Diyorimiz jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri


Vatanimiz boy va qadimiy tarixga ega. Turon, Turkiston va Movarounnahr nomlari bilan shuhrat topgan mamlakatning va mehnati bilan uni obod etgan o‘zbek xalqining o‘tmishi g‘oyat qiziqarli va ibratlidir.

Siz ushbu darslikda IV–XV asrlar davomida o‘lkamiz tarixida bo‘lib o‘tgan voqealar haqida bilib olasiz. Bu tarixiy bosqichda “o‘zbiy” va “o‘zbek” atamalari bilan ulug‘langan o‘zbek xalqi shakllandi.

“O‘zbek” – qabila begi, hukmdor.

IV–XV asrlarda dastlab Xorazm, Xioniylar, Kidariylar, Eftallar, Turk xoqonligi, keyinchalik Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan yirik davlatlar faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu davlatlar mazkur hudud aholisining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayoti rivojiga ta’sir ko‘rsatdi.

Ilk o‘rta asrlarda “qishloq hokimi” deb atalgan katta yer egasi – “dehqon”lar va ularning ekinzorlarida ishlovchi yersiz “kadivar”lar shakllandi. Yerda ishlash tartiblarining tubdan o‘zgarishi aholi o‘rtasida tabaqalanishni keskinlashtirgan.

VIII asrning boshlariga kelib mamlakatimizda Arab xalifaligi o‘rnatildi. O‘lkamizda arab madaniyatining ta’siri kuchaydi. Xalifalik hukmronligidan so‘ng ilm-ma’rifatning rivoji uchun sharoit yuzaga keldi. Yurtimizdan ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy singari buyuk mutafakkirlar yetishib chiqdi.

Shu davrda yashab ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband va Xoja Ahror Valiy kabi mashhur ulamolarning Islom dini va ta’limotiga oid asarlari hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosi va zamonaviy svilizatsiya tarixida tutgan o‘rni va roliga bag‘ishlab 2014-yilning 15–16-may kunlari Samarqandda xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada ellikka yaqin mamlakatdan sharqshunos olimlar, nufuzli xalqaro tashkilot vakillari, ilmiy markazlar mutaxassislari ishtirok etdi. Biz shu zamindan yetishib chiqqan, dunyo tan olgan buyuk mutafakkirlar va mashhur ulamolarning avlodlarimiz.
“Dunyo tan olgan buyuk mutafakkirlarimiz va mashhur ulamolarimizga munosib bo‘lish” deganda nimani tushunasiz?

Fikringizni izohlang. Buning uchun sizdan nima talab qilinadi?

“Tadqiqotchi-olimlarning fikricha, Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX–XII va XIV–XV asrlarda bamisoli po‘rtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbayi hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan Sharq uyg‘onish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan”.
Islom Karimov


Darslikni o‘qish jarayonida Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro va Mahmud Tarobiy kabi Vatan mudofaasi yo‘lida mardlik ko‘rsatgan shaxslar bilan tanishasiz.

Qadimgi Turon hududida azaldan o‘zbeklar, tojik, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq va turkman xalqlari yashab kelgan. Shu boisdan, o‘zbek xalqining o‘tmishi qardosh xalqlarning tarixi bilan chambarchas bog‘langan. Ular ko‘pincha bir davlatning umumiy fuqarosi bo‘lib yashagan, el-yurtni obod etishda faol ishtirok etgan.

Darslikdagi voqealar bilan tanishib borar ekansiz, xalqimiz doimo bunyodkorlikka, ilm va ma’rifatga intilib yashaganini bilib olasiz. Ilm-ma’rifatga intilish komillikka yetaklashini tushunasiz. Komillik esa tinimsiz mehnat talab qiladi. Siz o‘z ustingizda tinimsiz ishlashingiz, bilimlaringizni yanada mustahkamlab, orttirib borishingiz orqali vatanparvarligingizni namoyon qilasiz. Bu esa Sizning ma’naviy jasoratingiz bo‘lib qoladi.