Urushning boshlanishi
Birinchi jahon urushining bosh sababi ikki harbiy-siyosiy guruh o‘rtasida bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lib olish uchun boshlangan kurash edi. Dunyoning yetakchi davlatlari o‘z yovuz maqsadlari yo‘lida ma’naviy tubanlikka ketib, boylik orttirish uchun millionlab insonlarni qurbon qilishga bel bog‘lashdi.
1914-yilning 28-iyulida serbiyalik millatchi G. Prinsip tomonidan Sarayevoda Avstriya–Vengriya taxti vorisi Frans Ferdinand o‘ldirildi. Avstriya–Vengriya hukumati Serbiyaga juda haqoratli talablar qo‘yilgan ultimatum yubordi.
Serbiya hukumati ultimatumning faqat birgina talabiga, ya’ni suiqasd yuzasidan o‘tkaziladigan tergov ishlarini Avstriya–Vengriya davlat huquqiy idoralari olib borishiga rozilik bermagan. Bu esa Avstriya–Vengriyaning 28-iyulda Serbiyaga urush e’lon qilishiga bahona bo‘ldi.
Serbiya ittifoqchisi Rossiya bunga javoban 29-iyul kuni qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi. Bundan Germaniya hukmron doiralari 1-avgustda Rossiyaga, 3-avgustda esa uning ittifoqchisi Fransiyaga urush e’lon qilish uchun bahona sifatida foydalandi. Ayni paytda Germaniya Belgiyaning betaraflik maqomini buzib, bu davlatga hujum qildi. Belgiyaning betarafligi to‘g‘risidagi xalqaro hujjatni bir vaqtlar Prussiya ham imzolagandi. Biroq 1914-yilda Germaniya hukumati bu hujjatni surbetlik bilan ʻʻbir parcha qog‘ozʼʼ deb atadi. Germaniyaning Belgiyaga hujumiga javoban Buyuk Britaniya Belgiyani himoya qilish bahonasi bilan 4-avgust kuni Germaniyaga urush e’lon qildi. Birinchi jahon urushi shu tarzda boshlanib ketdi. 15-avgust kuni Yaponiya Germaniyadan Xitoydagi mustamlaka hududlarini Yaponiyaga berish talabi bilan chiqdi. Rad javobini olgach, 23-avgustda Yaponiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi.
Germaniya 1914-yilning oktyabr oyida Usmonli turklar imperiyasini, keyinchalik Bolgariyani o‘z tarafida turib urushda qatnashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Tez orada Kavkazorti, Suriya va Falastinda, Bolqon yarimorolida, shuningdek, Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalarida yangi frontlar vujudga keldi.
Yashin tezligida g‘alabaga erishishning barbod bo‘lishi
Germaniya qo‘shini generali fon Shliffen yashin tezligida g‘alabaga erishish rejasini tuzib chiqqandi. Rejaga ko‘ra, Germaniya qo‘shini betaraf Belgiya hududi orqali Fransiyaga hujum qilishi, Germaniya-Fransiya chegarasida to‘plangan Fransiya armiyasini qurshab olib, uni kuzgacha tor-mor etishi va shu orqali Fransiyaning taslim bo‘lishiga erishishi kerak edi. So‘ngra qisqa vaqt ichida Rossiyani ham tor-mor keltirish mo‘ljallangandi. 3-avgustda shiddat bilan hujumga o‘tgan Germaniya qo‘shini yaqin bir oy ichida Parijga yaqinlashib qoldi. Fransiyaning taslim bo‘lishi muqarrardek edi. Hatto hukumat vaqtincha bo‘lsa-da, Parijdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.
Biroq Shliffen rejasi amalga oshmay qoldi. Bunga Fransiya hukumatining iltimosiga ko‘ra 17-avgust kuni Rossiyaning Germaniya va Avstriya-Vengriyaga qarshi boshlangan hujumi sabab bo‘ldi. G‘arbiy frontda Germaniya harbiy qudratining ma’lum darajada kuchsizlanishi Fransiyani saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, bu hol Fransiyaga kuch to‘plab qarshi hujumga o‘tishiga imkon yaratdi. Germaniya rus qo‘shinini Sharqiy Prussiyadan siqib chiqarsa-da, rus qo‘shini Avstriya–Vengriyaga qarshi hujumini davom ettirdi. Marna daryosi bo‘yida Fransiya va Buyuk Britaniyaning birlashgan qo‘shini 1914-yilning sentyabrida Germaniya qo‘shiniga qarshi hujumga o‘tdi.
