Amerika Qo‘shma Shtatlari


Iqtisodiy taraqqiyot

Fuqarolar urushidan keyin yagona ichki bozorning vujudga kelgani, qulchilikning tugatilishi, quldorlik latifundiyalarining bekor qilinishi, unumdor yerlarning, foydali qazilma boyliklarining ko‘pligi, sersuv daryolar va poyonsiz o‘rmonlar Amerika xalqining tadbirkorligi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining nihoyatda tezlashuviga sabab bo‘ldi. Ayni paytda AQSHga qo‘shni davlatlar (Kanada va Meksika) kuchsiz edi. Bu hol AQSHni ortiqcha harbiy xarajatlardan xalos etdi. Bundan tashqari AQSHga yashash uchun kelganlarning katta qismi amalda yuqori malakali mutaxassislar edi. 1870-1914-yillarda AQSHga 25 mln. kishi ko‘chib keldi. Bu ham AQSH taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, ishchi kuchiga doimiy muhtojlik yangi texnika va texnologiyalarning ishlab chiqarishga keng joriy etilishiga yo‘l ochdi. Qo‘lida biror hunarning yo‘qligi uyat hisoblanadigan hodisaga aylandi. Bu omillar ham AQSHning gurkirab rivojlanishiga olib keldi.

XIX asrning oxirgi o‘ttiz yili AQSH tarixida taraqqiyotning yuksakligi va juda muhim iqtisodiy va siyosiy voqealar bo‘lgani bilan xarakterlanadi. Agar 1860-yil AQSH sanoat mahsuloti hajmi jihatidan dunyoda 4-o‘rinda turgan bo‘lsa, 1894-yilga kelganda birinchi o‘ringa chiqib oldi. 1894-yilda AQSHning sanoat mahsuloti G‘arbiy Yevropadagi hamma mamlakatlar mahsulotining yarmiga teng va Buyuk Britaniya mahsulotidan esa ikki baravar ortiq edi.

AQSHda keng ichki bozorning vujudga keltirilishi kapitalizm taraqqiyoti uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunga qishloq xo‘jaligidagi kapitalizm taraqqiyotining ʻʻamerikacha yo‘liʼʼ (ekin maydonlarini kengaytirish hisobiga mahsulotni ko‘paytirish) g‘alaba qilgani, g‘arbiy hududlarning tezlik bilan o‘zlashtirilgani, katta tezlik bilan temiryo‘llar qurilgani va immigratsiya natijasida aholining tez ko‘payishi ham yordam berdi. AQSH sanoati o‘sishida Yevropa kapitali ham muhim rol o‘ynadi. Yevropa davlatlarining AQSHga qo‘ygan kapitali 1890-yilda 3 mlrd. dollarga yetdi. Biroq AQSH chetga kapital chiqarish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyadan orqada edi.

Ishlab chiqarishning markazlashuvi

XX asr boshlarida mamlakatda ishlab chiqarishning markazlashuvi hamda bank kapitali bilan sanoat kapitalining qo‘shilib ketishi davom etdi. Sanoat mahsulotining qiymati 1909-yilda 20 mlrd. dollardan oshdi. Bu Buyuk Britaniya sanoat mahsulotlari qiymatidan 2,5 baravar, Germaniyadagidan 2 baravar ortiq edi.
I jahon urushi davrida AQSHda qazib chiqarilayotgan toshko‘mirning, ishlab chiqarilayotgan cho‘yan va po‘latning miqdori Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya erishgan jamiki miqdoriga teng edi. Sanoatning barcha tarmoqlari bo‘yicha AQSH jahonda birinchi o‘ringa chiqdi. Ishlab chiqarishning deyarli hamma tarmoqlarida trestlar tashkil etildi. Po‘lat, neft, mis, elektr va shu kabi sanoat tarmoqlari ʻʻqirollariʼʼning qudratli sulolalari vujudga keldi. Ford avtomobil qiroliga aylandi.

1901-yilda Morgan 1 milliard dollarlik kapitalga ega bo‘lgan ʻʻPo‘lat korporatsiyasiʼʼ deb atalgan katta trestni tashkil etdi. Eng yaxshi kokslanadigan ko‘mir konlari joylashgan 5000 gektardan ko‘proq yer, ming milyadan uzunroq temiryo‘l, 100 dan ortiq savdo kemalari shu trestning qo‘lida edi. Rokfellerning ʻʻStandart oylʼʼ tresti jami neft mahsulotining 90 foizini, okeanlarda qatnaydigan yuzlab paroxodlarni o‘z qo‘liga oldi. 1914-yilga kelib, aholining 2 foizini tashkil etgan sarmoyadorlar milliy boylikning 60 foiziga egalik qila boshladi.

