1929–1933-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi
Bu jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti tarixidagi eng ogʻir va halokatli inqiroz boʻldi.
U butun jamiyatning iqtisodiy asosini titratibgina qolmay, ogʻir ijtimoiy va siyosiy oqibatlarga ham olib keldi. Inqiroz oʻz fuqarolarini ish, yashash uchun mablagʻ, fuqaroviy tinchlik bilan taʼminlay olmagan mavjud tuzumga ham ulkan maʼnaviy zarar yetkazdi.
Yevropa xaritasining urushdan keyingi tuzilishi anʼanaviy xoʻjalik aloqalariga putur yetkazdi, jahon iqtisodiyotining savdo va moliya munosabatlariga oʻzgartirish kiritdi. Faqat qitʼalar oʻrtasidagi emas, qoʻshni mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar ham buzildi. Butun Yevropa mahsulot ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar, xomashyo beruvchilar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi anʼanaviy aloqalarni uzgan bojxona toʻsiqlari, proteksionistik bojxona soliqlariga toʻlib toshdi.
Inqiroz yillari kapitalistik dunyoda sanoat sohasidagi ishlab chiqarishning umumiy qisqarishi 40 foizni tashkil qildi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo-sotiqning hajmlari inqirozdan oldingi darajaga nisbatan uchdan birga kamaydi. Inqiroz uzoq muddat davom etdi. U 1929-yil kuzida boshlanib, oʻz choʻqqisiga faqat 1932-yil oʻrtalarida koʻtarildi. Biroq shundan soʻng ham AQSH va Yevropa mamlakatlari moliyaviy munosabatlar va sanoat sohasida ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishiga erisha olmadi, ayrim mamlakatlarda inqirozdan soʻng depressiya boshlandi, iqtisodiy hayot qayta jonlanmadi.
Proteksionizm siyosati (lotincha protectio — himoya, yashirish) — ichki bozorni chet elliklardan eksportni oshirish va importni cheklash, katta bojxona soliqlari belgilash va boshqa qator choralar vositasida himoya qilish siyosati.
Inqiroz, asosan, ikki jadal rivojlanayotgan davlat— AQSH va Germaniyani larzaga soldi, biroq Angliya, Fransiya, Italiya va Ispaniya kabi boshqa nisbatan mamlakatlarning iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazdi. Sanoatdagi inqiroz qishloq xoʻjaligidagi inqiroz bilan birga kechdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabning kamayishi narxlarning tushishi va fermerlarning ommaviy kasodga uchrashlariga olib keldi. Narxlarni ushlab qolish uchun mahsulotlarni keng miqyosda yoʻq qilish amalga oshirildi. Minglab tonna goʻsht, minglab litr sut yoʻq qilindi, kofe magʻizlari dengizga tashlandi yoki asfalt qoplash uchun ishlatildi, bugʻdoyzorlar payhon qilindi, paxtazorlarga oʻt qoʻyildi, mevali daraxtlar kesildi.
Bularning barchasi millionlab ochlarning koʻz oʻngida amalga oshirildi.
Moliya tizimini qoplagan inqiroz vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Aslini aytganda, inqiroz, aslida, naqd pullari qolmagani sababli mijozlarga pul toʻlashni toʻxtatgan Amerika banklarining sinishidan boshlangan edi. Natijada 56 davlatning valyutasi qadrsizlandi, dollar va funt sterlingning oltin standartlari tugatildi.
Ijtimoiy huquqlar uchun demokratik harakatning avj olishi
Iqtisodiy inqirozning asosiy yuki mehnatkash ommaning yelkasiga tushdi.
Jahon mamlakatlarini tarixda boʻlmagan ishsizlik larzaga soldi. 1932-yil boshiga kelib butunlay ishsizlar armiyasi 26 mln kishini tashkil qildi, toʻliqsiz ish haftasida band etilganlarni qoʻshganda esa 30 mln kishidan oshib ketdi. Ishsizlarning oila aʼzolarini ham qoʻshganda jami 100 millionga yaqin kishi jabr koʻrdi. Bu chorasizlik natijasida yuzaga kelgan keskinlik har bir uyga kirdi. Ahvolning hukumat islohotlari bilan yaxshilanishiga umidni yoʻqotgan mehnatkashlar iqtisodiy ahvollarini yaxshilash, ijtimoiy huquqlarini saqlab qolish va kengaytirish uchun kurash boshladilar. 15 yetakchi mamlakatda 20 mingga yaqin ish tashlashlar boʻlib, ularda qariyb 10 mln kishi ishtirok etdi.
Yevropa va Amerikada ochlar va ishsizlarning ommaviy namoyishlari avj oldi, shaharlar boʻylab marshlar va yurishlar tashkil qilindi. Demokratik harakat kuchaydi, mustamlaka mamlakatlardagi milliy-ozodlik harakatlarida yangi koʻtarilish yuz berdi.
Inqiroz, ishsizlik, inflyatsiya, xoʻjalikdagi buzgʻunchiliklar jamiyatni maʼnaviy tanazzulga olib keldi. Maʼnaviy qadriyatlar barbod boʻldi, odamlar oʻrtasida dushmanlik, adovat avj oldi. Hukmron sinf vakillari saflarida kuchli hokimiyat, boshqaruvning totalitar usullarini qoʻllashga intilish kuchaydi. Burjua individualizmi va xususiy tashabbus erkinligi gʻoyasi hech qanday qonunlar bilan cheklanmagan, faqat hukmron sinflar irodasigagina boʻysungan kuchli shaxs diktaturasi tomonidan siqib chiqarildi

Nyu York jahon inqirozi yillarida
Germaniyada natsizmning paydo boʻlishi jamiyatning maʼnaviy tushkunligi ifodasi boʻldi. Antisemitizm, irqchilik, insonga nisbatan nafrat va tajovuzkorlikni targʻib qiluvchi natsistlar mafkurasi eng keskin ijtimoiy kasalliklar bilan ogʻrigan jamiyat uchun baayni giyohvand vositaga aylandi.
