1991 – 2017-YILLARDA BOLTIQ BO‘YI DAVLATLARI


Boltiqbo‘yi respublikalari deganda, odatda Latviya, Litva va Estoniya tushuniladi. Mustaqillik e’lon qilingandan boshlab Boltiqbo‘yi respublikalari jadal ravishda bozor iqtisodiyotini joriy qilish, G‘arb davlatlari bilan munosabatini mustahkamlashga kirishdi. Uchala davlat ham 2004-yilda NATO, shuningdek, Yevropa ittifoqi (YI) ga a’zo bo‘ldi. Mustaqillik yillarida obro‘li xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lgan bu davlatlar shiddat bilan iqtisodiy rivojlanish yo‘liga kirdi. Shu jadal rivojlanish tufayli ular “Boltiq yo‘lbarslari” deb ataldi. Ammo bunday shiddatli rivojlanish 2008–2009-yillardagi inqirozgacha davom etdi.


Latviya

1988-yili tuzilgan Latviya Xalq fronti mustaqillik uchun kurash boshladi. Natijada 1990-yil 4-mayda Latviya o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Mustaqillik yillarida Latviya sovet davrida qurilgan yirik sanoat korxonalari, jumladan, elektrotexnika buyumlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik VEF, mikroavtobuslar ishlab chiqaruvchi RAF zavodlarini yopdi. Bu ko‘plab tajribali ishchi-mutaxassislarning qisqarishi, ishsizlar sonining keskin oshishiga olib keldi.
Baliq mahsulotlarini qayta ishlash zavodi ham katta zarar ko‘rdi. Hokimiyatga kelgan yangi siyosiy kuchlar bank sektori va logistikani rivojlantirishga qaror qildi. Dastlab G‘arb davlatlarining investitsiyalari jadal iqtisodiy o‘sishga olib keldi. Ammo 2008-yilgi inqiroz chet el investitsiyalariga to‘liq qaram bo‘lgan mamlakat iqtisodining o‘ta beqarorligini ko‘rsatdi va katta zarar yetkazdi.
Shu davrdan Latviyada iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari tushib ketdi. 2010-yilga kelib mamlakat yalpi milliy mahsuloti hajmi 1990-yilgi ko‘rsatkichga ham yetmadi.

Latviya prezidenti Raymonds Veyonis


Ishsizlikning yuqori darajasi tufayli aholi ish izlab ommaviy ravishda G‘arb davlatlariga ketishga majbur bo‘lmoqda. SSSR tarqalgandan so‘ng Latviya aholisi 400 000 kishiga kamaydi. Mamlakat oldida turgan masalalardan yana biri etnik muammodir. Mustaqillik yillarida bu yerga ko‘chib kelgan rusiyzabon aholi va ularning avlodlariga Latviya fuqaroligi berilmadi. Rusiyzabon aholi hozir Latviya aholisining 30 foizini tashkil qilmoqda. Mamlakatda latish va rus millatiga mansub fuqarolar o‘rtasida munosabat ham tarangligicha qolmoqda.


Litva

1988-yil iyunda Litvada “Sayudis” (Harakat) tashkiloti tuzildi va o‘z oldiga Litvaning mustaqillikka erishishini ta’minlash vazifasini qo‘ydi.

Boltiqbo‘yi davlatlari


1990-yil 11-martda Litva Oliy Soveti Litva Respublikasi mustaqilligini e’lon qildi. Ammo mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. 1991-yil 13-yanvar kuni Vilnyusda mustaqillikni qo‘llab o‘tkazilgan namoyishda teleminora va parlament binosini sovet qo‘shinidan himoya qilgan 14 nafar namoyishchi halok bo‘ldi. Shu davrdan Litva bilan tugab borayotgan SSSR rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar deyarli uzildi. Bu respublikaning etnik tarkibi Latviya va Estoniyaga nisbatan birxilligi bilan ajralib turadi. Aholining 90 foizga yaqinini litvaliklar tashkil qiladi. Shu sababli mustaqillikdan so‘ng mamlakatda yashovchi barcha aholiga millatidan qat’i nazar Litva fuqaroligi berildi. Litva ham 2008-yildan keyin og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. 2010-yili ishsizlar soni 20 foizga yaqinlashdi. Odamlarning ish izlab ko‘plab Yevropa mamlakatlariga ko‘chib ketishi oqibatida aholi soni umuman o‘smayapti, aksincha, kamaymoqda. Inqiroz tufayli ko‘plab litvaliklar G‘arbga ko‘chib ketdi.

Litva prezidenti Dalya Gribauskayte


Estoniya

Estoniyada Xalq fronti 1988-yili tashkil qilindi. U qayta qurishni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilib, respublikaning SSSR tarkibidan chiqishini o‘zining ochiq vazifasi qilib qo‘ymadi. Shunday bo‘lsa-da, 1988-yil 16-noyabrda Estoniya Oliy Soveti “Estoniya SSRning davlat suvereniteti to‘g‘risida deklaratsiya” ni qabul qildi.

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd


Boltiqbo‘yi respublikalari ichida eng shimoliysi bo‘lgan Estoniya ham sovet davrida jadal industrlashtirildi. Ko‘plab malakali ishchilarning jalb qilinishi mamlakatdagi demografik va etnik holatni o‘zgartirdi. Mamlakat aholisida estonlarning ulushi qisqarib bordi, aholining ancha qismini ruslar tashkil qildi.
Mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng Estoniya ruslarning fuqarolik olishiga to‘siq bo‘luvchi qat’iy qonunlar qabul qildi. Bu ruslarning Estoniyani tark etishiga olib kelmadi, ammo millatlararo munosabatlarni murakkablashtirdi. Buning ustiga, Estoniyada (umuman, Boltiqbo‘yi davlatlarida) sovet davri, ayniqsa, urush davridan qolgan yodgorliklarni yo‘q qilish yoki shahar chekkasiga ko‘chirish Rossiyaning noroziligiga sabab bo‘lib, ikki tomon munosabatlarida katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. 2011-yili rusiyzabon aholi vakillari bilan eston politsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda 1 kishi halok bo‘ldi, ko‘plar yaralandi. Qiyinchiliklarga qaramasdan, Boltiqbo‘yi mamlakatlari Yevroittifoqqa integratsiyalashuv yo‘lidan ketmoqda. Ularning barchasi yevro pul birligi hududiga kirgan.
Ukrainadagi inqirozdan keyin Rossiyaning tajovuzkor siyosatidan xavotirga tushgan Boltiqbo‘yi davlatlari va NATO rahbarlari bu mamlakatlardagi NATO harbiy kuchlarini ko‘paytirishga kirishdi. 2016–2017-yillari Boltiqbo‘yi mamlakatlariga NATOʼning kichik sonli harbiy texnikasi va qo‘shinlari joylashtirildi. Ayniqsa, Rossiya va Belarus tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan “G‘arb–2017” harbiy mashqlaridan so‘ng Boltiqbo‘yi mamlakatlarida Rossiyaning bu yerdagi siyosatidan xavotir va g‘ayrirus tashviqot kuchayib ketdi. Bunday holat Rossiyaning ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda.


Demografiya — aholi va uning ko‘payish qonuniyatlari to‘g‘risidagi fan. U aholining son jihatidan tarkibi, uning o‘zgarishi, joylashishi va shu kabilarni o‘rganadi.


Logistika — tovar, yuk va shu kabilarni bir hududdan boshqasiga yetkazib berishning tizimini tashkil qilish.