Ozarbayjon Respublikasi
Ozarbayjon Respublikasi 1991-yil 18-oktabr kuni o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Ozarbayjon 1991-yildan beri oʻz mustaqil yo‘liga ega davlat ekanini isbotlab kelmoqda. U mintaqa siyosatida muhim rol o‘ynaydi. Ozarbayjon katta neft va gaz zaxiralariga egaligi, strategik joylashuvi bois Rossiya va G‘arb manfaatlari orasida mohirlik bilan muvozanatni saqlab, o‘z manfaatini ta’minlab kelmoqda. Ammo tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlarga qaramasdan, bir qator ichki muammolar saqlanib qolmoqda. Bular qatoriga birinchi navbatda Tog‘li Qorabog‘ muammosini kiritish mumkin.
XX asrning 80-yillari ikkinchi yarmida Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasidagi azaliy muammo — Tog‘li Qorabog‘ masalasi yana ko‘tarildi. Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon hududida joylashgan va asosan arman millatiga mansub aholi yashaydigan avtonom viloyat edi. Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati rahbarlarining viloyatni Armaniston tarkibiga qo‘shishini so‘rab qilgan murojaati mintaqadagi milliy muammolarni chigallashtirib yubordi.
1990-yili Boku shahrida muxolifatchi siyosiy tashkilot — Ozarbayjon Xalq frontining namoyishi boshlandi. Xalq fronti Abulfayz Elchibey boshchiligida Milliy mudofaa kengashi tuzilganini e’lon qildi. Xalq frontining millatchilik ruhidagi mitinglari Bokudagi armanlar qirg‘iniga bevosita turtki bo‘ldi. Bunga qarshi Bokuga sovet armiyasi qo‘shinlari kiritildi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Armiyaning kiritilishi Ozarbayjon uchun katta fojia bo‘ldi. To‘qnashuvlarda yuzlab kishi halok bo‘ldi.

Bokuda 1992-yil may oyida davlat to‘ntarishi amalga oshirilib, prezident Ayaz Mutalibov hokimiyatdan ag‘darildi va Abulfaz Elchibey boshchiligidagi Xalq fronti hokimiyatga keldi. Ammo Xalq fronti mamlakatda tinchlik va totuvlikni ta’minlay olmadi. Natijada Milliy Majlis Abulfaz Elchibeyni lavozimidan mahrum qilib, uning vakolatlarini Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi bo‘lgan Geydar Aliyevga topshirdi.

1993-yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Geydar Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Geydar Aliyev hokimiyatga kelgandan keyin respublikadagi ziddiyatli ahvolni yumshatishga erishdi. U prezidentlik qilgan o‘n yil Ozarbayjonda unchalik demokratik bo‘lmasa-da, mamlakatning tinch taraqqiyotini ta’minladi, qo‘shnilar bilan yaxshi hamkorlik munosabati o‘rnatildi. Tog‘li Qorabog‘ masalasi hal qilinmagan bo‘lsa ham, faol jang harakatlari to‘xtatildi, muzokaralar boshlandi. 2003-yil dekabrda Geydar Aliyev vafot etganidan so‘ng mamlakat prezidenti etib uning o‘g‘li Ilhom Aliyev saylandi. Ilhom Aliyev otasining siyosatini davom ettirib kelmoqda.

Gruziya
1991-yil mart oyida o‘tkazilgan referendumda Gruziya aholisining mutlaq katta qismi mamlakat mustaqilligi uchun ovoz berdi. 1991-yil 9-aprel kuni Gruziya o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Ayni paytda prezident lavozimi joriy qilindi. Shu yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida muxolifat yetakchisi Zviad Gamsaxurdiya mamlakat prezidenti etib saylandi. Boshqaruv tajribasiga ega bo‘lmagan Gamsaxurdiya o‘zining sakkiz oylik prezidentlik davrida mamlakat elitasi, ziyolilar bilan munosabatini buzdi, millatlararo aloqalarni keskinlashtirib, gruzin-abxaz mojarosini keltirib chiqardi. 1991-yili Gruziya xalq demokratik partiyasi rahbarlari Zviad Gamsaxurdiyaning iste’foga chiqishini talab qildi. Mamlakatda isyon boshlanib, Tbilisida haqiqiy janglar bo‘lib o‘tdi. Zviad Gamsaxurdiya o‘z tarafdorlari bilan Tbilisini tark etdi. Gamsaxurdiya prezidentlikdan chetlashtirilgandan so‘ng hokimiyat Eduard Shevardnadze boshchiligidagi Davlat kengashiga o‘tdi.

