Tanqidiy realizm
XIX asr oxiri–XX asrning boshlarida Yevropa mamlakatlarining madaniy hayotida realistik oqim bilan dekadentlik oqimi o‘rtasida kurash avj oldi.
Xalq dekadentlik ruhida yozilgan asarlarni qabul qilmadi. Natijada turmushni aniq ifodalaydigan asarlarga ehtiyoj ortdi. Realistik yozuvchilar atrofdagi voqelikni dadil va haqqoniy aks ettirishga intilishdi. Shuning uchun bu davr realizm yoki ʻʻtanqidiy realizmʼʼ nomini oldi. Bu davrda rus adabiyoti namoyandalari F. M. Dostoyevskiy, L. N. Tolstoy, A. P. Chexov chet ellardagi zamondoshlari uchun realistik ijodning yangi imkoniyatlarini ochib berishdi.
Gi de Mopassan o‘zining ʻʻHayotʼʼ, ʻʻAzizimʼʼ, ʻʻMont Oriolʼʼ va boshqa asarlari bilan fransuz badiiy dunyosida qator ijtimoiy masalalarni mahorat bilan rango-rang bo‘yoqlarda tasvirlagan ijodkordir.

Amerika yozuvchisi J. Londonning ijodi radikal intilishlar bilan ajralib turardi.
Uning ʻʻTemir tovonʼʼ romanida insoniyat oldida turgan halokat yoki dahshatli azoblar oldindan aytib berildi. Avtobiografik tarzdagi ʻʻMartin Idenʼʼ romanida yozuvchi halol ijod ahlining soxta madaniyat bilan fojiali to‘qnashuvini ochib berdi. Amerikalik yozuvchi T. Drayzerning ʻʻMoliyachiʼʼ, ʻʻTitanʼʼ romanlarida amerikalik monopolist, tojsiz qirol, puldor Kaupervudning umumlashgan obrazi berilgan. Kaupervud boyish uchun kurashda qalloblik usullaridan, odamlarni aldash, sotib olishdan foydalanib, o‘z maqsadi sari intiladi.
R. Rollan o‘zining ko‘p tomli ʻʻJan Kristofʼʼ romanida fransuz va german burjua jamiyatining buzilishini ko‘rsatadi. Uning qahramoni — kompozitor Kristof razillik, munofiqlik, amalparastlikni ko‘rib azoblanadi.
ʻʻMaydondagi yarmarkaʼʼ kitobi g‘oyat keskin fosh qilishi bilan ajralib turadi.
Bunda muallif sotqin vazirlarni ʻʻsaroy to‘tilariniʼʼ, ʻʻsotsialistʼʼ amalparastlarni, san’at korchalonlarini fosh qilishda satirik usullardan foydalanadi. Bu davrda satira katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Nemis yozuvchisi, yumorist G. Manning ʻʻSodiq fuqaroʼʼ romani hamda ʻʻImperiyaʼʼ trilogiyasiga kirgan boshqa asarlari juda katta fosh etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ldi. Uning sahifalarida ko‘plab qirollar va kanslerlarni, zodagonlarni va amaldorlarni, xalqqa xiyonat qilganlarni hamda viloyatlardan chiqqan zodagonlarni, hatto imperator Vilgelm II ni ko‘rish mumkin. Mavjud tuzumni hajv qilishning yirik ustasi, atoqli fransuz yozuvchisi A. Frans edi. Uning ʻʻSilvester Bonnarning jinoyatiʼʼ asarida ʻʻUchinchi Respublikaʼʼning illatlari, hukmron doiralarning ma’naviy buzilishi, siyosat arboblarining sotqinligi, monarxlarning fitnalari keskin, oshkora kulgi ostiga olindi. Atoqli amerikalik satirik yozuvchi M. Tvenning romanlari, hikoyalari, maqolalari achchiq va darg‘azab satiraga boydir.
