1918-1920-yillarda Fransiya



Urushning mamlakat iqtisodiyotiga taʼsiri

XIX asr chegarasi Fransiyada iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarda tub oʻzgarishlar roʻy berdi. U dehqonchilik-sanoat mamlakatidan sanoat-dehqonchilik mamlakatiga aylandi. Urush davrida Fransiya sanoati tez surʼatlar bilan rivojlandi. Sanoatning yangi tarmoqlari, yangi metallurgiya korxonalari, mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo zavodlari vujudga keldi. Urushdan keyin sanoat rivoji uchun qoʻshimcha imkoniyatlar paydo boʻldi. Elzas va Lotaringiyaning qoʻshib olinishi natijasida fransuz metallurgiya sanoatining quvvati 1,5 marta oshdi. Temir rudasi qazib olish boʻyicha Fransiya Yevropada birinchilikka chiqdi. Saar koʻmir havzasidan foydalanish huquqi uni 15 yil davomida koʻmir bilan taʼminlar edi. Nihoyat, Germaniyadan olingan 8 milliard marka tovon puli sanoatni texnologiya jihatidan toʻla qayta qurish imkonini berdi.

Iqtisodiyotdagi oʻzgarishlar fransuz jamiyatining ijtimoiy tizimi oʻzgarishiga ham sabab boʻldi. Qudratli banklar paydo boʻldi. Mirabo, Rotshildlar oilasi, aka-uka Lazarlar, Vonns, Malle va boshqalarga qarashli eng yirik banklar oʻz sarmoyalarini koʻpaytirdilar, natijada ulaming mamlakat hayotiga taʼsiri kuchaydi. Sanoatning yetakchi tarmoqlarida ʼʼRenoʻʼ, ʼʼSitroenʼʼ, ʼʼPejoʻʼ, ʼʼSimkaʼʼ kabi ulkan kompaniyalar tashkil topdi.

Ammo mamlakatda katta miqdordagi mayda korxonalar ham saqlanib qolgan boʻlib, ular ham Fransiyaning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega edi. Kichik korxonalar barcha sanoat mahsulotining deyarli 50 foizini ishlab chiqarardi. Qishloqda ham kichik va oʻrta hajmli dehqon xoʻjaliklari koʻp edi.

Siyosiy va kasaba uyushmalari harakati

Fransuz ishchilari mamlakatda nufuzli siyosiy kuch edilar. Ular uyushgan holda harakat qilar, oʻz huquqlari uchun kurashda katta tajriba toʻplagan edilar. Ishchilar sinfining asosiy tashkilotlari tez surʼatlar bilan koʻpayib bordi. Asosiy kasaba uyushmasi boʻlgan Yalpi Mehnat Konfederatsiyasi (YaMK) aʼzolari soni 1920-yilda 2,5 millionga yetdi.

1920-yil 29-dekabrda Fransiya kommunistik partiyasi (F.K.P) tuzilganligi eʼlon qilindi. U 20–30-yillarda soʻl kuchlarning demokratiya, tinchlik va ijtimoiy adolat uchun kurashiga boshchilik qildi.

Fransuz burjuaziyasi jamiyatni barqarorlashtirish uchun kurash olib bordi.1919-yil noyabr oyida Fransiyada urushdan keyingi birinchi parlament saylovlari boʻlib oʻtdi. Burjua partiyalari Milliy ittifoq deb nomlangan saylovoldi uyushmasini tuzdi. Milliy ittifoq bolshevizmga va ijtimoiy tartibsizliklarga qarshi kurash, Versal shartnomasiga qatʼiy rioya qilish, yaʼni Germaniyani tovon toʻlashga majbur etishni oʻz vazifasi deb eʼlon qildi.

Boshqaruvning parlament shakli (parlament — fr. parler — gapirmoq) — qonun chiqaruvchi va ijroiya organlarning vazifalari aniq taqsimlanganda parlamentning imtiyozli mavqega ega boʻlishi. Parlament deputatlari hukumatni shakllantiradilar, bosh vazirni va konstitutsiyaviy nazorat organlarini saylaydilar.

Aholining katta qismi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Milliy ittifoq katta gʻalabaga erishib, Milliy majlisda deputatlik oʻrinlarining uchdan ikki qismini qoʻlga kiritdi. Burjua partiyalari demokratik va ishchi harakatlariga qarshi kurashda qudratli qurolga ega boʻldi.

Natija tez orada namoyon boʻldi. Milliy ittifoqning birinchi hukumati boʻlgan Mileran hukumati ishchilar harakatiga qarshi ayovsiz kurash boshladi. 1920-yil may oyida temiryoʻlchilar ish tashlashi bostirildi, unga qatnashganlardan 20 kishi ishdan boʻshatildi. Urush davrida qabul qilingan ijtimoiy islohotlar dasturi birin-ketin yoʻq qilindi. Ishchilarga qarshi kurash milliy miqyosdagi surunkali va tinka qurituvchi nizoga aylandi. Bu esa mamlakatda siyosiy beqarorlikka sabab boʻldi. 14 yil (1919–1933) mobaynida Fransiyada 27 marta hukumat oʻzgardi.

