OSIYO, AFRIKA VA LOTIN AMERIKASI MAMLAKATLARI SIYOSIY, IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANISHINING ASOSIY YO‘NALISHLARI


Modernizatsiyalashning murakkab yo‘li

XX asr oxiriga kelib Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida modernizatsiya muammolari chuqurlashib bordi. Bunda “sovuq urush” ning yakunlangani ham ma’lum rol o‘ynadi. SSSRdan yordam olib turgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi mamlakatlar u tarqalib ketgandan so‘ng og‘ir sharoitga tushib qoldi. Vyetnam, Laos, Angola, Mozambik, Kuba, Nikaragua kabi SSSR yordamiga tayangan davlatlarda tuzumlar almashdi yoki rivojlanishning muqobil yo‘llariga o‘tildi. XX asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan modernizatsiyaning ijobiy natijalari ham rivojlanayotgan mamlakatlarda bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Ulardan biri demografik muammo bo‘lib, hozir yer yuzi aholisi o‘sishining asosiy qismi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Hayot kechirish manbalari cheklangan holda aholi sonining jadal o‘sishi dolzarb muammolarni yanada ko‘paytirmoqda. Jumladan, aholining eng boy qismi bilan eng kambag‘al qismi daromadi o‘rtasidagi farq juda yuqoriligicha qolmoqda.


Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘ziga xosligi

Modernizatsiyalashni maqsad qilgan Osiyoning eng yirik mamlakatlari (Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Filippin, Tailand va boshqalar) o‘zi uchun yagona to‘g‘ri yo‘lni topishga harakat qildi. Bu yo‘l ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda ehtiyotkorlikni, ayniqsa, ijtimoiy hayotning eng qoloq shakllarini bartaraf qilish bilan cheklanishni talab etardi. Chet el kapitalini jalb qilishning sharti bo‘lgan ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlashga katta e’tibor berildi. Shunisi diqqatga sazovorki, bu mamlakatlarda umumiy hayot darajasi ancha past bo‘lgan holatda eng boylar bilan eng kambag‘allarning daromadi o‘rtasidagi farq uncha yuqori bo‘lmasdan, rivojlangan mamlakatlardagi ko‘rsatkichga yaqindir. Hukumat jamiyatda norozilikning o‘ta kuchayishiga yo‘l qo‘ymasdan, modernizatsiyalashning puxta o‘ylangan strategiyasini olib bormoqda. Uning asosini davlat investitsiyalarini iqtisodiyotning istiqbolli sektorlariga yo‘naltirish, proteksionizm siyosati, chet el kapitalini mahsuloti xaridorgir bo‘lgan sohalarga kiritish tashkil qildi.
Janubiy Osiyo mamlakatlarida Yevropa tipidagi gigant-shaharlar, postindustrial zonalar, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, ilg‘or mamlakatlardagi zamonaviy fan yutuqlari darajasida faoliyat yurituvchi ilmiy markazlar paydo bo‘ldi. Ammo hal qilinmagan muammolar ko‘p. Masalan, katta yoshdagi aholining qariyb yarmi savodsiz. Aholi o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydigan bu mamlakatlarda modernizatsiya o‘choqlari qishloqlardagi natural xo‘jalik bilan yonma-yon faoliyat yuritmoqda.


Islom dunyosi

XX asr oxiri–XXI asr boshlarida islom mamlakatlari modernizatsiyaning murakkab bosqichini boshdan kechirmoqda. Erondagi 1979-yilgi islom inqilobi butun musulmon olamiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘plab mamlakatlarda mutaassib guruhlar paydo bo‘ldi yoki borlari faollashdi, ko‘plari maqsadga erishishning vositasi sifatida terrorni tanladi. Bu jarayonda islom fundamentalizmi alohida rol o‘ynamoqda. Aslida fundamentalizm faqat islomga xos emas. Masalan, so‘nggi yillarda Hindistonda hinduizmning dastlabki qadriyatlariga qaytishni talab qilayotgan kuchlar faollashib qoldi. Ammo hozir ko‘proq “islom fundamentalizmi” haqida gapirilmoqda. Hatto u XXI asrda xalqaro munosabatlarning ham asosiy muammosi bo‘lishi haqidagi taxminlar hozircha o‘zini oqlamoqda. Islom fundamentalizmi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, 1990-yillarning boshlarida arab mamlakatlari va Shimoliy Afrikada “Musulmon birodarlar” kabi terrorchi guruhlar faollashdi. Ular ayrim arab davlatlari tomonidan moliyalashtirildi. Ba’zi islom davlatlaridagi ekstremistik guruhlar Usoma bin Lodin yetakchiligida “Jihod xalqaro fondi” ni tashkil qildi, bu tashkilot butun dunyo bo‘ylab terroristik aktlarni rag‘batlantirdi.

Islom dunyosi xaritasi: yashil — sunniylar; pushti — shialar


XXI asr boshlarida AQSH “demokratiya o‘rnatish” bahonasida Iroq va Liviya kabi suveren davlatlarda hokimiyatni qurol kuchi bilan ag‘darib tashladi. Natijada mintaqada terroristik oqimdagi mutaassib tashkilotlar kuchayib, bo‘shab qolgan hokimiyatni egallash uchun kurash boshladi. Iroq, Liviya, Suriya urush alangasida qoldi. ISHID terrorchilik tashkiloti atrofida dunyoning barcha qismidan terrorchilar yig‘ilib, islom bayrog‘i ostida jang olib bormoqda. Islom fundamentalizmi bu — oddiy terrorizm emas, u favqulodda ko‘pqirrali va xavfli hodisa. Unga juda ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lmoq lozim. Haqiqiy dinni uning nomidan terror uyushtirayotgan, jahonda tinchlikka xavf solayotgan guruhlardan ajrata olishda odamlarga yordam ko‘rsatish, islom dinining tinchliksevar din ekanini asoslash bugungi kunda islom nazariyotchilarining dolzarb vazifasi bo‘lib qolmoqda.


XX asrda Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun umumiy bo‘lgan modernizatsiyalashning uchta — inqilobiy, neokonservativ va islohotchilik variantlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ammo Lotin Amerikasi mamlakatlari ijtimoiy taraqqiyotning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish uchun qo‘llagan barcha variantlari kutilgan natijalarni bermadi. Lotin Amerikasi jamiyatlari bir vaqtda uchta muammoni: samarali, barqaror rivojlanuvchi iqtisodni yaratish; o‘tmishdan qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilish; industrial rivojlangan mamlakatlar avvalo AQSHga qaramlikni bartaraf qilishning umumiy yo‘lini topa olmadi. Lotin Amerikasida 1990-yillardagi neoliberal islohotlarning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish jarayonida so‘l yo‘nalishdagi hukumatlar saylov yo‘li bilan hokimiyatga keldi. Bu butun dunyo e’tiborini jalb qildi va “so‘l burilish” nomini oldi. XX asrning oxiri–XXI asr boshlarida Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘z tarixida birinchi marta diktaturalarsiz rivojlandi, deyarli barcha mamlakatlarda saylovlar orqali konstitutsion rejim hokimiyatga keldi.
Ammo 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozi va 2014-yili boshlangan energetika inqirozi oqibatida Lotin Amerikasida vujudga kelgan og‘ir sharoit bu mamlakatlarning islohotlarga muhtojligini ko‘rsatmoqda.


Neokonservatizm — konservativ g‘oyaviy-siyosiy oqimning an’anaviy ijtimoiy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan turi.


Neoliberal islohot — davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlar. Neoliberalizm vakillari bozor o‘zini o‘zi tartibga soladi, deb hisoblaydi.