AQSH harbiy qudratining namoyishi
Mamlakatning bepoyon hududlari va Rossiyadan sotib olingan Alaskani o‘zlashtirish bilan band bo‘lgan AQSH mustamlakalar va o‘z ta’sir doiralarini qo‘lga kiritishga Yevropa mamlakatlaridan kechroq kirishdi. Uning e’tibori dastlab Lotin Amerikasi, Karib havzasi va Tinch okean bo‘yida joylashgan mamlakatlarga qaratildi.
AQSH Lotin Amerikasida hukmron bo‘lib olish uchun kurashib, riyokorlik bilan ʻʻHamma Amerika mamlakatlarining manfaatlari bittaʼʼ, degan g‘oyani targ‘ib qilib keldi. 1889-yilda AQSH Davlat departamenti tashabbusi bilan Vashingtonda birinchi Panamerika konferensiyasi chaqirildi. Birinchi Panamerika konferensiyasining birdan bir aniq natijasi xalqaro ʻʻAmerika respublikalari syezdiʼʼ assotsiatsiyasini tuzishdan iborat bo‘ldi. AQSH ning G‘arbiy yarimshardagi mamlakatlar ustidan tanho hukmronlik qilishga qaratilgan Panamerikanizm siyosati shu tariqa vujudga keldi.
ʻʻMonro doktrinasiʼʼga tayanib, ko‘p o‘tmay Samoa orollari qo‘lga kiritildi.
1898-yilda Tinch okeanning eng markazida, Osiyoga olib boradigan strategik jihatdan muhim bo‘lgan dengiz yo‘llari kesishgan joydagi Gavayi orollari bosib olindi. XIX asrning oxirida AQSH nihoyatda qudratli davlatga aylandi. Ispaniyaga qarashli Kuba oroli Amerika hukmron doiralarining havasini keltirardi. AQSH Ispaniyaga qarshi urushga tayyorlana boshladi. AQSH o‘z fuqarolarining manfaatini himoya qilish bahonasi ostida 1898-yil Kuba sohillariga o‘z harbiy kemasini yubordi.
Bu harbiy kema Gavana reydida turgan joyda noma’lum sababga ko‘ra portlab ketdi. AQSH bu qo‘poruvchilikda Ispaniyani aybladi. Kongress esa Ispaniyaga qarshi urush harakatlarini boshlash haqida qaror qabul qildi.
Bu dunyoni qayta bo‘lib olish yo‘lidagi birinchi urush edi. 3 oy davom etgan urushda Ispaniya yengildi va sulh so‘rashga majbur bo‘ldi. 1898-yil 10-dekabrda Parij shahrida AQSH-Ispaniya tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, AQSH Puerto Riko va Guam orollariga, Ispaniyaga 20 mln. dollar to‘lab Filippinga ham ega bo‘lib oldi. 1898-yilda Kuba nomiga mustaqillik oldi. Amalda esa AQSHga qaram bo‘lib qolaverdi.
Panama kanali
AQSH Karib dengizi havzasida ham tajovuzkor siyosat olib bordi. 1903-yilda Kubaga majburan shartnoma qabul qildirdi. Unga ko‘ra, AQSHning ruxsatisiz bironta davlat bilan ittifoq tuzish yoki o‘zining ichki siyosatiga birorta o‘zgarish kiritish huquqidan mahrum etildi. AQSHning Meksikaga kiritgan kapitali 1911-yil oxirida 1,5 mlrd. dollarga yetdi. Asosiy ishlab chiqarishning deyarli 70 foizi AQSH monopolistlarining qo‘liga o‘tdi. AQSH Gvatemala, Kosta-Rika va Nikaraguaga asoratli shartlar asosida qarzlar berdi. Bu qarzlarni berish vaqtida qo‘yilgan shartlar AQSHning bu mamlakatlar ichki ishlariga aralashuviga imkon berardi. Gavayi va Filippin orollari bosib olingani hamda Tinch okean bo‘yida joylashgan mamlakatlar bilan savdo-sotiqning kuchaygani sababli AQSH Tinch va Atlantika okeanlarini birlashtiruvchi kanal qurish masalasiga alohida ahamiyat bera boshladi.
Fransiyadan Panama kanalini qurayotgan va kasodga uchragan aksiyadorlik jamiyatining hamma aksiyalarini arzon-garovga sotib oldi. Kanal Kolumbiya hududida edi. Endilikda kanal qurish va undan foydalanish huquqiga Amerikaning to‘la ega bo‘lishiga Kolumbiya Senati qarshilik qildi. Shundan so‘ng, 1903-yil 3-noyabrda AQSH Panamada Kolumbiyaga qarshi isyon tashkil etdi va u yerda ʻʻqo‘g‘irchoqʼʼ hukumat tuzdi. Panama mustaqil respublika deb e’lon qilindi.