Qishloq xo‘jaligidagi tub o‘zgarish

Qishloq xo‘jaligidagi tub o‘zgarishning mazmunini qo‘l mehnati o‘rnini mashinaning tobora ko‘proq egallab borishi tashkil etdi. 1860-1910-yillar oralig‘ida AQSHda fermerlar soni 3 marta ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer esa 160 mln. gektardan 352 mln. ga yetdi. AQSHda G‘arbiy Yevropaga o‘xshash qirol xonadoni ham, Sharq mamlakatlaridagi singari yirik zamindorlar ham, katta-katta mulklarga ega bo‘lgan cherkov yer egaligi ham yo‘q edi. Tez orada qishloq xo‘jaligi texnikalari ixtiro qilindi. Bular xashakni press qiladigan mashina, g‘alla o‘radigan va yanchadigan mashina (kombayn), ekuvchi, qirquvchi, po‘st archuvchi, yerni yumshatuvchi, o‘g‘it sochuvchi, kartoshka ekuvchi, somon qurituvchi, uy parrandalari inkubatori kabilardan iborat bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlari ham keng qo‘llana boshlandi.

Janubdagi ahvol

Janubda fuqarolar urushidan keyin katta o‘zgarishlar yuz berdi. Qulchilik tugatildi.
Aholi faollashdi. 1870-yilda AQSH konstitutsiyasiga tuzatish kiritildi. Unga ko‘ra, ʻʻirqi, terisining rangi yoki ilgarigi qullik holatini bahona qilibʼʼ saylovlarda ishtirok qilishni har qanaqasiga cheklash bekor qilindi. Janubdagi shtatlarning yangi hukumatlari tarkibida qora tanli aholi ham qatnasha boshladi. Davlat maktablari tizimi vujudga keltirildi. Adolatli soliq tizimi joriy etildi. Irqiy kamsitish qonunlari bekor qilindi. Mahalliy hokimiyat organlari demokratlashtirildi. Keksalar, nogironlar va yetim-yesirlar uchun xayriya jamiyatlari tashkil qilindi.

Kongress 1872-yilda Janubdagi sobiq isyonchilarga umumiy afv berish to‘g‘risidagi qonun qabul qildi. Ayni paytda isyon boshliqlaridan 500 ga yaqin kishining davlat vazifalarida ishlashi taqiqlandi. Bu hol plantatorlarning eski tartiblarni tiklash uchun kurash olib borishiga bahona bo‘ldi. Janubda ʻʻKu-kluks-klanʼʼ singari irqiy-terrorchi tashkilot yana bosh ko‘tardi. Taraqqiyparvar ziyoli xodimlardan o‘ch olish va ʻʻLinch sudlariʼʼ yana oddiy hodisaga aylandi. Janub qora tanli aholi uchun ʻʻturmaʼʼ bo‘lib qoldi. Prezident saylovlari oldidan faqat ikki janubiy shtat (Janubiy Karolina va Luiziana shtatlari) respublikachilar qo‘li ostida qoldi xolos.

Ikki partiyaviy tizim

AQSHda kuchli prezidentlik respublikasi qaror topdi. Ayni paytda kuchli ikki partiyaviy tizim ham chuqur ildiz otdi. 1828-yilda tashkil topgan Demokratik partiya fuqarolar urushi vaqtida ʻʻyeganʼʼ zarbalaridan o‘zini tez ʻʻo‘nglab olibʼʼ, yirik yer egalari, boy fermerlar, Janub burjuaziyasi va Shimol sanoatchilari, moliyachilar manfaatini himoya qiluvchi partiya bo‘lib qoldi. 1854-yilda tashkil topgan Respublikachilar partiyasi yirik sanoatchilar va moliyachilar partiyasiga aylandi.
Har ikkala partiya ham mayda fermerlarga va shaharlardagi mayda burjuaziyaga, ishchilarga o‘z ta’sirini o‘tkazish uchun kurash olib bordi. Lekin ishlab chiqarish yanada o‘sib, ijtimoiy harakat rivojlanib borgan sari bu partiyalar o‘rtasidagi farq asta-sekin yo‘qolib bordi.

Amerika burjuaziyasi ikki partiyali tizimdan ustalik bilan foydalanib keldi. Agar hokimiyat tepasida respublikachilar turgan bo‘lsa, demokratlar hukumatni tanqid etar, o‘zlarini esa xalq manfaatlarini himoya qiluvchilar qilib ko‘rsatib, norozilarning katta qismini o‘z tomonlariga og‘dirib olishadi. Demokratlar g‘alaba qilgan taqdirda muxolifatchi partiya rolini respublikachilar o‘ynardilar. Bu omil amalda boshqa uchinchi partiya tuzilishiga jiddiy to‘siq bo‘lib keldi.

Korporatsiya (lotincha—birlashma) — monopolistik aksiyadorlar birlashmasi.

Latifundiya (lotincha) — katta yer-mulk.

Ku-kluks-klan — irqchilik terrorchi tashkilot.

Linch sudi — AQSHda qora tanli kishilar va demokratik harakat qatnashchilarini sudsiz va so‘roqsiz jazolash.

Milya — 1609,3 metrga teng uzunlik o‘lchovi.