1929-1939-yillarda Germaniya

Germaniyadagi iqtisodiy inqiroz va uning oqibatlari

1929–1932-yillardagi inqiroz Germaniyadagi iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotning asoslarini larzaga soldi. Uch yil davomida ishlab chiqarish hajmlari tinimsiz pasayib bordi. Sanoatda 1932-yilgi ishlab chiqarish darajasi 1928-yilgi ishlab chiqarish darajasining atigi 58 foizini tashkil qildi, mehnat uchun haq yarmiga qisqardi va rasmiy belgilangan kun kechirish uchun zarur miqdorning yarmini tashkil qildi. Germaniyadagi ishsizlik darajasi boshqa kapitalistik mamlakatlardagiga nisbatan (AQSHdan tashqari) eng yuqori boʻldi. Ishsizlar soni 9 mln ga yaqin boʻlib, ularning faqat 20% ga yaqini ishsizlik boʻyicha juda oz miqdorda nafaqa olardi, qolganlarga hech narsa toʻlanmasdi. Germaniya sanoatining barqarorlik yillaridagi (1924–1929) oʻsishiga xorijiy davlatlardan olingan qarzlar va kreditlar sabab boʻlgan edi. Inqirozning ilk alomatlari koʻzga tashlanishi bilan barcha xorijiy sarmoyalar Germaniya iqtisodiyotidan qaytib olina boshlandi. Bu inqirozni yanada chuqurlashtirdi. Iqtisodiyotning keskin beqarorlashishi siyosiy inqirozga va mamlakat hukumatining toʻliq almashishiga olib keldi.

Iqtisodiyot barqarorlashishi (lotincha ʼʼstabilisʼʼ — barqaror) — iqtisodiyotni mustahkamlash, muntazam barqaror holatga keltirish yoki bu holatni ancha uzoq muddat mobaynida saqlab turish.

1928-yil mayidagi saylovlarda birorta ham siyosiy partiya reyxstagda mutlaq koʻp ovozga ega boʻlolmadi va hukumatni tashkil qilish uchun ʼʼKatta koalitsiyaʼʼ tuzilib, unga Sotsial-demokratlar partiyasi (reyxstagda 153 oʻrin), Katolik markaz (78 oʻrin) va Nemis milliy partiyasi (NMP — 73 oʻrin) kirdi. Birgalikda ular 304 mandatga ega boʻlib, bu ularga mamlakatni rasman boshqarish imkonini berardi. Germaniya kansleri etib Sotsial demokratlar partiyasi rahbari G. Myuller (1876–1931) tayinlandi. Biroq sotsial demokratlar va NMP oʻrtasida keskin ixtiloflar yuzaga kelib, bu 1930-yilda koalitsiyaning barbod boʻlishi va hukumatning isteʼfoga chiqishiga sabab boʻldi.


Katta koalitsiya hukumatining faoliyati

NMP mulkdor tabaqalar, birinchi galda yirik sanoat magnatlarining manfaatlarini ifodalardi. Ular hatto Veymar respublikasi davrida ishchilarga berilgan juda kichkina imtiyozlarni ham bekor qilish tarafdorlari edilar. NMP birinchi navbatda maosh va mehnat sharoitlarining davlat tomonidan tartibga solinishi hamda sugʻurta qonunchiligini bekor qilishni talab qildi. 1928-yilda ʼʼKatta koalitsiyaʼʼ faoliyatining ilk davridayoq, Reyn va Rur sanoatchilari zavod va fabrikalardan ular qoʻygan shartlarda ishlashdan bosh tortgan 250 ming ishchini qisqartirishdi.


NMP vakillari sarmoya va daromadga qoʻshimcha soliqlarni, ishsizlarga nisbatan har qanday yon berishlarni rad etdilar. Bu yirik nemis burjuaziyasining Veymar respublikasiga qarshi fitnasi edi. Murosasiz ixtiloflar tazyiqi ostida 1930-yil 27-martda G. Myuller hukumati isteʼfo berdi.


