Ijtimoiy harakat
AQSH iqtisodining rivojlanishi va dunyoda birinchi davlatga aylanishi jamiyat hayotidagi barcha ijtimoiy muammolarni o‘z-o‘zidan bartaraf etishga olib kelgani yo‘q. AQSHda ham ishchilar sinfi o‘z haq-huquqlari uchun qattiq kurash olib borishga majbur bo‘lgan. Bu davrdagi ishchilar harakatining asosiy maqsadi 8 soatlik ish kuni joriy etilishiga erishish edi. 1886-yil 1-may kuni umumiy ish tashlashlarda 350 mingdan ortiq ishchi ishtirok etdi. Buning natijasida 200 mingga yaqin ishchi 8 soatlik ish kuni joriy etilishiga erishdi. Biroq keyingi 2 yilda bu muvaffaqiyat deyarli yo‘qqa chiqdi.
8 soatlik ish kuni uchun boshlangan harakat Chikagoda juda ham keskin tus oldi. Shaharning Senno maydonida bo‘lgan ommaviy miting vaqtida politsiya ish tashlaganlarga qarab o‘q uzdi. Natijada 6 kishi o‘ldirildi va ko‘plab ishchilar yarador bo‘ldi. Darg‘azab bo‘lgan Chikago ishchilari bu xunrezlikka qarshi norozilik bildirib, ommaviy miting tashkil qildi. Qurolli politsiyachilar guruhi ishchilarga qarshi yuborildi. Sudning qaroriga muvofiq, ommaviy harakat rahbarlaridan 4 kishi dorga osildi. Ular o‘limga tik qarashdi. Osib o‘ldirishga mahkum qilinganlardan biri — Shpis oxirgi so‘zida ʻʻShunday zamon keladiki, bizning sukunatimiz nutqlarimizdan ham o‘tkirroq bo‘ladiʼʼ, degan edi. XIX asr oxiriga kelib, ijtimoiy harakatga rahbarlik 1881-yilda tuzilgan ʻʻQo‘shma Shtatlar va Kanada uyushgan tred-yunionlari va ishchi ittifoqi federatsiyasiʼʼga o‘tdi. 1886-yilda u Amerika Mehnat Federatsiyasi degan nom oldi. AMF, asosan, yuqori malakali ishchilar manfaatini himoya qilardi.
1914-yilda uning a’zolari soni 2 mln. kishini tashkil etdi.
Tashkilot ishchilar manfaati yo‘lidagi kurashda Kongress a’zolari hamda korxona egalariga ta’sir o‘tkazishga alohida e’tibor berdi. Hukumat 1894-yilda sentyabrning birinchi dushanbasini ʻʻMehnat kuniʼʼ bayrami deb e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Bu bayram hozirgacha nishonlanib kelinmoqda. 1913-yil sentyabrda kon ishchilari og‘ir mehnat sharoitiga qarshi ish tashlashdi. Ular 8 soatlik ish kuni joriy etilishini va ish haqini oshirishni talab etishdi. Hukumat ishchilarga qarshi kuch ishlatdi. Butun Kolorado shtatida harbiy holat e’lon qilindi. Ishchi lagerlari o‘qqa tutildi.
Ko‘plab ishchilar halok bo‘ldi va yarador qilindi. Ish tashlovchilarning rahbarlari esa otib tashlandi. Ishchilar majburan konlarga qaytarildi.
Qora tanlilar ahvoli
Fuqarolar urushidan so‘ng qora tanli qullar ozodlikka erishdi. Biroq ular tenglikka erisha olishmadi. Mamlakatda segregatsiya tartibi qaror topdi. Qora tanlilar oq tanlilar o‘qiydigan maktabga, ular qatnaydigan cherkovga borolmasdi. Oq tanli chiqqan transportga chiqolmasdi. Hatto qabristonlar ham alohida edi.
