Verden jangi
Germaniya hukmron doiralari Rossiyani tor-mor etolmagach, yana asosiy e’tiborni G‘arbiy frontga qaratdi. Bundan ko‘zlangan maqsad—Fransiya taqdirini uzil-kesil hal etish edi. Shuning uchun Germaniya Fransiyaning Verden qal’asiga hujum uyushtirdi. Chunki bu qal’a Parijning yo‘lini to‘sib turardi. Germaniya qo‘shinining hujumi 1916- yilning 21-fevralida boshlandi va 21-martgacha davom etdi. Nemis piyoda askarlari hujumga ko‘tarilganda fransuzlar kutilmaganda ularni to‘plardan qattiq o‘qqa tutdi. Nemis qo‘shini atigi 7 km oldinga siljiy oldi. Germaniya qo‘shinining Verden yo‘nalishidagi harbiy harakatlari shiddatini yanada kamaytirish maqsadida Fransiya bosh qo‘mondonligi nemislarning Somma daryosi bo‘ylab o‘tgan mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga qaror qildi. Fransuz va ingliz qo‘shini 1-iyulda Somma daryosi bo‘yida hujumga o‘tdi. Bu qonli jang 18-noyabrgacha davom etdi. Bu jangda inglizlar urushlar tarixida birinchi bor yana bir yangi qurol — tankni ishga solishdi.
Po‘latdan yasalgan bu dahshatli qurol dushman qo‘shinini dastlab qattiq sarosimaga solib qo‘ydi. 1916-yilning 21-dekabridan boshlab nemis qo‘shini mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldi. Verden va Somma janglari misli ko‘rilmagan darajada qirg‘inbarot janglar ham bo‘ldi. Ularda har ikki tomondan 2 million 260 mingdan ortiq jangchi halok bo‘lgan. Verden jangining tarixga ʻʻVerden qirg‘iniʼʼ nomi bilan kirgani bejiz emas.
Sharqiy frontdagi ahvol
Germaniya qo‘shini 1916-yil fevral oyida G‘arbiy frontda hujumga o‘tgach, Fransiya yordam so‘rab yana Rossiyaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Bunga javoban general A. A. Brusilov qo‘mondonligidagi rus qo‘shini may oyida hujumga o‘tdi. 4-iyul kuni Avstriya–Vengriya qo‘shinining Galitsiyadagi fronti yorib o‘tildi va Avstriya–Vengriya qo‘shiniga qattiq zarba berildi. Rus qo‘shinining hujumi oqibatida Avstriya–Vengriya qo‘shinining 1 milliondan ortiq jangchisi halok bo‘ldi. 400 mingdan ortig‘i esa asir olindi. Rus qo‘shini 60–100 km oldinga siljishga muvaffaq bo‘ldi.
Ruminiyaning urushga kirishi
1914-yilning 1-oktyabrida Rossiya–Ruminiya shartnomasi imzolangandi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya Ruminiyaning hududiy yaxlitligini kafolatlaydigan bo‘ldi. Shuningdek, Ruminiyaning Avstriya–Vengriya imperiyasidagi ruminlar yashaydigan hududlarga bo‘lgan huquqini tan oldi. 1916-yilning 17-avgust kuni Ruminiya bilan Antanta davlatlari o‘rtasida shartnoma imzolandi va Ruminiya Avstriya-Vengriyaga qarshi urushga kirish majburiyatini oldi. Buning evaziga unga Transilvaniya, Bukovina va Banatning katta qismi va’da qilindi. 28-avgust kuni Ruminiya Avstriya–Vengriyaga qarshi urush e’lon qildi.
Biroq harbiy jihatdan mustahkam tayyorgarlik ko‘rmagan Ruminiya armiyasi tezda tor-mor etildi.
Tomonlarning rejalari
1917-yilda Antanta qurolli kuchlarining son jihatdan ustunligi 40% ni tashkil etardi. Hatto harbiy-iqtisodiy jihatdan qoloq Rossiya ham 1917-yilning boshlarida oylik o‘q-dori va harbiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Antanta yilning boshlaridayoq hujumni boshlashni rejalashtirdi. Hal qiluvchi zarbani esa yozda berishga qaror qildi.
Ayni paytda ʻʻTo‘rtlar ittifoqiʼʼ ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q edi. 1916-yilning 29-avgustida general-feldmarshal fon Gindenburg Germaniya qo‘shinining qo‘mondoni etib tayinlandi va ko‘p o‘tmay Germaniya qo‘shinining 1917-yilgi harakat rejasini tuzib chiqdi. Reja front chizig‘i hajmini kamaytirish maqsadida armiyani oldindan mustahkam darajada tayyorlab qo‘yilgan marralarga qaytarishni nazarda tutardi.
AQSHning urushga kirishi
Urush boshlangan vaqtda AQSH betaraflik e’lon qilgandi. Biroq AQSH birinchi jahon urushining borishini diqqat bilan kuzatib bordi. Ayni paytda urushuvchi guruhlarning birortasi to‘la g‘alaba qozonishini istamadi. U Yevropaning bir-biriga dushman bo‘lgan davlatlar guruhiga bo‘linganicha qolishini istardi. Urushning misli ko‘rilmagan darajada katta harbiy harajatlar talab qilishi va uzoqqa cho‘zilishi sharoitida AQSH juda katta moliyaviy manfaat ko‘rishi aniq edi. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarishni istamagan AQSH Antantaga yordam ko‘rsata boshladi. Xususan, birgina 1915-yilda AQSH Buyuk Britaniya va Fransiya bilan 500 mln. dollar miqdorida qarz berish haqidagi shartnomani imzoladi. Asta-sekin Yevropadagi 20 davlatning AQSHdan qarzi 10 mlrd. dollarni tashkil etdi. 1917-yilning 3-fevralidan boshlab Germaniya Buyuk Britaniyaga qarshi cheklanmagan suvosti urushi e’lon qilgani va bu urushning, ayni paytda, AQSH manfaatlariga ham katta zarar yetkazgani AQSH hukmron doiralarini befarq qoldirmadi. Qulay fursatdan foydalangan AQSH hukumati 6-aprel kuni Germaniyaga urush e’lon qildi. AQSH harbiy kuchlarining dastlabki qismlari 26-iyunda Fransiya hududiga tashlandi. Bir yildan so‘ng G‘arbiy frontda jang qilayotgan AQSH qo‘shinlarining soni 2 mln. kishini tashkil etdi. AQSHning urushga kirishi urush taqdirini Antanta foydasiga hal etish yo‘lida katta omil bo‘ldi.