ABU AL-MUʼIYN AN-NASAFIY (1027–1114)


Abul Muin an-Nasafiy nomi bilan mashhur boʻlgan allomaning toʻliq nomi Maymun ibn Muhammad Muʼtamid ibn Makhul boʻlib, 1027-yilda Nasaf (Qarshi)da tavallud topgan. Uzoq yillar Buxoro va Samarqandda yashab ijod etgan olim haqidagi ayrim maʼlumotlarni nasaflik boshqa bir olim Umar ibn Muhammad an-Nasafiyning “Аl-qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand olimlari zikrida qanddek (shirin) kitob”) nomli asarida uchratish mumkin. Asarda keltirilishicha: “Sharq-u Gʻarbning olim-u ulamolari Abul Muin an-Nasafiy ilmining dengizidin bahra topib, ul taratgʻon ziyo nurlarini koʻzlariga toʻtiyo qilib surtgʻonlar”. Alloma 1114-yili 87 yoshida Samarqandda vafot etgan. IX–X asrlarda islom keng tarqalgan Yaqin va Oʻrta Sharq, Markaziy Osiyo oʻlkalarida islom ilohiyoti, falsafasi, kalom ilmi rivoj topdi.
Bu sohalarga bagʻishlangan qator asarlar va kalom masalasi bilan shugʻullanuvchi yirik mutakallimlar vujudga keldi. Kalom ilmining bir qancha yoʻnalishlari boʻlib, ulardan al-ashʼariya va al-moturidiya yoʻnalishlari gʻoyatda keng tarqalgan. Al-ashʼariya maktabining asoschisi bagʻdodlik olim Abdul Hasan al-Ashʼariy (873–935), al-moturidiya maktabining asoschisi samarqandlik taniqli olim Abu Mansur al-Moturidiy (870–944) taʼlimotidan saboq olgan an-Nasafiy, asosan, al-moturidiya maktabiga mansub Gʻazzoliyning maslagiga amal qilgan olimlardan hisoblangan. Oʻz navbatida, al-Iyjiy (vafoti 1355-yil), Saʼduddin at-Taftazoniy (vafoti 1390-yil) va boshqa koʻplab taniqli olimlar an-Nasafiy taʼlimotiga tayangan holda faoliyat koʻrsatib, kalom ilmida barakali ijod etib, yetuk olimlar darajasiga koʻtarilganlar. Manbalarda keltirilishicha, an-Nasafiy oʻn beshga yaqin asar yaratgan boʻlib, ularning aksariyati kalom ilmining turli masalalariga bagʻishlangan.


Ular quyidagilardir: “Al-Uʼmda fi usul al fiqh”, “Bahr al-kalom fi iʼlm al-kalom”, “Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom”, “At-Tamhid li-qavoiʼd at-tavhid fi ilm al-kalom”, “Al-Olim val-mutaʼllim”, “Izoh al-mahajatiy li-kovn al-aql hujjatan”, “Sharh al-Jomi al-Kabir lish-Shayboniy fi furu”, “Manoxij al-aimmati fil furu”, “Muʼtaqidot” (Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida Abul Muin an-Nasafiyning bu asaridan bir qoʻlyozma saqlanadi inv.№40008/2) Arab tilida yozilgan ushbu asar 52 varaqdan iborat. Allomaning “Bahr al-kalom” asari alohida ahamiyatga egadir. Asarning oltinchi bobidagi fasl (boʻlim) toʻrt banddan iborat boʻlib, ulardan birinchisi “al-lmomat” (Imomlikka oid) deb atalgan va shu bandda keltirilgan Paygʻambar alayhissalomning ikki hadisi katta ilmiy ahamiyatga ega.

Birinchisi, “Iqtadu bil-laziyna min baʼdiy Abu Bakr va Umar” (bu hadislarni Imom at-Termiziy, Imom ibn Moja, Ahmad ibn Hanbal va boshqa bir qancha muhaddislar oʻz asarlarida rivoyat qilganlar) — “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga iqtido qilinglar”, degan boʻIishiga qaramay, xalifalik ustida ikki kun bahs boʻlgan.

Ikkinchi hadisdagi “Mendan keyin xalifalik oʻttiz yil, undan keyin amirlik, podshohlik va hokazolar boʻladi”, degan fikrlari naqadar toʻgʻriligini alohida qayd qilish zarur. Chindan ham bu muddat (yaʼni oʻttiz yil) choryorlar paytida tugagan. Bu kitob kalom ilmi boʻyicha al-moturidiya maktabining asosiy asarlaridan biri hisoblanadi. Chunonchi, bu asar ash-shayx Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan islomiy aqidaning eng bosh manbalaridan sanaladi. Ayniqsa, islom dinida turli-tuman oqimlar va taʼlimotlar yaratilayotgan hozirgi paytda bu asarning ilmiy-amaliy ahamiyati beqiyos darajada kattadir.

Abul Muin an-Nasafiy oʻz kitobini yaratishda asosiy manba sifatida Imom Abu Mansur al-Moturidiyning “At-Tavhid”, Imom Abul Hasan al-Ashʼariyning “Al-Larha”, “Maqolot al-Islomiyyin”, Imom al-Haramayn, Imom Abu al-Maoliy Abdulmaliy al-Juvayniyning “al-Irshod” asarlaridan foydalangan. “Bahr ul-kalom” asari alloma ijodining gultoji hisoblanib, islom dini falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi boʻyicha eng qimmatli manbalardandir. Bu kitobning bir qancha qoʻlyozma va kitobiy nashrlarining mavjudligi ham muhim manbalardan ekanligidan dalolat beradi va uning qimmatli qoʻlyozma nusxalari Dubaydagi Jumʼa al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida (1167-hijriy yilda koʻchirilgan), Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasining qoʻlyozmalar boʻlimida, Bagʻdoddagi “Maktab at al-Avqof”da, Qohiradagi mashhur “Dor ul-kutub”ning qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanadi. Ushbu qoʻlyozmaning 950-hijriy yilda oddiy xat bilan koʻchirilgan nusxasi Iskandariya (Misr)ning “Maktabat al-baladiyya” nomli kutubxonasida ham bor. Asar muhim manba sifatida ikki marta nashr ham etilgan. Jumladan, 1899-yili Bagʻdodda, 1908-yili Qohirada chop etilgan. Lekin ushbu nashrlar tadqiqotsiz amalga oshirilgan boʻlib, faqat asar matnidan iborat.


“Bahr ul-kalom”ga ayrim sharhlar ham bitilgan. Jumladan, Olim Badruddin Hasan Ibn Abu Bakr Ahmad al-Maqdisiy (1415-yili vafot etgan) asarga bagʻishlagan sharhini “Gʻoyat al-marom fi sharhi “Bahr al-kalom” deb atagan. Bu sharhning bir qoʻlyozma nusxasi Qohiradani “Dor ul-kutub”da, boshqasi Misrdagi “al-Maktabat al-Hadyavaya”da saqlanadi. Taniqli arab olimi Hoji Xalifa ham oʻzining mashhur “Kаshf uz-zunun” asarida “Bahr ul-kalom”ga yozilgan faqat shu sharh haqida zikr qilgan xolos. Sirasini aytganda, buyuk vatandoshimiz Abul Muin an-Nasafiy hayoti va ilmiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish madaniyatimiz tarixini yoritishda katta ahamiyatga egadir.