Parij tinchlik konferensiyasi 1919-yil yanvar oyida Parijdagi Versal saroyida Antanta ittifoqiga kirgan g‘olib mamlakatlar vakillari urushga xulosa yasash va tinchlik shartnomasini imzolash uchun to‘plandilar. Tinchlik konferensiyasi ishida 27 mamlakatdan mingdan ortiq delegat ishtirok etdi.(rasm bor)
Ammo amalda barcha asosiy masalalar besh davlat tomonidan hal qilindi:
AQSh (Prezident Vudro Vilson), Angliya (Bosh vazir David Lloyd Joij), Fransiya (Bosh vazir Joij Klemanso), Italiya (Bosh vazir Vittorio Orlando), Yaponiya (baron Makino).
Parij tinchlik konferensiyasi bir yil davom etdi (1919-yil 18-yanvardan 1920-yil 21-yanvargacha). Asosiy davlatlarning tutgan mavqelari bir-biriga tamomila qarama-qarshi edi. Eng muhimi, Antanta ittifoqi, asosan, maxfiy shartnomalar, yashirin bitimlar asosiga qurilgan bo‘lib, yangi vaziyatda bu kelishuvlarni amalga oshirib bo‘lmasdi. Ana shu shartnomalarga ko‘ra, Rossiya Istanbulni olishi va Dardanell bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishi, buning evaziga Fransiyaning Elzas-Lotaringiyaga egalik qilish huquqini hamda Angliyaning Misr ustidan nazoratini e’tirof etishi zarur edi. Ruminiyaga Transilvaniyani berish va’da qilingan, ammo bu Vengriya manfaatlariga mos kelmasdi. Angliya arab xalqlariga Usmonli imperiyasidan chiqish va arab davlatlari tuzishni taklif etdi. Ayni paytda bu taklif Angliva va Fransiyaning Yaqin Sharqni bo‘lib olish haqidagi kelishuvlariga zid edi.
Jorj Klemanso (1841—1929) — fransuz davlat arbobi, ma’lumoti boʻyicha vrach.
1906-yildan — Fransiya Vazirlar kengashi raisi, 1917-yildan — Fransiya Bosh vaziri va ayni paytda harbiy vazir. Mamlakatda diktatorlik tuzumi o’rnatishga urindi.
1920-yildagi saylovlarda magʻlubiyatga uchradi.
Vittorio Emanuele Orlando (1860—1952) — italyan liberal harakati rahbarlaridan biri. 1917-1919-yillarda Italiya Vazirlar mahkamasi raisi. 1925-yildan fashist tuzumiga muxolifatda, 1931-yilda fashist hukumatiga qasamyod qilishdan bosh tortgan.
Devid Lloyd-Jorj (1863-1945) – 1916-1922-yillarda Buyuk Britaniya Bosh vaziri.
Liberal partiyaning yirik rahbarlaridan biri.
Gʻolib mamlakatlarning manfaatlari ham bir-biriga tamomila zid edi.
Fransiya Germaniyadan o‘zining kuchsizligini anglagan holda bu mamlakatni batamom kuchsizlantiradigan va Yevropada Fransiyaning ustunligini ta’minlaydigan tinchlik oʻrnatilishini istar edi. Italiya Adriatika dengizi sohillari va orollarni qoʻlga kiritishdan umidvor edi. Angliya oʻz imperiyasi hududlarini kengaytirishni oʻylardi. Yaponiya Osiyoda ustun mavqega erishishni orzu qilardi.
AQSh dengizlarda suzish erkinligini ta’minlashni talab etar, shu yo‘l bilan oʻzining okean floti ustunligidan foydalanishni moʻljallardi.
Konferensiya qatnashchilarining doimo diqqat markazida turgan muammo ʻʻrus masalasiʼʼ edi. Bolshevizm gʻoyalarining yoyilishi qarshisidagi qoʻrquv Versal konferensiyasining qarorlariga ham oʻz muhrini bosdi. Gʻarb mamlakatlari rahbarlari konferensiya boshlangan kundanoq Rossiyaga qarshi intervensiyani tashkil qilish bilan shugʻullandilar. Ular Rossiyadagi bolsheviklar hukumatini yoʻqotish oʻz mamlakatlaridagi inqilobiy harakatni va Sharqdagi milliy-ozodlik harakatini bostirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi deb hisoblardilar.