AQSH Panama Respublikasining mustaqilligini tan oldi. Panama hukumati AQSH bilan kanal qazish, temiryo‘llar va Panama kanali bo‘yida istehkomlar qurish uchun Amerikaga juda keng huquqlar bergan shartnomani imzoladi. Buning evaziga Panama 10 mln. dollar oldi va yiliga 250 ming dollar renta olib turadigan bo‘ldi.
AQSH Panama kanali qurilishiga e’tiborini kuchaytirdi. Qurilish 10 yil davom etib, 1914-yilda tugallandi. Kanal AQSHning Atlantika okeani sohillaridan Tinch okean sohillariga boradigan dengiz yo‘lini ancha qisqartirib, AQSH uchun strategik va iqtisodiy jihatdan juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Panamerika ittifoqi
1910-yilda Buenos Ayresda o‘tkazilgan IV Panamerika konferensiyasida Amerika Respublikalari ittifoqi tashkiloti ʻʻPanamerika ittifoqiʼʼ deb nomlandi va AQSH manfaati uchun niqob bo‘ldi. 1912-yilda prezident Taft ʻʻdollar diplomatiyasiʼʼ siyosatini e’lon qildi. Bu siyosat, asosan, iqtisodi nochor bo‘lgan Lotin Amerikasi davlatlariga nisbatan qo‘llandi. ʻʻYordam berishʼʼ niqobi ostida sotib olish, davlat to‘ntarishlari uyushtirish oddiy holga aylanib qoldi. Lotin Amerikasini bo‘ysundirish uchun boshqa davlatlarga qarshi kurashda AQSH ʻʻMonro doktrinasiʼʼ (VIII sinf darsligiga qarang. ʻʻAmerika amerikaliklar uchunʼʼ shiori)ga tayanib ish olib bordi.
Bu doktrinani Teodor Ruzvelt AQSHga moslab talqin etdi. Unga ko‘ra, Amerika mamlakatlaridan birontasida tartibsizliklar doimiy tus olgan taqdirda xalqaro politsiya rolini bajarish AQSHning burchi bo‘lishi kerak edi. Shu tariqa ʻʻyo‘g‘on kaltakʼʼ atamasi vujudga keldi. ʻʻYo‘g‘on kaltakʼʼ siyosati AQSHni „G‘arbiy yarimsharning politsiyasigaʼʼ aylantirdi.
ʻʻOchiq eshiklar va teng imkoniyatlarʼʼ doktrinasi
AQSH XX asr boshlarida Xitoyga ekspansiya qilishni kuchaytirib yubordi. Biroq boshqa davlatlar Xitoyni o‘z ta’sir doiralariga taqsimlab olgani sababli AQSH uchun o‘z tovarlarini shu ʻʻta’sir doiralariʼʼga olib kirishga, so‘ngra o‘zining tanho hukmronligini o‘rnatishga imkon beradigan doktrina topish zarur bo‘lib qoldi.
1899-yilda AQSH davlat kotibi Xey Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Fransiya va Italiyaga ayni bir mazmunda nota yubordi. Unda tarixga ʻʻOchiq eshiklar va teng imkoniyatlarʼʼ nomi bilan kirgan doktrina o‘z ifodasini topgandi.
Bu doktrinaga ko‘ra, AQSH Xitoydagi mavjud ʻʻta’sir doiralariʼʼ ni tan olardi. Ayni paytda esa Amerika tovarlari uchun shu ʻʻta’sir doiralariʼʼni ochib qo‘yishni, ya’ni savdo-sotiq erkinligini talab qilardi. Shuningdek, biror-bir davlat Xitoyda savdo qilish uchun hech qanday imtiyoz olmasligi zarur edi. AQSH Xitoyning boshqa davlatlarga bergan imtiyozlarini Amerika kapitalining Xitoyga kirib kelishiga va Osiyoda o‘zining cheksiz hukmronligini o‘rnatish rejasining amalga oshirilishi yo‘lidagi g‘ov deb hisoblardi. Prezident V. Vilson tashqi siyosatda o‘zining yaqin o‘tmishdoshlari qatori AQSHning dunyoda eng qudratli ta’sirga ega bo‘lishi uchun kurashdi. Chunonchi, u bunday deb yozgandi: ʻʻYangi davr arafasida turibmiz.
Bu davrda biz amerikaliklar dunyoni boshqarishimiz kerakʼʼ. Ha, tez orada shunday bo‘ldi ham. Birinchi jahon urushi AQSH maqsadlarining ro‘yobga chiqishiga imkon yaratdi.
Davlat departamenti — AQSH tashqi ishlar vazirligi.
Doktrina (lotincha — ta’limot) — siyosiy rahbarlik tamoyili.
Nota (lotincha) — bir davlatning boshqa davlatga yozgan rasmiy murojaatnomasi.