Antisemitizm — millatchilikning semit xalqi — yahudiylarga qarshi qaratilgan koʻrinishlaridan biri.
Jahon inqirozi va natsizm Versal-Vashington tizimining yemirila boshlaganini koʻrsatdi. Kun tartibiga yana dunyoni qurolli boʻlib olish masalasi qoʻyildi.
Iqtisodiy inqirozdan soʻng yetti yil oʻtib siyosiy inqiroz roʻy berdi — Ikkinchi jahon urushi boshlandi.
Yevropa mamlakatlarida yangi sanoat sohalarining rivojlanishi.
Radiotexnika, avtomobilsozlik va sintetik mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi sohalarning oʻsishini inqiroz ham toʻxtata olmadi. Ularning texnologik bazasi Birinchi jahon urushiga qadar yaratilgan edi, ammo bu sohalarning rivojlanishi uchun turtki faqat urushdan soʻng berildi.
Radio
AQSH va Yevropa mamlakatlarida radio va radiotexnologiya kundalik hayotga yigirmanchi va oʻttizinchi yillardayoq kirib keldi. Harbiy aloqalarga boʻlgan talab simsiz radioning rivojlanishini tezlashtirdi. Dastlabki radioeshittirish vositalari 1922-yili Angliyada yaratildi. 1926-yilda Britaniya radioeshittirishlar tizimi dunyoga keldi va radio qitʼa boʻylab keng tarqala boshladi. Elektr tizimining rivojlanishi radio imkoniyatlarini kengaytirdi. Radio asosiy isteʼmol mollari qatoriga qoʻshildi.
Shu bilan birga xizmat koʻrsatish va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sohalarini ham rivojlantirish talab qilindi. Radiosanoat targʻibot hajmi va mohiyatini batamom oʻzgartirdi. 20-yillar oxirida yevropaliklar ixtiyorida millionlab radiopriyomniklar bor edi. Radio, asosan, oʻrta tabaqa vakillari tomonidan sotib olinardi. Elektr texnologiyasining ilk mahsuloti sanalgan radio ommaviy bozorni zabt etdi.
Radio aholi turmush tarzini butunlay oʻzgartirib yubordi.
Avtomobilsozlik.
Ikki urush oraligʻidagi davrda jadal surʼatlarda rivojlangan radiodan keyingi ikkinchi soha avtomobilsozlik boʻldi. Yigirmanchi yillarda avtomobil ommaviy talab va isteʼmol moliga aylandi. Fransiyada Lui Reno va Anri Sitroen oʻrta tabaqaga moʻljallangan arzon avtomobil yaratdilar. Avtomobil Yevropa hayotida Amerikadagidan ham kuchliroq inqilob yasadi. U turmushni yanada tezkorroq qilib, qurolli kuchlar tabiatini ham keskin oʻzgartirdi. Avtomobilsozlik maxsus navli poʻlat, oyna, rezina va neft ishlab chiqarishga talabni kuchaytirdi.
Sintetik materiallar
20-yillarda sintetik materiallardan mahsulotlar ishlab chiqarish katta iqtisodiy ahamiyat kasb eta boshladi.Sunʼiy ipak sanoat va turmushda yangi davrga yoʻl ochdi. Uni ishlab chiqarish va isteʼmol qilish hajmlari juda tez oʻsdi.
Vaqt oʻtishi bilan bu tovarni ishlab chiqarish jarayoni yanada takomillashdi.
Sunʼiy ipak arzon toʻqimachilik mahsuloti sifatida kundalik turmushda paxtaning oʻrnini bosa boshladi. Sintetik ipak ishlab chiqarish Germaniya va Italiya kabi mamlakatlarning hukumatlari eʼtiborini oʻziga jalb qildi, ular xomashyo bilan oʻzlarini oʻzlari taʼminlashga urindilar. Urush arafasida, oʻttizinchi yillarning oxirida bu mamlakatlarning hukumatlari tabiiy xomashyo oʻrnini bosishga qodir sunʼiy ipak ishlab chiqarish imkonini beruvchi kimyo sanoatini rivojlantirishga majbur boʻldilar.
Qisqacha mazmun
• 1929–1933-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi — XIX asr oxiri — XX asr boshidagi mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti tarixida eng ogʻir va halokatli inqiroz;
• inqiroz AQSH va Yevropa mamlakatlari sanoati, qishloq xoʻjaligi va moliya tizimini qamrab oldi;
• ommaviy ishsizlik, inflyatsiya, ochlik, qashshoqlik, ijtimoiy ixtiloflarning keskinlashishi, mavjud tuzumga nisbatan ommaviy norozilik, mehnatkashlarning oʻz huquqlari uchun kurashining kuchayishi;
• inqiroz Versal-Vashington bitimining barbod boʻlishi va yetakchi jahon mamlakatlarida dunyoni qurolli boʻlib olish niyatlarining qayta tugʻilishiga olib keldi;
• avtomobilsozlik, radiotexnologiya va sintetik materiallardan mahsulot ishlab chiqarish borasidagi yutuqlar;
• AQSH va Yevropa mamlakatlari iqtisodiyoti Ikkinchi jahon urushiga qadar boʻlgan davrda avvalgi rivojlanish darajasiga yeta olmadi.
Добавить комментарий