Industrial sivilizatsiya haqida
Siz 8-sinf ʻʻJahon tarixiʼʼ darsligidan XIX asrning 50-60-yillarida G‘arbiy Yevropa va AQSHda sanoat to‘ntarishi nihoyasiga yetganini bilib olgan edingiz.
Shu tariqa industrial sivilizatsiya uzil-kesil qaror topdi. Bu sivilizatsiya — asosiy qadriyati texnika taraqqiyoti bo‘lgan sivilizatsiya edi. ʻʻIndustrial sivilizatsiyaʼʼ atamasi o‘rnida ʻʻindustrial jamiyatʼʼ atamasi ham ishlatiladi va ular bir xil ma’noni anglatadi.
Industrial sivilizatsiyaning belgilaridan biri — shaharlarning juda tez o‘sishi bo‘ldi.
Bu, birinchidan, qishloq xo‘jaligida texnikani qo‘llash natijasida bir qism qishloq aholisining ortiqcha kuch bo‘lib, ishsiz qolishi, ularning ish izlab shaharlarga kelishi hisobiga yuz berdi.
Ikkinchidan, kichik shaharlarda mayda savdogarlar va hunarmandchilik ishlab chiqarishining pasayib ketishi, shuningdek, transportdagi o‘zgarishlar, temiryo‘llar qurilishi, sanoat markazlarining yirik shaharlarga ko‘chishi hisobiga yuz berdi.
Odamlar kun ko‘rish uchun ish axtarib turar joylarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Yuz yillar davomida o‘z yerlarida yashab kelgan aholi harakatga keldi. Endi ular o‘z yerlarini tashlab shaharlarga keta boshladi. Qishloqdan ketish immigratsiyani ham vujudga keltirdi. Endi odamlar boshqa mamlakatlarga ham keta boshlashdi.
Lekin ko‘chishning katta qismini o‘z mamlakatlari ichidagi migratsiya tashkil etdi.
Shaharlarning rivojlanishi
Industrial rivojlanish jarayonida shaharlar alohida ahamiyat kasb eta boshladi.
Sanoat ishlab chiqarishi deyarli butunlay shaharlarda joylashgandi. Jamiyatning asosiy g‘oyalari, muhim siyosiy voqealar ham shaharlarda yuz berardi. Shaharlar juda katta tezlik bilan o‘sdi. XIX asrning o‘rtalariga kelib, industrial davlatlarda aholining qariyb yarmi shaharlarda to‘plandi. Manufaktura ishlab chiqarishi davrida shaharlar uncha katta emasdi.
Shaharlarning shitob bilan rivojlanishi industrlashning asosini yaratgan sanoat to‘ntarishi, fabrika-zavod ishlab chiqarishi oqibati edi. Buyuk Britaniyada bu jarayon ertaroq boshlandi. Boshqa joylarda kechroq, masalan, Germaniyada XIX asrning 70-yillarida avj oldi. AQSHda jadal urbanizatsiya jarayoni ham taxminan shu davrga to‘g‘ri keldi. Umuman, XIX asrning oxiri —XX asr boshida industrial mamlakatlarda shahar aholisi juda tez o‘sdi. Eski shaharlarning o‘sishi, yangilarining rivojlanishi sanoatning joylashishi bilan bog‘liq edi. Ko‘pchilik aholi shaharlarga ish topish umidida kelardi. Ayniqsa, poytaxt, katta shaharlar tez o‘sdi. Masalan, Parij aholisi 1850-yili bir million bo‘lgan bo‘lsa, 1880- yilda esa ikki million kishidan iborat bo‘ldi. XIX asrning o‘rtalaridan boshlab, shaharlar qurilishida ham o‘zgarish yuz beradi. Masalan, Parij 1853-yildan boshlab 20 yil davomida qurilish maydoniga aylandi. U zamonaviy qilib qaytadan qurildi: keng ko‘chalar, katta maydonlar, xiyobonlar va bog‘lar yaratildi. XIX asr oxiriga kelib, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga, tramvay va metroga ega bo‘ldi. Boshqa mamlakatlarda ham shaharlar aholisi tez o‘sdi.
Eski va yangi aristokratiya.
XIX asrda ham aristokratiya jamiyatda o‘z mavqeyini saqlab, ular boyligining asosini avvalgiday yer mulklari tashkil qilardi. Aristokratlarning hayoti hali ham shaharlardan ko‘ra ko‘proq qishloq bilan bog‘liq edi. Keng va qulay binolardagi o‘nlab yotoqxonalar, kutubxonalar, shaxsiy badiiy kolleksiyalar, qabul marosimlari, ovlar—bularning barchasi hali ham aristokratlar hayotining ajralmas qismi edi.
Nikohlar qoidaga ko‘ra ʻʻo‘z doirasidaʼʼ tuzilgani sababli aristokrat oilalar o‘zaro qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langandi. Buyuk Britaniyadagi bunday oilalarda o‘g‘il bolalarni yoshligidanoq siyosiy faoliyatga tayyorlashardi. Avvaliga ular imtiyozli xususiy maktablarda, keyin esa Oksford yoki Kembrij universitetlarida o‘qirdilar. Shundan keyingi faoliyat maydoni parlament bo‘lardi. XIX asr o‘rtalarida Buyuk Britaniya parlamenti jamoalar palatasining 652 a’zosidan 489 nafari yer mulkdorlari edi. 1906-1916-yillarda Buyuk Britaniya vazirlarining uchdan ikki qismi elita bilim yurtlari bitiruvchilari edi. Biroq industrial sivilizatsiya rivojlanishi bilan aristokratiya o‘zining hukmronlik holatini borgan sari yo‘qota bordi. Yerning bir qismi shaharlar qurilishiga berildi, o‘rmon mulklari ham qisqardi.
