XX asr oxirlarida Fransiya
1980-yillar oxirida Fransiya hukumati korxona, bank va sug‘urta kompaniyalarini ommaviy xususiylashtirish siyosatini e’lon qilgan edi. Xususiylashtirish yo‘llaridan biri korxonaning oʻz ishchilari tomonidan sotib olinishi bo‘ldi. Ishchilar soni 500 dan 1 000 nafargacha bo‘lgan korxonalarning chorak qismi shu yo‘l bilan sotib olindi. Iqtisodiy taraqqiyotning 1989–1992-yillarga mo‘ljallangan rejasi pul aylanishi barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyaning pasayishi va iqtisodning raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutardi. Fransiyani sotsialistlar boshqargan 1980–1990-yillar boshlarida xalqaro hayotda eng muhim voqealar sodir bo‘ldi. “Sovuq urush” yakunlandi, Germaniya birlashdi, Sovet ittifoqi va Yugoslaviya tarqalib ketdi, G‘arbiy Yevropa birlashdi. Fransiya prezidenti Fransua Mitteran va uning hukumati Germaniya bilan yaqinlashish va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining birlashishini o‘zining asosiy vazifasi deb bildi. Germaniya va Fransiya G‘arbiy Yevropani birlashtirishning eng faol ishtirokchisi bo‘ldi. 1990-yil yanvarda Lyuksemburgning Shengen shahrida Fransiya hukumati Shengen kelishuvini imzoladi. Unga binoan Yevropa iqtisodiy hamkorligi (YIH) mamlakatlarining fuqarolari vizasiz va bojxona nazoratisiz bir-biriga bemalol o‘tishi mumkin bo‘ldi.

So‘llar hokimiyatda turgan yillarda ular tarafdorlari kutgan natijaga erishilmadi. Iqtisodiy o‘sish sur’ati juda past bo‘ldi. 1993-yili ishlab chiqarish hajmi qisqardi. Ishsizlik mislsiz darajaga yetdi. Sotsialistlarning obro‘yi tushib ketdi. Markaziy va Sharqiy Yevropada kommunistik rejimning qulashi, SSSR va Yugoslaviyaning tarqalib ketishi, Rossiya hukumati tomonidan rasman kommunizmning qoralanishi nafaqat kommunistlarni, balki butun sotsialistik g‘oya va qadriyatlar tizimini obro‘sizlantirdi. 1993-yili Milliy majlisda bo‘lib o‘tgan saylovlarda o‘ng kuchlar parlamentda mutlaq ko‘p o‘ringa ega bo‘ldi. Fransiyaning urushdan keyingi tarixida so‘l kuchlar ilk bor shunday qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. So‘l kuchlar bunday mag‘lubiyatdan so‘ng uzoq vaqt inqirozdan chiqa olmadi. 1995-yilgi prezidentlik saylovlarida Jak Shirak g‘olib chiqdi va ishsizlikka qarshi kurash, jamiyatning boy va qashshoqlarga bo‘linishini bartaraf qilishni asosiy vazifa deb e’lon qildi. Tashqi siyosatda uning asosiy faoliyati Fransiyaga Yevropa ittifoqining “yetakchisiʼ” va butun dunyo uchun “erk mayog‘i” rolini qaytarishga qaratildi.
Yangi hukumat davlat byudjeti kamomadini kamaytirish, bandlikni ta’minlash rejasini e’lon qildi. 1996-yildan YaIMning o‘sish sur’ati, kapital kiritish va shaxsiy iste’mol hajmi oshdi.
Postindustrial jamiyat
1990-yillari Fransiyada postindustrial jamiyatning shakllanish jarayoni davom etdi. Ilmiy-texnik inqilobning shiddat bilan rivojlanishi Fransiya qiyofasini o‘zgartirdi. Parij va boshqa yirik shaharlarda osmono‘par binolar paydo bo‘ldi. Butun mamlakatni avtomobil yo‘llari va soatiga 250–300 km tezlik bilan yuradigan temiryo‘l trassalari qamrab oldi. Angliya bilan hamkorlikda qurilgan La Mansh bo‘g‘ozi ostidan o‘tgan temiryo‘l tonneli (Yevrotonnel) — XX asrning eng buyuk muhandislik yutuqlaridan biri 1994-yil may oyida tantanali ravishda ochildi. Boshqa rivojlangan mamlakatlardagi singari Fransiyada ham elektronika, informatika va ular bilan bog‘liq sanoat sohalari jadal rivojlandi. Industrial jamiyatning ramzi bo‘lgan sanoat sohalari — metallurgiya, ko‘mir qazib chiqarish kabi sohalar asta-sekin tushkunlikka yuz tutdi.
XXI asrda Fransiya
XX–XXI asr oraligʻida Fransiya barcha muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga kirdi. Ammo 2008–2009-yillardagi jahon moliyaviy inqirozi Fransiya iqtisodiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 2007-yili Fransiya prezidenti etib saylangan Nikolya Sarkozi o‘ng konservativ “Xalq harakati uchun ittifoq” partiyasining yetakchisi edi.

2012-yilgi saylovlarda Fransiya prezidenti lavozimiga saylangan FSP (Fransiya sotsialistik partiyasi) yetakchisi Fransua Olland Fransiyaning Yevroittifoqdagi rolini yanada oshirish, Yevropa siyosatida yetakchi davlatlardan biri sifatidagi o‘rnini saqlab qolish uchun harakat qildi.
U 2012-yili boylar uchun qo‘shimcha soliq o‘rnatish tashabbusi bilan chiqdi. Bu tashabbus konstitutsion sud tomonidan bekor qilindi. So‘ng bir jinsli shaxslar o‘rtasida nikohni yoqlab chiqib, uni qonunlashtirdi. Bu katolik cherkovining noroziligiga sabab bo‘ldi. Suriya va boshqa urush harakatlari bo‘layotgan Sharq mamlakatlaridan kelayotgan muhojirlar oqimi ham Fransiyadagi ijtimoiy holatni keskinlashtirdi. 2015-yil noyabr oyida Parijda sodir etilgan terroristik akt oqibatida 100 dan oshiq kishi halok bo‘ldi, 300 dan ziyod odam yaralandi. Bu terrorchilik aktlarini ISHID terrorchi guruhi o‘z zimmasiga oldi. Hukumat tomonidan barcha ehtiyot choralari ko‘rilishiga qaramasdan, terroristik aktlar yana takrorlandi. F. Olland Fransiya tarixidagi eng nufuzsiz prezident bo‘lib tarixga kirdi. U 2017-yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ymadi. Aprel oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi turida “Olg‘a!” harakatining vakili Emmanuel Makron g‘alaba qozondi. Ayni paytda bu saylovlar Fransiyada ham Germaniyadagi singari multikulturalizm siyosatining barbod bo‘lganini ko‘rsatdi. Muhojirlar sonining oshishi, terrorizm xavfining kuchayishi sharoitida o‘ng Milliy front partiyasining obro‘yi oshib bordi. Milliy front vakili Marin Le Pen ilk bor prezidentlik saylovlarida ikkinchi turga chiqib, qariyb 34 foiz ovoz oldi.
Mamlakatdagi ko‘plab muammolarga qaramasdan, XXI asr boshlariga kelib, Fransiya ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan dunyoning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Multikulturalizm — bitta mamlakat va butun dunyoda madaniyatlar xilma-xilligini saqlab qolishga yo‘naltirilgan siyosat hamda bu siyosatni asoslovchi nazariya va mafkura.