XV asrning koʻzga koʻringan adabiyotshunos olimlaridan biri Davlatshoh ibn Alouddavla Baxtishoh al-Gʻoziy as-Samarqandiydir. Uning tarjimayi holiga oid maʼlumotlar juda kam boʻlib, “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asarida keltirilgan baʼzi bir maʼlumotlarga qaraganda, u yirik harbiy xizmatchi va davlat arbobi oilasida tugʻilgan. Otasi Baxtishoh Shohrux Mirzoning amirlaridan boʻlib, koʻpgina harbiy yurishlarida qatnashgan va toj-u taxt sohibiga sadoqat va qahramonlik namunalarini koʻrsatgan. Uning “al-Gʻoziy” atalishi ham shundandir. Davlatshohning tugʻilgan vaqti maʼlum boʻlmasa-da, oʻzining “Tazkirat ush-shuaro” asarini 50 yoshga kirganida yoza boshlaganini maʼlum qiladi. Bizga esa asar 1486-yili yozib tugatilgani maʼlum. Agar bu katta va muhim asarni yozish uchun kamida 2-3 yil vaqt sarflangan deb taxmin qilinganda, Davlatshoh taxminan 1435–1436-yillarda tugʻilgan boʻlib chiqadi.
Davlatshoh Samarqandiy yoshligidan ilmga qiziqib, oʻz davrining koʻzga koʻringan olimi, faqih va shoir Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abul Baysiydan taʼlim olgan. Lekin 1480-yillarga qadar ilmiy yoki adabiy faoliyat bilan shugʻullanmagan, balki saroy xizmati va harbiy ishlarga jalb qilingan, Sulton Husayn Boyqaroning koʻpgina harbiy yurishlarida ishtirok etgan. U soʻnggi marta Sulton Husayn Boyqaro bilan Sulton Mahmud (Hisori Shodmon va Badaxshon hokimi) oʻrtasida Chakmansaroy (Afgʻonistonning Andxoy viloyatida joylashgan manzil)da boʻlgan jangda qatnashgan. Bu jang, Xondamirning maʼlumotlariga qaraganda,1471-yilda sodir borgan.Davlatshoh Samarqandiy 60 yilga yaqin umr koʻrib 1495-yili vafot etgan. Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarini yozishda juda koʻp manbalardan: oʻzidan oldin yozilgan tazkiralardan, xususan, Abu Tohir Xotuniyning “Manoqib ush-shuaro”, Avfiyning “Lubob ul-albob” kiloblaridan; tarixiy va geografik asarlardan, xususan, Istaxriyning “Kitob masolik ul-mamolik”, Gardiziyning “Zayn ul-axbor”, Abulfazl Bayhaqiyning “Tarixi oli Sabuktakin” va boshqalardan, shuningdek, tazkirada qayd etilgan shoir va adiblarning asarlaridan keng foydalangan.
Tazkirada VII–XV asrlarda yashab ijod etgan 155 shoir haqida qisqacha, lekin nihoyatda qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Toʻgʻri, guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi, Davlatshoh Samarqandiy tazkirasi ham ayrim juzʻiy kamchiliklardan xoli emas. Masalan, ayrim hollarda sanalar, u yoki bu shoirning tugʻilgan joyi notoʻgʻri berilgan, ayrim hollarda keltirilgan maʼlumotlar chalkashib ketgan. Shunga qaramay asarning ijobiy tomonlari koʻp. Bu asar juda katta davr — qariyb sakkiz yuz yil mobaynida Eron va Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan shoir va adiblar faoliyati tadqiqini oʻz ichiga olgan. “Tazkirat ush-shuaro” yoki “Tazkirai Davlatshohiy” muqaddima, xotima va yetti qism (tabaqa)dan iborat. Muqaddimada asarning yozilish sabablari, VII–X asrning 1-yarmida yashab oʻtgan arab shoirlaridan Labid (VII asr), Abu Nuvos (vafoti tax. 814), Abu Tayyib al Mutanabbiy (vafoti 963), Abu Aʼlo al-Maarriy (973–1058) va boshqalar haqida maʼlumot keltirilgan.