1930-yil 1-aprelda prezident Gindenburg reyxskansler qilib Katolik markaz partiyasi vakili Genrix Bryuningni tayinladi. U buyuk iqtisodchi hisoblanardi, xalqqa uning asosiy maqsadlari iqtisodiyotni barqarorlashtirish va natsistlar partiyasi obroʻsini tushirishdan iborat deb tushuntirishdi. U bu niyatlarining birortasini ham amalga oshirishni uddalolmadi. Aksincha, Gitlerning hokimiyat tepasiga kelishini aynan u taʼminladi deb hisoblash uchun barcha asos bor.


Bryuning Genrix (1885–1970) — 1930–1932-yillarda Germaniya reyxskansleri.
Ishchilarga qarshi siyosat olib bordi, fashistlarga qarshi tashkilotlarni taʼqib qilib, mamlakatda fashistlar diktaturasining oʻrnatilishini osonlashtirdi.


“Diktatura sari

Reyxstagda koʻpchilik oʻringa ega boʻImagan yangi kansler Veymar konstitutsiyasining 48-moddasiga muvofiq prezident dekretlarini chiqarish yoʻli bilan mamlakatni boshqardi.“ 1930-yilda 5, 1931-yilda 44, 1932-yilda 66 ta favqulodda dekret chiqarildi. Reyxstagning qonun chiqarish faoliyati deyarli toʻxtadi: 1932-yilda u atigi 5 ta qonun qabul qildi. Dekretlarning birortasi ham rad etilmadi.


Bryuning hukumati Germaniya yirik sarmoyasiga beqiyos yordam koʻrsatdi.
Qator yirik banklar kasodga uchragach, hukumat ularning aksiyalarini sotib oldi va shu asno ularni qutqarib qoldi. Davlat yirikligi jihatidan mamlakatda ikkinchi oʻrinda turuvchi Drezden bankining 90 foiz sarmoyasini qoʻlga kiritdi, Berlin banki, ikkita eng yirik paroxod kompaniyasi, qator konsernlar Yevropada eng yirik ʼʼPoʻlat trestiʼʼni kasodga uchrashdan qutqarib qoldi. Bryuning hukumati deyarli iqtisodiyotni boshqarishning davlat monopolistik yoʻliga oʻtdi. Davlat 583 ta hissadorlik jamiyatining faoliyatida ishtirok etdi, koʻpchilik banklarni oʻz nazorati ostiga oldi. Endi diktaturaning iqtisodiy poydevori ham tayyor boʻlgan edi — natsistlar iqtisodiyotni boshqarishni toʻliq markazlashtirish uchun tayyor apparatni oʻz qoʻllariga oldilar.


Inqiroz esa chuqurlashib bordi, yangi yuz minglab ishsizlar koʻchaga haydaldilar, non va xayriya yordamlari uchun navbatga turganlar safi uzayib bordi.


Soʻl kuchlarning fashistlarga qarshi kurashi

Har qanday iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz keskinlikning kuchayishiga olib keladi.
Germaniyada inqiroz kommunistlar va fashistlar harakatining jadal oʻsishi va ular oʻrtasida ayovsiz kurashning avj olishiga olib keldi. Germaniya kommunistlar partiyasi (GKP) fashistlarga qarshi faol kurash olib bordi. Kompartiya qarorlarida fashistlar harakati monopolistik sarmoya diktaturasini oʻrnatishga qaratilgan xalqqa qarshi tajovuzkor harakat sifatida taʼriflandi. 1925-yilda Kompartiya raisligiga ishchilar harakatining mashhur rahbari, Birinchi jahon urushi askari, 1923-yilgi Gamburg qoʻzgʻoloni rahbari Ernst Telman (1886–1944) saylandi.


