo‘lida edi. 1905-1906-yillarda Jazoirda mustamlaka zulmiga qarshi kurash boshlandi. 1912-yilda ʻʻYosh Jazoirʼʼ partiyasi tuzildi. Bu partiya sud ishlarida jazoirliklar uchun ʻʻmahalliy kodeksʼʼ nomli kamsituvchi tartibni bekor qilish, soliq olishda jazoirliklar va yevropaliklarni tenglashtirish, xalq maorifini kengaytirish, arablar uchun saylanadigan lavozimlarni ko‘paytirish kabi talablarni qo‘ydi. Yevropa davlatlarining mustamlaka taqsimotida Fransiya Marokashga ham ega bo‘ldi.
1900-yili Italiya Fransiyaning Marokashga nisbatan huquqlarini tan oldi.
Buning evaziga Italiya Liviyaga daxldor huquqqa ega bo‘ldi. Fransiya Marokashga qarshi urush ochish uchun bahona qidirardi. 1907-yilda Marokash shahrida fransuz shifokori o‘ldirildi. Shu bahonada Fransiya zudlik bilan urush harakatlarini boshlab yubordi. Qisqa vaqt ichida Fransiya Marokashning barcha asosiy shaharlarini bosib oldi. Marokashning ba’zi hududlari esa Ispaniyaga berildi. Liviya uzoq vaqt Turkiya mustamlakasi bo‘lib keldi. 1911-yil 29-sentyabrda Italiya Liviyaga bosqinchilik urushi boshladi. Turkiya tayinli javob chorasi ko‘rolmadi. Oqibatda, 1911-yil 5-noyabr kuni Liviya Italiya mulki deb e’lon qilindi.


Ansorlar (arabcha — yordamchilar, safdoshlar) — Muhammad (s.a.v.) sahobalari bir tabaqasining nomi. (Ular 622-yilda Makkadan Madinaga ko‘chib borgan musulmon muhojirlarga va Rasulullohga yordam bergan hamda Islom dinini qabul qilgan Madinaning avs va hazraj qabilalarining a’zolari bo‘lganlar.)


Mahdiy (arabcha — Alloh tomonidan to‘g‘ri yo‘lga yetaklovchi) — Islomda oxirzamon bo‘lganida kelib, yerda adolat o‘rnatadi, deb ishoniluvchi payg‘ambar.