Birinchi va ikkinchi qism X–XI asrlarda Eron va Markaziy Osiyoda yashab oʻtgan 21 yirik shoirning qisqacha tarjimayi holi va ijodiga bagʻishlangan.
Uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarda Xorazmshohlar — Anushteginiylar (1077–1231), Elxoniylar (1258–1349) va Muzaffariylar (1315–1393) zamonida ijod etgan 54 shoir haqida maʼlumot bor. Soʻnggi ikki tabaqa Amir Temur va Temuriylar zamonida Markaziy Osiyo, Eron va Iroqda yashagan 41 shoir ijodiga bagʻishlangan.
Xotimada esa mazkur tazkira muallifi bilan zamondosh mashhur allomalar Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xoja Afzaliddin Muhammad, Amir Ahmad Suxayliy, Xoja Shahobiddin Abdulloh Marvarid hamda Xoja Osafiy haqida maʼlumotlar keltirilgan. Davlatshoh Samarqandiy tazkirasida jamlangan shoirlarning asarlari sharq mumtoz adabiyotining umumiy yoʻnalishi, uning taraqqiyot yoʻllari, Sharq sheʼriyatida keng qoʻllanilgan ruboiy, qasida, gʻazal, hajv janrlarining paydo boʻlishi va takomillashuvi, tarsiʼ , tajnis, tarjiʼband, murabbaʼ singari sheʼriy shakllarni oʻrganish hamda tadqiq etishda muhim rol oʻynaydi. Qolaversa, ular orasida Javhariy Zargar, Xoja Kirmoniy, Jalol Tabib, Xoja Ismatullo Buxoriy, Aminiddin Nuzulobodiy singari dostonchilik janrining yetuk namoyandalari, nazm va nasrga oid “Tarjimon al-balogʻa” (“Notiqlikni tushuntirib beruvchi kitob”) asari bilan mashhur Farruxiy (vafoti taxminan 1037–1038), “Chahor maqola” kitobi bilan shuhrat topgan Nizomiy Aruziy Samarqandiy (XII asr), fors tilining sharhli lugʻatini tuzgan Qatron ibn Mansur Termiziy ( XII asr), “Hadoiq as-sehr” (“Sehr bogʻlari”) asari bilan nom taratgan xorazmlik Rashididdin Vatvot (1088–1182), “Nigoriston” asari muallifi Muiniddin Juvayniy, “Shabistoni xayol” kitobi muallifi Yahyo Sebak Nishopuriy, “Javohir ul-asror” (“Sirlar javohiri”) asarini butun Sharqqa manzur eta olgan Shayx Ozariy (1382–1462), musiqa ilmining mashhur namoyandalaridan Sohib Balxiy, xat va xattotlik ilmining piri Simiy Nishopuriy ham borki, bular ijodi mumtoz adabiyot hamda oʻrta asr Sharq fani taraqqiyoti tarixida muhim oʻrin egallaydi.