Versal tinchlik shartnomasining shartlari
Versal tinchlik shartnomasi, boshqacha aytganda, Parij tinchlik shartnomasi Germaniya va uning ittifoqchilari bilan alohida-alohida tuzilgan besh ayri shartnomadan iborat edi. 1919-yilning 28-iyunida Versal saroyining Oynali zalida Germaniya bilan tinchlik shartnomasi imzolandi. Germaniya va uning ittifoqchilari urush aybdorlari deb e’lon qilindilar. Tabiiyki, ular aybdor sifatida jazolanishlari lozim edi. Germaniyadan dunyodagi eng boy temir konlariga ega boʻlgan Elzas-Lotaringiya ajratib olindi va Fransiyaga berildi. Fransiya, shuningdek, Saar koʻmir konlarini 15 yil davomida ishlatish huquqini qoʻlga kiritdi. Germaniyaning Reyn daryosidan gʻarbdagi hududi Fransiya chegaralarigacha, sharqda 50 kilometrgacha harbiylardan xoli zonaga aylantirilishi, Reyn daryosining g’arbiy qirg‘og‘ida 15 yil mobaynida ittifoqchilarning qo’shinlari turishi zarur, deb belgilandi. Shartnomaga ko‘ra, Germaniyada majburiy harbiy xizmat bekor qilinishi, mamlakat suvosti floti, harbiy va dengiz aviatsiyasi taqiqlanishi zarur edi.
Koʻngilli asoslarda shakllanadigan armiyaning askarlari soni 100 mingdan oshmasligi lozim edi. Bosh shtabni tarqatish, harbiy maktablarni yopish, barcha zobitlarni ishdan boʻshatish majburiy qilib qo‘yildi. Mavjud qurol-yarog‘lar: tank va to’plar, tez otar qurollar Antanta mamlakatlariga topshirildi. Germaniya amalda to‘liq qurolsizlantirildi. Tayinlangan Nazorat komissiyasi shartnoma talablari bajarilishini kuzatib turishi zarur edi.
Mazkur shartnomaga asosan Belgiya Eypen va Mahnedi okruglarini oldi.
Shlezvigning shimoliy qismi Daniya ixtiyoriga o‘tdi. Polsha Poznan, Yuqori Sileziyaning bir qismi, Pomeraniya, G‘arbiy va Sharqiy Prussiya rayonlariga ega boʻldi. Gdansk Millatlar Ligasi boshqaruvidagi ʻʻerkin shaharʼʼ deb e’lon qilindi.
Polshaning dengizga chiqishini ta’minlaydigan maxsus ʻʻyo’lakʼʼ ham ajratildi.

Parij tinchlik konfirensiyasi. 1919-yil
Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalari, asosan, Angliya, Fransiya va Belgiya o‘rtasida taqsimlandi. Angliya va Fransiya Togo va Kamerunni, Angliya — Tanganikani, Belgiya — Ruanda-Urundi va Namibiyani (Janubi-G‘arbiy Afrikani) oldi. Yaponiya Tinch okeanidagi Marshall, Marian va Karelin orollarining, shuningdek, Xitoyning Szyao-Chjou viloyati va Shandundagi konsessiyaning sohibi bo‘ldi.
Germaniyaga ittifoqchilarning tinch aholisi va ularning mulkka yetkazilgan zarar uchun tovon to’lash majburiyatini yukladilar. Tovonning umumiy miqdori konferensiyada belgilanmagan bo‘lsa-da, Germaniya 1921-yilgacha har yili ittifoqchilarga 5 milliard dollardan toʻlab turishi zarur edi. Shundan keyin 30 yil davomida to‘lanishi lozim bo‘lgan umumiy mablagʻ belgilanishi ko‘zda tutilgandi.