ʻʻOlomon qiluvchi Qo‘shma Shtatlarʼʼ maqolasining nomi yoki ʻʻSenator turmada o‘tirmagan vaqtlarida qonun chiqaruvchi kishiʼʼ, ʻʻXalq xizmatkorlari — porani taqsimlash uchun o‘z lavozimlariga saylangan shaxslarʼʼ nomli o‘tkir ta’riflarning o‘zi juda qimmatlidir. Bu davrda jahon demokratik madaniyatining fondi Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlari yozuvchilarining ijodi bilan ham boyidi. Atoqli yapon yozuvchisi A. Ryunoske novellalarida tekinxo‘r mulkdorlar axloqining inqirozi, xalq ommasining umumiy kuchini anglash o‘z aksini topdi. Hind gumanist yozuvchisi R. Thokur falsafiy teranligi va badiiy barkamolligi bilan ajralib turuvchi romanlar, pyesalar, hikoya va she’rlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Uning butun ijodi milliy mustaqillikka otashin chaqiriqdan iborat edi. Ayniqsa, ʻʻHalokatʼʼ romani mashhur bo‘ldi.
Xitoylik Lu Sinning ijodi kambag‘allarning og‘ir ahvoliga chuqur hamdardlik ruhi bilan sug‘orilgandi.

Demokratik adabiyot
Demokratik adabiyot ijodkorlari tenglik va adolat tamoyillarining g‘alaba qilishiga, insonning ijodiy kuchlariga, uning dunyoni o‘zgartira olishiga ishonishardi. Uning namoyandalaridan biri amerikalik adiba G. Bicher Stou bo‘lgan. Uning ʻʻTom tog‘aning kulbasiʼʼ romani jahon adabiyotining nodir asarlaridan hisoblanadi. Romanda XIX asr Amerika qullari va quldorlari hayoti, ular o‘rtasidagi ziddiyat, qulchilikka qarshi qora tanlilar isyoni haqqoniy yoritilgan. Uning ʻʻMen va mening xotinimʼʼ, ʻʻBiz va qo‘shnilarimizʼʼ asarlarida ham Amerika hayoti haqqoniy tasvirlanadi. Jek Londonning tabiatni bo‘ysundirgan qahramon haqidagi ʻʻHayotga muhabbatʼʼ, ishchi va dehqonlar hayotiga bag‘ishlangan ʻʻBir parcha go‘shtʼʼ, ʻʻDengiz bo‘risiʼʼ va boshqa asarlari mashhurdir. Ingliz dramaturgi Bernard Shou o‘z asarlarida ekspluatatsiyani, meshchanlik axloqini, munofiqlik, soxtalikni qoralagan.
ʻʻQariyalar uyidaʼʼ, ʻʻQurol va insonʼʼ, ʻʻShayton shogirdiʼʼ, ʻʻMayor Barbaraʼʼ kabi asarlarida jamiyatdagi qusurlarni tanqid qilish bilan birga ijtimoiy taraqqiyotga, adolatga xizmat qiluvchi kuchlarni zo‘ravonlikka qarshi qo‘yish g‘oyalari ilgari suriladi.
Fransuz abidi Viktor Gyugo o‘zining ʻʻDahshatli yilʼʼ, ʻʻXo‘rlanganlarʼʼ, ʻʻTo‘qson uchinchi yilʼʼ kabi asarlarida zulmga, jaholat va adolatsizlikka qarshi norozilik, bosqinchilikka nafrat, kurashchan xalqqa xayrxohlik bildiradi va haqoratlangan mehnatkash insonning fojiali hayoti va kurashini tasvirlaydi.
Fransuz yozuvchisi Jyul Vern ilmiy-fantastik romanchilikning yirik vakili.
