1991 – 2017-YILLARDA LOTIN AMERIKASI MAMLAKATLARI


XX asr oxirida Lotin Amerikasi mamlakatlari

XX asr oxiriga kelib Lotin Amerikasi mintaqasida 34 ta mustaqil davlat va bir necha qaram hududlar mavjud edi. XX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan jadal iqtisodiy o‘sishga qaramasdan, Lotin Amerikasi mamlakatlari jahon siyosatining chekka mintaqasi bo‘lib qolmoqda. Asr oxiriga kelib mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning neoliberal modeli oldingi o‘ringa chiqdi. Aslida bu model Augusto Pinochet davrida Chilida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Bugun ham Chili barqaror rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib, mintaqada yetakchi o‘rinni egallaydi. Ammo, umuman, Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun neoliberal islohotlarning natijalari ziddiyatli bo‘lib chiqdi. Agar bu islohotlarning birinchi bosqichi iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lgan, modernizatsiyaga ko‘maklashgan bo‘lsa, keyinchalik to‘siqlar paydo bo‘ldi, ayrim hollarda esa islohotlar retsessiyaga, xo‘jalikning chuqur tushkunligiga olib keldi. Mintaqada birinchi bo‘lib neoliberal islohotlar yo‘liga kirgan Meksikada 1994-yil dekabrda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz boshlandi. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘irlashdi. Shunday sharoitda Meksikadan kapitalning ommaviy ravishda AQSHga ko‘chishi boshlandi.
Milliy valyuta — peso keskin tushib ketdi, amalda milliy moliya tizimi izdan chiqdi, 20 000 korxona xonavayron bo‘ldi, mamlakatda YaIM darajasi pasaydi.


Meksika inqirozi 1990-yillarda Lotin Amerikasi mamlakatlarini larzaga solgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy inqirozlar zanjirining birinchisi edi. Neoliberal islohotlar oqibatida mintaqa davlatlarining tashqi omilga qaram bo‘lib qolishi Braziliya va Argentina kabi eng yirik davlatlar iqtisodiga ham og‘ir zarba berdi. Ayniqsa, 1990-yillari “neoliberal islohot yutuqlarining namoyishi” bo‘lgan Argentina iqtisodiyoti qattiq zarar ko‘rdi. 2001-yili Argentinada defolt e’lon qilinishi jahon tarixidagi eng yirik bankrot holati bo‘lib, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi neoliberal tajribalarga nuqta qo‘ydi va mintaqada siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi. Bu jarayonlar ta’sirida iqtisodiy kursdan norozilik, an’anaviy partiyalar va ularning yetakchilariga ishonchsizlik hollari kuchaydi, qarshilik harakati, xususan, radikal ko‘rinishdagi tashkilotlarning (qo‘zg‘olonchilik, terrorchi tashkilotlar, narkomafiya) faollashuvi uchun sharoit tug‘ildi. XX asrning 90-yillarida Kolumbiyada qurollangan so‘l radikal harakat avj olib, ularning qo‘shini mamlakat hududining 40 foizini nazorat qilardi. 1992-yili Peruda ham “Oydin yo‘l” qo‘zg‘olonchi-terrorchilik tashkiloti faollashdi. 1994-yili Meksikada hindularning ommaviy qo‘zg‘oloni boshlandi. Hukumat siyosatining ijtimoiy oqibatlariga qarshi Argentina, Meksika, Ekvador va boshqa bir qator mamlakatlarda aholining ommaviy chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

Lotin Amerikasi davlatlari


Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarda hindu xalqlarining o‘z huquqi, o‘ziga xos madaniyatini saqlab qolish, avtonomiya va yerga bo‘lgan huquqi uchun kurashi alohida o‘rin egallaydi. XX asr oxiriga kelib hindular Boliviya, Gvatemala, Peru, Meksika, Ekvador kabi mamlakatlar aholisining 25–50 foizini tashkil qiladi. 1990-yillarning boshlarida ispaniyalik tadqiqotchi va dengizchi — Xristofor Kolumb tomonidan Amerikaning kashf etilganiga 500 yil to‘lishi keng nishonlandi. Ammo bu voqea mintaqa aholisi tomonidan bir xilda ijobiy qabul qilinmadi. Sof madaniy muammolardan tashqari neoliberal islohotlar natijasida hindu jamoalarining yerlarini tortib olish hollaridan norozilik kuchaydi. Hukumatning hindu aholisiga nisbatan olib borgan adolatsiz siyosati oqibatida mintaqaning ayrim mamlakatlarida hindularning tartibsiz chiqishlari bo‘lib o‘tdi. «Bu harakat Ekvador, Boliviya, Peru, Braziliya va Meksika janubida, ayniqsa, ommaviy tus oldi.