Bunday qarordan koʻproq fransuzlar mamnun edilar. Chunki ularning fikricha, agar Germaniya tovonni to‘lab borsa, holdan toyadi va kuchsizlanadi, agar to‘lamasa, fransuzlarning bosqinchiligini oqlash uchun asos bo‘ladi.
Bu ochiqcha talonchilikni oqlash uchun ittifoqchilar Versal shartnomasiga 231-bandni qo‘shdilar. Unda shunday deyilgandi: ʻʻIttifoqchilar va ularga qo‘shilgan davlatlar shuni ta’kidlaydilarki, Germaniya va uning ittifoqchilari tajovuzi tufayli ro‘y bergan urushda ittifoqchilar va ularga qoʻshilgan davlatlar fuqarolariga yetkazilgan talafot va zarar uchun butun mas’uliyatni Germaniya o‘z zimmasiga oladiʼʼ. Nemislar o‘z hududlarining 10 foizini yo‘qotdilar, bu hududda millionlab odam yashar, ularning bir necha yuz mingi uy-joysiz qolgan, oʻnlab shaharlar vayron qilingan, millionlab odamlar nogiron bo‘lib qolgan edi. Bunday vaziyatda ulkan miqdorda tovon to‘lash aqlga sigʻmasdi.
Ammo Germaniyaning boshqa chorasi yo‘q edi. U ikki mushkul imkoniyatdan birini tanlashi: qo‘yilgan shartlar asosida tinchlikka erishishi yoki urushga kirib, shaksiz magʻIubiyat va inqilobiy tartibsizlik alamim totishi lozim edi. Qolaversa, Germaniya hukumati mag‘lub Rossiyaga bundan ham og‘ir va tahqirlovchi tinchlik bitimi imzolatilgan Brest-Litovskni yaxshi xotirlardi. Har qalay, Versal shartnomasida bir paytlar Rossiyaga berilmagan ba’zi bir imkoniyatlar mavjud edi.
Brest-Litovsk shartnomasiga asosan Rossiya tovonni darhol oltin, oziq-ovqat, xomashyo bilan toʻlashga majbur qilingan bo‘lsa, Versal shartnomasida ma’lum vaqt berilgandi. Germaniya hay’ati shartnomani imzoladi.
Millatlar Ligasining tashkil etilishi
Parij konferensiyasida Millatlar Ligasi tashkil etildi.
Uning nizomi tinchlik shartnomalari matniga ham kiritildi va 44 mamlakat tomonidan imzolandi. Millatlar Ligasi birgalikda xalqaro siyosat olib borish va umummanfaati yo‘lida, ayniqsa, urush xavfi tug‘ilganda maslahatlashishga rozi boʻlgan mustaqil davlatlarning umumiy organi sifatida rejalashtirilgan edi.
Nizomning 16-moddasida agressorga nisbatan iqtisodiy va harbiy jazo choralari qoʻllash koʻzda tutilgandi. Liga biror marta ham bu jazo choralarini qoʻllay olmadi, chunki uning ixtiyorida harbiy kuchlari ham, davlatlar o‘rtasida obroʻ-e’tibori ham yo‘q edi. Millatlar Ligasi Konvensiyasida uning a’zolari zimmasiga ʻʻbarcha a’zolarning hududiy butunligini hurmat qilish va asrashʼʼ yuklatilgan edi.
Ammo keyingi voqealar shuni ko’rsatdiki, hech kim bu shartlarni chindan ham bajarishga tayyor emas edi. Germaniya va Rossiyaning ligadan chiqarilgani mazkur xalqaro tashkilotning samaradorligini pasaytirdi, uning faoliyati munozara va muzokaralar bilan cheklanib qoldi.
Millatlar Ligasi (1919—1946) — xalqlarning tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi hamkorligini amalga oshiruvchi xalqaro tashkilot. Fashist davlatlar ittifoqiga befarq qaraganligi uchun Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan keyin amalda oʻz faoliyatini toʻxtatdi.