Yozuvchi ʻʻHavo sharida besh haftaʼʼ, ʻʻYer markaziga sayohatʼʼ, ʻʻKapitan Grant bolalariʼʼ, ʻʻO‘n besh yoshli kapitanʼʼ asarlarining qahramonlari — jasoratli, dovyurak, kurashchan kishilardir. Rus yozuvchisi L. N. Tolstoy umrining so‘nggi yillarida podsho Rossiyasining davlat, cherkov, iqtisodiy va ijtimoiy tartibotlarini, axloqsiz negizlarini tanqid qilishni davom ettirdi. A. P. Chexov ʻʻUch opa-singilʼʼ, ʻʻOlchazor bog‘ʼʼ pyesalarida juda katta kuch bilan ijtimoiy masalalarni umumlashtirishga harakat qildi. Bu davrda yaponiyalik mashhur yozuvchi Roka Tokutomining ʻʻKurosivoʼʼ, ʻʻYashamagan yaxshiʼʼ, Naoe Kinositoning ʻʻOlovli ustunʼʼ romanlari feodal qoldiqlarga qarshi, milliy qadriyatlarni asrashga, xorijning ma’naviy ta’siriga qarshi qaratilgandi.
Xitoy shoiri Xua Szunsyan o‘z she’rlarida xalqni bosqinchilarga qarshi kurashga chaqirdi. Tanqidiy romanlar kuchaydi.
Li Baotszya ʻʻBizning chinovniklarʼʼ, U Voyao ʻʻYigirma yil ichidaʼʼ, Lyu E „Lao San sayohatiʼʼ, Szen Pu ʻʻQahrli dengizdagi gullarʼʼ romanlari bilan mashhur bo‘ldi. Bu asarlarda mamlakat hayotidagi turli yovuzliklar, qarama-qarshiliklar, bosqinchilarning qilmishlari badiiy ifoda qilingandi.
Naturalizm
Naturalizm adabiyotni badiiy yangilashda inqilob yasadi. O‘sha davr hayotini o‘tkir badiiy bo‘yoqlarda tasvirlagan bir guruh san’atkorlar o‘zlarini naturalistlar deb atashdi. Ularning yirik namoyandalaridan biri fransuz yozuvchisi Emil Zolya Fransiyadagi barcha sinflar va ijtimoiy guruhlarning mavqeyini, turmush tarzini va psixologiyasini ko‘rsatishni oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Emil Zolyaning 20 jildlik ʻʻRugon- Makkarlarʼʼ asari Ikkinchi imperiya davridagi bir oilaning hayoti va ijtimoiy tarixiga bag‘ishlanadi. ʻʻJerminalʼʼ va ʻʻTor-morʼʼ romanlari uning ijodining cho‘qqisi hisoblanadi. Italiyada naturalizm namoyandalaridan Luiji Kapuana va Jovanni Vegalarni ko‘rsatish mumkin. Ular o‘z asarlarida Janubiy Italiyadagi qashshoqlikni, unga qarshi kurashuvchilarni badiiy mahorat bilan aks ettirishdi. Amerika naturalistlaridan Stiven Kreyn ʻʻJasoratning qonli belgisiʼʼ, Frenk Norris ʻʻGirdobʼʼ asarlarida juda katta ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiqishdi. Dekadentlik dastlab fransuz adabiyotida yaqqol namoyon bo‘lgan. ʻʻLa’nati shoirlarʼʼ deb nom olgan P. Verlen, A. Relebo, S. Mallorme kabi shoirlar yetakchilik qilgan simvolizm oqimiga dekadentlik nihoyatda kuchli ta’sir etgan.
Demokratik adabiyot — hukmron tabaqalar manfaatiga emas, xalq manfaatlariga, uning kelajagiga xizmat qiluvchi, kishilarni kelajakka ishonch ruhida tarbiyalovchi, voqelikni haqqoniy aks ettiruvchi adabiyot.
Dekadentlik (lotincha—tanazzul) — Yevropa madaniyatidagi inqiroz holatini umumiy tarzda ifoda etuvchi tushuncha.
Tanazzulga yuz tutish, umidsizlik kayfiyati, hayotdan bezishni o‘zida aks ettiruvchi oqim.