Iqtisodiy rivojlanish
1990-yillar boshida AQSH iqtisodiyotida qisqa muddatli retsessiya kuzatildi. O‘sish sur’atining pasayishi xo‘jalikning hamma jabhalarini qamrab oldi. Biroq 1992-yil bahoridan yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati yana jadallasha boshladi. Bill Klinton prezidentligining dastlabki uch yili AQSHning iqtisodiy rivojlanishi uchun muvaffaqiyatli kechdi. Bu davrda iqtisodiy konyunktura (iqtisodiyotning maʼlum davrdagi joriy holatini koʻrsatuvchi belgilar majmui) yaxshilanib, ishsizlik darajasi va inflyatsiya pasaydi. B. Klinton prezidentligining ikkinchi muddatida uning ma’muriyati ijtimoiy sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi. Federal xarajatlarning asosiy qismi inson resurslarini rivojlantirishga sarflandi. AQSHni ijtimoiy davlatga aylantirish boshlandi. Bu siyosat “Bill Klintonning yangi iqtisodiy falsafasi” nomini oldi.

XXI asr boshiga kelib AQSH iqtisodiyoti texnik taraqqiyotning asosiy manbaiga aylandi. Dunyo bo‘yicha yangi texnologiyalarni yaratishga sarflanayotgan barcha xarajatlarning 1/3 qismi AQSH ulushiga to‘g‘ri keladi. Dunyo ishlab chiqarishida yetakchi pozitsiyani ta’minlab turgan makrotexnologiyalarning ham yarmi AQSHga tegishli edi. Jahonning iqtisodiy yetakchisi bo‘lgan AQSH davr muammolarini muvaffaqiyatli hal qilib, XXI asrga yangi iqtisodiyot bilan kirib keldi. Biroq 2007–2008-yillari AQSHning moliya sektorida boshlangan inqiroz 2009-yilga kelib dunyo miqyosidagi global retsessiyaga aylanib ketdi. 2009-yili jahonda ishlab chiqarilgan YaIM Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta salbiy ko‘rsatkichga tushib ketdi.
Ishsizlikning misli ko‘rilmagan darajada oshishi mehnat bozorini kuzatishning butun tarixi davomida eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi va 2009-yili dunyoda ishsizlar soni 200 mln ga yaqin kishini tashkil qildi. Miqyosi va oqibatlari bo‘yicha bu inqirozni faqat 1930-yillardagi Buyuk depressiya bilan tenglashtirish mumkin. AQSH iqtisodiyoti 2014-yilga kelib ham to‘liq tiklanmadi.

Siyosiy rivojlanish
1980–1990-yillarning boshlari neokonservatizm g‘oyasining tantanasi davri bo‘ldi. Bu yillari AQSH ichki taraqqiyotda ham, xalqaro maydonda ham katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shunga qaramasdan, 1992-yilgi prezidentlik saylovlarida respublikachi Jorj Bush kutilmaganda yosh demokrat Bill Klintonga yutqazib qo‘ydi. Biroq demokratlar ham o‘z g‘alabasini mustahkamlay olmadi. 1994-yilgi oraliq saylovlarda demokratlar qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Ikkala palatada ham ko‘p o‘rinni va ko‘plab shtatlarda gubernatorlik lavozimlarini ham respublikachilar egalladi. Respublikachilar partiyasining obro‘yi va ta’sirini tiklash uchun qulay sharoit paydo bo‘ldi.
1996-yilgi saylovlarda demokratlardan ikkinchi marta Bill Klinton, 2000-yilgi saylovlarda esa yana respublikachilar vakili kichik Jorj Bush prezident etib saylandi. Uning ikkinchi muddat prezidentlik davrida AQSH iqtisodiy inqirozni boshdan kechirdi. Natijada 2008-yili bo‘lib o‘tgan saylovlarda demokratik partiyadan yagona nomzod Barak Obama AQSH prezidenti etib saylandi. B. Obama prezidentligining ikkinchi muddatida Iroq va Suriyadagi vaziyatning og‘irlashuvi, Yevropa mamlakatlari va AQSHning o‘zida ham terroristik xavfning kuchayishi kabi bir qator muammolar prezident va uning ma’muriyati obro‘yini tushirib yubordi.

2016-yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan nomzod Xillari Klinton yutqazib qo‘ydi. AQSHning navbatdagi prezidenti etib respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp saylandi. D. Tramp ichki siyosatda Amerikaning buyukligini tiklash, tashqi siyosatda esa boshqa davlatlar ishiga aralashmaslikni e’lon qilgan edi. Ammo prezidentlik saylovlariga rossiyalik xakerlarning aralashgani to‘g‘risidagi gumonlar hamda prezident yordamchilarining Rossiya elchisi bilan xufiya uchrashuvlari D. Trampning obro‘yini tushirdi. Bu esa unga o‘zining saylovoldi va’dalarini bajarish imkoniyatini bermadi.

Tashqi siyosat
1990-yillari AQSH tashqi siyosatining asosiy tamoyillari o‘z ahamiyatini saqlab qoldi. Yuqori darajada rivojlangan sanoat mamlakati bo‘lgan AQSH turli mintaqalarda o‘zining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun nafaqat harbiy vositalarga ega. Sanoat, savdo, moliyaviy, ilmiy-texnik, madaniy va boshqa vositalar ham jahon siyosatida juda katta ahamiyat kasb etadi. AQSH xalqaro maydonda shu vositalarning barchasidan unumli foydalanmoqda. B. Obama prezidentligining birinchi davrida dunyoda zo‘ravonlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, AQSHning dunyodagi yetakchilik pozitsiyasini tiklash hukumat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qilindi. 2009-yili dunyoni yadro qurolidan xalos qilish, xalqlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida qilgan harakatlari uchun B. Obamaga Nobel tinchlik mukofoti berildi. Ammo ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash Afg‘onistonda to‘liq tugallanmay turib, Yaqin Sharqda keskinlikning yangi o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Iroqda Saddam Husayn rejimi ag‘darilgandan so‘ng Suriyadagi Bashar Asad rejimiga qarshi kurashda mo‘tadil muxolifatchilarni qo‘llab-quvvatlagan AQSH hukumati ISHID ko‘rinishidagi yangi terroristik guruhning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Natijada AQSHning dunyodagi yetakchi davlat sifatidagi nufuziga putur yetdi. D. Tramp ma’muriyatiga bir qator tashqi siyosiy muammolar meros qoldi. Ular avvalo xalqaro terrorizmga qarshi kurash hamda Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi ahvol bilan bog‘liq. Shuningdek, Xitoy va Rossiya bilan munosabatlarda ham taranglik mavjud bo‘lib, ular ham D. Trampdan diplomatik faollikni talab qildi.