Lotin Amerikasi mamlakatlari XXI asr boshlarida

Yangi asr boshiga kelib Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘z tarixida birinchi marta diktaturasiz rivojlanish yo‘liga kirdi. Deyarli barcha davlatlarda saylov yo‘li bilan hokimiyatga konstitutsiyaviy rejim keldi. Mintaqa mamlakatlarining mutlaq ko‘pchiligida o‘ziga xos jihati dohiyparastlik va populizm bo‘lgan siyosiy tizim hamda prezidentlik boshqaruvi o‘rnatildi.» XX asr oxiridan boshlab aholining an’anaviy partiyalarga ishonchi so‘nib bordi va buning natijasida XXI asr boshida Braziliya, Peru, Venesuela, Ekvador kabi mamlakatlarda hokimiyatga yangi, mustaqil deb atalayotgan nomzodlar keldi. XX asr oxiri–XXI asr boshlarida mintaqadagi mamlakatlar siyosiy hayotining boshqa bir xarakterli jihati kommunistik partiyalarning o‘z mavqeyini yo‘qotishi bo‘ldi. Bu, albatta, dunyoda yuz berayotgan global jarayonlar bilan bog‘liq edi. 1959-yilgi inqilobdan so‘ng o‘ziga xos kommunistik siyosiy rejim shakllangan Kubada ham shunday jarayonlar yuz berdi. Sotsialistik tizim barbod bo‘lgandan keyin Kuba tashqi moddiy-texnik va moliyaviy yordamdan mahrum bo‘ldi. Bu esa, birinchi navbatda, aholining ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo bu qiyinchiliklarga qaramasdan, XXI asrda ham Kuba ijtimoiy davlat bo‘lib qolmoqda.


XXI asr boshlarida Lotin Amerikasi mamlakatlarida integratsiyalashuv jarayonlari kuchaydi. Bu jarayonlarning asosiy yo‘nalishi mintaqaviy erkin savdo zonalarini tuzish bo‘ldi. Kelajakda Shimoliy va Janubiy Amerika miqyosidagi erkin savdo zonalarini tuzish, savdo va sanoatini rivojlantirish mo‘ljallangan. Biroq katta reja va imkoniyatlarga qaramasdan, bu mamlakatlar, jumladan, Braziliya va Meksika kabi gigantlar ham bugun global siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal etish jarayonida arzigulik ta’sirga ega emas. 2008-yildan mintaqadagi eng yirik 3 ta davlat — Braziliya, Meksika va Argentina G20 (“Katta yigirmalik”) obro‘li klubiga a’zo bo‘lsa-da, jahon siyosatida hali katta rol o‘ynamaydi. Shunga qaramasdan, bu davlatlar katta istiqbolli imkoniyatlarga ega. Masalan, Meksika 1994-yili Shimoliy Amerika erkin savdo zonasiga kirdi va 1994–2010-yillari Meksikaga kiritilgan chet el investitsiyalari miqdori 4 marta o‘sdi. Shuning 75 foizi AQSH ulushiga to‘g‘ri keladi. Agar yaqin o‘tmishda eksportning asosini neft tashkil qilgan bo‘lsa, hozir Meksika eksportining 80 foizini sanoat mahsulotlari tashkil qiladi.


Braziliya bugun dunyoning yirik iqtisodiyotlaridan biri, jadal rivojlanayotgan Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi va Rossiya bilan birgalikda BRIKS tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Braziliya XXI asrda Lotin Amerikasining tan olingan yetakchisiga aylanish, AQSHning doimiy ta’siridan butunlay qutulish va BMT XKning doimiy a’zolaridan biri bo‘lish kabi olamshumul vazifalarni qo‘yib, shunga intilmoqda. Aytish lozimki, Lotin Amerikasi mamlakatlari XX asrda o‘z oldiga qo‘ygan murakkab muammolarni to‘liq hal qila olmadi, ammo buning yo‘llarini qidirishda davom etmoqda. XXI asrda bu muammolar o‘z yechimini qanday topishini hayot ko‘rsatadi.