Versal shartnomalar tartibining yaratilishi
Urush aybdorlari deb e’tirof etilgan boshqa mamlakatlar bilan ham ayri-ayri shartnomalar imzolandi. 1919-yil 10-sentyabrda Parij yaqinidagi Sen-Jermen saroyida Avstriya bilan shartnomaga qo‘l qo‘yildi. Unda sobiq Avstro-Vengriya yo‘q bo‘lgani, Avstriya hududi sezilarli o‘zgarishlarga uchragani qayd etildi.
Janubiy Tirolning bir qismi Italiya ixtiyoriga o‘tdi. Chexiya va Moraviya yangi tuzilgan Chexoslovakiya davlatiga qo‘shildi. Bukovina Ruminiyaga berildi.
Avstriyaga faqat 30 ming kishidan iborat armiyaga ega bo’lishga ruxsat etildi, uning floti ittifoqchilar ixtiyoriga berildi, Avstriyaning Germaniya bilan qoʻshilishi batamom taqiqlandi.
Bolgariya bilan shartnoma 1919-yil 27-noyabrda Panj yaqinidagi Neyi-syur-Sen shaharchasida imzolandi. Unda Bolgariya qurolli kuchlari soni 20 ming kishi bilan chegaralangan, hududining katta qismi Yugoslaviya, Gretsiya va Ruminiya foydasiga olib qo‘yilgan edi. Bolgariyaga tovon toʻlash majburiyati ham yuklatilgandi.
1920-yil 4-iyunda Versal saroyining Tnanon zalida Vengriya bilan shartnoma imzolandi.Unga koʻra, Vengriya 35 mingdan ortiq askarga ega boʻlmasligi lozim edi. Ayni paytda tovon toʻlashi ko‘zda tutilgandi. Xorvatiya, Bachka va Banatning gʻarbiy qismi — Yugoslaviyaga, Transilvaniya va Banatning sharqiy qismi— Ruminiyaga, Slovakiya va Karpatorti Ukrainasi— Chexoslovakiyaga berildi.
Parij yaqinidagi Sevr shaharchasida 1920-yil 10-avgustda gʻolib davlatlar Turkiya bilan tinchlik shartnomasini imzoladilar.Unga ko‘ra, Turkiya o‘ziga qaram hududlarning 80 foizini qoʻldan berdi (Falastin, Transiordaniya, Iroq, Suriya, Livan va h.k.). Qora dengizdagi bo‘g‘ozlar harbiy kuchlardan xoli qilindi, Qora dengizdan uzoq davlatlar undan o‘z harbiy kemalarini bemalol oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritdilar. Turkiya hududi Kichik Osiyo yarimoroli va Istanbul (Konstantinopol) shahrini o‘z ichiga olgan Yevropadagi ozgina hudud bilan cheklangan edi.
Turkiyada yarim mustamlaka tuzumi oʻrnatildi.
Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin Yevropada xalqaro kuchlarning yangi muvozanatini qayd etgan Versal shartnomalar tartibi shu tariqa shakllandi.
Bu tartibning ichida chuqur ziddiyatlar mavjud bo‘lib, keyinchalik ular jahon iqtisodiy inqirozlarida, g‘olib va magʻlub davlatlar oʻrtasidagi nizolarda namoyon boʻldi.
Urushdan keyingi ziddiyatlar
Shartnomalarning talonchilarcha shartlari mehnatkashlarning yelkasiga og‘ir yuk boʻlib tushdi. Bu esa, ayniqsa, Germaniyada qasd olish kayfiyatining yoyilishiga sabab boʻldi. Germaniya vayron boʻlmagandi va o‘zining harbiy-sanoat imkoniyatlarini saqlab qolgandi. Mamlakat yaxlitligi buzilmagan, hududida bosqinchi qoʻshinlar yo‘q edi. Germaniya Versal shartnomasini bekor qilish uchun qulay paytni poylardi. Hatto qurolli nizo evaziga bo‘lsa-da, uning moddalarini qayta koʻrib chiqishga erishish niyatida edi. Gitler keyinchalik aholining katta qismini o‘zining ahmoqona g’oyalari bayrog‘i ostida birlashtirgani ham bejiz emas.