Yangi davr obro‘talab kishilar oldiga yangi talablar qo‘ya boshladi. Ilgari yer mulkdorlari bo‘lgan aristokratiya endi banklarda, sanoat kompaniyalarida, mustamlakalar ma’muriyatlarida rahbarlik lavozimlarini egallay boshladi. Ko‘pgina mulkidan ayrilgan eski aristokratlar yangi boylar bilan qarindosh tutinishi aristokratiyaning burjuaziya bilan qo‘shilib ketishiga olib keldi. XIX asrda davlatning iqtisodiy va siyosiy hayotida burjuaziya tobora kattaroq rol o‘ynay boshladi. Yirik sanoat korxonalari va banklar tepasida millionlab boylik to‘plagan burjuaziya vakillari turardi. Burjuaziyaning eng yorqin vakillari katta siyosiy mavqega ham erisha boshladi.
O‘rta qatlam
XIX asrda jamiyat hayotining muhim voqealaridan biri ʻʻo‘rta qatlamʼʼning shakllanishi bo‘ldi. ʻʻErkin kasbʼʼ egalari bo‘lgan shaxslar — muhandislar, ixtirochilar, shifokorlar, o‘qituvchilar, ofitserlar, huquqshunoslar va shu kabilar jamiyatning o‘rta qatlamini tashkil etgan. Bu qatlamga taalluqlilikning asosiy belgilaridan biri moddiy ahvolning har holda to‘kisligi bo‘lgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida o‘rta qatlam vakillari orasida, ayniqsa, huquqshunoslar toifasi ajralib turardi. Huquqiy davlatning shakllanishi, fuqarolik jamiyatining barpo bo‘lishi, iqtisodiy hayotning rivojlanishi tufayli huquqshunoslarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bordi. Ular konstitutsiyalar, qonunlar yozish, kodekslar tuzish, vasiyatlarni rasmiylashtirish, banklarga, tadbirkorlarga maslahatlar berish va sud jarayonlarida ishtirok etish kabi ishlarni bajargan. Ko‘pgina siyosiy arboblar ham ma’lumotiga ko‘ra huquqshunos edi. O‘rta qatlam jamiyatga barqarorlik baxsh etdi. Chunki, odatda, o‘rta qatlam ijtimoiy buhronlarni ma’qullamaydi, inqiloblardan islohotlarni afzal ko‘radi.
Ishchilar sinfi
XIX asrda yangi ishchilar sinfi shakllandi. Sanoat to‘ntarishi yuz bergan uchta yirik mamlakat — Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSHda 70-yillarga kelib sanoat ishchilari 12—13 mln. kishini, qishloq xo‘jaligidagi ishchilar bilan birgalikda esa 20 mln.
kishini tashkil qilardi. Ishchilarning ahvoli bir xil emasdi. Ularning yarmidan ko‘prog‘i qashshoqlik bo‘sag‘asida yashasa, malakali mutaxassis ishchilar esa ko‘proq haq olib, ʻʻishchi aristokratiyasiniʼʼ tashkil qilardi. XX asr boshlarida ʻʻishchi aristokratiyasiʼʼ Buyuk Britaniyada umumiy ishchilar sonining uchdan birini tashkil qilib, juda yaxshi yashardi.
XX asr boshida AQSH sanoat ishchilarining soni jihatdan birinchi o‘rinni egalladi. Bu yerda 10,4 mln. nafar sanoat ishchisi mavjud edi. Germaniyada esa sanoat ishchilarining soni 1907-yil 8,6 mln. kishiga yetdi. Yevropa va Shimoliy Amerikadagi ishchilar soni 40 mln. kishini tashkil qildi. Qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi, transport va boshqa sohalardagi ishchilar birgalikda 80 mln. kishiga yaqinlashdi. Yollanma ishchi kuchining malakasida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Sanoatning yangi sohalari malakali mehnatni talab etardi. Malakali ishchilarning salmog‘i Buyuk Britaniya mashinasozligida ishchilar umumiy sonidan 70—75, kemasozlikda esa 50—60 foizini tashkil qilardi. AQSHda umumiy sanoat ishchilarining 2/3 qismi, Germaniyada yarmidan ko‘prog‘i malakali ishchilar edi.
XIX asrning 70-yillarigacha ish kunining uzunligi industrial davlatlarda 10—16 soatni tashkil etgan. Ayollar va bolalar mehnatiga ish haqi kam to‘lanardi. ʻʻFabrika ayollariʼʼ, asosan, 13—14 yoshli qizlardan iborat bo‘lgan. 10—12 yoshli bolalar tamaki fabrikalaridan tortib toshko‘mir shaxtalarida ham mehnat qilishardi. Ular mehnati uchun ayollardan ham kam haq olardi. Bu davrda xotin-qizlar teng huquqlilik uchun tinimsiz kurash olib bordi. XX asr boshlariga kelib, xotin-qizlar ozodligi va mustaqilligi g‘oyalari, ularning teng huquqlilik uchun kurashlari yangi sivilizatsiya jamiyatining belgilaridan biri bo‘lib qoldi.
Immigrant (lotincha — ko‘chib keluvchi) — bir davlatdan boshqa bir davlatga doimiy yoki uzoq vaqt yashash uchun ko‘chib kelgan shaxs.
Industriya (lotincha — faoliyat) — sanoat, xususan, yirik sanoatni anglatuvchi atama.
Migratsiya (lotincha — ko‘chaman) — u yoki bu davlat aholisining bir hududdan boshqa hududga yoki bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga ko‘chishi.
Urbanizatsiya (fransuzcha va lotincha — shaharga mansub) — jamiyat hayotida shaharlar rolining va shahar aholisi salmog‘ining ortib borishi.