GKP ishchilar sinfining qator yirik chiqishlarini uyushtirishga muvaffaq boʻldi.
1930–1931-yillarda Berlin metallurglari, Rur konchilarining ish tashlashlari, Mansfald sanoat hududida ish tashlashlar boʻlib oʻtdi. 1932-yil sentyabr-noyabrida transport sohasi va boshqa koʻplab korxonalarda mingdan ortiq iqtisodiy va siyosiy ish tashlashlar tashkil qilindi. 1930-yil sentyabrda ʼʼFashizmga qarshi kurash ittifoqiʼʼ tuzildi, Gitlerning namoyishlariga ishchilarning ʼʼQizil jangchilar ittifoqiʼʼ oʻz-oʻzini himoya qilish otryadlari faol qarshilik koʻrsatdilar.


1932-yil mayida ʼʼFashistlarga qarshi aksiyaʼʼ nomli keng xalq harakatini boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Butun Germaniyada ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtdi. Bu fashistlarga qarshi xalq fronti dunyoga kelayotganini koʻrsatdi.
Reyxstagga saylovlarda GKP uchun 4,6 mln kishi, 1932-yil noyabrida esa 6 mln kishi, yaʼni jami saylovchilarning 17 foizi ovoz berdi. Kommunistlarning saylovdagi muvaffaqiyati hukmron doiralarda sarosima uygʻotdi va hokimiyatning fashistlarga berilishi jarayonni tezlashtirdi. Kommunistlar obroʻsining oshishi Germaniyaga ʼʼqizil diktaturaʼʼ xavfining tahdid solishi sifatida taqdim etildi.


1932-yilda Germaniya prezidentligiga saylovlar boʻlib oʻtdi. Gindenburgning yoshi 83 da ekaniga qaramay, oʻta konservativ kayfiyatdagi oʻng doiralar uning nomzodini qayta saylashga qoʻydi. Prezidentlikka ikkinchi nomzod Gitler edi. U birinchi turda 30%, ikkinchi turda esa 37% ovoz oldi. Garchi prezidentlikka Gindenburg saylangan boʻlsa-da, uning va Veymar respublikasining kuni bitgani hech kimga sir emasdi. Bryuning parlamentning emas, shaxsan Gindenburgning qoʻllab-quvvatlashiga tayanib mamlakatni 2 yil davomida boshqardi. Iqtisodiy ahvol yaxshilanmadi, siyosiy vaziyat esa keskinlashib bordi.


Bryuning Germaniya hukmron doiralaridagi konservativ kuchlarning koʻmagidan mahrum boʻldi. 1932-yil 30-mayda Bryuning vazifasidan chetlashtirildi va uning oʻrniga Frans fon Papen (1879–1969) tayinlandi. ʼʼBaronlar kabinetiʼʼ degan nom olgan hukumat tarkibiga prezident oʻgʻli va Birinchi jahon urushida nom chiqargan bir nechta harbiy arboblar kiritildi. Reyxstag faoliyati toʻxtadi, yangi kabinet bir necha oy davomida nazoratsiz hukmronlik qildi.


Gitlerning hukumatga kelishi

Bu vaqtga kelib allaqachon koʻchalarda natsistlar hukmronlik qilardilar.
Ishsizlik minglab odamlarni shturmchilarning otryadlariga yozilishga majbur qildi — 1930-yilda ularning safida 100 ming aʼzo bor edi, 1933-yilga kelib aʼzolar soni 1 mln ga yetdi. Shturmchilarning otryadlari (SA) soʻl kuchlarning namoyishlarini shafqatsizlik bilan tarqatardi, namoyish ishtirokchilarini yoshi va jinsiga qaramay toʻqmoqlar bilan ayovsiz savalardi. Bu otryadlar deyarli ichki tartibni qoʻriqlash vazifasini oʻz zimmasiga olgandi. Terror va qoʻrqituv fashistlarning asosiy quroliga aylandi, endi ularni hech kim toʻxtatishga qodir emasdi. Ular hokimiyatga intilishar, unga qanday yoʻl bilan boʻlmasin erishishni istashardi. Hukmron doiralar natsistlarning harakatlarini maʼqulladilar, shu yoʻl bilan ular demokratik harakatning oʻsishini toʻxtatishga urinishdi. Natsistlar oʻtkazuvchi majlislar va namoyishlar bezori va banditlardan iborat mutaassiblar toʻdasining yigʻilishlarini eslatardi. Natsistlar jigarrang formada koʻchalar va maydonlar, shaharlar va qishloqlar boʻylab oʻtib, tijoratchilar va harbiylar oʻz tomonlariga ogʻdirdilar, ommaviy axborot vositalarida targʻib qilindi. Ular haqida ayrim ziyolilar ham hurmat bilan gapira boshlashdi.
Ularning ʼʼYoʻqolsin Versal bitimi!ʼʼ, ʼʼYoʻqolsin chayqovchilar!ʼʼ, ʼʼYoʻqolsin chirik hukumat!ʼʼ qabilidagi talablari keng ommada xayrixohlik uygʻotdi, ijtimoiy va siyosiy safsatadan iborat natsistlar targʻiboti chorasizlikdan sillasi qurigan ishsizlarni va millat tuygʻusiga berilgan fuqarolarni oʻz tomoniga ogʻdirishga muvaffaq boʻldi.


