G‘ARB MAMLAKATLARIDA INTEGRATSIYALASHUV JARAYONLARINING JADALLASHUVI. YEVROPA ITTIFOQI VA AQSH MUNOSABATLARI


Integratsiyalashuv jarayoni va uning natijasi

XX asrning ikkinchi yarmida boshlangan kapital, tovarlar, xizmat ko‘rsatish va ishchi kuchining erkin harakatlanishi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida rivojlanish va yashash darajasini bir-biriga yaqinlashtirdi. Ishchi kuchining rivojlangan mamlakatlarga mavsumiy yoki shartnoma asosida ishga borishi kam rivojlangan mamlakatlarda ishsizlik muammosini hal qilishga ko‘maklashdi. Qoloq mintaqalarni rivojlantirish umumyevropa dasturlari ham bu mintaqalarning iqtisodiy o‘sishiga yordam berdi.

Yevropada integratsiyalashuv jarayoni


Integratsiya ta’sirida rivojlangan Yevroatlantika mamlakatlarida asta-sekin yagona iqtisodiy siyosat modeli shakllanib bordi. Ular o‘rtasidagi asosiy farq iqtisodiyot ustidan davlat nazoratining darajasi, unga ta’sir ko‘rsatish usullari bilan bog‘liq edi. 1990-yillardan boshlab Yevropa integratsiyasining keyingi rivojlanishi ikki yo‘nalish bo‘yicha bordi. Birinchidan, yangi a’zolarni qabul qilish yo‘nalishi bo‘lib, 1996-yili a’zolar soni 15 taga yetdi. 2002-yili Kopengagenda (Daniya) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevroittifoqqa yangi a’zolar — Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya qabul qilindi. Albatta, yangi a’zolar uchun o‘tish davri ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu davr mobaynida ular o‘z qonunchiligi, moliyaviy va iqtisodiy tizimini yagona Yevropa talablariga moslashtirishi lozim edi. Ularga o‘zining ichki muammolarini hal qilish uchun Yevroittifoq byudjetidan subsidiyalar berildi. Ikkinchidan, integratsiyaning chuqurlashuvida Yevropa mamlakatlarida o‘zaro siyosiy munosabatlar sohasini ham qamrab olish yo‘lidan borildi. Yevropa parlamentining maqomi oshdi, Yevroparlamentga to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar o‘tkaziladigan bo‘ldi.


1987-yili Yevropa hamjamiyatini YIga aylantirish bilan u “ichki chegaralarsiz makon” bo‘lib qoldi. 1993-yili yagona Yevropa fuqaroligini ta’minlagan Maastrixt kelishuvlari kuchga kirdi. YIga kiruvchi mamlakatlar fuqarolari hech qanday vizasiz ittifoqning istalgan mamlakatida o‘zi xohlagan muddat yashashi va mahalliy saylovlarda ishtirok etishi mumkin bo‘ldi. Qonunchilikni umumiylashtirish huquqiy me’yorlarning yagona Yevropa tizimi shakllanishiga olib keldi. 2002-yili Yevropada (Buyuk Britaniyadan tashqari) yagona valyuta — yevro joriy qilinishi YI davlatlarini yanada yaqinlashtirdi. Kelishilgan yagona tashqi va mudofaa siyosati olib borilmoqda. Endi Yevropa ittifoqiga amalda konfederatsiya tipidagi yagona davlat tuzilmasi sifatida qarash mumkin bo‘ldi. Yevroatlantika mamlakatlarining keyingi integratsiyasi G‘arbiy Yevropa bilan Shimoliy Amerika davlatlarining yanada yaqinlashuvi asosida yuz bermoqda. Ammo so‘nggi paytlarda YIga kiruvchi bir qator davlatlar qarzining haddan oshib ketishi katta muammolarni keltirib chiqardi.
2015-yilgi saylovlarda Gretsiyada hokimiyatga kelgan Aleksis Sipras boshchiligidagi so‘llar hukumati mamlakatning qarzini kreditorlar qo‘ygan shartlar bo‘yicha uza olmasligini e’lon qildi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan referendumda Gretsiya aholisining ko‘pchiligi hukumatni qo‘llab ovoz berdi.
Gretsiya hukumati qarzlarning bir qismidan voz kechishini talab qildi. Gretsiya qarzini restrukturizatsiya qilish to‘g‘risida Yevrokomissiya kelishuviga erishgan bo‘lsa-da, Yevropa markaziy banki va Xalqaro valyuta fondi bilan muzokaralar yana davom etdi.


