Franklar imperiyasida madaniyat
Buyuk Karl o‘z davlatida yangi maorif tizimini yaratdi. Qirol farmoniga ko‘ra xalq maktablari joriy etiladi. Unga binoan, maktablar ibodatxonalar qoshida tashkil etilib, ruhoniylar oddiy xalq farzandlarini bepul o‘qitgan. Saroyda ham maktab tashkil etilib, unda Karlning yaqin do‘stlari, olimlar – saroy akademiyasi a’zolari saboq berishgan. Saroy akademiyasi antik davr mualliflari asarlarini o‘rganish, she’rlar bitish bilan shug‘ullangan. Ulardan biri tarixchi-rohib Eyngard asarida biz Buyuk Karl hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlardan voqif boʻlamiz. Eyngardni zamondoshlari ilmga chanqoqligi va tirishqoqligi tufayli «mehnatsevar chumoli» deb atagan. Saroy akademiyasining yana bir a’zosi alkuin va uning shogirdlari maorifni yoyishda katta xizmat qilgan.
Alkuin.
Vizantiya madaniyati.
O‘rta asrlar davrida Vizantiya o‘ziga xos yuksak madaniyati bilan Yevropaning eng ilg‘or mamlakati bo‘lib qoladi. Sababi german qabilalari istilosi tufayli inqirozga uchragan G‘arbiy Rimdan farqliroq, Vizantiyada antik madaniyat an’analari saqlanib, vizantiyaliklar hayotida yunon hamda Sharq madaniyatlari qorishmasi — ellinizm muhim o‘rin tutgan.
Ilm-fan eng rivojlangan shahar, «fanlar onasi» – Afina edi. Platon (mil.av.IV asrda) Afina akademiyasiga asos solgan. «…Platon asos solgan bu ilmiy maskan ming yildan ziyod davr davomida nafaqat yunon, balki butun Sharq-u G‘arb olamining rivojiga kuchli ta’sir o‘tkazadi, insoniyat taraqqiyotining istiqbolini belgilab beradi.
Shu bois ham Platon Sharq ilm-fanida «ustodi avval», ya’ni birinchi muallim degan sharafli nom bilan shuhrat qozonadi».
Vizantiyaning iqtisodiy taraqqiyoti ehtiyojlari yangi o‘quv va ilmiy markazlarni vujudga keltiradi. Konstantinopolda IX asrda Magnavr oliy maktabi, XI asr o‘rtalarida huquqshunoslik va falsafa fakultetlaridan iborat universitet ochiladi. Poytaxtda oliy tibbiyot maktabi ham faoliyat yuritar edi.
Vizantiyada tarix, geografiya va tabiiy fanlar ham rivojlangan. O‘rta asrda Vizantiyaga shuhrat keltirgan shishasozlik, kulolchilik, bo‘yoqlar tayyorlash sirlari antik davrdan saqlanib kelgan. VII asrda ixtiro qilingan «grek olovi» Vizantiyaning dengiz janglaridagi muvaffaqiyatlarini ta’minlagan. Tarixchilar o‘zlari ishtirok etgan voqealarni batafsil bayon etardi. Geograflar esa xarita va shahar chizmasini chizardi. O‘sha vaqtlarda Yevropaning boshqa qismida bunday ishlar qilinmagan edi.
«Grek olovi».
«Grek olovi» uloqtiriladigan yonuvchi modda bo‘lib, uni neft, oltingugurt, selitra, turli qatronlar aralashmasidan tayyorlashgan. Bundan Vizantiya harbiy kemalarida foydalanilgan.
Tasviriy san’at va me’morchilik
Vizantiya madaniyatining eng mashhur sohasi tasviriy san’at: mozaika, freska va ikonalar yasash bo‘lgan. Mozaika (fransuzcha, mosaique – muzalarga bag‘ ishlangan) – bir xil yoki turli xomashyo (koshin, tosh, yog‘och, marmar va metall) bo‘laklaridan ishlangan tasvir, naqshinkor mahobatli (monumental) bezak san’atining asosiy turlaridan.