Shu tariqa mamlakatda irqchilik avj oldi. Ayniqsa, Janubda yashaydigan qora tanlilarning ahvoli og‘ir edi. Ular Shimolga qochib o‘tishardi. Biroq bu yerda ham ular alohida mavzelarda yashashga majbur edi. Qarzdor qora tanli qamoqqa olinishi va qarzdan qutulishi uchun istagan kishiga shartnoma asosida ishchi qilib berilishi mumkin edi. Janubiy shtatlarda ular saylov huquqidan mahrum etilgandi.
Ularning ilg‘or ziyoli guruhlari qora tanlilarning teng huquqli fuqaro bo‘lishlari yo‘lidagi kurashga rahbarlik qilishdi. Ular kurashning tinch yo‘lini tanlashdi.
Hindular ahvoli
AQSHning tub yerli aholisi—hindular qattiq azob-uqubatlarga duchor etildi.
Hindular o‘z haq-huquqlari uchun kuchlari yetguncha kurashishdi. Biroq kuchlar nihoyatda noteng bo‘lgan kurashda ular yengildi. 1880-yilgi oxirgi jangda yengilgan hindular alohida rezervatsiyalarga surib chiqarildi. Bu rezervatsiyalar unumsiz tashlandiq yerlar edi. Bu yerda ular hukumat ʻʻvasiyligiʼʼga olindi.
Hindular masalasi ana shunday yo‘l bilan hal etildi. Ayni paytda AQSH Kongressi hindularga fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga imkon beruvchi qonun qabul qildi. Biroq qonun amalga oshmay qolaverdi. Bunga, birinchidan, hindularga ajratilgan yer maydonlarining unumsizligi, ikkinchidan esa fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanish hindularning jamoaviy turmush tarziga zid kelishi sabab bo‘ldi.
T. Ruzvelt va V. Vilsonlar davrida ichki siyosat
1900-1914-yillar AQSH tarixiga ʻʻtaraqqiyparvar davrʼʼ nomi bilan kirgan. Bunga AQSH prezidentlarining monopoliyalarga qarshi kurash olib borganliklari sabab bo‘lgan. Monopoliyalarga qarshi kurashdan maqsad — o‘rta tabaqalar manfaatini himoya qilish edi. Monopoliyalarga qarshi kurash tarafdorlari taraqqiyparvarlar deb ataldi. Ularning safida 1901-yilda AQSH prezidenti lavozimini egallagan Teodor Ruzvelt ham bor edi. U Amerika—Ispaniya urushida shaxsan qatnashib, shuhrat qozongandi. T. Ruzveltning monopoliyalarga qarshi kurash siyosati ʻʻAdolatli yo‘lʼʼ deb nom oldi. Uning hukumati, ayni paytda, ishchilar bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi mojarolarda hakamlik vazifasini ham bajara boshladi. Hukumat trestlarga qarshi 20 dan ortiq sud jarayonini tashkil etdi. Bular ma’lum natijalar ham berdi. Xususan, sud qarori bilan Morgan nazorat qiladigan temiryo‘l kompaniyasi ikkiga bo‘lindi. 1906-yilda temiryo‘llar faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi.
1912-yilgi prezident saylovlarida demokrat Vudro Vilson g‘alaba qozondi. U Birinchi jahon urushi arafasida bojxona tariflari to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinishiga erishdi. Qonunga ko‘ra, tarif stavkasi 10 foizga kamaytirildi. Daromadning oshib borishiga qarab, qo‘shimcha soliq solinadigan bo‘ldi. Saylov tizimida ham islohot o‘tkazildi. Unga ko‘ra, oldin ayrim shtatlarning qonun chiqaruvchi organlari tomonidan saylanadigan senatorlar endi xalqning ovoz berishi bilan saylanadigan bo‘ldi. 1914-yilda AQSH Kongressi trestlarga qarshi qonun qabul qildi. Qonun ish tashlash davrida trestlarga yetkazilgan zararni kasaba uyushmalaridan undirib olish tartibini bekor qildi.
Rezervatsiya (lotincha — saqlayman) — biror davlatda tub joy aholisining omon qolgan qismini zo‘rlab joylashtirish uchun ajratilgan hudud.
Segregatsiya (lotincha — bo‘lish) — ayrim davlatlarda aholini majburan irqiy guruhlarga bo‘lish.