Bu paytda mamlakatda ahvol og‘ir, gruzin-osetin urushi davom etayotgan edi. Eduard Shevardnadze bu urushni to‘xtatishga erishdi. Shu yil oktabrda o‘tkazilgan saylovlarda Eduard Shevardnadze Gruziya Oliy Kengashi raisi etib saylandi. Ammo mamlakatda yig‘ilib qolgan muammolar, ayniqsa, iqtisodiy ahvolning og‘irligi Shevardnadze boshqaruviga nisbatan aholining noroziligini kuchaytirdi. 2003-yili o‘tkazilgan parlament saylovlaridan so‘ng Eduard Shevardnadze iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Yangi saylovlarda Mixail Saakashvili g‘olib chiqdi. Bu jarayonlar Gruziya va G‘arb matbuotida “Atirgullar inqilobi” nomini oldi. Hokimiyatga ko‘pchiligi G‘arb davlatlarida ta’lim olgan “yangi demokratlar” keldi.

Saakashvili hukumati Gruziyada fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishini yengillashtirish, soliqlarni kamaytirish, davlat mulkini xususiylashtirish kabi muhim islohotlarni amalga oshirdi. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qilindi. Ammo Mixail Saakashvili davrida ham Gruziya bilan Janubiy Osetiya o‘rtasidagi mojaro o‘z yechimini topmadi. 2008-yil avgustda Gruziya, Rossiya, Janubiy Osetiya va Abxaziya ishtirokida bo‘lib o‘tgan harbiy to‘qnashuv oqibatida Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini tan olib, ular bilan ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatdi. 2012-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida muxolifatchi “Gruziya orzusi” partiyasi g‘olib chiqdi. Shu partiya vakili Georgiy Margvelashvili Gruziya prezidenti etib saylandi. 2016-yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ham “Gruziya orzusi” g‘alaba qozondi.
Armaniston
1991-yil 21-sentabrda Armanistonda respublika maqomi bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Unda qatnashganlarning mutlaq ko‘pchiligi Armanistonning SSSR tarkibidan chiqishi uchun ovoz berdi. Shundan so‘ng “Armanistonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida deklaratsiya” qabul qilindi. Shu tariqa referendum Armanistonda respublika tuzumini o‘rnatdi. 1991-yil oktabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Levon Ter Petrosyan Armanistonning birinchi prezidenti etib saylandi. Armanistonning mustaqil davlatga aylanishi boshqa respublikalarga nisbatan o‘zgacha asosda yuz berdi. XX asrning 80-yillari ikkinchi yarmidayoq mustaqillik uchun kurash tashqi omil — Tog‘li Qorabog‘ muammosi qizigan bir paytda boshlandi. Tog‘li Qorabog‘ni qo‘shib olish arman jamiyatida etnik birlashish, tarixiy adolatning qaror topishi sifatida qaraldi. Bu kurash jarayonida kommunistik partiya rahbarlari o‘rniga kelgan milliy siyosiy elita shakllandi. Shu elita bugun ham Armanistonning rivojlanish yo‘nalishini belgilab kelmoqda.
SSSRning so‘nggi yillarida birinchilardan bo‘lib ittifoq markaziga qarshi kurash boshlagan Armaniston, mustaqillikdan so‘ng Moskva bilan munosabatini aniq belgilab oldi. Ayrim sobiq respublikalar qatorida sovetlarning aybi uchun zamonaviy Rossiyani ayblamadi. Buning sabablaridan biri Tog‘li Qorabog‘ masalasida Armanistonning Rossiyaga tayanishi edi. Chunki Armanistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan chegaralari amalda yopiq, Gruziya bilan munosabati murakkab, Eron bilan ancha jiddiy geosiyosiy kelishmovchiliklar mavjud. Shu tariqa Rossiya Armanistonning mintaqadagi yagona ittifoqchisi bo‘lib qolmoqda. 2008-yili Armaniston prezidenti etib saylangan Serj Sargsyan shu siyosatni ustalik bilan davom ettirib kelmoqda. Armaniston sanoati asosan sovet davrida yaratilgan. U SSSRning ichki bozoriga dastgoh va uskunalar, to‘qimachilik hamda boshqa sanoat mahsulotlari yetkazib berib, o‘rniga xomashyo va elektr energiyasi olardi. Qishloq xo‘jaligi yirik agrosanoat komplekslari bazasida rivojlandi.

Armaniston — industrial-agrar mamlakat. Uning yerosti qazilma boyliklari ancha katta miqdorni tashkil qiladi. Mazkur davlatda sintetik kauchuk, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va mashinasozlik rivojlangan.
Milliy siyosiy elita (elita — eng yaxshisi, saralangani) bu — jamiyatni boshqarishning ma’lum layoqatiga ega bo‘lgan shaxslar guruhi bo‘lib, ular siyosiy hokimiyatni o‘z qo‘llarida jamlaydi, rahbar lavozimlarini egallaydi, jamiyatni boshqaradi.