Natsizm — Germaniya fashizmining nomlaridan biri. Germaniya fashistlar natsional-sotsialistlar (natsistlar) partiyasi nomidan kelib chiqqan.


Fon Papen natsistlar bilan til topishga urindi, biroq Gitler hokimiyatni boʻlishish toʻgʻrisida eshitishni ham istamadi, yakka va cheksiz hokimlikni talab qildi.
Germaniya hukmron doiralari Gitlerni qoʻllab-quvvatladilar, ularga aynan shunday odam kerak edi. Shunda fon Papen 1932-yil iyulda reyxstagga saylovlar oʻtkazishni belgiladi. Saylovlar hayratlanarli natija bilan tugadi. Natsistlar uchun saylovchilarning 37 foizi ovoz berdi, ular reyxstagda 230 oʻrinni qoʻlga kiritdilar.
Reyxstag oʻsha chaqiriqda 608 oʻrindan iborat ekani hisobga olinsa, Gitler tarafdorlari 35 foizga yaqin ovozga ega boʻldilar. Bu koʻp edi, biroq Gitlerning kansler lavozimini egallashi uchun yetarli emasdi. Bunga soʻl partiyalarning 232 ovozi qarshilik qilardi.


Fashistlar hukumatining mamlakat sanoatchilari va bankirlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi

Gitlerning hokimiyatga bunday tez koʻtarilishiga Germaniya yirik sarmoyasi koʻmaklashdi. 1925-yildayoq Germaniya monopolistlari va yirik sarmoyadorlari Gitler va uning partiyasiga eʼtibor berdilar. Uning Buyuk Germaniyani yaratish rejasi va Germaniyaga mustamlakalarini qaytarish toʻgʻrisidagi doimiy chaqiriqlari ularning manfaatlariga toʻla javob berardi. Ular siyosiy kurashlarida qurol sifatida Gitler va uning partiyasidan foydalandi. Maʼlumki, oʻsha 1925-yildayoq Germaniya monopoliyalari fashistlarga juda katta miqdorda moddiy yordam koʻrsata boshladi.
Krupp, Tissen, Stinnes, Mannesman, Flik fashistlar partiyasi ehtiyojlari uchun muntazam ravishda pul berib turishdi. Fashistlarning barcha targʻibot tadbirlari, saylov kampaniyalari, SS (xavfsizlik otryadlari) va SA otryadlari, fyurer shtabi, uning eskorti Germaniya yirik sarmoyasi tomonidan mablagʻ bilan taʼminlandi.


