Birinchi jahon urushining yakunlari va oqibatlari


Urushayotgan davlatlar ahvoli


Urush uning ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar ichki hayotiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiyot harbiy maqsadlarga bo‘ysundirildi. Chunonchi, og‘ir sanoatning 70 foizi, yengil sanoatning esa 50 foizi urush ehtiyojlarini qondirish uchun ishladi. Urush, ayni paytda, qishloq xo‘jaligini ham og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish keskin kamaydi. Deyarli barcha davlatlardà oziq-ovqat tanqisligi vujudga keldi.
Natijada hukumatlar oziq-ovqat mahsulotlariga kartochka tartibi (qat’iy belgilangan me’yor) joriy etdi. Aholi o‘rtasida shovinizm zo‘r berib targ‘ib etila boshladi. Shu tariqa urush parlament demokratiyasiga qattiq zarba berdi.
Butun urush davomida bironta ham parlament qonli qirg‘inga qarshi norozilik bildirmadi. Endi davlat ishlab chiqarishni tartibga sola boshladi. Banklar, xomashyo taqsimoti va harbiy buyurtmalar ustidan davlat hokimiyatining nazorati kuchaydi.


Urushdan charchagan aholi urushning tezroq tugatilishini talab etib, hukumatga qarshi bosh ko‘tara boshladi. Shu tariqa urushning dastlabki yillarida jamiyatda qaror toptirilgan fuqarolik birligi buzildi. Ba’zi frontlarda askarlarning birodarlashuvi, dushman tomonlarning bir-biriga o‘q otmasligi yuz berdi. Chunki qo‘shin ham urushdan charchagandi.


Rossiya ahvoli


Urush Rossiyaning iqtisodiy va siyosiy ahvolini haddan tashqari keskinlashtirib yubordi. Buning oqibatida 1917-yilning fevral oyida Rossiyada inqilob yuz berdi. Rossiya imperatori taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Hokimiyat burjuaziya qo‘liga o‘tdi. U muvaqqat hukumat tuzdi. Muvaqqat hukumat urushni davom ettirishga qaror qildi va hatto shu yilning yozida u rus qo‘shinining hujumini ham uyushtirdi. Biroq bu hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu muvaffaqiyatsizlik Rossiyadagi busiz ham o‘ta murakkab bo‘lgan siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirib yubordi.
Natijada 1917-yilning 7-noyabrida davlat to‘ntarishi yuz berdi. Muvaqqat hukumat ag‘darildi. Hokimiyatni V. I. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar (kommunistlar) partiyasi bosib oldi va u Sovet hukumati deb atalgan hukumat tuzdi. 1917-yilning 8-noyabr kuni Sovet davlati ʻʻSulh to‘g‘risidaʼʼgi dekretni qabul qildi. Sulh to‘g‘risidagi dekretda bosqinchilik urushi keskin qoralangan va u insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat deb e’lon qilingandi.
Sovet hukumati har qanday sharoitda ham separat sulh tuzishga intildi.
Chunki qo‘shin jangovar ruhini to‘la yo‘qotgan va Sharqiy front chok-chokidan so‘kilib ketgan sharoitda urushni davom ettirish to‘la halokat bilan barobar edi. 1917-yilning 15-dekabrida Sovet Rossiyasi va Avstriya-Germaniya qo‘mondonligi o‘rtasida yarashish bitimi imzolandi.
Bunday bitim 9-dekabr kuni Ruminiya bilan ham imzolangandi.
Shunday qilib Sharqiy front harakatsiz qotib qoldi.

Boshqa frontlardagi ahvol


1917-yilning aprel oyida Antantaning G‘arbiy frontdagi qurolli kuchlari hujumga o‘tdi. Germaniya mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘linmadi. Aksincha, bu janglar oqibatida katta qurbonlar berildi. Bu qurbonlar Fransiya qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni Nivel nomi bilan ʻʻNivel qirg‘iniʼʼ deb nom oldi. 1917-yilda Italiya qo‘shini muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Buyuk Britaniya va Fransiyaning shoshilinch ravishda yordam kuchlarini Italiya frontiga tashlashigina Italiyani saqlab qoldi. 1917-yilning noyabr oyida ingliz qo‘shinining hujumini qaytarishda Germaniya yana bir yangi qurol — ognemyotni qo‘lladi. Mesopotamiya va Falastin frontlarida ingliz qo‘shinining harakatlari kuchaydi. 1917-yilning mart oyida inglizlar Bag‘dod shahrini egallashdi. Kuzga kelib Turkiya Arabiston yarimorolini to‘la, Falastinning esa bir qismini boy berdi.

Sovet Rossiyasining urushdan chiqishi


Sovet Rossiyasi 1918-yilning 3-mart kuni ʻʻTo‘rtlar ittifoqiʼʼ bilan ularning shartlari asosida Brest tinchlik shartnomasini imzoladi. Shartnomaning shartlari Rossiya uchun juda og‘ir edi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya o‘z qo‘shinini to‘la demobilizatsiya qilishi, harbiy flotini portlarga qaytarishi lozim edi. Shuningdek, Rossiya Boltiqbo‘yi, Polsha, Finlandiya va Ukrainadan voz kechardi. Ukraina va Finlandiya mustaqil davlatlar deb tan olindi. Kavkazdagi Kars, Ardagan va Batumi Turkiyaga berildi. Bundan tashqari Rossiya Germaniyaga 6 mlrd. marka miqdorida reparatsiya to‘laydigan bo‘ldi.

