Yevropa madaniyati



Dunyo haqida tasavvurlar

Bu davr kishilari uchun vaqt tong, kun, kech va kechadan iborat bo‘lgan. Inson hayoti faqat yil fasllarining qish, bahor, yoz, kuzning almashinuvi bilan belgilangan. Ayni paytda aholi tomonidan an’analar, urf-odatlar va udumlarning bajarilishiga qat’iyan rioya qilingan. Insonning o‘rtacha umri uzoq bo‘lmasdan, odamlar 40 yoshdan so‘ng keksa hisoblangan. Bolalar o‘limi ko‘p bo‘lgan. Parij universitetida falsafadan ma’ruza o‘qilmoqda.

O‘rta asr miniatyurasidan.

Shaharlar va savdoning rivojlanishi bilan odamlarda dunyoni ko‘rish imkoniyati tug‘iladi. Salib yurishlari esa yevropaliklar uchun dunyoga darcha ochgan edi. Sayohatchilar uzoq mamlakatlarda yashovchi xalqlarning urf-odatlari va madaniyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar olib kela boshlaydi. Ulardan biri venetsiyalik savdogar va sayyoh Marko Polo edi. O‘zining «Marko Polo kitobi»da sayyoh 1271–1295-yillar davomida Uzoq Sharq va Xitoyda ko‘rgan-kechirganlarini tasvirlaydi.

Oksford universiteti.


Maorif taraqqiyoti

G‘arbiy Yevropa madaniyati XII– XIII asrlardan yuksala boshlaydi. Shaharlarning yuksalishi, hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi, Vizantiya va arab xalifaligi madaniyatlari bilan tanishuv yevropaliklar dunyoqarashi, bilim doirasini kengaytiradi. Shaharlarda xususiy va shahar kengashlari boshqaruvidagi maktablar soni oshib boradi. Bunday maktab o‘quvchilari cherkov maktablaridagiga nisbatan dunyoviy bilimlarni kengroq va chuqurroq olishgan. XII asrdan boshlab yirik shaharlarda dastlabki oliy maktablar – universitetlar ochila boshlandi. Jumladan, Bolonya va Parijda ilk universitetlar tashkil topib, ular o‘z davri uchun yuksak ma’lumot berishgan. Eng yirik universitet Parijda edi. Uning asoschisi qirol xonadoni ruhoniysi Rober de Sorbon bo‘lgan. Qiroldan maxsus yorliq olgan universitetlar to‘la mustaqil bo‘lgan.

XIII–XV asrlarda Yevropaning deyarli barcha mamlakatlari o‘z universitetlariga ega bo‘lishadi. Ularni papa va yepiskoplar, imperator va qirollar, knyazlar va shaharlar tashkil etgan. Universitetlar (lotincha, universitas – majmua, umumiylik) – fanning turli yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari. Dastlabki universitetlar XII–XIII asrlarda Italiyada (Neapol, Bolonya), Ispaniyada (Sevilya, Valensiya), Fransiyada (Parij, Tuluza), Angliyada (Oksford, Kembridj) tashkil etilgan.


Magistr va shkolyarlar hamjamiyatlari

Universitet bu o‘qituvchi va o‘quvchilar jamiyatidir. Universitetni o‘qituvchilar – magistrlar boshqarishgan. Universitetlar ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘lgan va mahalliy hukmdorlarga bo‘ysunmagan.

Taniqli o‘qituvchilar ma’ruzalariga shkolyarlar (o‘quvchilar) Yevropaning turli burchaklaridan kelishgan. Ba’zida Parijda 30 minggacha talaba baravariga to‘plangan. Talabalarning o‘qishi bir xil tabaqaga mansub shkolyarlar jamoalari tomonidan boshqarilgan. Omadli talabalar hozirgi yotoqxonalarga o‘xshash kollegiyalarga joylashishga muvaffaq bo‘lishgan. Eng qadimgi Parij kollegiyalaridan biri – Sorbonning nomi keyinchalik butun universitetga o‘tgan. Angliya va Fransiyada kollegiyalar yangi o‘quv muassasalari – kollejlarga asos bo‘lgan.

O‘qitish fakultetlarda olib borilgan, ularning har birini dekan boshqargan. Hamjamiyat tepasida esa saylangan rektor yoki hokimiyat tomonidan tayinlangan kansler turgan.

Maktab va universitetlarning taraqqiyoti davomida kitobga talab kuchayadi. Kitoblarni XII asrda rohiblar emas, shaharlarda maxsus ochilgan ustaxonalarda hunarmandlar tayyorlashi bilan ular arzonlasha boshlaydi. XIV asrdan boshlab qog‘ozdan keng foydalanish kitob ishlab chiqarishni yanada qulaylashtiradi.

Nemis muhandisi Iogann Gutenberg 1445-yilda kitob bosish dastgohini kashf qiladi. Uning ixtirosi kitobning ommaviy tarqalishiga olib keladi.


Fan taraqqiyoti

Oksford universiteti professori Rojer Bekon (XIII asr) fandagi yutuqlarga faqat ilmiy kuzatishlar va tajribalar yo‘li bilan erishish mumkinligini isbotlaydi. Uning o‘zi optika, fizika, kimyo fanlariga oid tajribalar o‘tkazadi. Bekon o‘zi suzadigan kema, suvosti kemasi va havoda uchadigan apparatlar qurish mumkinligini aytgan. Bekonning hayoti qiyinchiliklar va xavf-xatarlar ichida, cherkov ta’qibida o‘tgan.

Rojer Bekon.

O‘rta asrlarda astrologiya, alkimyo fanlari yuksak rivojlangan. Munajjim-astrologlar osmon jismlari harakatlarini o‘rganib, kelajakni oldindan aytib berishga intilgan. Qirollar, sarkardalar, savdogar va sayyohlar biror tadbirni boshlashdan avval, albatta, ular bilan maslahatlashgan. Alkimyogarlar har qanday ma’danni oltinga aylantiruvchi «sehrli toshni» izlaganlar. Tajribalar yangi kimyoviy birikmalar, kislotalar, mineral bo‘yoqlar olishga imkon beradi. Munajjim va alkimyogarlar o‘z izlanishlari davomida kimyoviy pech, tozalash, haydash, filtrlash asbob- uskunalarini ixtiro qilgan.