Prezidentlik institutining shakllanishi
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin davlat boshqaruvining yangi, zamonaviy va samarali tizimi – Prezidentlik boshqaruvi shaklini rivojlantirishga kirishildi.
1990-yil 24-martda O‘zbekiston Respublikasida prezidentlik institutining vujudga kelishi mamlakatimiz milliy davlatchiligining rivojlanishida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. 1990-yil 1-noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida ijroiya va boshqaruv hokimiyatining tuzilishini takomillashtirish hamda O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan davlat boshqaruvining uyg‘un tizimini yaratish, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini bir-biridan qat’iy farqlab qo‘yish muhim ekanini hisobga olib, prezidentlik hokimiyati bilan Ministrlar Sovetining ijroiya-boshqaruv hokimiyati qo‘shib yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga aylantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi bo‘lishi belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetining apparati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi bitta apparatga birlashtirilishiga qaror qilindi.
Mazkur qonun mamlakatimizda davlat boshqaruvi shakli prezidentlik respublikasiga asoslanishini mustahkamlab qo‘ydi. Prezidentlik instituti ta’sis etilganidan so‘ng davlatimizda keng qamrovli islohotlar boshlandi. 1991-yil 18-noyabrda mamlakatimizda prezidentlik saylovlarini tartibga soluvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Shu asosda 1991-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muqobillik asosida saylov bo‘lib o‘tdi.
Oliy lavozimga ikki nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi nomzodi Islom Karimov va “Erk” Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov (Muhammad Solih) nomzodi qo‘yildi. Saylovlar yakuniga ko‘ra, ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi Islom Karimov nomzodini, 12,3 foizi esa Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi.
1995-yil 26-martda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddatini 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirish masalasi bo‘yicha umumxalq referundumi bo‘lib o‘tdi. 2000-yil 9-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi. Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muqobillik asosida o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2002-yil 27-yanvarda bo‘lib o‘tgan referendumda prezidentlik lavozimi vakolati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.
2007-yil 23-dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovda 88,1 foiz ovoz bilan Islom Karimov 7 yilga saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati 2015-yil dekabrda tugashi munosabati bilan Prezidentlik lavozimiga saylov o‘tkazildi.
2015-yil 29-mart kuni prezident saylovida Islom Karimov 90,39 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
2016-yil 2-sentabrda Islom Karimov og‘ir xastalik tufayli vafot etdi. Shu munosabat bilan navbatdan tashqari umumxalq prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. 2016-yil 4-dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq muqobillik va sog‘lom raqobat asosida Prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda 88,61% ovoz bilan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki kunlardayoq O‘zbekistonda demokratiyani taraqqiy toptirish uchun hozirgi zamon jahon standartlariga javob bera oladigan samarali va ishchan parlamentni shakllantirish zarurati yuzaga keldi. Demokratik tamoyillar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining uchinchi tamoyili – davlat hokimiyatining uch tarmoqqa bo‘linishi nuqtai nazaridan O‘zbekiston davlat hokimiyati tizimi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi qonunlashtirildi.
Prezident
Uch hokimiyatdan har biri faoliyatda mustaqil bo‘lib, ayni vaqtda bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Prezident har uchala hokimiyat faoliyatini muvofiqlashtiruvchi mustaqil organ hisoblanadi.
Parlamentarizmning rivojlanishi bosqichma-bosqich amalga oshirib borildi. O‘zbek parlamentarizmi tarixiga nazar solsak, 1990–1994-yillarda mamlakatimiz parlamenti Oliy Kengash nomi bilan atalib, 150 deputatdan iborat edi.
1995–2004-yillarda Oliy Majlis nomi bilan atalgan 250 deputatdan iborat bir palatali parlament shakllantirildi. Bir mandatli hududiy saylov okruglaridan saylangan deputatlar tarkibida Xalq demokratik partiyasidan, “Adolat ” sotsial-demokratik partiyasidan, “Vatan taraqqiyoti” partiyasidan, “Milliy tiklanish” partiyasidan deputatlar bo‘lib, ilk bor parlament fraksiyalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining binosi
2005-yildan boshlab mamlakatimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan – Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat tarzda ish boshladi. Bu 2002-yil 27-yanvarda o‘tkazilgan referendum va shu asosda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunlar asosida amalga oshirildi.