Gitlerning oʻz homiylari bilan birinchi uchrashuvi 1932-yil 27-yanvarda boʻlib oʻtdi.
ʼʼPoʻlat trestiʼʼ ning direktori Tissen uni Germaniya sanoatchilariga tanishtirdi.
Gitlerning 4 soatga choʻzilgan nutqi shunday iboralardan tuzilgan edi: ʼʼDemokratiya — ahmoqlar ishiʼʼ, ʼʼBiz Germaniyada marksizmning ildizini quritishga qaror qildikʼʼ, ʼʼOq irq Yer kurrasida yashovchi boshqa barcha xalqlarni oʻziga boʻysundirishi lozimʼʼ. Stinnesning buning uchun nima kerak degan savoliga, Gitler qisqa qilib: ʼʼ8 mln kishilik armiyaʼʼ, deb javob berdi.


Germaniya sanoatchilari mamnun edilar. Ularga serharakat odam kerak edi, Gitler ularning millat rahbari borasidagi talablariga toʻliq javob berardi. Ular Gitlerni rasman fyurer, yaʼni dohiy deb atay boshlashdi. Sanoatchilar Gitlerning hokimiyatga kelishini taʼminlash uchun juda qattiq ish olib bordilar. Gitlerning boshqa homiylari ham bor edi. Yirik Amerika tijoratchilari Gitlerga Germaniya sanoatchilaridan ham oldinroq eʼtibor berishgandi. Amerikaning avtomobil qiroli Genri Ford Gitlerni 1922-yildayoq mablagʻ bilan taʼminlay boshladi. 1938-yilda, hokimiyat choʻqqisida boʻlgan paytda Gitler G. Fordni Germaniyaning oliy ordeni — Katta Xoch bilan mukofotladi. Gitlerning hokimiyatni egallashiga koʻmaklashgan yana bir Amerika kompaniyasi ʼʼJeneral Elektrikʼʼ edi. Shu ikki kompaniya koʻmagining oʻzi Gitlerni butun Amerika yirik tijorati qoʻllab-quvvatlashi uchun yetarli boʻldi. Gitler — urush degan soʻz ekanini hamma yaxshi tushunardi, Yevropadagi urush esa Amerika tijorati uchun daromad manbai edi. Ikkinchi jahon urushi davrida Ford ikkala tomondan — Gitler vermaxti uchun transport vositalari ishlab chiqargan Fransiya va Germaniyadagi korxonalari hamda Amerika armiyasi uchun undan harbiy avtomobillar xarid qilgan AQSH hukumatidan foyda olgani maʼlum


Gitlerning reyxskansler qilib tayinlanishi

Gitlerning koʻp ovoz olishi uchun reyxstag tarqatib yuborildi va 1932-yil noyabrga yangi saylovlar belgilandi. Yangi saylovlarning ssenariy mualliflari reyxstagda natsistlarga qoʻshimcha 5–6% oʻrinni taʼminlashga va shu taxlit Gitlerni legitim ravishda, yaʼni qonuniy yoʻl bilan reyxskanslerlikka koʻtarishga umid qildilar. Soʻl kuchlarda saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun mablagʻ qolmagan edi, shu bois Gitlerning gʻalabasi aniq deb aytish uchun barcha asos bor edi. Biroq reaksion kuchlar adashdilar. Natsistlar toʻplagan ovozlar soni kamaydi, binobarin Gitler partiyasini reyxstagda himoya qiluvchi deputatlar soni ham qisqardi. Endi ular oldingi reyxstagdagiga nisbatan 34 kishiga kam edi. Soʻl kuchlar uchun ovoz berganlar soni (582 tadan) 311 taga yetdi, bu esa demokratik hukumat tuzish uchun yetarli edi. Bu Germaniyaga demokratik yoʻldan borish uchun berilgan yagona imkoniyat boʻldi.