Vudro Vilsonning tinchlik dasturi

AQSH prezidenti V. Vilson 1918-yilning 8-yanvarida I jahon urushidan so‘ng imzolanadigan tinchlik shartnomasi va qayta tuzilajak dunyo siyosiy xaritasi bo‘yicha AQSH hukumatining nuqtayi nazarini dunyoga ma’lum qildi. Bu nuqtayi nazar tarixga ʻʻVilson tinchlik dasturiʼʼ nomi bilan kirgan. Bu dastur keyinchalik g‘olib Antantaning mag‘lub ʻʻTo‘rtlar ittifoqiʼʼ bilan imzolangan tinchlik shartnomalariga asos bo‘lib xizmat qilgan.

Urushning so‘nggi bosqichi


G‘arbiy frontda butun diviziyalarning 80 foizini, artilleriyaning 90 foizini to‘plagan Germaniya 1918-yilning mart oyida hujumga o‘tdi. Bu uning oxirgi hujumi bo‘ldi. Biroq bu hujum muvaffaqiyatga olib kelmadi. Shunday bo‘lsa-da, har ikki tomon 300 ming kishini qurbon berdi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya va Fransiya yagona qo‘mondonlik tuzishga qaror qildi. Fransiya generali Fosh birlashgan kuchlarning qo‘mondoni etib tayinlandi. 18-iyul kuni Fransiya qo‘shinlari qarshi hujumga o‘tdi. Shu hujumdan so‘ng Antanta hujumini to‘xtatishning iloji bo‘lmadi. 15-sentyabr kuni Bolgariyaga qaqshatqich zarba berildi. 28-sentyabr kuni esa Bolgariya urush harakatlarini to‘xtatdi va urushdan chiqdi. 29-oktyabr kuni Avstriya-Vengriya yarash bitimini imzolash haqida Antantaga murojaat qildi. 3-noyabr kuni shunday shartnoma imzolandi va Avstriya–Vengriya ham urushdan chiqdi.
30-oktyabr kuni Turkiya Antanta bilan yarash bitimini imzolashga majbur bo‘lgandi.


Urush Germaniyada inqilobiy vaziyatni vujudga keltirdi. 9-noyabrda Germaniya imperiyasi quladi. Imperator Vilgelm II taxtdan voz kechdi va mamlakatdan qochib ketdi. 10-noyabr kuni sotsial-demokrat Ebert boshchiligida yangi hukumat tuzildi. 11-noyabr kuni Kompen o‘rmonida marshal Foshning shtab vagonida Germaniyaning taslim bo‘lganligi haqida Antanta bilan bitim imzolandi. Shu tariqa birinchi jahon urushi Antantaning g‘alabasi bilan tugadi. 1919-yil 28-iyunda Versalda sulh shartnomasi imzolandi. German bloki davlatlari talandi, ko‘pgina hududlaridan ajraldi, 132 mlrd. marka reparatsiya to‘laydigan bo‘ldi. Birinchi jahon urushida dunyoning 38 davlati ishtirok etdi. Ularda 1,5 mlrd. dan ortiq aholi yashardi. Urushga 74 mln. ga yaqin kishi safarbar etildi. Jami 10 mln. kishi esa yarador bo‘ldi. Bundan tashqari juda ko‘p kishilar kasallik va ochlikdan o‘lib ketdi. Urushda halok bo‘lganlar soni 20 mln. dan oshib ketdi. Birinchi jahon urushida uning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar o‘z milliy boyliklarining uchdan bir qismini yo‘qotdi. Insoniyat birinchi jahon urushigacha bo‘lgan 1000 yil davomida yuz bergan barcha urushlarda ham bunchalik qurbon bermagandi.


Dekret (lotincha—qaror) — oliy hokimiyat boshqaruv organi chiqargan va qonun kuchiga ega bo‘lgan qaror.


Reparatsiya (lotincha –– tiklash) — xalqaro huquqda urushda ko‘rilgan zararni to‘la yoki qisman qoplash uchun yengilgan davlat tomonidan g‘olib davlatga to‘lanadigan tovon.


Separatizm (lotincha — ajrataman) — ajralib chiqishga intilish. Shuningdek, Xalqaro huquqda ittifoqchi davlatlarning biri tomonidan ittifoqchilar ruxsatisiz va ular bilan kelishmay turib, urushayotgan dushman davlat bilan tuzilgan bitim.


Sulh — urush harakatlarini to‘xtatish uchun tuzilgan bitim. Xalqaro shartnomalarning bir turi. Bu hujjatli material mazmuni haqida mulohaza yuriting: AQSH prezidenti V. Vilsonning 1916-yil iyul oyida so‘zlagan nutqidan: ʻʻBiz dunyoda katta rol o‘ynashimiz mumkin. Siz bir faktning ahamiyatini e’tiborga olyapsizmi, oxirgi bir yoki ikki yil ichida biz qarzdor davlatdan qarz beruvchi davlatga aylandik. Jahondagi ortiqcha oltinning shu qadar ko‘p qismi bizning qo‘limizdaki, ilgari hech qachon bunchalik oltinga ega bo‘lmaganmiz. Shu vaqtdan boshlab bizning ishimiz qarz berish, katta xalqaro korxonalarga yordamlashish va ular ishini ilgari siljitishdan iborat bo‘lib qoldi. Bizning butun jahonni talaygina miqdorda mablag‘ bilan ta’minlashimizga va uni o‘z bilganimizcha va xohlaganimizcha boshqara olishimizga to‘g‘ri kelmoqdaʼʼ.