Tasvirning Vizantiyaga xos uslubi: suratlar uyg‘unligi, bo‘yoqlar serjiloligi bilan ajralib turadi. Rassomlar cherkov qonunlari, talablari doirasidan kelib chiqib, mavhum emas, jonli kishilarni tasvirlashga intilganlar. xori monastiri (hozirgi Istanbuldagi Qahriya masjidi) mozaika va freskalari bilan o‘z davrining ajoyib me’morchilik yodgorliklaridan hisoblanadi.
Yustinian I davrida Konstantinopolda barpo etilgan Avliyo Sofiya ibodatxonasini, hech shubhasiz, ilk o‘rta asrlarning eng mahobatli me’morchilik inshooti deb atash mumkin. Uning ulkan gumbazi 40 ta deraza gulchambari bilan qurshalgan. Turli xil toshlar va oyna parchalaridan yasalgan juda ajoyib mozaikalar ibodatxona devorlarini bezagan.
Avliyo Sofiya ibodatxonasi.
X-XI asrlarda to‘g‘ri burchakli ibodatxonalar o‘rniga ko‘rinishidan xochsifat, o‘rtasi xoch gumbazli ibodatxonalar barpo qilingan.
Ibodatxonalar bir vaqtda osoyishtalik va xudoning dargohi hisoblangan. Ibodatxonalarni bezatishda cherkov qonunlariga qat’iy rioya qilingan. Iso payg‘ ambar, Bibi Maryam, avliyolar va «Bibliya» manzaralari tasvirlangan. Xristian diniga oid san’atning maqsadi o‘lgandan keyin jannatning rohat-farog‘atiga qanday erishish yo‘l-yo‘rig‘ini dindorlarga targ‘ib qilishdan iborat edi.
O‘rta asr Yevropasining asosiy madaniyat tarqatuvchisi Vizantiya bo‘lgan: uning ustalari, musavvirlari, me’morlari boshqa mamlakatlarga taklif etib turilgan, shuningdek, ustalar va olimlar qo‘lida Yevropa yoshlari tahsil olgan.
G‘arbiy Yevropada ham ilk o‘rta asrlarda ibodatxonalar, monastirlar qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Me’morchilikda roman uslubi, ayniqsa, yuksalib, unda ibodatxonalar ulkan, salobatli devorlari, gumbazlari, qalin ustunlari, katta bo‘lmagan derazalari, darvoza va eshiklari arkali qilib qurilgani bilan ajralib turadi.
Roman uslubida qurilgan eng mashhur binolar: Fransiyadagi Puate, Klyuni, arl ibodatxonalari; Germaniyadagi Shpeyer, Vorms, Maynts, axendagi cherkovlar hisoblanadi.
Fransiyadagi. Puate ibodatxonasi.
Cherkov va maorif.
G‘arbiy Yevropada ilk o‘rta asrlar madaniyati xristian cherkovi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Cherkov ilm, maorif, adabiyot va san’atga bevosita ta’sir o‘tkazgan. Shuning uchun kishilarning dunyo haqidagi tasavvurlari cherkov hamda din ta’limotiga asoslangan edi. Boshqa mamlakatlar haqidagi ma’lumotlar yetarli emasligidan, aholi orasida turli uydirmalar ko‘p bo‘lardi. Fan-texnika taraqqiyotining pastligi insonlarning qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va yuqumli kasalliklardan jabrlanishiga olib kelgan. Zarurat bo‘lmaganidan faqat dehqonlar emas, hatto feodallar orasida ham savodli kishilar kam bo‘lgan. Ritsarlar imzo o‘rniga ko‘pincha ikki chiziq tortib qo‘yishgan.
O‘rta maktab o‘qituvchilari.
Ibodatxona va monastirlar qoshidagi boshlang‘ich maktablar quyi martabali ruhoniylarni tayyorlagan. Bu kabi maktablarda lotin tilidan tashqari, ibodat qilish va duolar o‘qish tartiblari ham o‘rgatilgan.
