O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglik



Millatlararo totuvlik g‘oyasi

Millatlararo totuvlik g‘oyasi Yer yuzida yashayotgan barcha etnik guruhlarning teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida tinch-totuv yashash g‘oyasidir. Millatlararo totuvlik g‘oyasi tinchlik va barqarorlik g‘oyasidir. U barcha millat va elatlarning tili, urf-odati, an’analari, bayramlari rivojlanishini talab etadi. Millatchilik, fashizm, milliy va etnik ko‘rinishdagi urushlarga qarshi turadigan yagona ma’rifiy g‘oyadir. Ayniqsa, bugun neofashizm bosh ko‘tarayotgan sivilizatsiyalararo to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan sharoitda millatlararo totuvlik g‘oyasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bugun O‘zbekistonda 138 ta milliy-madaniy markazlar millatlararo totuvlik g‘oyasini hayotga tatbiq etmoqda. Ruslarning “Maslennitsa”, tatarlarning “Sabanto‘y”, uyg‘urlarning “Sayil” bayramlari, xitoyliklarning “Chunuze” yangi yili, koreyslarning “Soller” va “Ovol-tano” bayramlari nishonlanmoqda. Har yili respublikamiz miqyosida “Biz yagona oila farzandlarimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostidagi festivallar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar. O‘zbekiston hududida o‘z madaniyati va o‘z an’analariga ega bo‘lgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Ular ham mamlakatning barcha fuqarolari qatori bir xil huquq va majburiyatlarga ega.


Mamlakatimizdagi turli millat vakillari

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida ko‘rsatilganidek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Ko‘p millatli mamlakat siyosatining asosiy maqsadi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni shakllantirish bo‘lishi zarur. Mustaqillikning ilk kunlaridayoq milliy siyosatning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildiki, ayni shu siyosat milliy bag‘rikenglikning barqaror rivojlanishiga zamin yaratdi.

O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun milliy-madaniy markazlar (MMM) faoliyat yuritadi. Dastlabki milliy-madaniy markazlar koreyslar, qozoqlar, yahudiylar, armanlar tomonidan respublika viloyatlarida 1989-yilda tashkil etilgan. Bu markazlarning chinakam rivojlanishi va ravnaq topishi O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlandi. Bu davrda ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Natijada ularning soni yil sayin ortib bordi.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi turli millat vakillarini respublika ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash milliy-madaniy markazlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi turdosh tashkilotlar bilan do‘stlik, hamkorlik, madaniy-ma’rifiy aloqalar o‘rnatish va hamdo‘stlik aloqalarini rivojlantirish, turli davlat va jamoat tashkilotlari hamda ijodiy uyushmalar bilan hamkorlikda mamlakatda fuqarolar hamjihatligi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga ko‘maklashish milliy madaniy markazlar, xususan, Respublika Baynalmilal madaniyat markazining asosiy vazifalaridandir.
1992-yilda tashkil etilgan Respublika Baynalmilal madaniyat markazi esa ushbu milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga tashkiliy va uslubiy yordam ko‘rsatib keldi.

Baynalmilal markaz tomonidan har yili ikki marta til bayrami o‘tkazib kelinadi. Bular – YUNESKO Bosh konferensiyasi 30-sessiyasida (1999-yil) 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan va 2000-yildan 195 ta a’zo davlatlarda nishonlanib kelinayotgan “Xalqaro ona tili kuni” hamda O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun hisoblanadi. Ayni munosabat bilan har yili an’anaviy tarzda o‘zbek tili bo‘yicha notiqlik san’ati tanlovi tashkil etib kelinadi.


O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor

Tarixdan ma’lumki, o‘zbek xalqi boshidan kechirgan og‘ir qatag‘on yillari va ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘p sitamlarga yuzma-yuz bo‘lgan koreyslar, nemislar, turklar, polyaklar, greklar, qrim-tatar va boshqa millat vakillari O‘zbekistonni Vatan tutdi. Ularning hozirgi avlodlari uchun esa O‘zbekiston ona Vatanga aylandi. Chunki ular shu yerda tug‘ilib kamolga yetdi, hayotda o‘z o‘rnini topdi.

O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadigan “Mustaqillik” va “Navro‘z” bayramlari, 8-dekabr – Konstitutsiya qabul qilingan kun, 8-mart – Xotin-qizlar kuni, 9-may – Xotira va qadrlash kuni kabi bayram tadbirlarida turli millat va elat vakillari ham faol qatnashadi.

Hozirgi O‘zbekiston hududida qadimdan Sharq ma’naviyatiga tayanib yashash, hamjihatlikka intilish, har tomonlama barkamollik oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, millatidan, irqi, ijtimoiy kelib chiqishi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, yagona o‘lchov – insonni insonligi uchun ulug‘lash bosh mezon qilib olingan.

Bugungi kunda respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlarida turli millatga mansub talabalar tahsil oladi. Dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida kuzatiladigan yana bir holat shuki, O‘zbekistonda ta’lim 7 tilda olib boriladi. Bular sirasiga o‘zbek va qoraqalpoq tillaridan tashqari rus, qozoq, turkman, tojik va qirg‘iz tillarini kiritish mumkin. «Teleradio ko‘rsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tillarda chop etilmoqda. Bu O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Millatlararo munosabatlarda yangi davr

Bugun respublika hududida yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.» Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.


Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi

Mamlakatimizda tinchlikni yanada mustahkamlash, millatlararo barqarorlikni yuksaltirish maqsadida 2017-yil 19-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.


Xalqlar do‘stligi maydonidagi Shomahmudovlar oilasi haykali

Farmonga muvofiq Baynalmilal madaniyat markazi negizida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishida davlat idoralari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishda mustahkam tayanch bo‘ladi.

Baynalmilal — (arabcha – millatlar o‘rtasidagi, millatlararo) xalqaro, umuminsoniy, umumxalqiy mazmunlarida qo‘llanadi.

Mentalitet — (nem. – aql, idrok) jamiyat, millat, jamoa yoki alohida shaxsning tarixiy tarkib topgan tafakkur darajasi. Jamiyat, millat yoki shaxsning mentaliteti ularning o‘ziga xos an’analari, rasm-rusumlari, urf-odatlari, diniy e’tiqod va irimlarini qamrab oladi.