Marna jangida har ikki tomondan 2 mln. ga yaqin jangchi qatnashdi. Bu jangda Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘shinining qo‘li baland keldi. Og‘ir ahvolga tushib qolgan nemis qo‘mondonligi 9-sentyabrda butun G‘arbiy front bo‘ylab chekinishga majbur bo‘ldi. Marna jangida erishilgan g‘alaba tufayli Germaniyaning yashin tezligida g‘alaba qozonish rejasi barbod bo‘ldi.
Turkiyaning urushga kirishi
Turkiya hukmron doiralarining aksariyati Germaniya tarafida turib urushda qatnashishni maqsadga muvofiq deb hisoblardi. Chunki ularning fikricha, Turkiyaning o‘zi bosib olishi mo‘ljallagan yerlari yo Rossiya yoki Buyuk Britaniya qo‘l ostida edi. Ana shu bosqinchilik niyatini amalga oshirish ilinji Turkiyani 1914-yilning 2-avgustida yashirin sharoitda Germaniya bilan ittifoq shartnomasini imzolashga olib keldi. 11-oktyabr kuni Germaniya Turkiyaga katta miqdorda qarz taklif etdi. Turkiyadan shu qarzni olgan zahotiyoq urushga kirishga va’da oldi. Germanparast, harbiy vazir va bosh qo‘mondon Anvar poshsho 29-oktyabr kuni Turkiya flotiga nemis admirali Sushan qo‘mondonligida Qora dengizga chiqishga va Rossiyaning hududlarini o‘qqa tutishga buyruq berdi. 2-noyabr kuni Rossiya Turkiya hujumiga javoban unga urush e’lon qildi. Urush harakatlari uzunligi 350 km bo‘lgan Kavkaz frontini vujudga keltirdi. 5-6-noyabr kunlari Buyuk Britaniya va Fransiya ham Turkiyaga urush e’lon qilishdi. 1915-yilning 19-yanvarida Antanta harbiy dengiz kuchlari Turkiyaga qarshi Dardanell bo‘g‘ozida harbiy operatsiyalarni boshlab yubordi. Germaniya mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanib, Turkiyaga yordam ko‘rsatdi. Natijada, Buyuk Britaniya harbiy dengiz flotiga katta talafot yetkazildi. Bu operatsiya natijasida 200 ming ingliz soldati halok bo‘ldi va yaralandi.
ʻʻBuyuk chekinishʼʼ
Sharqiy front 1915-yilda asosiy urush harakatlari maydoniga aylandi. Germaniya va Avstriya–Vengriya o‘z qurolli kuchlarining yarmiga yaqinini Rossiyaga tashlashga qaror qildi. Ittifoqchilarning qo‘shinlari 1915-yilning bahorida hujum harakatlarini Galitsiyadan (G‘arbiy Ukraina) boshladi. Natijada 1915-yilning bahori va yozida rus qo‘shini qonli mudofaa janglari olib borishga majbur bo‘ldi. Rus qo‘shini mislsiz darajada talafot ko‘rdi. Chunonchi, 850 ming soldat va zobit halok bo‘ldi. 900 ming nafari esa asirga tushib qoldi. Rus qo‘shini qattiq qarshilik ko‘rsatsa-da, kuchlar noteng bo‘lgan janglar natijasida Polshani, Boltiqbo‘yi, G‘arbiy Belorus va G‘arbiy Ukrainaning bir qismini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Bu chekinish birinchi jahon urushi tarixiga ʻʻbuyuk chekinishʼʼ nomi bilan kirdi.
G‘arbiy frontdagi ahvol
Sharqiy frontdagi dastlabki muvaffaqiyatlardan ruhlangan Germaniya G‘arbiy frontdagi ahvolini ham o‘zgartirib olmoqchi bo‘ldi. Bu o‘rinda u mutlaqo yangi qurol — suvosti kemalariga katta umid bog‘ladi. Ayni paytda Germaniya harbiy harakatlar hududlaridagi har qanday suvusti kemalarini ham cho‘ktirib yuborish niyatida edi. Shunday qildi ham. Chunonchi, 1915-yilning 7-may kuni Germaniya suvosti kemalari Buyuk Britaniyaning ʻʻLuzitaniyaʼʼ deb ataluvchi ulkan yo‘lovchilar tashish kemasini cho‘ktirib yubordi. Uning bortida jami 2000 ga yaqin yo‘lovchi (shu jumladan, 126 nafar AQSH fuqarosi) bor edi. Yo‘lovchilarning yarmidan ko‘pi halok bo‘ldi. Bundan tashqari Germaniya floti tomonidan yuzlab yuk kemalari yo‘q qilib tashlandi. Germaniya faqat suvosti kemalaridangina foydalanib qolmadi. U 1915-yilning 25-aprelida Ipr jangida urushlar tarixida birinchi marotaba kimyoviy qurol — zaharli gaz (xlor) ishlatdi. Buning natijasida 15000 kishi zaharlandi. Ulardan 5 mingi vafot etdi. Biroq bu qurol ham Germaniya kutgan natijani bermadi. Antanta qo‘shini tez orada gazga qarshi himoya vositasi (protivogaz) bilan ta’minlandi.