Katta ibodatxonalar qoshida tashkil etilgan o‘rta maktablarda esa dunyoviy ilmlar ham o‘qitilgan. Buyuk Karl davlatida keng tarqalgan shu turdagi maktablar asrlar o‘tib universitetlar ochilishi uchun asos bo‘lgan.
Ibodatxona maktablarida bolalar yoshiga qarab sinflarga bo‘linmasdan, aralash holda o‘qitilgan. Aksari maktablarda bittagina kitob bo‘lgan va o‘qituvchi uni navbat bilan bolalarga berib, parchalar o‘qitgan. Darslar lotin tilida olib borilgan.
O‘quvchilarning qiziqishi deyarli hisobga olinmagan. Intizomsiz o‘quvchilar qattiq jazolangan.
Maktablarda antik davrdan mavjud «yetti erkin san’at» deb nomlangan fanlar o‘rgatilgan. O‘quvchilar dastlab trivium – grammatika, dialektika va ritorikani o‘zlashtirgan. Grammatika – tilshunoslik ilmi, bolalarni o‘qishga o‘rgatgan. Dialektika – hozirgi mantiqqa o‘xshash fan bo‘lib, unda o‘quvchilar munozara olib borishga, o‘z fikrini isbotlashga o‘rgatilgan. Ritorika – she’r, badiiy asarlar yozishni, notiqlik san’atini, huquq asoslarini o‘rgatgan.
Nisbatan murakkab fanlar tarkibi – kvadriumda o‘quvchilar: arifmetika, geometriya, musiqa va astronomiya asoslarini o‘zlashtirgan. Astronomiyaga o‘rta asrlarda mashhur bo‘lgan astrologiya – munajjimlikka oid ma’lumotlar kiritilgan. Munajjimlar sayyora va yulduzlarga qarab odamlar taqdirini aytib berishga harakat qilgan.
Qo‘lyozma kitob san’ati
Yirik monastirlarda rohib-xattotlar ishlaydigan skriptoriya (ustaxona)lar bo‘lgan. Ilk o‘rta asrlarda kitob kamyob va qimmat buyum hisoblangan. Yevropada ular pergament – maxsus ishlov berilgan terilarga bitilgan. Varaqlar pishiq iplar bilan tikilib, yog‘ochdan yasalgan va teri tortilgan muqovalarda saqlangan. Ba’zida muqovalar qimmatbaho tosh, metallar bilan bezatilgan. XII asrga qadar kitoblar monastirlar kutubxonalarida saqlangan.
Slavyan yozuvining yaratilishi
Ko‘pchilik slavyanlar, shu jumladan, Kiyev Rusi aholisi Vizantiyadan xristianlikning pravoslaviye mazhabini qabul qilgan. Yangi dinning joriy etilishi diniy kitoblarga ehtiyoj tug‘dirib, slavyan yozuvining yaratilishiga turtki bo‘lgan.
Rohib olimlar – Kirill va Mefodiy – IX asr o‘rtalarida yunon alifbosi asosida slavyan yozuvini yaratib, g‘arbiy slavyanlar orasida xristianlikni keng targ‘ib etgan. Ular yunon tilidagi diniy asarlarni keyinchalik «kirillitsa» deb nom olgan yozuv orqali slavyan tiliga tarjima qilgan.
Kiyev.Avliyo Sofiya ibodatxonasi. XI asr.
Ushbu yozuv Bolgariyadagi Rus yerlariga tarqalgan. Yaroslav davrida Rusda maorif yuksaladi. Vladimir davrida Kiyevda xristian ruhoniylari tayyorlaydigan o‘quv yurti tashkil etilgan bo‘lsa, Yaroslav Novgorodda uch yuz ruhoniy tayyorlaydigan bilim yurtini ochadi. Knyaz davrida avval Kiyevda, so‘ng Novgorodda yilnomalar tuzila boshlaydi.