Gitler sarosimaga tushdi. Natsistlar partiyasi barbod boʻlib borardi. Fashistlar harakatining inqirozga yuz tutganini anglatuvchi belgilar koʻzga tashlanib qolgan edi. Saylovlarda fashistlar 2,5 mln ovoz yoʻqotdi. Germaniyadagi moliya va sanoat doiralari fashistlar partiyasining barbod boʻlishi oqibatlarini yaxshi tushunishardi.
Ularning vakillari natsizmning barbod boʻlishi ʼʼmilliy halokatʼʼ deb zoʻr berib uqtira boshlashdi. Gindenburg sustkashlikda va soʻl kuchlarga yon bosishda ayblandi.
Yirik monopoliyalar, banklarning vakillari va generallar uzil-kesil fashistlar tomonga oʻta boshladi. Gindenburgga Germaniyaning 20 dan ortiq moliya magnatlari imzolagan noma yuborilib, unda Gitlerni darhol reyxskansler etib tayinlash talabi qoʻyildi. 1933-yil 4-yanvarda Gitler Germaniyaning yirik va yetakchi sanoatchi va sarmoyadorlari ishtirokida majlis oʻtkazdi, unda Gitler kansler boʻlishi kerak degan qarorga kelindi. 1933-yil 30-yanvarda Gindenburg Gitlerni Germaniyaning reyxskansleri qilib tayinladi.


Reyxskansler — 1871–1945-yillarda Germaniyadagi hukumat rahbari.


Shunday qilib, Gitler hokimiyatni qonuniy yoʻl bilan egalladi. Hokimiyatni topshirishning barcha qonuniy rusumlariga rioya qilindi. Bu juda muhim hisoblanardi, chunki barcha fuqaroviy muassasalar va hukumat tashkilotlari uni davlatning qonuniy rahbari sifatida qoʻllab-quvvatlashlari lozim edi. Natsistlar partiyasining qatʼiy intizomga boʻysundirilgan tizimi va ommaviy siyosiy targʻibot totalitar tuzum apparatini vujudga keltirdi. U yirik sarmoya manfaatlarining ijrochisi, hukmron sinflarning quroliga aylandi, biroq uning ommaviy tayanchi shaharlar va qishloqlar, ulardagi sinfsizlashgan unsurlar hisoblanardi. Bu ijtimoiy guruhlar oldingi hukumatlar tomonidan oʻz holiga tashlab qoʻyilgan boʻlib, umidsizlikka tushgan va qashshoqlashgan, keskin oʻzgarishlar roʻy berishiga mushtoq edilar.
Gitler ularga ish, farovonlik va yashash sharoitlarini yaratib beruvchi hukumat vaʼda qildi. U buyuk va qudratli Germaniyani tiklashga, Germaniya xalqining barcha musibatlari sababchisi boʻlgan Versal bitimini bekor qilishga soʻz berdi. Bu uning bayroqlari ostiga juda koʻpchilikni jalb qildi, ular Gitlerga koʻr-koʻrona ergashdilar.
1933-yil iyulida Germaniyada shturmchilar nazorati ostida umumxalq plebissiti oʻtkazilib, unda 36 mln aholi Gitler siyosatini qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdi.
Bu Gitlerni ruhlantirdi va oʻz siyosatining amalga oshishiga toʻliq ishonch bagʻishladi.


Sinfsizlashgan (fransuzchadan déclassé) unsurlar — oʻz ijtimoiy tabaqasi bilan aloqani uzib, boshqa tabaqaga qoʻshilmagan hamda maʼnaviy buzilgan, ijtimoiy hayot va ishlab chiqarishda qatnashmaydigan odamlar.


Plebissit (lotinchadan ʼʼplebiscitumʼʼ — xalq ahd-u qarori) — umumxalq muhokamasi, ovoz berish.


Natsistlar rahbariyatining bosh maqsadi Yevropa qitʼasida hukmronlik oʻrnatish edi. Bunga oldin barcha nemiszabon xalqlarni birlashtirish, soʻng esa hayotiy kenglik (ʼʼlebensraumʼʼ) uchun kurash shiori ostida hududlarni bosib olish yoʻli bilan erishish koʻzda tutilardi. Gitler asosiy eʼtiborini shu maqsadni amalga oshirishga qaratdi.


ʼʼUchinchi reyxʼʼning ichki siyosati

Hokimiyatni egallagach, Gitler ichki siyosati jadal va qatʼiy harakat qila boshladi.“
Birinchi bosqichda u oʻz hokimiyatini siyosiy raqiblarini tor-mor keltirish va oʻz partiyasi saflaridagi raqiblarini yoʻq qilish yoʻli bilan mustahkamlashga urindi.