Kitobda taʼrifi keltirilgan shoirlardan aksariyati davrining malik ush-shuarosi boʻlgan. Ularning qariyb hammasi oxir-oqibatda shohlar saroyini tark etgan. Avhadiddin Anvariy (XII asr), Rashididdin Vatvot, Buxoroda mulammah (bir sheʼrni ikki tilda yozish) anʼanasini boshlab bergan, hajv janri rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Xoja Ismatullo Buxoriy (1365–1426) ana shunday shoirlar jumlasidandir. Tazkirada jahonga mashhur faylasuf shoir va olim Nosir Xusrav (1004–1088), Sharq mumtoz sheʼriyati daholaridan va musiqashunos Xusrav Dehlaviy (1253–1325), shoir va yirik tarixchi olim Faxriddin Banokatiy (vafoti 1329), Kamol Xoʻjandiy (1318–1401), Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy bilan birga mehnatkash xalq orasidan chiqqan nozimlar ham qayd etiladi. Asli dehqon tabaqasidan, Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror”iga ming baytdan iborat javob yozgan Jaloliddin ibn Jaʼfar Farrahoniy; bir umr qoʻsh qoʻshib, dehqonchilik qilgan, sheʼrni ketmon dastasiga bitib yurgan koʻhistonlik Muhammad Hisomiddin; avom un-nos (oddiy xalq)dan chiqib, shoirlik, xattotlik va naqqoshlikda nom chiqargan Simiy Nishopuriy; boʻyra toʻqib kun kechirgan samarqandlik Bisotiy haqidagi maʼlumotlar shular jumlasiga kiradi. Shuningdek, tazkirada oʻz sheʼrlari bilan shohlar va hokimlar, noiblar va qozilar kirdikorlarini fosh etgan Yaminiddin Faryumodiy va uning oʻgʻli Amir Mahmud (ibn Yamin), Ubayd Zakoniy, Burunduq Buxoriy hamda Bobo Savdoyi Abivardiy kabi shoirlar zikri ham keltirilganki, bu hol asar qimmatini yanada oshiradi.
Davlatshoh Samarqandiy asarining yana bir fazilati unda ayrim muhim tarixiy voqealar bayonining ham keltirilganidir. Chunonchi, Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Eron xalqlarining Sulton Jaloliddin Manguberdi (Mangiburni) boshchiligida 1221–1232-yillari moʻgʻul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashi tarixidan ayrim lavhalar; 1337-yili Xurosonda boʻlgan sarbadorlar qoʻzgʻoloni hamda shu qoʻzgʻolon natijasi oʻlaroq, Xurosonning kattagina qismida bunyod topgan sarbadorlar davlatining (1337–1381) qisqacha tarixi ham asarda aks ettirilgan. Shuningdek, kitobda keltirilgan Xuroson va Markaziy Osiyo janubiy qismining XV asr 40-yillaridagi siyosiy hayoti bilan bogʻliq tafsilotlar, yirik tarixiy shaxslar — vazir va olim Nizomulmulk, ulugʻ shoir va olim Umar Hayyom, ismoiliylar tariqati asoschisi Hasan Sabboh, buyuk munajjim Mirzo Ulugʻbek hayotiga oid voqealar ham alohida qimmatga ega. Davlatshoh Samarqandiyning mazkur tazkirasi jamoatchilik eʼtiborini koʻpdan beri tortib kelmoqda. 1819-yildan buyon asarning ayrim parchalari Rossiyada (V. A. Jukovskiy va F. Erdman), Fransiyada (Silvestr de Sasi), Angliyada (E. Broun va A. Falkoner), Turkiyada (Fahiin Sulaymon afandi), Germaniyada (Xammer) hamda Gollandiyada chop etilgan. Uning toʻla matni 1887-yili Bombeyda Mirza Muhammad, 1901-yili Londonda E. Broun va 1958-yili Tehronda Hoji Muhammad Ramazoniy tomonidan nashr etilgan.
1900-yili birinchi bor Xivada Muhammad Rafe tomonidan eski оʻzbek tiliga (Xorazm shevasida) oʻgirildi. 1967-yili B. Ahmedov “Tazkir ush-shuaro” tazkirasidan Markaziy Osiyo va xurosonlik 32 nafar va 1981-yil 50 dan ortiq shoir hayoti hamda ijodiga oid ayrim parchalarni oʻzbek tiliga tarjima qilib, “Davlatshoh Samarqandiy” nomli kitobiga ilova qilgan. Holbuki, bu katta asarni atroflicha ilmiy tadqiq qilib, oʻzbek tiliga oʻgirib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etish bugungi olimlarning oldida turgan muhim vazifalardan biridir.