Avstro-Vengriya imperiyasi koʻplab mayda davlatlarga boʻlinib ketdi.
Davlatlar chegarasida vujudga kelgan boj toʻsiqlari Yevropa tijoratini izdan chiqardi, xomashyo manbalarini ishlab chiqarish mintaqalaridan, ishlab chiqaruvchilarni bozorlardan ajratib qo‘ydi. Bu esa yangi ziddiyatlarni keltirib chiqardi. Bu esa yangi ziddiyatlarni keltirib chiqardi.
Urush paytida ittifoqchi bo‘lgan davlatlar o’rtasida murosasiz ziddiyatlar mavjud edi. Eng asosiysi Angliya va Fransiya o‘rtasidagi raqobat bo‘lib, ularning har bir Yevropa qit’asida gegemonlikka intilardi. Fransiya tuzoqqa tushib qolgan, uning taqdiri Angliyaning xayrixohligiga bog‘liq bo‘lib qolgandi.Angliya bundan keyin uning tarixiy taqdirini belgilay olar edi. Fransiyaning ziddiyatli xalqaro ahvoli ichki hayotiga ham ta’sir ko‘rsatgan, o’tkir ijtimoiy va siyosiy nizo butun mamlakatda keskin vaziyatni vujudga keltirgan edi. Buning ustiga AQSh Germaniya harbiy-sanoat majmuasini qayta tiklashga katta mablag‘lar sarflab, Fransiyaning sharqiy chegaralarida yangi harbiy devning paydo bo‘lishiga, uning hayot-mamot dushmani arvohini qayta tiriltirishga koʻmaklashayotgandi.
Fransiya shartnomalarning samaradorligi kafolatchisi deb hisoblanardi, ammo Angliya va AQSh siyosati qarshisida bu vazifa uydirma, shartnomalar esa xomxayol boʻlib qoldi.
Rossiya Millatlar Ligasiga kiritilmagan va shartnomalarning tayyorlanishida ishtirok etmagan edi. Ammo uning ishtirokisiz Yevropadagi tinchlik mustahkam bo‘la olmasdi. Rossiyani yakkalab qo‘yishga urinish sovet davlati rahbariyatida o‘ta ekstremist unsurlar diktaturasining kuchayishiga, iqtisodiyotda va siyosatda biqiqlikka sabab boʻldi. Rossiyaning tashqi siyosatida urushlarning muqarrarligi haqidagi, jahon inqilobini tayyorlash va amalga oshirishning zarurligi to‘g‘risidagi mafkuraviy nazariya hukmron bo‘lib qoldi.
Vashington konferensiyasi
AQSh Versal shartnomasini tasdiqlash va Millatlar Ligasiga kirishdan bosh tortdi.
Amerika senati shartnomalarda Amerika manfaatlari hisobga olinmagan deb hisobladi va buning qasdiga boshqa mintaqada — Tinch okeanida yangi tartiblar oʻrnatishga qaror qildi. Bu mintaqadagi davlatlararo munosabatlar 1902-yilda imzolangan ingliz-yapon ittifoqiga ko‘ra belgilanardi. Uning yordamida 1905-yilda bu yerdan Rossiya siqib chiqarilgan edi. AQSh Birinchi jahon urushi mobaynida qudratli okean harbiy-dengiz floti qurdi. Flotning katta qismi Tinch okeanida to‘plangan edi.
Amerika ana shu flot yordamida bu mintaqada yetakchi davlat boʻlishga qaror qildi. Rejaning bosh vazifasi ingliz–yapon ittifoqini yo‘qqa chiqarish edi.
Ratifikatsiya qilish (lotincha ʻʻratificacioʼʼ — ʻʻtasdiqlaymanʼʼ) — davlatning oliy martabali vakili imzolagan xalqaro shartnomaning oliy hokimiyat organi tomonidan e’tirof etilishi.