Parlamentda 250 kishi, jumladan, Quyi palata – Qonunchilik palatasida 150 deputat, Senatda 100 nafar senator faoliyat ko‘rsatadi. Senatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 6 nafardan, jami 84 kishi saylanadi. Prezident tomonidan tayinlanadigan 16 nafar el-yurtda obro‘-e’tibor qozongan kishilar Senatning a’zosi bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tizimi va vazifalari
1990-yil 15-noyabrda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq ravishda O‘zbekiston Prezidenti huzurida Vazirlar Mahkamasi tuzildi. Prezident Vazirlar Mahkamasining Raisi bo‘ldi. Respublikada vitse-prezident lavozimi ta’sis etilib, zimmasiga Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilish va uning ishini yuritish vazifasi yuklandi.
1992-yil 4-yanvarda vitse-prezident lavozimi tugatildi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimi ta’sis etildi. Bosh vazir zimmasiga vitse-prezident vakolatlari berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XX bobida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi, tashkil etilishi, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va vakolatlari belgilab qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri 2003-yil) qonuni asosida olib boradi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining hukumati hisoblanib, Oliy Majlisning qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari bajarilishiga rahbarlikni ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organidir.
1992–2003-yillarda Vazirlar Mahkamasining tuzilishi
Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat ko‘rsatadi. 2003-yil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 89-moddasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi”, degan ikkinchi qismi olib tashlandi.
O‘zbekiston hukumati – Vazirlar Mahkamasiga Bosh vazir rahbarlik qiladi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Rais lavozimi ta’sis etilmaydigan bo‘ldi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari nomzodlari avval Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining boshqa a’zolari esa Bosh vazirning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Hozirda Vazirlar Mahkamasining tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi vazirlari, davlat qo‘mitalarining raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi kiradi.
Sud hokimiyati
Sud hokimiyati – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida sud hokimiyati sohasida ham islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 2000-yilda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahrirda) sud islohotlarining huquqiy asosidir.
«Sud tizimidagi islohotlarni ikki davrga bo‘lish mumkin. 1) 1991–2016-yillar; 2) 2017-yildan keyingi davr. Dastlabki davrda O‘zbekiston Respublikasi sud tizimiga besh yil muddatga saylanadigan quyidagilar kirgan:
— O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi;
— O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi;
— O‘zbekiston Respublikasining Oliy xo‘jalik sudi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudi;
— fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari;
— fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari;
— viloyatlar va Toshkent shahrining xo‘jalik sudlari;
— harbiy sudlar.»
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Sudlarning alohida hokimiyat sifatida belgilanishidan maqsad O‘zbekiston Respublikasida shaxs huquqi va erkinliklarining xolis organ sifatida faqat sud orqali ta’minlanishiga erishish va sudni avvalgi jazolovchi organdan shaxs huquq va erkinliklarini to‘laqonli himoya qila oladigan organga aylantirishdir.
Sudlar sud qarorini ijro etish kabi o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalardan ozod etildi. 2008-yil 1-yanvardan mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilindi. Fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkazildi. Davlatimizda jinoiy jazolashning insonparvar huquqiy tizimi tashkil etildi.
Islohotlar ikkinchi davrining asosiy xususiyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, sudyalik lavozimiga tayinlash (saylash) muddatlariga qat’iy aniqlik kiritildi. Ya’ni sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba – o‘n yil, keyingisida muddatsiz tayinlash (saylanish) imkoni yaratildi. Bu sudyalarning yoshi, malakasi, kasb mahoratini inobatga olgan holda uzoqroq muddatga faoliyat ko‘rsatishini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari
Mamlakatimiz istiqlolga erishgan kundanoq O‘zbekiston milliy davlatchiligi, uning hududiy yaxlitligi, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash davlat siyosatining bosh masalalaridan biri bo‘lib kun tartibiga qo‘yildi.
1991-yil 19–21-avgust kunlari sobiq Ittifoq poytaxti Moskva shahrida ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat halokat girdobiga kelib qoldi. Shunday sharoitda mamlakat hududiy yaxlitligi, aholi tinchligi va osoyishtaligini qurolli himoya qilish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yildi.
O‘zbekiston Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi farmoni asosida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komitetining respublika tasarrufiga o‘tishi, SSSR Ichki ishlar vazirligining yurtimizdagi qo‘shinlari O‘zbekiston Prezidentiga bo‘ysundirilishi ana shunday birinchi qadamlardan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 6-sentabrdagi farmoniga asosan Mudofaa ishlari vazirligi tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 10-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va o‘quv muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to‘g‘risida” qaroq qabul qilindi. 1992-yil 14-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qaroq qabul qilindi. Ushbu qarorlarga muvofiq, sobiq SSSR Qurolli Kuchlarining respublika hududida joylashgan qismlari, qo‘shilmalari, birlashmalari, harbiy o‘quv yurtlari, tashkilotlari va boshqa harbiy tuzilmalari qonuniy asosda O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olindi. Mazkur qaror qabul qilingan kun – 14-yanvar O‘zbekiston Respublikasining 1993-yildagi qonuniga muvofiq, “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
1992-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Milliy xavfsizlik tasarrufida Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq Prezident mamlakat Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qo‘mondoni hisoblanadi.
1995-yilning may oyida davlat va jamiyat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xavfsizlik kengashi tuzildi. Xavfsizlik Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahatlashuv organi hisoblanadi.
Harbiy qasamyod
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ko‘ra Kengashning raisi hisoblanadi. Xavfsizlik Kengashi majlislarga muvaqqat ravishda O‘zbekiston Respublikasidagi har qanday mansabdor shaxsni taklif etishi mumkin. Kengash majlisi davomida bildirilgan taklif va mulohazalar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va mamlakat Prezidenti tegishli qarorni tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.
Mamlakatimizda ilk marta 1996-yil 24-aprelda Oliy Majlisning beshinchi sessiyasida ma’qullangan to‘rt bo‘lim, yigirma sakkiz moddadan iborat bo‘lgan “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qilindi.
Konsepsiya milliy xavfsizlik tizimini shakllantirish, milliy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vazifalar va ularni amalga oshirish prinsiplarini huquqiy normalarda belgilab beradigan, butunlay yangicha hujjat sifatida ko‘rib chiqildi. 1997-yil avgust oyida Oliy Majlisning IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi qabul qilindi.
Xorij tajribasida milliy xavfsizlik deganda ko‘proq davlat xavfsizligi tushuniladi. Bu borada O‘zbekiston o‘ziga xos yo‘lga ega. Chunonchi, masalaga bunday yondashuv milliy xavfsizlik muammosining mohiyatini birmuncha toraytiradi. To‘g‘ri, milliy xavfsizlikda harbiy va davlat xavfsizligi masalalari asosiy o‘rin tutadi. Biroq milliy xavfsizlik deyilganda faqat ana shularning o‘zigina tushunilmaydi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 9-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun globallashuv sharoitida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik tahdidlar kengayib borayotgan vaziyatda geosiyosiy qarama-qarshilik, kuch ishlatish, shu jumladan, ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ehtimoli oshgani, xalqaro terrorizm va ekstremizm faollashgani, axborot makonida o‘zaro kurash kuchayganiga qarshi munosib tura olish masalalarini kafolatlaydi.
Afv etish – sud hukmi bilan jazo tayinlangan biror shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish yoki berilgan jazoni yengillashtirish. Odatda, afv davlat boshlig‘ining qarori bilan amalga kiritiladi.
Referendum – (lot. – ma’lum qilinishi zarur bo‘lgan narsa) davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan va ba’zan qonun qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq so‘rovi, ovoz berish yo‘li bilan xalq fikrini aniqlash.
Yurisdiksiya – (lot. – sud qilish, sud jarayoni) huquqiy masalalarni hal qilish, sudlov ishlarini olib borish huquqi. Muayyan davlat organi vakolatlari doirasidagi huquq sohasi.
Doktrina – (lot. – ta’limot, o‘qimishlilik) ilmiy yoki falsafiy ta’limot, nazariya; asosiy nazariy yoki siyosiy nuqtai nazar.