Lotin Amerikasining boshqa davlatlari


Braziliyada qulchilikning bekor qilinishi

Braziliya Janubiy Amerikadagi yirik davlatlardan biri bo‘lib, unda 15 mln. aholi yashagan. Braziliya ayni paytda eng qoloq davlat ham edi. Braziliyada qulchilik, qashshoqlik, jaholat va huquqsizlik keng avj olgandi. Qullarni sotadigan bozorlar, o‘z oilasiga, o‘z uyiga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘lgan kishilarni sotish, zahmatkash qulni nazoratchilar tomonidan qamchilab ishlatish 1870-1880-yillarda odatiy hol edi. Shunday bir sharoitda qullar ham o‘z insoniy huquqlarini himoya qilishga majbur bo‘lishgan. Chunonchi, qul Bonifatsio boshchiligida shakarqamish plantatsiyalarida ishlovchi qullar qo‘zg‘oloni buning dalilidir. Qullar o‘zlarining qora tanlilar respublikasini e’lon qilishdi va Bonifatsioni prezident etib saylashdi. Bonifatsio qurolli kurash orqali barcha qullarni ozod qilish zarur deb hisoblagan.
Biroq hukumat qo‘shinlari Bonifatsio qo‘shinini tor-mor etgan.

Qullikka qarshi kuchlar 1883-yilda qullarni qullikdan ozod qilishga chaqiruvchi ʻʻOzodlik manifestiʼʼni e’lon qildi. Qulchilikka qarshi bo‘lgan ayrim plantatorlar abolitsionistik harakatni qo‘llab-quvvatladi. Masalan, ulardan biri plantator Antonio Predo o‘z qullarini ozod qilib yubordi. U davlat vaziri bo‘lgach, qullarni ozod qilish haqida taklif kiritdi. Kasalligi uchun vazifasini bajara olmayotgan imperator Pedru II o‘rnida vaqtincha davlatni boshqarib turgan malika Izabel 1888-yilda Braziliyada qullarni ozod qilish haqidagi ʻʻOltin qonunʼʼ nomi bilan mashhur qonunga qo‘l qo‘ydi. Mamlakatda bu paytda 750 ming qul bor edi.

Respublika e’lon qilinishi

Qulchilik bekor qilingach, respublika uchun kurash kuchayib ketdi. 1889-yil Rio de Janeyroda respublika tarafdorlarining katta namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishda talabalar, hunarmandlar, savdogarlar qatnashdi. Bu namoyish respublika tuzumi tarafdori bo‘lgan harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Oqibatda 1889-yil 19-noyabrda Pedru II taxtdan voz kechib, Britaniya kemasida Portugaliyaga jo‘nab ketdi. Hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tdi. Yangi hukumat mamlakatni Respublika deb e’lon qildi. 1891-yilda qabul qilingan yangi konstitutsiyaga binoan, mamlakat Braziliya Qo‘shma Shtatlari deb ataladigan bo‘ldi. Barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi e’lon qilindi. Yozish va o‘qishni biluvchi fuqarolarga umumiy saylov huquqi berildi. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli og‘ir edi. Bundan ingliz, fransuz, german va Shimoliy Amerika monopoliyalari foydalanishdi. Ular hal qiluvchi tarmoqlarni egallab oldi.

Argentinadagi ahvol

Uzoq davom etgan ichki kurash, Paragvay bilan olib borilgan urush oqibatida Argentinada iqtisodiy hayot deyarli to‘xtab qolgandi. Mamlakat hukumati ichki ahvolni barqarorlashtirish borasida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Chunonchi, 1872-yilda Buenos Ayresda milliy bank ochildi. Immigratsiya rag‘batlantirila boshlandi. Natijada qisqa davr ichida Argentinaga 300 000 kishi ko‘chib keldi.
Yevropadan kelganlar imtiyozli shartlar bilan davlatdan yer oldi. Ko‘plab shaharlar, yo‘llar qurib, kengaytirildi. Maorif va ilm-fan tez rivojlana boshladi. Buenos Ayresda piyoda askarlar va harbiy dengiz maktabi ochilib, harbiy ta’limga asos solindi. 1876-yil immigratsiya va kolonizatsiya to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, hali aholi band qilmagan davlat yerlari 80 gektardan oshmaydigan maydonlarga bo‘linib sotildi. Hindularning hosildor yerlari tortib olinib, ofitserlar va askarlarga bepul bo‘lib berildi.

Hukumat, ayni paytda, chet el kapitali kiritilishini ham rag‘batlantira bordi. Birgina Buyuk Britaniyaning kiritgan kapitali 1914-yilda 1,5 mln. dollarni tashkil etgani bejiz emasdi. Biroq mehnatkashlarning ahvoli hanuz yomonligicha qolmoqda edi.
Oqibatda ishchilar sinfi o‘z haq-huquqlari uchun kurash boshladi. Ular 8 soatlik ish kunini talab qildi. 1895-yilda Sotsialistik partiya tuzildi. Partiya diniy ta’limni bekor qilish, yagona soliq joriy qilish, kasaba uyushmalarini birlashtirish va namoyishlarga ruxsat uchun kurash olib bordi. 18 yoshga to‘lgan erkak fuqarolarga (ruhoniy va harbiylardan tashqari) umumiy saylov huquqini berish to‘g‘risida qonun chiqarilishiga erishildi.

Markaziy Amerikadagi ahvol

Markaziy Amerikada AQSHning ta’siri tez sur’atlar bilan kuchayib bordi. Buning oqibatida ichki kurashlar natijasida holdan toygan Gvatemala AQSHga qaram bo‘lib qoldi. Gonduras, Salvador va Nikaragua 1895-1896-yillarda yagona davlat — Buyuk Markaziy Amerika Respublikasiga birlashdi. Aynan shu birlik AQSHni tashvishga solib qo‘ydi. Chunki AQSHga Markaziy Amerikada uning siyosatiga to‘g‘onoq bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar ittifoqi kerakmasdi. AQSH monopoliyalari bu mamlakatlardagi hukumatga muxolifatdagi guruhlarga tayanib Buyuk Markaziy Amerika Respublikasini tarqatib yuborishga erishdi. 1914-yil avgustida Panama kanali ochilgach, kanal zonasida Amerika gubernatori o‘ziga bo‘ysunadigan yirik harbiy kuchlar bilan Markaziy Amerika mamlakatlariga xavf solib turdi.

Abolitsionizm (lotincha—yo‘qotish, bekor qilish) — qora tanlilarni qullikdan ozod qilish harakati.