1933-yil 23-fevralda natsistlar reyxstagga oʻt qoʻyishni uyushtirdilar.
ʼʼBu — kommunistlarʼʼ, deb qichqirdi radio orqali Gitler. ʼʼBu kommunistlar isyonining boshlanishiʼʼ, deb uqtirdilar barcha natsist gazetalari. Ularni barcha burjua gazetalari ham toʻliq qoʻllab-quvvatlashdi. Kommunistik partiyaning barcha arboblari, ular sirasidan boʻlgan reyxstag va mahalliy parlamentlarning deputatlari oʻsha kuniyoq qamoqqa olindi. Mahalliy soʻl tashkilotlarning barcha aʼzolari qamoqqa tashlandi. Sotsial-demokratlar va kommunistlar partiyasining barcha nashrlari taqiqlandi. Gitlerning talabiga koʻra Gindenburg oʻsha kuniyoq ʼʼXalq va davlatni muhofaza qilish toʻgʻrisidaʼʼgi dekretni imzoladi. Unga koʻra Gitlerga favqulodda vakolatlar berildi. Bu dekret Gitler tuzumi hukm surgan 12 yil davomida terror va yalpi diktatura siyosatining huquqiy asosini tashkil qildi.


1933-yil mart oyi boshlarida Germaniyada yana saylovlar boʻlib oʻtdi. Natsistlar unda 44% ovoz olishdi. Gitler oʻzining natsistlar hukumatini tuzdi va 23-martda reyxstag Gitlerga oʻz dekretlari bilan mamlakatni boshqarish huquqini beruvchi qonun qabul qildi. Bu Gitlerga cheksiz vakolatlar berardi. 1934-yil 2-avgustda prezident Gindenburg vafot etdi. Gitler Uchinchi reyx deb nomlana boshlangan Germaniya davlatining kansleri va prezidentiga aylandi.


ʼʼUchinchi reyxʼʼ iborasi birinchi marta 1920-yilda nemis baynalmilalchi yozuvchisi Meller van der Bruk tomonidan qoʻllangan boʻlib, u oʻz kitobini shunday deb nomlagandi. Natsistlar darhol bu nomni oʻzlari tuzmoqchi boʻlgan davlatga qoʻyib, uning Karl Buyuk tomonidan oʻrta asrlarda barpo etilgan birinchi Germaniya davlati va ikkinchi ʼʼrеухʼʼ (1871–1918) bilan bogʻliqligiga urgʻu berdilar.


Hokimiyatni egallagach, Gitler natsistlar partiyasidan boshqa barcha siyosiy partiya va tashkilotlarni taqiqlovchi farmon chiqardi. Reyxstag tarqatildi, kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlab qoʻyildi. Kasaba uyushmalari oʻrniga natsistlar partiyasiga toʻliq boʻysinuvchi va korxonalarning xoʻjayinlari irodasiga itoat etuvchi ʼʼGermaniya mehnat frontiʼʼ tashkil qilindi. Barcha matbuot nashrlari (gazetalar, jurnallar, byulletenlar) yopildi yoki natsistlar partiyasi nazorati ostiga oʻtkazildi.
Barcha bolalar va oʻsmirlar tashkilotlari tarqatildi yoki natsistlar tashkilotlariga boʻlajak aʼzolarni tarbiyalovchi ʼʼGitleryugendʼʼ yoshlar tashkilotiga qoʻshib olindi.
Davlat apparatida puxta tozalash ishlari amalga oshirildi: natsistlar mafkurasidan ozgina chekingani sezilgan yuz minglab xizmatchilar ishdan boʻshatildi, ularning oʻrinlarini esa jigarrang mundirdagi ʼʼpartaygenosseʼʼ (yaʼni natsistlar partiyasi aʼzolari) egallashdi.