Italiya va Ispaniyaning ham qarzlari juda katta miqdorni tashkil qiladi. Ayni paytda YIda iqtisodiy jihatdan yetakchilik qilayotgan Germaniya va Fransiyaning siyosiy bosimidan ham norozilik kuchayib bormoqda.
Bu norozilikning yorqin namoyishi Buyuk Britaniyada 2016-yil iyunda o‘tkazilgan referendum bo‘lib, unda ishtirok etgan aholining yarmidan ko‘pi mamlakatning Yevropa ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berdi. 2016-yil sentabrda Bratislava shahrida bo‘lib o‘tgan YI rahbarlari yig‘ilishida ilk bor Buyuk Britaniya bosh vaziri qatnashmadi. Unda nutq so‘zlagan GFR kansleri Angela Merkel YI og‘ir inqirozda ekanini tan oldi. Bu inqirozning yana bir namoyishi 2017-yil oktabr oyida Ispaniyaning Kataloniya avtonom viloyatida o‘tkazilgan referendum bo‘ldi. Uning natijalariga ko‘ra, Kataloniya mustaqilligi e’lon qilindi. Ammo Madriddagi markaziy hokimiyat referendum natijalarini tan olmadi, Kataloniya hukumati a’zolarini qamoqqa oldi va avtonomiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri Madriddan boshqarilishini e’lon qildi.


YI va AQSH munosabatlari

“Sovuq urush” yakunlanib, kommunizm xavfi bartaraf qilingandan so‘ng AQSH bilan YI o‘rtasidagi munosabatlarda ham o‘zgarish yuz berdi. 1990-yili YI va AQSH o‘rtasida Deklaratsiya — Transatlantik xartiya imzolandi. Unda ikkala tomonning yaqin hamkorligi, muhim masalalar bo‘yicha maslahatlashuvi ta’kidlandi. YI va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ziga xos tomoni shundaki, unda an’anaviy ikki tomonlama shartnomalar mavjud emas. Bu munosabatlar xalqaro tashkilotlarning me’yor va qoidalari bilan tartibga solinadi. 2007-yili YI va AQSH Transatlantik iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi va Transatlantik iqtisodiy kengash joriy qildi. Ammo tomonlar bu kelishuvni to‘liq amalga oshirishga shoshilmadi. 2000-yillar davomida bir qancha kelishuvlar imzolanib, ular tomonlar o‘rtasidagi aloqalarning turli xususiy jihatlarini tartibga solishga qaratildi. AQSH va YI dunyoda eng yirik energiya iste’molchilari bo‘lib, ular atmosferaga eng ko‘p zaharli moddalarni chiqaradi. 2000-yillar boshlarida ikki tomon energetika samaradorligi, xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida bayonot, Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida BMTning Parij konvensiyasini imzoladi. Ammo 2017-yili AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning bu konvensiyadan chiqishini e’lon qildi. AQSH bilan YI o‘rtasidagi munosabatlarda ma’lum kelishmovchiliklar mavjud. Bu kelishmovchiliklar, ayniqsa, xalqaro muammolarni hal etishdagi yondashuvning farqida keskin ko‘zga tashlanmoqda. AQSH xalqaro mojarolarni hal qilishda kuchga tayanish tarafdori, YI esa diplomatik imkoniyatlardan oxirigacha foydalanish lozim, deb hisoblaydi. Shunga qaramasdan, ular o‘zaro siyosiy, harbiy-strategik va iqtisodiy hamkorlik manfaatlari orqali bir-biri bilan uzviy bog‘langan. AQSH va YI yagona Yevroatlantik sivilizatsiyaning vakillari bo‘lib, bu ular o‘rtasidagi munosabatlarni belgilovchi asosiy omil hisoblanadi.


Kapital — qo‘shimcha qiymat olishda foydalaniladigan moddiy, intellektual va moliyaviy vositalar yig‘indisi.

Subsidiya — davlat yoki boshqa biron-bir muassasa tomonidan boshqa davlat, muassasa, alohida shaxsga ko‘rsatiladigan moliyaviy yoki moddiy yordam.

Restrukturizatsiya — qarz yoki kreditni to‘lash shartlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish.