Moddiy ishlab chiqarishda texnika va fan taraqqiyoti


Buyuk kashfiyotlar


Bu davrda ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sgani va jamiyatning ehtiyojlari ortgani tufayli transport, elektr, binokorlik, metallurgiya, mashinasozlik va boshqa sohalarda yirik kashfiyotlar qilindi. Dunyo mamlakatlarida temiryo‘llarning ko‘payishi natijasida parovozsozlikda yirik o‘zgarishlar bo‘ldi.
Sodda va kuchsiz bo‘lgan bug‘ mashinalari o‘rniga ichki yonuv dvigateli va elektr dvigatellari yaratildi. Elektr dvigatelidan dastavval transportda foydalanildi. 1895-yildan Buyuk Britaniya va AQSHning yirik shaharlarida tramvay ishlatila boshlandi. Temiryo‘llarni elektrlashtirish sohasida tajribalar o‘tkazildi. Kemalar qurilishida po‘lat keng ko‘lamda ishlatila boshlandi.


Elektr


Elektr sanoati yuksak darajada taraqqiy qilgan mamlakatlar tez rivojlandi. Sanoatning rivojlanishi fabrika, zavod, savdo joylari va idoralarning sun’iy yoritgichlarga bo‘lgan talabini yil sayin oshirib bordi. 1876-yilda rus olimi P. N. Yablochkov ʻʻelektr shami“ deb atalgan lampani ixtiro qildi. Amerikalik ixtirochi T. Edison havosi so‘rib olingan ko‘mir tolali cho‘g‘lanish lampasini yaratdi. Nyu Yorkda Edison qurgan birinchi issiqlik elektr stansiyasi yuzlarcha iste’molchilarni energiya bilan ta’minlay boshlagan.

Binokorlikda metall va oynadan foydalanish


Binokorlik sohasida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Endi metall va oynalardan keng foydalaniladigan bo‘lishdi. Shu sababli banklar, fabrikalar, bozorlar, savdo do‘konlari, vokzallar, uy-joylar, katta mehmonxonalar qurila boshlandi.
Qurilish ishida sement katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu davrda yangi qurilish materiali — temir-beton paydo bo‘ldi. Temir-betonni fransuz bog‘boni Monye ixtiro etgan deb hisoblanadi. U temir-betondan katta gultuvaklar tayyorlagan. Yangi materiallar — temir-beton, metall va shishalarning ko‘plab ishlatilishi binolar arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. 1889-yilda Parijdagi Jahon ko‘rgazmasi uchun fransuz muhandisi Eyfel o‘sha davrda g‘oyat katta — faqat metalldan yasalgan, balandligi 300 metr bo‘lgan minora qurdi. Bundan keyinchalik Amerikada balandligi 400 metrgacha bo‘lgan osmono‘par binolar qurilishida foydalanishdi. Temiryo‘l tunnellari ochish va temiryo‘l ko‘priklari qurish texnikasi juda o‘zgarib ketdi. 1880-yilda Alp tog‘laridagi mashhur Sen Gotard dovoni ostida 15 kilometrlik tunnel qurildi.

Tomas Edison

Bu davrga kelib gidroqurilish texnikasi ham o‘zgarib ketdi. Atlantika okeani bilan Tinch okeanni bir-biriga tutashtiruvchi Panama kanali 1914-yilda qurib bitkazildi.


Metallurgiya

Albatta, metallurgiya sanoatini rivojlantirmasdan turib yuqorida aytilgan qurilish ashyolarini tayyorlab bo‘lmasdi. Metall eritish texnikasi takomillashdi.
Metallurgiyada avtomatlashtirishni nemis olimi R. Kirxgof yaratdi. Pechlarning sig‘imi oshdi. Cho‘yanni po‘latga aylantirish masalasi hal qilindi.
Sanoat uchun zarur bo‘lgan sulfat kislota ishlab chiqarishda yangi texnologiyalar paydo bo‘ldi. Sun’iy soda olishning ammiak usuli joriy etildi.
1886-yilda elektrolit yo‘li bilan aluminiy ajratib olindi. XX asr boshida L. Bakeland (Belgiya) plastmassa olish yo‘lini topdi. Bu davrda mashinasozlik keng rivojlandi. Metall kesish jarayonini ilmiy jihatdan tekshirishga rus olimi I. A. Time asos soldi. Elektr bilan payvandlash usulini dastlab 1867-yilda amerikalik elektrotexnik Tomson qo‘llagandi.

Neftni qayta ishlash

XIX asr oxiri–XX asr boshlarida sanoatning muhim tarmoqlaridan biri — neftni qayta ishlash sanoati vujudga keldi. Ichki yonuv dvigatellarining taraqqiy ettirilishi bilan benzin olish muammosi paydo bo‘ldi. Benzin bilan ishlaydigan yengil dvigatellar yaratish sohasida nemis olimi G. Daymler katta yutuqlarga erishdi. U avtomobil, motorli qayiq, mototsiklga o‘rnatiladigan dvigatellarni yaratdi. Daymler yaratgan ikki silindrli dastlabki dvigatellarning quvvati 34 ot kuchiga teng bo‘lgan. 1897-yilda R. Dizel yonilg‘i siqilganda o‘z-o‘zidan alangalanib ketadigan yangi dvigatel yaratdi. Birinchi aeroplanlarni yaratishda rus ixtirochisi A. F. Mojayskiy, ingliz konstruktori G. Filipps, fransuz ixtirochisi K. Aderlar katta hissa qo‘shdi. 1903-yilda aka-uka Uilber va Orvill Raytlar samolyotda uchishdi. Raqamli hisoblash mashinalarini Charlz Bebbij (Angliya), tikuv mashinalarini dasturlashtirishni Jozef Mari Jakkard (Fransiya), samolyotlarni avtomatik boshqarishni L. Sperri (AQSH), raketaplanni N. I. Kibalchich (Rossiya) yaratdi.

A. S. Popov

Radiotelefon


Texnika sohasida qilingan eng buyuk kashfiyotlardan biri radioning ixtiro qilinishi bo‘ldi. Nemis olimi G. Gers elektromagnit to‘lqinlari tarqalish faktini jahonda birinchi bo‘lib tajriba yo‘li bilan isbotladi. Rus olimi A. Popov simsiz aloqa uchun elektromagnit to‘lqinlarini chiqarish va qabul qilish usulini topdi hamda kerakli asboblarni (uzatgich va qabul qilgich) yaratdi. Shu tariqa radioga asos solindi. Buyuk Britaniyada G. Markoni tomonidan simsiz telegraf ixtiro qilindi. XIX asr oxirida texnikaning yangi tarmog‘i — telefon tez rivojlandi. Shotlandiyada tug‘ilib, Amerikada yashagan texnik A. Bell telefon apparatiga birinchi bo‘lib imtiyoznoma oldi.


Telefon boshqa ko‘pgina yangi ixtirolardan farqli o‘laroq, deyarli barcha mamlakatlarda tez rusum bo‘ldi. Dastlabki shahar telefon stansiyasi AQSHda ishga tushirildi. Shundan so‘ng Parij va Berlinda telefon stansiyalari ochildi.
T. Edison ovoz yozib olish va uni takror eshittirish apparati — fonograf yaratdi. Fonograf asosida grammofon va boshqa mexanik usulda ovoz yozib olish uchun ishlatiladigan asboblar paydo bo‘ldi.

Harbiy soha

XIX asrning oxirlaridan e’tiboran dunyoni qayta taqsimlash uchun kurash boshlanishi munosabati bilan harbiy soha va iqtisod o‘rtasida bog‘lanish chuqurlashdi. Mashinalashtirilgan industriya bir qancha juda muhim harbiy-texnika yangiliklarini amalga oshirish imkonini berdi. Bu davrga kelib barcha mamlakatlarda dala armiyasi va dala artilleriyasi soni to‘xtovsiz o‘sa boshladi, bu hol piyoda va artilleriya qo‘shinlari uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqarishning son va sifat jihatidan tez o‘sishiga sabab bo‘ldi. O‘sha davrda magazinli (o‘qdonli) tezotar miltiq ixtiro qilindi. Ammo tutunli porox ishlatilishi bu miltiqning jangovar sifatlarini kamaytirardi. Magazinli miltiqdan tez-tez otish vaqtida tutun tarqalishiga ulgurolmay, otuvchilarga nishon yaxshi ko‘rinmasdi. Shunday qilib, harbiy ish amaliyoti tutunsiz porox kashf etish vazifasini qo‘ydi. 1884-yilda fransuz olimi Vyelye piroksilinli tutunsiz porox tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi.


Rossiyada D. I. Mendeleyev fransuzlardan mustaqil ravishda tutunsiz poroxning sirini topdi. Ko‘pgina mamlakatlarda tutunsiz porox ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Miltiqning takomillashtirilishi va poroxning yaxshilanishi bilan birga yaxshi qurollangan, ko‘p sonli qo‘shinlarning siquviga qarshilik ko‘rsatuvchi jangovar armiyalar vujudga keldi. Fransiyada tezotar ko‘chma to‘plarning, shuningdek, parchalaydigan portlovchi moddalarning paydo bo‘lishi armiyaning jangovar sifatini ko‘tardi. Yangi portlovchi modda tayyorlash sohasida shvetsiyalik muhandis A. Nobel olamshumul kashfiyot qildi. 1888-yilda Nobel dinamit yaratdi va ko‘p o‘tmay juda boyib ketdi.
Birinchi jahon urushi arafasiga kelib o‘qotar qurollar va artilleriya yanada takomillashdi. Stanokli pulemyot bilan bir qatorda urush davomida ancha yengil qo‘l pulemyotlari ham yaratildi. O‘ta uzoqqa otadigan to‘plar paydo bo‘ldi. Ichki-yonuv dvigateli o‘rnatilgan, zanjirli, zirhli artilleriya bilan qurollangan tank Somma daryosi yonida 1916-yil 15-sentyabrda jang sharoitida birinchi marta inglizlar tomonidan ishlatildi. Tank dahshatli jang quroliga aylandi. XX asr boshlarida soatiga 220 km gacha tezlik bilan uchadigan, uchish balandligi 7000 metrgacha, uchish uzoqligi esa 900 km gacha bo‘lgan samolyotlar qurildi. Shunday qilib, bu davr ilmiy-texnikaning jadal taraqqiyoti bilan xarakterlanadi.