XX asr oxirlarida Eron
XX asrning ikkinchi yarmi Eron jamiyatida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy beqarorlik davri bo‘ldi. Ammo aynan shu davrda mamlakat uchun eng muhim voqealar sodir bo‘lib, ular ma’lum ma’noda zamonaviy Eronning taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi. Shu davrda Eron Islom Respublikasida muhim siyosiy jarayonlar yuz berib, jahon tarixida ilk bor inqilobiy islom XX asrda butun islom sivilizatsiyasi oldida turgan muammolarni hal qilishning vositasiga aylandi. Islom dini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada juda qudratli ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida maydonga chiqdi va ushbu mintaqalarda G‘arb qadriyatlarining joriy qilinishiga faol qarshi turmoqda. 1990-yillar boshlarida Eronning iqtisodi ham barqarorlashib, YaIMning jadal o‘sishiga olib keldi. Islom radikalizmi ham biroz susaydi. Eron jahon sport va madaniyat maydoniga qaytdi. 1999-yili Eronning “Osmon bolalari” filmi AQSHda “Oskar” mukofotiga tavsiya qilindi. Mamlakatda chet el musiqasi va internet-kafelarga ruxsat berildi. Ayollar ham faol ijtimoiy hayotga qaytdi. Eron xalqaro yakkalanishdan qutulish uchun islohotlar o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 1997-yili islohotchilik qarashlarini qo‘llab-quvvatlovchi Muhammad Hotamiy prezident etib saylandi. U Eronda demokratik va tolerant jamiyat qurishga qaratilgan islohotlarning boshlangani, shuningdek, G‘arb mamlakatlari bilan munosabatda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini e’lon qildi. Ammo islohotlarni amalga oshirishda Muhammad Hotamiy mutaassiblarning qat’iy qarshiligiga duch keldi.
Zamonaviy Eron
2001-yil 11-sentabr kuni Nyu Yorkda amalga oshirilgan terrorchilik aktidan so‘ng AQSH Eronni “xalqaro terrorizmning sherigi” deb atadi. Bu tamg‘adan qutulish uchun Eron ancha ishlarni amalga oshirdi. “Hizbulloh” rahbarlari Erondan quvib chiqarildi, Sudan, Liviya, Bosniyadagi eronlik diniy maslahatchilar chaqirib olindi. Ammo shunga qaramasdan, AQSH Eronni yashirin ravishda yadro quroli yaratish ustida ish olib borayotganlikda aybladi.

2002-yili AQSH prezidenti Jorj Bush Eronni “yovuzlik tayanchi” mamlakatlari qatoriga qo‘shib, terrorizmni moliyalashtirishda aybladi. AQSH Eronni xalqaro izolyatsiya qilishga harakat qildi. Ammo bu harakat Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya tomonidan ma’qullanmadi hamda Eronga harbiy texnika yetkazib berayotgan va atom elektrostansiyasini qurayotgan Rossiyaning qarshiligiga uchradi. 2005-yili ultrakonservator Mahmud Ahmadinajodning prezident etib saylanishi Eronda islohotlarning borishini, mamlakatning jahon hamjamiyatiga qaytishini biroz susaytirdi. M. Ahmadinajod o‘zidan oldingi prezidentlarning bir qator liberal islohotlarini to‘xtatib qo‘ydi. Humayniy vafotidan so‘ng Eronda saqlanib qolayotgan teokratik rejim yanada kuchaydi. Islom huquqiga (shariatiga) asoslangan qonunlar inson huquqlari bo‘yicha qator muammolarni vujudga keltirdi. Masalan, shu davrda Eron o‘lim jazosini amalga oshirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda (Xitoydan so‘ng) turardi.
2006-yili mamlakatda 200 dan oshiq kishi, jumladan, 7 nafar balog‘at yoshiga yetmagan bolalar qatl qilindi. Tashqi siyosatda Mahmud Ahmadinajod konservativ qarashlarga amal qildi. U Jorj Bush ma’muriyatini keskin tanqid qildi, Eronning arab mamlakatlari va Rossiya bilan hamkorligini kuchaytirish tarafdori bo‘ldi.

2009-yili navbatdagi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda amaldagi prezidentdan tashqari yana 3 nafar nomzod qatnashdi. Asosiy kurash konservator-prezident Mahmud Ahmadinajod bilan islohotlar va’da qilayotgan Mir Husayn Musaviy o‘rtasida kechdi. Ammo birinchi turdayoq M. Ahmadinajod g‘alaba qozondi. Muxolifat saylovlar natijasini tan olmadi. Tehron va boshqa bir qator shaharlarda namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ayrim muxolifatchi partiyalarning a’zolari qamoqqa olindi. Mavjud muammolarga qaramasdan, XXI asrda Eron qashshoqlik, savodsizlik va jaholat botqog‘iga botgan mamlakatga mutlaqo o‘xshamaydi. Zamonaviy Eron — O‘rta Sharqning eng yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lgan industrial mamlakati. U 2009-yili Semnondagi kosmodromdan Safir–2 raketasi yordamida o‘zining “Umid” nomli sun’iy yo‘ldoshini fazoga chiqarib, koinotni o‘zlashtirayotgan davlatlar qatoridan o‘rin egalladi. Eronda ta’lim va fan rivojlangan, urbanizatsiya darajasi 70 foizga yaqinlashmoqda, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Eron yoshlar mamlakati, aholisining yarmini 30 yoshdan kichik bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Eronning zamonaviy muammolari ichida eng dolzarblari ishsizlik va inflyatsiya darajasining yuqoriligi bo‘lib kelmoqda.

2013-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Hasan Ruhoniyning g‘alaba qozonishi Eronda yuz berayotgan chuqur o‘zgarishlarni ifoda etadi. Eronning jahon hamjamiyatiga to‘laqonli integratsiyalashuviga to‘siq bo‘lib turgan yadroviy dasturi ham 10 yildan oshiq davom etgan muzokaralardan so‘ng 2015-yil iyulda Eron bilan 6 ta davlat (AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya) vakillari tomonidan imzolangan kelishuv orqali hal qilindi. Eron 15 yil ichida boyitilgan uran ishlab chiqarmaydigan, evaziga G‘arb davlatlari 2015-yil oxiridan boshlab unga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qiladigan bo‘ldi. Shunday sharoitda, 2016-yil fevral oyida Eronda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda islohotchilar koalitsiyasi konservatorlardan ko‘proq ovoz oldi. Bu mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar uchun yaxshi asos bo‘lib, prezident Hasan Ruhoniy obro‘yining yuqoriligini namoyish qildi.

Tolerantlik — o‘zgacha dunyoqarash, hayot tarzi, xulq-atvor, axloq va urf-odatlarga nisbatan sabr-bardoshli bo‘lish.
Izolyatsiya — xalqaro hamjamiyatdan ajratib qo‘yish, yakkalash.
Ultrakonservator — keskin konservativ qarashlarga ega bo‘lgan mutaassib kishi.
Ayollar ham faol ijtimoiy hayotga qaytdi. Eron xalqaro yakkalanishdan qutulish uchun islohotlar o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 1997-yili islohotchilik qarashlarini qo‘llab-quvvatlovchi Muhammad Hotamiy prezident etib saylandi. U Eronda demokratik va tolerant jamiyat qurishga qaratilgan islohotlarning boshlangani, shuningdek, G‘arb mamlakatlari bilan munosabatda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini e’lon qildi. Ammo islohotlarni amalga oshirishda Muhammad Hotamiy mutaassiblarning qat’iy qarshiligiga duch keldi.