Qurolli kuchlarda barcha ofitserlar natsistlar partiyasiga aʼzo boʻlishlari va Gitler mafkurasiga soʻzsiz itoat etishlari shart edi. 1933-yil oxiriga kelib muxolif marralarda turgan barcha tashkilotlar yoʻq qilindi. Bir vaqtning oʻzida Gitler oʻz uyi, yaʼni rasmiy rahbarlik yoʻliga nisbatan norozilik alomatlari koʻzga tashlangan natsistlar partiyasida ham tartib oʻrnatdi. Natsistlar partiyasidagi Gitlerning bosh raqibi oʻsha paytda oʻz saflariga 1 mln ga yaqin shturmchini birlashtirgan SA qoʻmondoni Ernest Rem edi. Rem Gitlerning eng qora va yovuz topshiriqlarini bajarib, uning hokimiyat tepasiga kelishiga faol koʻmaklashgan natsistlar harakatining arboblaridan hisoblanardi. Endi u Gitlerga kerak emas edi, buning ustiga uning bosh raqibiga aylangandi. Gitler uni yoʻq qilishga qaror qildi.


1934-yil 30-iyun tunda SAning yuksak lavozimlarni egallagan barcha rahbarlari oʻldirildi. Bu tun ʼʼuzun pichoqlar tuniʼʼ nomini oldi. Yuzdan ortiq kishi, shu jumladan, Rem va sobiq kansler fon Shleyxer ham oʻldirildi. Natsistlar partiyasidagi muxolifat ham tor-mor keltirildi va Gitler Germaniyaning yagona hukmroni, partiya rahbari — fyureri, yaʼni Germaniya xalqining cheksiz huquqqa ega dohiysiga aylandi.


Fyurer (nemischa Fuhrer — dohiy) — natsional-sotsialistlar dohiysi, Gitlerning fashistlar Germaniyasidagi unvoni.


Gitleryugend — 1926·1945-yillar Germaniyadagi fashistlarning yoshlar tashkiloti.
Natsistlar partiyasi nazorati ostida faoliyat koʻrsatgan.


Tarixiy maʼlumot

Germaniya reyxskanslerlar
1919-yil — F. Sheydeman
1920–1921-villar — K. Ferenbax
1921–1922-yillar — I. Virt
1922–1923-yillar — V. Kuno
1923-yil — G. Shtrezeman
1923–1924-yillar — V. Marks
1924–1926-yillar — G. Lyuter
1927–1928-yillar — V. Marks
1928–1930-yillar — V. Myuller
1930–1932-yillar — G. Bryuning
1932-yil, iyul-noyabr — fon Papen
1933-yil, yanvar — A. Gitler
Germaniya prezidentlari
1919–1925-yillar — F. Ebert
1925–1934-yillar — P. Gindenburg
1933–1945-yillar — A. Gitler (1934-yil 1-avgustga qadar reyxskansler; reyxskansler va prezident mansablari birlashgandan keyin fyurer va reyxskansler).


Qisqacha mazmun


• 1929–1932-yillar — mamlakatda ishlab chiqarish va aholi turmush darajasining pasayishi;
• ʼʼKatta koalitsiyaʼʼ hukumatining mamlakat iqtisodiyotini aholiga zulm qilishni kuchaytirish yoʻli bilan barqarorlashtirish borasidagi muvaffaqiyatsiz urinishlari;
• G. Bryuning hukumati faoliyati davrida mamlakat iqtisodiyotining davlat tomonidan boshqarilishiga oʻtilishi;
• Mamlakatdagi fashistlarga qarshi tadbirlarning muvaffaqiyati;
• Germaniya sanoatchilari va yirik sarmoyadorlarining natsional-sotsialistlar partiyasi va Gitlerni qoʻllab-quvvatlashlari;
• 1933-yil 30-yanvar — Gindenburg Gitlerni reyxskansler qilib tayinladi;
• Germaniyadagi ʼʼuzun pichoqlar tuniʼʼ — Gitler tomonidan muxolifatning yoʻq qilinishi.


Метки:

Комментарии

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *