Shaharlar hayotining umumiy manzarasi
XVIII asr oxiriga kelib shaharlar hayotida uzoq davom etgan tushkunlik holati barham topdi. XVIII asrning ikkinchi yarmi–XIX asr boshlarida katta koʻlamdagi sug‘orish inshootlarining tiklanishi hamda yangilarining bunyod etilishi ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishiga asos bo‘ldi. Bu hodisa, o‘z navbatida, shaharlarda hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning o‘sishiga sabab bo‘ldi. Biroq bu o‘sishni Yevropa davlatlari iqtisodiyoti taraqqiyoti bilan aslo tenglashtirib bo‘lmasdi. Bu davr — G‘arbiy Yevropa davlatlari hayotida tub sifat o‘zgarishlar davom etayotgan davr edi. Chunonchi, Buyuk Britaniyada boshlangan sanoat to‘ntarishi boshqa ilg‘or davlatlarga ham yoyilgan, XIX asr o‘rtalariga kelganda esa u nihoyasiga yetayotgan edi. Binobarin, Yevropa davlatlarida kapitalistik munosabatlar gurkirab rivojlanayotgandi. Markaziy Osiyo xonliklarida, jumladan, Xiva xonligi jamiyati hayotida hamon o‘rta asr yer egaligi munosabatlari hukmron edi.
Me’morchilik
XVIII asr oxirida Muhammad Amin hukmronligi davridan boshlab birmuncha siyosiy barqarorlik o‘rnatildi. Bu omil Xiva shahrining holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, 1782-yilga kelib Xiva shahrida qayta tiklash ishlari tugallandi. Qayta tiklash ishlaridan tashqari yangi me’moriy obidalar ham qurildi. Masalan, 1765-yilda Sherg‘ozixon va Muhammad Amin madrasalari bunyod etildi. XIX asr boshlarida Xiva xonligi poytaxti yirik qurilish maydoniga aylandi. Xon farmoyishi bilan karvonsaroy, usti yopiq bozor hamda 1834-yilda Olloqulixon madrasasi qurilishi tugallandi. XIX asrda Xiva shahri bir-biridan devor bilan ajralib turadigan ikki qismga bo‘lingan. Ularning biri Dishan qal’a — Tashqi shahar (qal’a) deb, ikkinchisi esa Ichan qal’a — Ichki shahar (qal’a) deb atalgan. Ma’lumki, Sharqda shaharning ichki qismi, ya’ni markazi Shahriston, tashqi qismi esa Rabot deb atalgan
Ichan qalʼa
Ichan qal’a bobolarimizdan qolgan Markaziy Osiyodagi yirik va noyob me’moriy yodgorlikdir. Ichan qal’a Xiva shahrining ichki qal’a (Shahriston) qismidir. Ichan qal’a Dishan qal’adan devor bilan ajralib turadi. Unga Bog‘cha, Polvon, Tosh va Ota deb nomlangan to‘rtta darvoza orqali kirilgan.
Xorazm o‘lkasi me’morchiligining ajoyib obidalari — madrasa, masjid, xon saroyi, ma’muriy binolar, bosh maydon va minoralar Ichan qal’ada joylashgan.
Muhammad Rahimxon, Olloqulixon va Muhammad Aminxon hukmronliklari davrida Ichan qal’ada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Muhtasham saroy, madrasa va maqbaralar barpo etildi. Ko‘hna arkdagi saroy qurilishi tugallandi. Muhammad Aminxon Ichan qal’aning g‘arbiy qismidagi
Ko‘hna ark yoniga Kalta Minor nomi bilan mashhur bo‘lgan minorani qurdirdi. Ichan qal’ani bunyod etishda Xiva me’morlari Markaziy Osiyoda qadimdan davom etib kelayotgan an’ana — inshootlarni ro‘parama-ro‘para qurish usulidan foydalanishgan. Bu usul ʻʻqo‘shʼʼ deb ataladi. Bundan tashqari, binolarni alohida ansambl holida qurish an’analariga ham amal qilingan. Masalan, Polvon darvozasi oldidagi bir necha masjid, madrasa, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyi ana shunday o‘ziga xos ansamblni tashkil etadi. Noyob me’morchilik obidasi bo‘lgan Ichan qal’a 1961-yilda me’moriy yodgorlik sifatida alohida muhofazaga olingan va muzey-qo‘riqxonaga aylantirilgan. Uning maydoni 26 ga.ni tashkil etadi. Unda 54 ta tarixiy-me’moriy obida joylashgan. 1969-yildan muzey-qo‘riqxona Xiva ʻʻIchan qal’a muzey-qo‘riqxonasiʼʼ deb ataladi. 1990-yilda Ichan qal’a Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi.
Dishan qal’a
Dishan qal’a – Tashqi qal’a Xiva shahridagi rabod qismi hisoblanadi. Unda savdo va hunarmandchilik do’konlari, mahallalari joylashgan. 1842-yilda Xiva xoni Olloqulixon Xiva shahrini tashqi dushmanlar hujumidan saqlash maqsadida shaharni uzunligi 6250 metr, balandligi 7–8 metr, qalinligi esa 5–6 metr bo‘lgan devor bilan o‘ratgan. Ichan qal’a 4 darvozali bo‘lsa, Dishan qal’a 10 darvozali bo‘lgan.
Hunarmandchilik
XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asr birinchi yarmida ham avvalgi asrlarda mavjud bo‘lgan hunarmandchilikning har xil turlari yanada rivojlandi. Me’morchilikning yuksalishi kulolchilikda ham o‘z ifodasini topdi. Kulollar faqat alohida-alohida buyumlar tayyorlabgina qolmasdan, bir necha yuzlab lagan, tovoq va kosalardan iborat butun bir to‘y marosimini o‘tkazishga yetadigan to‘y majmualarini ham tayyorlashgan. Alohida tantanalar uchun maxsus to‘y va podshoyi tovoqlar ham tayyorlangan. XIX asrning 30–40-yillariga oid manbalarda Xivada zargarlik yetakchi hunarlar qatorida tilga olingan. Xivaning bosh taqinchog‘i — jig‘a Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga ham keng tarqalgan. Isirg‘alar feruza va marjonlar, bilaguzuklar esa toshlar bilan bezatilgan. XIX asrda Xiva yog‘och o‘ymakorligi maktabi xonlikda oldingi o‘rinda turardi. U o‘z badiiy yuksakligi bilan ajralib turardi. Bu o‘rinda Olloqulixon saroyidagi Toshhovli ayvon ustunlari majmuyi o‘zining ko‘rkamligi bilan ajralib turadi. XIX asr o‘rtalarida o‘ymakori eshik va ustunlar ustasi Polvon Abdusattor o‘g‘lining nomi, ayniqsa, shuhrat qozondi. Xiva shahri, ayni paytda, XX asr boshlarigacha xonlikda yagona shoyi to‘qish markazi bo‘lib qoldi. XIX asrda Xivada matoga gul bosish san’ati o‘zining kulrang uyg‘unligi va mayda gullari bilan Markaziy Osiyoning boshqa gul bosish markazlaridan farq qilib turgan.