1991 – 2017-YILLARDA ISROIL DAVLATI VA FALASTIN MUAMMOSI


Isroilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi

1947-yili BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin bo‘yicha rezolutsiya qabul qildi. Unga binoan 1948-yil 1-avgustdan Falastinda ikkita — yahudiylarning Isroil va arablarning Falastin davlatlarini tashkil qilish tavsiya etildi. Isroil yahudiylarning milliy davlati hisoblanadi. U dastlab yahudiylarning milliy o‘chog‘i, boshpanasi sifatida tashkil topdi va shunday bo‘lib qolmoqda. “Vatanga qaytish to‘g‘risida” gi qonunga koʻra, har qanday yahudiy o‘z oilasi, ya’ni turmush o‘rtog‘i, farzandlari, nabiralari bilan doimiy yashash uchun Isroilga kelish huquqiga ega. Shundan so‘ng qabul qilingan fuqarolik haqidagi qonunga asosan, Isroilga kelgan barcha yahudiylar o‘z-o‘zidan fuqarolikka ega bo‘lishi tartibi o‘rnatildi. Bu qonunlar repatriatsiya hisobiga Isroil aholisining tez o‘sishiga olib keldi. O‘z mustaqil taraqqiyotining bir necha o‘n yili ichida Isroil harbiy-sanoat kompleksi nihoyatda rivojlangan mamlakatga aylandi. Harbiy-sanoat kompleksining rivojlanishi metallga ishlov berish, mashinasozlik, elektrotexnika, elektronika va olmosga ishlov berish singari boshqa turdosh sohalarning ham jadal taraqqiy etishiga sabab bo‘ldi.


1990-yillardan Isroil iqtisodi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu davlatda haqiqiy iqtisodiy yuksalish boshlandi. Isroil xo‘jaligi o‘z tuzilishiga ko‘ra AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga yaqinlashdi va postindustrial modelga moslashdi. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishga ichki va tashqi holatning qulayligi yordam berdi. 1990-yillari sobiq SSSRdan 600 000 kishining Isroilga ko‘chib kelishi qurilish, sanoatning ayrim sohalarida jadal rivojlanishni ta’minladi. Yuqori ma’lumot darajasi va iqtisodiy faollikka ega bo‘lgan yangi immigrantlar Isroil “qiyofasi” ni o‘zgartirib yubordi. Ayni paytda ko‘plab omillar sababli mamlakat iqtisodiyoti tashqi moliyaviy manbalarga kuchli bog‘langan (AQSH har yili 3 mlrd dollar miqdorida beminnat yordam ko‘rsatadi) va uning uchun yuqori militarizatsiya darajasi xarakterlidir.

Isroil


XX asr oxirlarida Falastin muammosining hal etilishi

1948-yili Isroil va Falastin davlatini tuzish rejasini arab aholisi adolatsiz deb hisobladi va qabul qilmadi. Shu davrdan boshlab Falastin xalqining o‘z davlatini tuzish uchun kurashi boshlandi. Bu kurash arab davlatlari va sobiq Ittifoq tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Falastin arablarining kurashiga boshchilik qilish uchun Falastinni ozod qilish tashkiloti (bu tashkilot arabcha FATX nomi bilan mashhur) tuzilib, unga uzoq yillar Yosir Arofat boshchilik qildi.

Yosir Arofat


Ammo faqat 1990-yillarga kelib, Falastin muammosini hal qilish imkoni paydo bo‘ldi. 1991-yil oktabrda Madridda Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro konferensiya ish boshladi va unda Falastin delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Keyin Norvegiya hukumati taklifiga ko‘ra, Oslo shahrida Isroil bilan FATX o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Muzokaralar natijasida 1993-yili Isroil va FATX bir-birini tan olganini e’lon qilindi.


Falastin davlatini tuzish yo‘lidagi dastlabki muvaffaqiyatlar

1993-yili Vashingtonda Isroil va FATX delegatsiyalari Falastin avtonomiyasini tuzish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Avtonomiyani tuzish bosqichma-bosqich 5 yil ichida amalga oshishi ko‘zda tutildi. Birinchi bosqich G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilini FATXning avtonom boshqaruviga berish to‘g‘risida kelishuv imzolanishi bilan boshlandi. Bu kelishuv tashkilotlarda norozilikni kuchaytirib yubordi va Falastin ozodlik tashkilotida bo‘linish yuz berdi. Y. Arofat ekstremistlar tomonidan “xoin” sifatida o‘limga hukm qilindi. Radikal islom yo‘nalishidagi tashkilotlar — “Xamas”, “Jihod” va “Hizbulloh” (bu tashkilotlar O‘zbekistonda taqiqlangan) faollashib ketdi. Ular turli yo‘llar bilan kelishuvni buzishga harakat qildi. Shunga qaramasdan, kelishuv jarayoni davom etdi.

Isxak Rabin


1995-yili FATX bilan Isroil o‘rtasida muvaqqat kelishuv imzolandi. Bu Falastin avtonomiyasini tuzishning keyingi bosqichi bo‘lib, Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi ko‘plab shahar va qishloqlar FATX ixtiyoriga o‘tkazildi. Falastin avtonomiyasida saylovlar bo‘lib o‘tdi va FATX ixtiyoridagi hududlarni nazorat qilish uchun politsiya kuchlari tuzildi. Bu kelishuv Isroil jamiyatida ham ajralishni keltirib chiqardi. 1995-yil noyabrda Isroil bosh vaziri Isxak Rabin mutaassib-yahudiy tomonidan o‘ldirildi. Bu falastinliklarga qilingan yon bosishlardan Isroil jamiyatining bir qismi noroziligini ko‘rsatar edi. Shu yili bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Likud” bloki g‘alaba qozondi va Falastinga nisbatan qat’iy yo‘nalish tarafdori bo‘lgan Binyamin Netanyaxu bosh vazir lavozimini egalladi.


1996-yil yanvarda Y. Arofat boshchiligida Falastin qonunchilik kengashi saylandi. Falastin davlatini qurish jarayoni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, davom etdi. 2006-yili Falastinning o‘ziga xos ramziga aylangan Yosir Arofat vafot etdi. Uning o‘rniga Mahmud Abbos Falastin avtonomiyasining raisi va FATX yetakchisi etib saylandi. 2012-yili Falastin kuzatuvchi-davlat maqomida BMT faoliyatida qatnashish huquqini oldi. Bu jarayon va M. Abbosning BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqi Isroil vakillari tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Shunga qaramasdan, 2017-yilga kelib Falastinni 140 ga yaqin davlat tan oldi.


Repatriatsiya — vatanga qaytish. Atama odatda harbiy asir, ko‘chirilgan shaxs, qochoq, emigrantlarga nisbatan qo‘llanadi. Yahudiylarning tarixiy vatani bo‘lgan Falastinga qaytishi ham repatriatsiya deb ataladi.


Immigratsiya — aholining bir mamlakatdan boshqasiga vaqtincha yoki doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishi.


Militarizatsiya — davlat organlarining iqtisod, siyosat va ijtimoiy sohadagi harakati bo‘lib, u davlatning harbiy qudratini oshirishga yo‘naltirilgan.