Italiyaning urushga kirishi
Italiya rasman ʻʻUchlar ittifoqiʼʼning a’zosi bo‘lsa-da, uning maqsadi urushda kimning qo‘li baland kelishiga amalda ishonch hosil qilish hamda qaysi tomon Italiyaga urushdan so‘ng ko‘p o‘lja va’da qilishini kutib turish edi. Antanta Italiyaga u so‘ragan hududlarning barchasini berishga rozi bo‘ldi. 1915-yilning 26-aprelida Antanta bilan Italiya o‘rtasida Londonda shartnoma imzolandi.
Shartnomaga ko‘ra, Italiya bir oy o‘tgach o‘zining sobiq ittifoqdoshlariga qarshi urushga kirishi zarur edi. Bu majburiyat Buyuk Britaniyaning Italiyaga 50 mln. funt sterling hajmda qarz berishi bilan mustahkamlandi. 3-may kuni Italiya hukumati ʻʻUchlar ittifoqiʼʼ to‘g‘risidagi shartnomadan chiqqanini bildirdi. 23-may kuni esa Avstriya–Vengriyaga qarshi urush e’lon qildi. Italiyaning Antanta tomoniga og‘dirilishi Germaniya diplomatiyasining katta mag‘lubiyati edi.
Yaponiyaning Uzoq Sharq va Tinch okeandagi harakatlari
Yevropada borayotgan urush harakatlari Uzoq Sharq va Tinch okeandagi Yaponiyaning harbiy harakatlari uchun qulay sharoit tug‘dirdi. U 1915-yilning 18-yanvarida Xitoy hukumati oldiga Shandun viloyatini Germaniya ta’sir doirasidan Yaponiya ta’sir doirasiga o‘tkazish; Sharqiy Ichki Mo‘g‘iliston va Janubiy Manchjuriyada Yaponiyaning mavqeyini yanada mustahkamlashga imkon berish; Port Artur, Janubiy Manchjuriya va Andun Mukden temiryo‘llarining ijara muddatini yana 99 yilga uzaytirish; Yaponiya fuqarolarining Janubiy Manchjuriya va Sharqiy Ichki Mo‘g‘ilistonda yer maydonlariga ega bo‘lish kabi talablarni qo‘ydi. Ayni paytda Yaponiya voqeaga AQSHning aralashuvi mumkinligidan tashvishga ham tushib qoldi.
Shu tufayli Xitoy oldiga qo‘ygan qator talablaridan voz kechdi. 8-may kuni Xitoy Yaponiyaning biroz yumshatilgan talablarini qabul qildi. Rossiya qo‘shinining 1915-yilgi buyuk chekinishi Bolgariyani kimning tarafida urushga kirishi masalasini hal etdi. 1915-yilning 6-sentyabr kuni Avstriya–Vengriya va Bolgariya, 15-sentyabr kuni esa Bolgariya va Turkiya o‘rtasida ittifoqchilik shartnomalari imzolandi. Shu tariqa ʻʻTo‘rtlar ittifoqiʼʼ vujudga keldi.
14-oktyabr kuni Bolgariya, Germaniya, Avstriya–Vengriya qo‘shinlari Serbiyaga hujum qildi. Shu tariqa Serbiya bosib olindi.
Buyuk chekinish — rus armiyasining 1915-yil bahor va yozida og‘ir talafotlar bilan chekinishi.
ʻʻTo‘rtlar ittifoqiʼʼ —1915-yil 15-sentyabrda Bolgariyaning Germaniya, Avstriya–Vengriya va Turkiya ittifoqiga qo‘shilishi natijasida vujudga kelgan ittifoq. Buyuk Britaniya davlat arbobi Lloyd Jorjning quyidagi so‘zlariga sharh bering: ʻʻTarix o‘zining xudbinlarcha qaysarligi bilan quroldosh rus o‘rtoqlarini halokatga duchor etgan Fransiya va Buyuk Britaniyaning harbiy qo‘mondonligidan javob talab qiladi. Holbuki, ular ruslarni osongina qutqarishi mumkin edi“.