AQSh tashabbusi bilan Vashingtonda konferensiya o‘tkazildi va u 1921-yiInmg 12-noyabridan 1922-yilning 6-fevraligacha davom etdi. Unda 9 davlat — AQSh, Angliya, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya, Portugaliya va Xitoy vakillari ishtirok etishdi. Garchi unda ko‘tarilgan masalalar bevosita hayotiy manfaatlarga aloqador bo‘lsa-da, Sovet Rossiyasi vakillari konferensiyaga taklif etilmadilar.
Konferensiyada bir necha shartnoma imzolandi. Ular ichida eng muhimi to‘rt davlat — AQSh, Angliya, Yaponiya va Fransiya o‘rtasidagi shartnoma edi.
Unda Tinch okeanidagi qaram hududlarning xavfsizligi masalasida qatnashchilarning o‘zaro kafolatlari qayd etildi. Natijada 1902-yilgi ingliz–yapon ittifoqi bekor qilindi. AQSh Tinch okean havzasiga chiqish yoʻlini ochdi hamda bu mintaqadagi mamlakatlar va hududlarni ekspluatatsiya qilishda ʻʻteng imkoniyatlarʼʼga ega bo‘ldi.
Konferensiyada AQShning yana bir gʻalabasi ʻʻto’qqiz mamlakat shartnomasiʼʼ tuzilgani bo‘lib, unda teng imkoniyatlar tamoyili va Xitoydagi ʻʻochiq eshiklarʼʼ siyosati o‘z ifodasini topgan edi. AQSh endi Xitoyga ham yo‘l ochgan, kelgusida yevropalik raqobatchilarni siqib chiqarib, o‘z monopoliyalarining hukmronligini o‘rnatishni mo‘ljallagandi. Shu bilan birga, ʻʻbeshlar shartnomasiʼʼ (AQSh, Angliya, Fransiya, Yaponiya va Italiya) Tinch okean hududida harbiy kemalar miqdorini chekladi, bu bilan AQSh va Angliya imkoniyatlarini tenglashtirdi. Mazkur shartnomaga ko‘ra, AQSh va Angliya Yaponiya sohillariga 5 ming km. dan yaqin (aniqrogʻi, Singapur bilan Gavayi orollari o‘rtasida) masofada yangi harbiy dengiz qarorgohlari qurmaslik majburiyatini oldilar. Bu esa ulami Yaponiya hududiga bevosita yaqin bo‘lgan suvlarda qulay harbiy qarorgohlar qurishdan mahrum etardi.
Vashington konferensiyasi qarorlari Versal tinchlik shartnomasiga qo‘shimcha sifatida Tinch okeanda yangicha ʻʻkuchlar muvozanatiʼʼ uchun asos boʻldi.
Ular AQSh uchun Uzoq Sharqda faol siyosat eshiklarini ochar va bu mintaqada AQSh gegemonligini oʻrnatar edi. Vashington konferensiyasi xalqaro munosabatlarda Versal-Vashington tartibini nihoyasiga yetkazdi.
Qisqacha mazmun Versal-Vashington tartibi yaratilishining asosiy bosqichlari
- 1919-yil yanvar — Versal tinchlik shartnomasining tuzilishi. Birinchi jahon urushi yakunlarining chiqarilishi;
- Xalqaro hamkorlik va xalqlarning xavfsizligi uchun kurash yoʻlida birlashgan davlatlar minbari sifatida Millatlar Ligasining tashkil etilishi;
- Avstriya, Bolgariya, Vengriya va Turkiya bilan Versal tartibidagi shartnomalarning imzolanishi;
- AQShning Versal shartnomasini tasdiqlash va Millatlar Ligasiga kirishdan bosh tortishi;
- Vashington konferensiyasi, ʻʻto’qqiz davlat shartnomasiʼʼning imzolanishi.
Uzoq Sharq va Tinch okeanida AQSh gegemonligini O‘rnatish imkoniyatlarining paydo boʻlishi. Versal-Vashington tartibini yaratishning yakunlanishi; - Millatlar ligasi nizomi (26-modda):
— mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy va siyosiy hamkorlik;
— xalqaro nizolarni hal etishda urushdan vosita sifatida foydalanmaslik;
— agressor mamlakatga qarshi jazo choralarining qoʻllanilishi.
Добавить комментарий