Aleksandr Mileran (1859–1943) — fransuz siyosiy arbobi, advokat. 1920-yilda Fransiya prezidenti qilib saylangan. 1954-yilgi saylovlarda yutib chiqqan soʻl partiyalar hamkorlik qilishdan voz kechganlaridan soʻng isteʼfoga chiqdi.

Tashqi siyosat.Kichik Antantaning tashkil etilishi

Milliy ittifoq hukumati paytida Fransiya tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishi mamlakatning Yevropa qitʼasidagi ustuvormavqeyini mustahkamlash edi. Ana shu maqsadda Fransiya bir qator tadbirlarni amalga oshirdi va ular mamlakatning Yevropadagi mavqeyini ancha mustahkamladi. Kichik Antanta deb nomlangan va Chexoslovakiya, Ruminiya hamda Yugoslaviyani oʻz ichiga olgan ʼʼSharqiy alyansʼʼ tashkil etilgan edi. Fransiya ular bilan harbiy ittifoq tuzdi.Polsha bilan ham shunday ittifoq tuzildi. Bu ittifoqlar ochiqdan ochiq Germaniya va Rossiyaga qaratilgan edi. Bunga javoban Germaniya bilan Rossiya 1922-yilda Genuya konferensiyasi paytida diplomatik munosabatlar oʻrnatish haqida shartnoma tuzdi. Bu ahdlashuv keng miqyosli iqtisodiy munosabatlar oʻrnatish yoʻlini ochar edi. Shunday qilib, Germaniya birinchi boʻlib Rossiyani iqtisodiy jihatdan qamal qilish haqidagi kelishuvni buzdi. Germaniya va Rossiya oʻrtasidagi shartnoma Genuya yaqinidagi Rapallo degan joyda imzolangani uchun shu nom bilan ataldi. U ikkala mamlakatning ham xalqaro mavqeyini mustahkamladi.

Fransuz qo’shini Rurga kirmoqda. 1923-yil

1922-yil yozida Buyuk Britaniya va AQSH tomonidan qoʻllab-quvvatlangan hamda Rapallo shartnomasidan ruhlangan Germaniya har yilgi tovonni toʻlashdan bosh tortdi. Bunga javoban fransuz qoʻshinlari 1923-yilning yanvarida nemis iqtisodiyoti ustidan nazorat oʻrnatish va Rur viloyatini Germaniyadan ajratib olish maqsadida bu viloyat hududiga kirdilar. Ammo Fransiya hukmron doiralarining rejasi amalga oshmadi. Germaniya hukumati daʼvati bilan Rur aholisi ishdan bosh tortdi. Fransiyaga Rur koʻmiri butunlay bormay qoldi. Natijada choʻyan va poʻlat quyish keskin qisqardi. Fransuz franki kursi tushib ketdi. Rurning bosib olinishi ichki siyosiy inqiroz va xalqaro munosabatlardagi chigalliklar bilan yakunlandi. Fransiyaning Yevropa qitʼasida gegemonlik oʻrnatish xayollarini butunlay chippakka chiqarish maqsadida AQSH va Buyuk Britaniya Germaniya iqtisodiyotini tiklash va Daues rejasi asosida uning Yevropa siyosiy hayotidagi rolini oshirishga ahd qildilar.

Saylovlarda soʻl partiyalar ittifoqining gʻalabasi

1924-yilgi saylovlarda Milliy ittifoqdan chiqqan soʻl burjua partiyalari, eng avvalo, Eduard Errio boshchiligidagi radikallar partiyasi Sotsialist partiya bilan saylov bitimi tuzdi va Soʻl ittifoqni tashkil etdi. Soʻl ittifoq oʻz dasturida ijtimoiy sohada ijobiy oʻzgarishlar qilish, Milliy ittifoqning xalqqa qarshi qaratilgan tadbirlarini bekor qilish, Sovet Ittifoqi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatish, Germaniyadan qoʻshinlarni olib chiqish va u bilan yarashish, Angliya va AQSH bilan mustahkam aloqalarni tiklashni vaʼda qilgan edi. Soʻl ittifoq saylovlarda gʻolib chiqdi.

Eduard Errio (1872–1957) — Fransiya radikallar partiyasi rahbari. 1924–1925–1926–1932-yillarda mamlakat Bosh vaziri. Jahondagi barcha mamlakatlar bilan tinch-totuv iqtisodiy va harbiy hamkorlik siyosatini olib bordi.

Soʻl ittifoq hukumatini Eduard Errio boshqardi. U Rossiya bilan yaqinlashish, xalqaro muammolarni tinch yoʻl bilan hal qilish tarafdori, demokrat va tinchliksevar edi. 1924-yil oktyabrida oʻng partiyalarning ashaddiy hamlalariga qaramay Fransiya bilan Rossiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi.

Soʻl ittifoq tashqi siyosatining asosini Gʻarb davlatlarini yarashtirish va Yevropani birlashtirish tashkil etar edi. Bunday tashqi siyosat olib borilishida oʻn toʻrt hukumatda uzluksiz tashqi ishlar vaziri boʻlgan Aristid Brianning (1862–1932) xizmati katta boʻldi. U muzokaralar va arbitral vositasida Yevropani birlashtirish yoʻlini tutdi.Uni hozirgacha ʼʼYevropaning otasiʼʼ deb atashadi, uning gʻoyalari Ikkinchi jahon urushidan keyin birlashgan Yevropani tashkil etish yoʻlida ilk qadam boʻlganini eʼtirof etishadi.

ʼʼMilliy birlikʼʼ hukumatining dasturi

Soʻl ittifoqi uzoq davom etmadi. 1925-yil aprelda sotsialistlarning qoʻllab-quvvatlashidan mahrum boʻlgan Eduard Errio hukumati isteʼfoga chiqdi. Soʻl ittifoq tarqalib ketdi, oʻng partiyalar esa Milliy majlisda oʻzlaricha koʻp ovozga ega emas edilar. Muzokaralar natijasida ʼʼMilliy birlikʼʼ koalitsion hukumati tuzildi. Unga oʻng partiyalar qatori radikallarning ham bir qancha vakillari kirdi. Hukumatni Raymon Puankare boshqardi.

Raymon Puankare (1860–1934) — fransuz siyosiy arbobi, advokat. Maorif va madaniyat, moliya vaziri lavozimlarida ishlagan, bosh vazir va tashqi ishlar vaziri boʻlgan. 1913–1920-yillarda Fransiya prezidenti boʻlgan. Raymon Puankare.

Puankare inflyatsiyaga qarshi kurash, frankni barqarorlashtirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashni oʻz ichki siyosatining muhim vazifasi deb eʼlon qildi. Hukumat davlat xarajatlarini qisqartirdi, yangi soliqlar joriy etdi va sanoat korxonalariga imtiyozlar berdi. AQSH va Angliyadan olingan yirik kreditlar hisobiga frank kursi barqarorlashtirildi.1926-yilga kelib davlat daromadlari urushdan keyin birinchi marta xarajatlardan ortiq boʻldi. Frank barqaror valyutaga aylandi.

Valyuta-moliya munosabatlarining barqarorlashuvi fransuz iqtisodiyotining umumiy yuksalishi boshlanganidan dalolat edi. Tabiiyki, bu urushdan keyingi inqirozni bartaraf etgan jahon iqtisodiyoti ravnaqining umumiy jarayonlari bilan ham uzviy bogʻliq edi. 1925-yilda Fransiya sanoati mahsuloti hajmi birinchi marta urushdan oldingi darajadan ortiq boʻldi. Oradan besh yil oʻtgach, 1930-yilda Fransiyada urushlar oraligʻidagi eng yuksak sanoat ishlab chiqarishi va savdo hajmi qayd etildi. Fransiya sanoat taraqqiyoti surʼatlari boʻyicha (yiliga oʻrtacha 5%) Angliya va Germaniyani ortda qoldirib, AQSHga yaqinlashdi.Oʻnlab yangi yirik zavodlar, elektr stansiyalari, temiryoʻllar qurildi. 1924-yildan 1932-yilgacha mamlakat iqtisodiyotini barqarorlashtirish davri boʻldi.

Raymon Puankare

Bu davr aholi turmushiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Narxlar barqarorlashib, pulning qadrsizlanishi barham topdi.Bu esa hukumatga aholining bir qator qatlamlari ijtimoiy ahvolini yaxshilash tadbirlarini amalga oshirish imkonini berdi. 1926-yilda ishsizlik nafaqasi joriy etildi, keksalik nafaqasi, kasallik, nogironlik va homiladorlikda yordam puli beriladigan boʻldi.

Qisqacha mazmun

• XX asr boshlarida mamlakat sanoati texnologik jihatdan tamomila qayta qurildi;
• 1919-yil — Milliy ittifoqning saylovlardagi gʻalabasi.Mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy beqarorlik;
• Tashqi siyosatning bosh maqsadi — Yevropadagi oʻz mavqeyini mustahkamlash. Kichik Antantaning (Chexoslovakiya, Ruminiya, Yugoslaviya, Fransiya) tashkil etilishi;
• 1922-yil — siyosiy inqiroz. Germaniyaning har yilgi tovonni toʻlashdan voz kechishi. Fransiya tomonidan Rur viloyatining bosib olinishi;
• 1924-yil — saylovlarda E. Errio boshchiligidagi soʻlchilar ittifoqining gʻalabasi.Rossiya bilan diplomatik munosabatlarning oʻrnatilishi;
• 1925-yil — R. Puankare boshchiligidagi ʼʼMilliy birlikʼʼ hukumatining faoliyati. Mamlakat iqtisodiy va siyosiy hayotining barqarorlashuvi.


Опубликовано

в

от

Метки:

Комментарии

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *